Asosiy mavzular
1 noyabr 2023

Buxoro Davlat tibbiyot institutidagi qarindosh-urug‘chilik

Xayrli kun, Eltuz kanali obunachilari! Xonimlar va janoblar! O‘zbekistonda Bosh vazir qarorini bekor qilgan rektor borligini bilasizmi?

Bilmasangiz, ushbu lavhamizni albatta tomosha qiling. Oxirida tushunib olasiz.   

O‘zbekistonda biror soha yo‘qki, rahbar idoriy uslubi oilaviy rishtalarga uzviy bog‘lanmagan bo‘lsa.

Bugun o‘z so‘zimizga yaqqol misol bo‘la oladigan ana shunday muassisalardan biriga to‘xtalamiz.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro Davlat Tibbiyot Institutida chuqur tomir otgan oilaviy rishtalar, qarindosh-urug‘chilik munosabatlari, qo‘shtirnoq ichida, bu institutda qanday uyg‘un muhit yaratgani haqida hikoya qilamiz. 

Keling, gapni cho‘zmay muddaoga o‘tsak.

Avvalo, gapni institutning hurmatli rektori Shuhrat Jumaevich Teshaevdan boshlaymiz. 

Universitetda barcha Shuhrat Jumaevich va uning rafiqasi Yelena Aleksandrovna Xaribova  bu dargohdagi barcha muhim masalalarni hal qiladigan duet ekanligini yaxshi biladi. 

Yelena Aleksandrovna Institutda Xalqaro bo‘lim boshlig‘idir.

Ular doimo birga yurishadi. Hatto chet el safarlariga ham birga borishadi. Albattaki, barcha xarajatlar institut tomonidan to‘lanadi. 

Er-xotin safarlarda institut hisobidan xarjlaydigan minglab dollarni aytmasak ham bo‘ladi.

Ikki yil muqaddam O‘zbekiston Prokuraturasi barcha oliygohlarga qat'iy ko‘rsatma berdi: Rektor va prorektorlar farzandlariga alohida imtiyozlar, davlat mukofotlarini bermasin!

Ammo, bu ko‘rsatmani birinchilardan bo‘lib Buxoro Davlat Tibbiyot Instituti rektori buzib berdi.

Rektorning qizi Dilbar Teshaeva kechagina ordinaturani tamomlab, bugunga kelib Anotomiya kafedrasiga o‘qituvchi bo‘lib joylashdi. Rektorning qizi emasmi, Dilbarxon barcha tadbirlarda  old qatorda VIP mehmonlar kabi o‘tiradi. 

Ko‘tarilish uchun doimo narvon zarur. U qanchalar mustahkam bo‘lsa, shuncha shaxdam ko‘tarilasiz. Tez orada Dilbarxonga biron kafedrami fakultetnimi ishonib topshirishsa hayron bo‘lib yurmang yana!

Rektorning kelini Muhayyo To‘xtasinovna Hamdamova akusherlik va genekologiya kafedrasida ishlaydi. 

Rektorni gapirdik-mi, endi prorektorlarni ham unutmaylik.

Gavhar Januzoqovna Jarilqasinova ham omadli ayol. Uning farzandi Aziza Hakimovna Junaidova prezident stipendianti hisoblanadi.

Faqat bu emas. Zaharli tillar Gavhar Januzoqovna o‘z qo‘li bilan talabalar, hatto o‘qimagan talabalarni soxta hujjatlar bilan chet davlatlardan «perevod» olib kelishida bosh-qosh bo‘lganini iddao qilishadi. Albattaki, bepulga emas.

Aynan Gavhar Januzoqovnaning taklifi bilan institutda bir necha dekanat yopilib, ofis registratsiya bo‘limlari tashkil qilindi. Ammo yaqinda davlat komissiyasi platformani Hemis dasturi buyicha tekshirganida, umuman talabalar kiritilmagani aniq bo‘ldi. Ofis registratorining asosiy ko‘rsatgichlaridan biri – bu Xemis dasturi bo‘lsa-yu, ammo platforma ishlamasa.

Prorektor Oybek Safarov va uning turmush o‘rtog‘i Gulnoz Safarovaning jozibasi oldida kimam qarshi tura oladi deysiz. Ular birga ishlashadi, birga dam olishadi va otning kallasiday maoshlarni birga olishadi. Bu oila ahilligi qanchalik kuchli ekanligidan dalolatdir. 

Bu ma'lmotlar – holva uchidan patir!

Mana Moliya-iqtisodiyot ishlari prorektori Oybek Safarovich Sharipovni olaylik.

Kompyuter texnologiyalari bo‘yicha bakalavr diplomiga Oybek Safarovich qonun bo‘yicha prorektor vazifasida bo‘lishi mumkin emas.

Prorektorlik lavozimiga nomzod kamida magistr darajasiga ega bo‘lishi kerak.

Mavzuga qaystak. Rektor janoblari ancha yirik oilaviy imperiyaga ega. Uning birinchi turmushidan qaynisi Baxtiyor Zaripov kafedra mudiri bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i Dilorom Hamdamova fakultet dekani lavozimida ishlamoqda. 

Ularning iqtidorli zurriyotlari Alisher va Ilhom ham xuddi shu institutda o‘qituvchi! 

Bahodir Barnoevich Safoev degani ham bor. Bahodir Safoev – umumiy xirurgiya kafedrasida kafedra mudiri. Uning o‘g‘li Bobir Safoev esa ayni kafedrada assistent. Ya'ni farzand ota rahbarligi ostida ishlaydi. Ota-bola juda ko‘p sayohatlarni amalga oshirgan. O‘g‘li 2 oy Turkiyada  malaka oshirib keldi. Tabiiyki, xarajat institut tomonidan to‘laligicha qoplandi.

Xorijda malaka oshirish uchun qizil diplomga ega bo‘lishingiz kerak. Ya'ni institutni a'lo baholarga tugatgan bo‘lishingiz shart!

Ammo Buxoro Davlat Tibbiyot Institutida barcha rahbarlarning farzandlari turli vajlar bilan institut hisobidan xorij safarlariga bo‘lishadi.

Rektorning qizlari, prorektor va dekanlarning farzandlari va ular qatorida kelinu kuyovlar ham xizmat safariga yuboriladi. Turkiya, Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston…

Tabiiyki, xarajatlar institut byudjetidan to‘lanadi.

Va nihoyat, Buxoro Tibbiyot Institutida Salim Sulaymonovich Davlatov! Bu shaxs institutda ta'lim sifatiga javobgar! 

Talim sifati bo‘limi barcha institut va universitetlarda yopilgan bo‘lsada, tibbiyot institutida saqlab qolindi. Bu ish o‘rini Salim Sulaymonovich uchun maxsus ushlab turilibdimi? Buni biz bilmaymiz.

Bilganimiz shuki, bu odam shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan sayyor yig‘in paytida korruptsiyada ayblanib ishdan bo‘shatilgan edi. Ammo, Abdulla Aripov qarori rektor oldida sariq chaqadek gap. Salim Sulaymonovich Davlatov joniga rektor oro kirdi! 

Rektor Salim Sulaymonovichni o‘z lavozimi, ya'ni ta'lim sifati boshliqligiga qayta tikladi va hatto mukofot sifatida ko‘krak nishon va 85 million so‘m pul ham berdi unga. 

Oh, naqadar yaxshi tanish bilishchilik mustahkam bo‘lsa!

Shu bilan Buxoro Davlat Tibbiyot Institutida qarindosh-urug‘chilik,  tarafkashlik va oilaviy qadriyatlar haqidagi yurakni quvontiruvchi hikoyamiz yakunlanadi. 

Kimdir nepotizm sirlarini o‘rganmoqchi bo‘lsa, bu dargohga kelib malaka oshirishi mumkin!

PS: Ayni sarlavha ostidagi video 1 noyabr kuni ertalab Eltuzning yutub kanalida e'lon qilingani ortidan videoda ayrim juz'iy xatolar va kamchiliklar borligini yozishdi.

Xususan, prorektor Jarilqasinovaning birgina qizi emas, o‘g‘li Amirning ham stipendiant ekani ma'lum bo‘ldi. Junaidov Amir Hakimjon o‘g‘li — Buxoro Davlat Tibbiyot instituti Davolash fakulteti talabasi, ayni paytda nepotizm hakkalak otgan institut prorektorining o‘g‘li hamdir.

Siz ko‘rayotgan suratda aks etgan doktoranturaga mas'ul prorektor  Matluba Sanaevaning qizi Munisaxon doktoranturaga kirgan. Videodagi bu chalkashlik uchun uzr so‘raymiz.

Biroq bu bilan asosiy muhim nuqta, jamiyatga berilgan signal mohiyati o‘zgargani yo‘q. Ko‘pchilik izohlarda Istitut raxbariyatini oqlashga harakat qilishmoqda. Ot o‘rnini toy bosadi. Bu gaplarning foydasi yo‘q. Nima uchun Gondurasning yonayotganini yozmaysan, va hokazo.

Nima uchun mamlakatda nepotizmga, urug‘-aymoqchilikka va manfaatlar to‘qnashuviga ko‘z yumilishi kerak? Nima uchun bu muhim?

Birinchidan Buxorodagi Tibbiyot instituti Davlat muassasidir. Ya'ni manfaatlar to‘qnashuvi Institut raxbariyatining barcha urug‘ aymog‘i xalq to‘lagan soliqlar evaziga shakllangan davlat oxuridan yem yeyishi va qo‘shtirnoq ichidagi begonalarning bu oxurga yaqin yo‘lashiga to‘siq bo‘layotganini anglatmoqda.

Ikkinchidan Buxoro Davlat tibbiyot institutida talabalar chilangarlikka emas tibbiyot sohasi mutaxassisligiga  o‘qitiladi. Kelajakda ular aynan sizning hayot momotingizni hal qiluvchi kasblarda ishlashadi. Ular poraxo‘r, o‘g‘ri, kazzob emas, shifokor bo‘lib yetishishlari kerak. Ularning bu ishda ishlashga qanchalik loyiq shaxslar bo‘lib yetishgani esa ularga qarindoshlari yozib bergan diplom orqali hal bo‘ladi.

Uchinchidan mamlakatda korruptsiya, nepotizm va urug‘ aymoqchilik avj olarkan, xalqning tanlov huquqi yo‘qqa chiqadi, mamlakat tanazzulga yuz tutadi.

Tag‘in o‘qing
27 oktyabr 2023
1923 yilning 13 dekabrda Toshkentda RCP (b) Markaziy qo‘mitasi Markaziy byurosiga Turkiston SSRning 30 taniqli «qirg‘iz ishchilari» tomonidan ...
16 may 2019
Haqiqatga qaysi tomonidan qarasang ham bir xil ko‘rinadi, deyishadi. Mahmud Rajab -shoir, yozuvchi, shu millatning chin bir fidoiysi, Matnazar ...
15 aprel 2020
Joriy yilning apreli boshidan Toshkent ko‘chalarida BTRlarda yurib, karantin bois karnaylar orqali aholini uyda qolishga da'vat etish boshlandi. Biroq ...
13 iyul 2017
15 iyuldan tabiiy gaz, issiqlik va elektr narxlari qimmatlaydi. 21 iyuldan esa suv narxlari ko‘tariladi. O‘zbekiston moliya vazirligi reestriga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...