Fermerlar qishloq xo‘jaligini foyda keltiradigan sohaga aylantiramiz deya prezidentga yuzlandi
O‘zbekistonlik 28 nafar fermer O‘zbekiston prezidentining agrar islohoti o‘zbek dehqonini 100 yillik moddiy va ma'naviy kishanlardan ozod qilishning ilk boshlang‘ichi bo‘lganini aytgani xolda o‘z takliflarini bayon qilib maktub yozdi.
Maktub 10 noyabrda «Respublika fermerlari» kanalida e'lon qilinib, unga yana o‘nlab fermerlar qo‘llab-quvatlagani haqida izohlar koldirdi.
Podpisant fermerlarning ishonishicha, isloxot to‘la amalga oshsa mamlakatda boy dehqonlar sinfi vujudga keladi.
Qishloq xo‘jaligida davlat monopoliyasiga uzil-kesil chek qo‘yilib, haqiqiy bozor munosabatlariga o‘tilishi ortidan davlatning qishloq xo‘jaligida va tovar-pul munosabatlaridagi ishtirokining kamayishi, uning ishtirokidagi nizolarning, xokimlar, nazorat idoralari va huquqni muhofaza qilish idoralarining fermerlar faoliyatiga aralashuvi deyarli to‘xtashiga sabab bo‘ladi, deyiladi murojaatda.
Lekin bular amalga oshishi uchun fermerlarga ko‘ra prezident qo‘llovi zarur.
2019 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasining «2020-2030-yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Strategiyasi», hamda ko‘plab ko‘rsatmalariga zid tarzda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini yo‘lga qo‘yishni, shu jumladan, paxtachilikda davlat buyurtmasidan to‘liq voz kechish zarurligini prezident ko‘rsatishiga qaramasdan amalda, haqiqatda ularning amalga oshirayotgan ishlari bu xolatga to‘la mos kelmayapti.
Bozor munosabatlariga amalda to‘liq o‘tilmayapti. Davlat buyurtmasi yo‘qolmadi: endi bu «majburiy joylashtirish» ko‘rinishida davom etmoqda. Bizga hali ham qaysi yerlarda paxta yetishtirishimiz, qancha paxta topshirishimiz va qanday yetishtirish kerakligi aytilmoqda, garchi hozir paxtani davlatga emas, xususiy biznes sub'ektlariga (klasterlarga) sotayotgan bo‘lsakda. Amaliyotda esa bozor munosabatlariga to‘laqonli o‘tish rejasi sabotaj qilinayotgandek ko‘rinmoqda.
Prezidentning «er ijara huquqini» boshqaga o‘tkazish, sotish va garovga qo‘yish, resurs yetkazib beruvchilarni mustaqil tanlash va yetishtirgan paxtamizni bir qismini erkin bozorda (birjada)sotish imkoniyatlari to‘g‘risidagi yaqinda qabul qilingan qarorini samimiy olqishlaymiz.
Fermerlar ekinlarni majburiy “joylashtirish”dan voz kechish va fermerlarga paxta hosilini erkin bozorda, shu jumladan, fyuchers shartnomalari orqali sotish imkonini berish ushbu qarorlarning mantiqiy davomi bo‘ladi, deb umid qilmoqda.
Fermerlar erkin bozor talabiga mos ravishda nima ekish, qachon va qanday yetishtirish, birja orqali va qaysi narxda, kimga sotishni mustaqil hal qilish huquqi berilishini so‘ramoqda.
Fermer va klaster o‘rtasida shartnomaviy qonun talablari asosida mutlaqo erkin shartnomaviy munosabatlar yuritilishini ta'minlovchi, fermerlar o‘zi istagan klaster yoki tadbirkorlik sub'ekti bilan shartnoma tuzish imkonini beruvchi tizim yaratish, birja savdolarida viloyatlar va tumanlar kesimida o‘rnatilayotgan dislokatsiyalarga barxam berilishi, dastlabki savdo bosqichidan boshlab barcha qayta ishlovchi to‘qimachilik korxonalariga ruxsat berish, fermer mahsulotining puli 3 kun ichida to‘lanish tartibini nazorat qilish zarur.
Fermerlarning faoliyatiga va umuman qishloq xo‘jaligi sohasiga huquqni muhofaza qilish idoralarining aralashuviga to‘liq chek kuyilishi shart. Bu organlar klasterlarning himoyachisiga va fermerlarning dushmaniga aylanib qolishmoqda. Va albatta viloyat va tuman hokimliklari, ayniqsa qishloq xo‘jaligigi bo‘yicha rahbarlarning shartnoma tuzishda va keyingi barcha bosqichlarda fermerlarga turli ko‘rinishdagi bosim ko‘rsatishlarini qat'iy cheklash zarur.
Joriy 2024 yilgi paxta narxi bilan bog‘liq yuz bergan voqealar ko‘pchilik fermerlarda islohotlarga bo‘lgan umidning pasayishiga sabab bo‘ldi.
Prezidentning 2023 yil dekabrdagi 205-sonli farmoniga asosan paxtachilik klasterlari 2024 yil boshida birja orqali fermerlar bilan paxta xom ashyosini bozor narxida sotish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzgan edi.
Ammo xozirgi vaqtga kelib fermerlarning ko‘pchiligiga hokimlik va huquq-tartibot idoralarining tazyiqi ostida, paxtaning kilogrami 6800 so‘m miqdorida bo‘lgan arzon narxda qo‘shimcha shartnoma tuzishga majburlandi. Bu ishlar esa Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 13 sentyabrdagi 574-sonli qarori qabul qilinganidan keyin avjiga chiqdi.
Hukumatning mazkur qarori go‘yoki paxta yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlasa-da, aslida bu klasterlarning yil boshida fermerlar bilan tuzilgan shartnoma majburiyatlaridan voz kechishiga asos bo‘lmoqda.
Fermerlar klasterlar bilan qo‘shimcha shartnomalar tuzib, paxtani arzon narxda topshirishga majbur bo‘lishi ularning kayfiyatlarini o‘ta pasaytirib yubordi. Bunday amaliyotga barham berilishi lozim deb hisoblaymiz.
Fermerlar paxta to‘qimachilik korxonalari bilan teng va ikki tomonlama manfaatli sheriklikda ishlashi uchun, respublikadagi ayrim paxta tozalash zavodlarini, yangi qonunga asosan tuziladigan va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan qishloq xo‘jaligi kooperativlariga pulini 5-10 yilda to‘lash sharti bilan o‘tkazib berilishini, bu kooperativlar bazasida fermerlarga texnik va konsalting xizmat ko‘rsatadigan, paxta xomashyosini qayta ishlab beradigan markazlar tashkil qilishni taklif qiladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlariga birlashadigan fermer ho‘jaliklarini moliyaviy va har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchi huquqiy normativ hujjatlarni ishlab chiqishni so‘raymiz. Chunki hozirda mavjud kooperativlarga birlashib ishlab kelayotgan fermer ho‘jaliklariga bo‘layotgan cheklovlar va bosimlar ta'siri ostida ular o‘ta og‘ir ahvolda ishlab, paxta va g‘allani o‘z mablag‘lari hisobidan yetishtirishga, shunda xam bu hosilni o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q ayrim puli yo‘q klasterlarga mahalliy hokimliklar bosimi ostida ular aytgan narxda sotishga majbur bo‘lishmoqda.
Shu sababli klasterlarga berilgan barcha imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini barcha kooperativlarga va ularga a'zo bo‘lgan fermerlarga xam joriy qilinishini so‘raymiz. Klaster va fermerning teng huquqli ekani amalda ta'minlanishi lozim.
Klasterlar faoliyatini doimiy nazorat qilish imkonini beruvchi, fermer xo‘jaliklari bilan xamkorlik va shartnoma majburiyatlarini bajarishlari natijasidan kelib chiqib baxolanadigan onlayn reyting tizimi ishlab chiqib, onlayn reytingda klasterlar faoliyatini baxolashda fermerlar xam ovoz berishini, shuningdek fermerlarni xam adolatli baxolash tizimi joriy qilinishi lozim.
Paxta-g‘alla hosiliga davlat buyurtmasi tugatilgani sababli fermerlar uchun “yo‘nalish” degan tushuncha bekor qilinishi, buning o‘rniga ko‘p tarmoqli fermerlik faoliyatini tashkil qilish, fermerlarga yillik jami paxta-g‘alla xosildorligini va sotish miqdorini kamaytirmaslik sharti bilan mavjud ekin maydonlarining 30-40 foiziga chorva ekinlari ekishga qonun bilan ruxsat berilishini so‘raymiz. Garchi Hukumat qaroriga asosan fermerlarga ekin maydoni 10 % ga chorva ekini almashlab ekishga ruxsat berilgan bo‘lsada, amalda 1 gektar ham ekishga ruxsat berilmayapti.
Ipakchilik sohasini yanada rivojlantirish uchun ipakchilikda yuqori natijalarga erishgan ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini ham o‘rganib, yaxshi natija beradigan yangi tizim ishlab chiqishni so‘raymiz. Chunki aynan pilla sababli asosiy ekinlar (paxta-g‘alla) e'tibordan chetda kolib, paxta-g‘allaga ishlov berish va ayrim agrotexnika choralari oqsab qolmoqda, hosildorlikka salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Fermerlarning oxirgi yillardagi moliyaviy nochor ahvolga tushib qolgani, zamonaviy yangi texnikalarga ehtiyoji yuqori ekani sababli paxta terim mashinalaridan tortib, haydash-ishlov berish texnikalari bilan ta'minlashning xorijiy tajribalaridan foydalanish choralarini joriy qilishni so‘raymiz. Shuningdek, xosilning puli kuzda tushgani sababli soliq, lizing (kredit) va boshqa to‘lovlarning muddatini fermerlar uchun kuz oylariga belgilovchi tartibni, soliq va boshqa hisobotlarni kamaytirib, har 3 yoki 6 oyda beradigan norma kiritilishini, QQS miqdorini ilg‘or xorijiy davlatlardagi kabi 5 % miqdorida belgilashni so‘raymiz. Hattoki, AQSh, Kanada va Yevropa ittifoqida ham fermerlarga juda katta miqdorlarda dotatsiya va subsidiyalar ajratish orqali qo‘llab-quvvatlash davom etib kelmoqda.
Eski O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi boshqaruvining yomon merosxo‘ri bo‘lishda davom etib kelayotgan, go‘yoki fermerlarning nomidan vakillik qiladigan tashkilot – O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi faoliyatini tubdan o‘zgartirish yoki yangidan tuzishga yordam berishingizni so‘raymiz. Bu tashkilot “Fermer va dehqon xo‘jaliklari vazirligi” kabi ishlamoqda, amalda fermerlarni emas, mahalliy amaldorlar manfaatlarini himoya qilmoqda xolos. Bu tashkilotning hozirgi holatda mavjudligi O‘zbekiston przeidenti amalga oshirayotgan islohotlarga soya solmoqda, davr talabiga umuman moslasha olmayapti. Uning o‘rniga kooperativlar va fermerlar uyushmasi tuzilishi, rais va rahbar organlari fermerlar tomonidan erkin saylanishi lozim.
Respublikada mavjud bo‘lgan to‘rt million gektar yerdan sug‘oriladigan yerlarning katta qismidan ayovsiz foydalanish, xususan, almashlab ekish qoidasiga amal qilmasdan yerlarga muntazam g‘alla-paxta ekish natijasida kasalmand holga kelib qolgan.
Bu maktubga imzo qo‘ygan 28 nafar fermer bu masalalarni batafsil va har tomonlama muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashish so‘ralgan.