Vaqt mashinasi
3 aprel 2019

3 aprel – mobil telefondan ilk qo‘ng‘iroq qilingan kun

Bu 1973 yil 3 aprelda Nyu-Yorkda, hayrat bilan qarab turgan odamlar ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Motorola shirkati xodimi Martin Kuper raqib Bell Laboratories kompaniyasining telefon raqamlarini tergandi.

«Ayt-chi, qaerdan qo‘ng‘iroq qilyapman?»- deb qiziqadi janob Kuper raqobatdosh shirkatning tadqiqot bo‘limi rahbari Joel Engelga. So‘ngra xursandchiligidan ichiga sig‘may: «Men senga haqiqiy mobil telefondan qo‘ng‘iroq qilyapman!» deya o‘zi javob qaytaradi.

Bu qo‘ng‘iroq g‘olibning mag‘lub ustidan, raqobatda oti o‘zgan chavandozning changda qolgan raqibi ustidan qahqahasi edi.

Zotan, Bell Laboratories 1940-yillarning oxirida birinchi bo‘lib mobil telefonlar kashf etish g‘oyasi bilan chiqqan edi.

Kuper telefonining og‘irligi 1,5 kgni tashkil qilib, hozirgi telefonlarga solishtirganda juda bahaybat tuyulsa-da, o‘sha paytda bu deyarli og‘ir sanalmagan.

Bu voqea munosabati bilan Bell Laboratoriesning matbuotga gapirgan xodimi Richard Frenkel bunday degandi:

«O‘sha paytda biz mashinalarda 14 kilolik telefonlardan foydalanar edik. Unday telefonning butun imkoniyatlarini bor-yo‘g‘i 1 kilogrammlik telefon orqali amalga oshirish ulkan yorib chiqish deb aytish mumkin edi».

Dastlabki qo‘l telefoni modeli Motorola DynaTAC 8000x bo‘lib, 22,5 santimetr hajmdagi telefonga ikki ming detal sig‘dirilgan.

To‘liq zaryadli telefon bilan 20 daqiqalik suhbatni amalga oshirish imkoni bo‘lgan.

Motorola shirkatining muhandisi o‘z umrini simsiz telefonlar yaratishga bag‘ishladi.

Martin Kuper 1967 yil o‘zining dastlabki qo‘l ratsiyalarini Chikago politsiyasi uchun yaratgan edi.

Oradan o‘n yil o‘tgachgina Motorolaning omma uchun mo‘ljallangan birinchi mobil telefonlari 1983 yil 6 martda savdoga chiqariladi. Bu telefon og‘irligi 800 gramm bo‘lib, 3,5 ming dollarga baholangan.

1980-yillarda mobil telefonning narxi bir avtomashina bahosiga teng kelgani ham aytiladi. Amerika matbuoti yozganidek, mobil telefonga ega bo‘lish biznesmenlar uchun hashamat belgisi hisoblansa, siyosatchilarning jamiyatdagi mavqei qandayligi ramzi sifatida ham ko‘rilardi.

Bugunga kelib mobil telefon inson qo‘lining tabiiy davomiga aylandi. Mobil telefonlarning O‘zbekiston uchun muhim ahamiyati esa smartfonlarda internet imkoniyatining borligidadir. Balki shuning uchun ham Eltuz.comning mobil versiyasi kompyuter versiyasidan ko‘ra ommabop, 80 foizdan ziyod o‘quvchilar saytga mobil telefonlardan kirishadi.

Dunyodagi global aloqa sanoati ko‘lamini kuzatayotgan GSMA tashkiloti 2014 yilda 7,230 mlrd qo‘l telefoni mavjudligini aniqlagan edi. Bu esa sayyoradagi odamlar sonidan ancha ko‘p.

Botir Rajabov
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 may 2019
Haqiqatga qaysi tomonidan qarasang ham bir xil ko‘rinadi, deyishadi. Mahmud Rajab -shoir, yozuvchi, shu millatning chin bir fidoiysi, Matnazar ...
26 mart 2020
«Vaqt mashinasi» rukni ostidagi bugungi hikoyamiz Rossiya istibdodi ostidagi Turkistonda ijtimoiy tanglik hukmron bo‘lgan davr – o‘tgan asr boshlarida ...
5 aprel 2021
Benksi juda mashhur, u afsona, u millionlar nigohida Super Star. Nega? Asl ism-sharifi noma'lum, sirli ravishda ijod qilgani uchunmi? ...
16 yanvar 2017
O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning Toshkentda uy qamog‘ida saqlanayotgan katta qizi yaqinda Shveytsariya prokuraturasi tomonidan pul yuvish ayblovi bo‘yicha ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...