Ko‘zqarash
9 dekabr 2019

Shoir Abduvali Qutbiddin vafot etdi

Abduvali Qutbiddin 8 dekabr kuni 59 yoshida Toshkentda vafot etdi. Zamondoshlari nazdida u o‘zbekning dalli bir shoiri edi. Undan bir-biridan go‘zal va betakror she'rlar qoldi:

Bebaho matoga tomgan dog‘dayin
O‘chmaydi shafaqlar ming yuvilsa ham.
Sarsari, shaqillab o‘tsa-da, yillar
Sen o‘sha, o‘sha…

Tomchi-la tasvirlab bo‘lmaydi seni,
Hatto anglatolmas bilsa-da ko‘rshab.
Tap-tarang tasmaday kokillaringni
Taragan isyonlar bermas izohlab.
Sen o‘sha, o‘sha…

Behuda da'volar qilaman goho,
Xobgohing qo‘riqlar falak lashkari.
Oshkor etmoqqa tutinaman goh,
Aqldan tashqari,
Fikratdan tashqari….

Voajab, ingichka qildan ham nozik
Iplar chuvaguvchi balogir sarhad
Aro, ming yillik butxona yanglig‘
Toqatni toqat-la tilguvchi qahat –
O‘sha, o‘sha…

1988

Shoirning o‘limi munosabati bilan uning zamondoshlaridan biri Abduvohid Hayit ushbu ijtimoiy tarmoqda ulashdi.

Mergancha qishlog‘idagi fojea

Adashmasam, 1998 yoki 1999 yil edi, Abduvali akaning otalari vafot etdi. Biz Aziz Said bilan Urgutdagi Mergancha qishlog‘idagi Abduvali akaning ulug‘ bobolari yashab o‘tgan o‘sha hovliga ta'ziyaga bordik. Hovlida Abduvali akaning ukasi Faridun oilasi bilan yashardi. Biz borganda mayit chiqarilgandi. Hovlida kattagina bog‘ ham bor edi, bog‘ning o‘rtasida bir handaq qazilgan, handaqning kattaligi 4-5 metrcha bor, chuqurligi, chamamda, 2 metrga yaqin va handaq to‘la suv edi. Ayollar ichkarida yig‘i-sig‘i bilan ovora, bir tuda bolalar hovlida, bog‘da o‘ynab yurishgandi. Bir payt “falonchi qani?” (ismini eslolmayman) degan vahimali qichqiriq boshlanib ketdi. Hamma Abduvali aka singlisining to‘rt yoshli o‘g‘ilchasini izlardi. Bu bolachaning dadasi sal oldinroq Tojikistonda avtohalokatda halok bo‘lgan va shu bola yolg‘iz yodgor bo‘lib qolgan ekan. Hamma handaqqa tomon yugurdi. Abduvali akaning amakilaridan biri o‘zini suvga otdi. Suv loyqa, birinchi sho‘mg‘ishda topolmadi, ikkinchi sho‘mg‘ishda… juda shirin bir bolachani faryod bilan suvdan chiqardi. Zudlik bilan bolani kasalxonaga olib ketishdi. Ammo bola 20 minutcha suvda qolib ketgan.

Voqea bunday bo‘lgan ekan: handaqning bir chekkasida kesilgan daraxtdan qolgan to‘nka bor ekan. Bola o‘sha to‘nkaning ustiga chiqib suv o‘ynamoqchi bo‘lgan, lekin to‘nka suv tegib sirpanchiq bo‘lib qolgani uchun oyog‘i sirpanib suvga tushib ketgan. Bolalardan biri yugurib kelib buni uning onasi aytgan.

Biroz o‘tib bolani kasalxonadan olib kelishdi. Haqiqiy qiyomat qoyim boshlandi. Hamma yig‘ladi. Esimda, o‘shanda menga xuddi osmon yerga yaqinlashganday tuyulgan. Shu izdihomni eslasam, o‘shanda supada o‘tirgan Abduvali akaning bir amakisi, yuzidan nur yog‘iladigan nuroniy eshonbuvaning qiyofasi qalqib chiqadi. Oppoq soqoli ko‘ksiga tushgan o‘sha nuroniy inson xayolga botib supada o‘tiribdi. Ko‘zlarida yosh yo‘qmi, deb etibor berib qaraganimni eslayman. Lekin uning ko‘zlarida yosh yo‘q, qandaydir u dunyoyu bu dunyo birlashgan bir nuqtaga tikilib turganday, butun izdihom uning atrofida aylanayotganday tuyuldi menga.

Uzoq vaqt bu taassurot ta'siridan chiqolmay yurdim. Bu voqealarni eslamoqchi emas edim, lekin Abduvali akaning o‘sha hovlidan so‘nggi manzilga kuzatilganini, o‘sha go‘dakni qo‘yib kelgan qabristonga chiqarishganini eshitib, xotira qayta jonlandi.

Bu ham bir tarix, ertaga Abduvali Qutbiddin haqida yozuvchilar balki shu epizoddan ham foydalanar, balki u kishining she'rlarida o‘sha kunning ham izi qolgandir, qolaversa, o‘qiganlar Abduvali akaning otalari, o‘sha murg‘ak go‘dak haqiga ham duoga qo‘l ocharlar, deb o‘ylab yozdim.

Barchalarining oxiratlari obod bo‘lsin!

Abduvohid Hayit

Tag‘in o‘qing
12 avgust 2020
Umida Niyozova, O‘zbekiston inson huquqlari forumi rahbari: Zaif, buzilgan va yetarlicha  moliyaviy ta'minlanmagan tibbiyot tizimi kasallar oqimiga dosh berolmayapti ...
5 yanvar 2016
Yangi hamkorimiz bizga jo‘natgan ilk hajviy surat “Karimovning amal kursisi” deb nomlanadi. Elsevar taxallusi bilan ijod qilishni ma'qul ko‘rgan ...
2 may 2015
AQSh Davlat departamenti matbut vakili Jeff Ratke 1 may kuni Vashingtonda o‘tgan matbuot brifingida O‘zbekiston hukumatini uzoq yildan beri ...
20 oktyabr 2016
Oldin ham yozgandik, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaat qilayotganlar o‘z muammolariga tez yechim topayotganidan minnatdor bo‘layotgani haqida so‘nggi vaqtlarda ...
Bloglar
24 noyabr 2020
“Humo” nomli uchoq shirkati haqida gap chiqishi bilan eronlik do‘stlarim o‘zbeklarni plagiatda aybladi. Eronda “Humo” ...
20 noyabr 2020
Bugun kechqurun gazim yonmadi, o‘zi shundoq ham past yonardi. O‘tin-ko‘mir g‘amlamagandim. Kichkina elektrpech o‘zini o‘zi ...
18 noyabr 2020
Ertalab mosh sotdim. Ko‘p emas, besh yuz kilo. Moshimni sotib olgan tadbirkor yigit: “Moshning pulini ...