Ko‘zqarash
12 noyabr 2015

Egilmagan, bukilmagan, sinmagan!

Pahlavon Sodiq
Bi bi si

1999 yil kuzida Oliy Sudda Toshkent portlashlari yuzasidan sud majlislaridan biriga Murod Jo‘raevni qo‘llarida kishan bilan guvoh sifatida olib kelishdi.

Men Murod akani, to sudya ismi-sharifini e'lon qilmagunicha tanimadim. Oxirgi marta uni 1994 yilda Turkiyada ko‘rgan edim. Ozib-to‘zib ketgan, faqat quloqlari qolgan edi, xolos. Kontslagerdagi mahbuslarga o‘xshar edi. Haqiqatda ham kontslager nomini olgan Jasliqdagi qamoqxonadan olib kelingandi, adashmasam.

Sudya ism-sharifini tasdiqlagandan keyin undan: «Muhammad Solihni taniysizmi?» deb so‘radi. Murod aka «taniyman», deganidan keyin «qanday odam?» deb savol berdi. Men hozir tomosha boshlansa kerak, Murod akani Solihni yomonlash uchun olib kelishgan, deb turgan edim, Murod Jo‘raev vazmin, horg‘in bir ovozda «Men tanigan Muhammad Solih millatparvar, vatanparvar va demokrat odam» deb javob berdi.

U «demokrat» so‘ziga alohida urg‘u berdi. Chunki Muhammad Solih terrorchi sifatida ayblanayotgan edi. Va «meni to‘g‘ri tushuninglar, men 1994 yildan beri qamoqdaman, undan keyin hech kim bilan ko‘rishmadim» deb qo‘shimcha qildi. Sudya gapni uzatib o‘tirmadi va «olib chiqib ketilsin» dedi.

Murod Jo‘raevning guvohligidan hafsalasi pir bo‘lganini yashirib ham o‘tirmadi. Qaytaga buni zalda o‘tirganlarga ko‘rsatishga harakat qildi. Men sud jarayonlarini ko‘p ko‘rgan va qamoqxonalardagi ahvolni yaxshi bilsam ham, Murod akaning holati menga yomon ta'sir qildi.

Ko‘zimga yosh keldi. Boshqalar ko‘rib qolmasin, deya tez-tez yurib, sud zalidan chiqib ketdim. Ancha paytgacha o‘zimga kelolmay yurdim. Murod aka undan keyin ham qariyb 16 yil o‘tirdi. Ehtimol, ana shu so‘zlari uchun o‘tirdi.

«Haqiqat egiladi, bukiladi, sinmaydi», degan mujmal gap bor. Buni Abdulla Oripov «Haqiqat egiladi, bukiladi, sinmaydi, ammo egilib, bukilganda qobirg‘alari sinib ketadi» deb yanada mujmallashtirgan. (Shoir buni 1987yilda Navro‘zni yomonlab qo‘yib, keyin zamon o‘zgargach, yana uni yaxshilash uchun aytgandi).

Ammo men haqiqatning egilib, bukilib, o‘zbekcha aytganda, qulluq qilib, choy tashib yurishini tasavvur ham qilolmayman. Haqiqat egilmaydi ham, bukilmaydi ham, sinmaydi ham. Zotan, egilib, bukilsa, albatta sinadi. Bunga Murod akaning shuncha yillik qiynoq va iskanjalardan so‘ng, Vasila opaga suyanib bo‘lsa ham, qaddini tik tutib turgani misol.

Ammo xalqimizda bundan mantiqliroq boshqa bir gap bor ekan. Buni 2013 yilda qamoqdan chiqqan Mamadali Mahmudovni ko‘rgani borganimda kashf qildim. Mamadali akani Jizzaxning chekka bir qishlog‘idan yaqin qarindoshlari-o‘zlari tengi bir ayol kishi ko‘rgani keldi. Va so‘rasharkan, birinchi aytgan gapi «o‘sha yerlarning sho‘r tuzini yalab keldingizmi?» degan gap bo‘ldi.

Menga bu so‘rashish juda qiziq, ayni paytda juda ham o‘rinli tuyuldi. Xalqimiz qanchalik dono! Chunki 17 yil qamoqda o‘tirib kelgan odamdan «yaxshi keldingizmi?» deb so‘rash g‘alati. Ammo «sho‘r tuzlarni yalab keldingizmi?» degan gap juda mantiqli edi.

Murod aka ham 21 yil davomida ne-ne qamoqxonalarning sho‘r va zaharli tuzlarini yalab keldi. Oilasiga qovushgani rost bo‘lsin!. Olloh qamoqda o‘tgan umrini ham qo‘shib bersin! Boshqa siyosiy mahbuslar ham tez orada ozodlikka qovushsin!

Tag‘in o‘qing
7 noyabr 2022
Bugun 7 noyabr, bu kun SSSRning eng asosiy bayrami sifatida nishonlangan. Bugun O‘zbekistonda bu tantana mutlaqo unutilgan, ba'zi qari-qartanglargina ...
22 iyun 2020
Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida 15 iyun kuni ochilgan “Oq kema” bolalar oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi byudjeti, ya'ni ishchi-xizmatchilar kasaba ...
8 avgust 2017
Eltuz nashri o‘tgan 2016 yilning ayni 8 avgustida, o‘z tomorqasida meva sabzavot yetishtirgan dehqonlarning hosilini erkin sotishiga ruxsat berilmayotgani, ...
2 oktyabr 2019
Bugun ustozim, aka-do‘stim, ajoyib inson, o‘z uslubi va so‘ziga ega bo‘lgan shoir va jurnalist Mahmud Rajabning tug‘ilgan kuni! Afsus, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...