Dayjest
5 sentyabr 2016

Notavon matbuot, notavon TV

O‘zbekiston ichidagi jurnalistika yana bir bor navbatdagi sinovdan o‘ta olmadi. TVsi ham, gazetayu jurnallari ham o‘ta olmadi.

O‘zbekistonda prezident almashuvi, almashganda ham chorak asr ichida ilk marotaba almashuvi kunlarida, mamlakat uchun eng kritik davrlarning birida mahalliy matbuot, TV o‘zining notavonligini namoyish etdi.

27 avgust kuni O‘zbekiston prezidentining statsionar davolanishga yotqizilgani to‘g‘risidagi rasmiy xabardan so‘ng uning o‘limi e'lon qilinib, shu kungacha o‘tgan davr o‘zbek jurnalistikasining o‘zi ham chala o‘lik ekanining yorqin dalolati bo‘ldi, desak adashmaymiz.

2 sentyabr tuniga yaqin, davlat rahbarining vafot etgani rasman aytilguniga qadar O‘zbekiston xalqi mamlakatning shu paytgacha abadiy deb bilgan prezidentining na o‘lik, na tirikligini bildi. Bilsa ham mish-mishlardan, Internetdagi mustaqil manbalardan bildi.

O‘sha kunlarda kishilarning bu haqdagi ma'lumotlarga chanqog‘i qanchalik ekani, bu chanqoqni qondira olmagan mahalliy TV va gazetalar to‘g‘risida ular qanday o‘ylaganini feysbuk foydalanuvchisining quyidagi gaplari yaqqol ko‘rsatib berdi:

«Nega 32 million O‘ZBYeK o‘zini tashvishga solgan savollarning javobini internetdan axtarishi kerak?

Nega O‘ZBYeKISTONga daxldor yangilikni bizga nisbatan hech qachon xolis bo‘lmagan Rossiya telekanallaridan, chet el TVlaridan ko‘rishi kerak?

O‘zbekiston TYeLYeVIDYeNIYesi o‘zbek xalqiga eng so‘nggi yangiliklarni aytolmasa, nima noma'qul yeb o‘tiribdi?

Mayli, jahon chempionatlari, Yevropa chempionatlarini jonli efirda berolmaysan, mayli, Olimpiadadan ham bir muxbiring bir jonli intervyu berolmadi, bunga puling ketadi.

Mayli, sen Suriyadan, Yamandan, Iroqdan, Kolumbiyadan, Kurdistondan, dunyoning olovli nuqtalaridan jonli ko‘rsatuv qilolmaysan, o‘q tegib ketadi, qo‘rqasan.

Ammo O‘ZBYeKISTON xalqiga O‘Z PRYeZIDYeNTI haqida, millatga OTASI haqida axborot ber, nomard!

Yo‘q, sen qo‘rqasan! O‘z soyangdan qo‘rqasan! Sen xato qilishdan qo‘rqasan! Sen doim qo‘rqib yashading! Qo‘rqqaning uchun ham uzoq o‘tirasan kreslongda! Ana shuning hadisini olgansan sen!

Qachongacha qo‘rqasan? Qachongacha og‘zingga mum solib o‘tirasan? Qachon mustaqil bo‘lasan, Jimtursunov?

Ayt, xavotirda turgan 32.000.000 kishi yuragini tashvishga solgan savollariga javobni «Fergana.ru»dan topsinmi? «Yevronyus»dan ko‘rsinmi? «Layf.nyus»dan ko‘rsinmi?

Sen o‘zing qaysi kanalni ko‘rayapsan, Toshqotganov?

Yurtboshimizni palatada bo‘lsa ham ko‘rsatib: «Mana, Prezidentimiz sog‘-omon, fitnalarga ishonmanglar!» desang, anavi g‘animlarning dumi ikki oyog‘ining orasiga kirib ketadi-ku?

Xalqning yelkasidan tog‘ ag‘darilib, seni duo qiladi-ku?

Hah, senga duo ham kerak emas-da!

Bir xushxabar kutib, televizorni qo‘yadi odamlar, qaysi kanalga qo‘ysang koreyslarning seriali. To‘ymaysanmi koreysdan?

He, koreys yesin seni!”-

deb yozdi uzbek jurnalisti Karimberdi To‘ramurod uzining feysbukdagi saxifasida.

Biz bugun O‘zbekiston matbuoti, TVsida o‘tgan bir necha kun ichida qanday jihatlar ko‘zga tashlanganiga e'tibor qaratamiz.

E'tiborlisi shuki, 27 avgust kuni prezidentning og‘ir kasal ekani rasman e'lon qilingandan so‘ng shu paytgacha har bir lavhasi davlat rahbariga hamdu sano bilan to‘la bo‘lgan «Axborot» va «Davr» kabi yangiliklar dasturlari birdan o‘zgardi.

Ularda prezident nomi deyarli tilga olinmay qoldi. Tilga olinganda ham faqat qandaydir farmoni, qarorini aytish kerak bo‘lganda eslandi, xolos.

Garchi boshqa ko‘rsatuvlar odatdagi tashbehlar bilan to‘la bo‘lsa-da, aynan rasmiy dasturlardagi bu holat ko‘pchilik uchun g‘ayrioddiy tuyuldi.

Bu g‘ayrioddiylikni prezidentning «bolalari», uning marhamatidan umidvor artistu xonandalar keyin bilganimiz so‘nggi yo‘lga qaytmas bo‘lib otlangan davlat rahbari sog‘lig‘i uchun «duo»da bo‘lish bahonasida yanada kuchaytirdi.

Mustaqil manbalar uning ahvoli o‘nglanmas darajada yomon ekani, hatto vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqatganda esa ularga tosh otishlar bilan javob qaytarildi.

Bu esa xalqni yanada vahimaga soldi, mish-mishlarni yanada kuchaytirdi. Lekin TV hali ham jim edi.

Shu paytgacha prezidentini deyarli yuz foizi «sevib, ardoqlab» kelgan xalq uning qanday ahvolda ekanini o‘z gazetalaridan, televideniesidan bila olmadi.

2 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining prezidentning ahvoli o‘ta og‘irlashgani to‘g‘risidagi xabari e'lon qilingandan so‘ng ham xalq hamon mavhumlikda ushlab turildi.

Prezidentning vafoti elga rasman oshkor etilgandan keyin o‘zining eng ilg‘or texnik vositalar bilan ta'minlanganini bildirib, dunyoning yetakchi telekanallari bilan bo‘ylasha olishini ta'kidlab kelgan o‘zbek TVsi sovet davrning eng gullagan davridagi ish tartibiga o‘tib oldi.

Soni 15 tadan oshgan barcha telekanallar orqali xalq tanburning tiring-tiringi, g‘ijjakning g‘ingshishini tinglashga majbur qilindi.

Odamlar erta azondan biror yangilik olish ilinjida televizor qarshisida edi. Ammo na marhumning jasadi Toshkentdan kuzatilgani, na Samarqandda qanday kutib olinib, qanday dafn etilgani to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Xalq faqat yaxshilab montaj qilingan, «siyosiy hushyorlik» tamoyili asosida qirqib qaychilangan qisqa xabarlar bilan cheklanishga mahkum etildi.
O‘zining demokratik, erkin ekanini, buning sababchisi Islom Karimov ekanini chorak asrdan beri keragidan ortiq iddao qilib kelgan o‘zbek TVsi, matbuotining tili tanglayiga yopishdi go‘yo.

4 avgust kuni ham har bir necha soatda prezidentning so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimidan tayyorlangan bir xil lavhalar e'lon qilinib turildi. Faqat tushdan so‘ng «Axborot» dasturida joylarda bo‘layotgan motam marosimlaridan tayyorlangan ko‘rsatuvlar paydo bo‘ldi.

Faqat kechga yaqin «Mening yurtim» va O‘zreport» telekanallari motam kuylarini to‘xtatib, asosan, prezident haqidagi ko‘rsatuvlarni efirga uzata boshladi.

So‘nggi kunlarda nashr etilgan gazetalarda ham e'tiborli o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Xususan, 1 sentyabr kuni chop qilingan «Hurriyat» gazetasida hali prezident sharafiga hamdu sanolar ko‘zga tashlangan bo‘lsa-da, 3 sentyabr kuni ahvol butunlay o‘zgardi. «Xalq so‘zi», «O‘zbekiston ovozi» singari yetakchi gazetalarda prezident vafoti to‘g‘risidagi rasmiy axborotlardan tashqari boshqa maqolalarda uning nomi deyarli uchramadi.

Prezidentga nisbat berib aytiladigan «rahnamoligida», «g‘amxo‘rligi tufayli», «oqil», «yurtboshi» kabi ta'riflar o‘z-o‘zidan yo‘qoldi.

Prezident kasal bo‘lgan, so‘ng esa vafot etgan kunlarda butun xalqning axborot bo‘shlig‘ida, ulkan mavhumlikda ushlab turilgani, bu holat hali-hunuz davom etayotgani ko‘plab haqli iddaolarni tug‘dirdi.

Qani mustaqil matbuotni fitnachilikda, yolg‘on xabarlar tarqatishda ayblab kelgan o‘zbek gazetalari, TVsi? Haqiqatparastlikni, tezkorlikni, soni mustaqillik yillarida mingdan oshgani, erkin va tsenzuradan xoli ekanini eng katta notada tinimsiz ta'kidlaydigan nashrlar qani?

Og‘zini ko‘pirtirib prezidentga madhiyabozlik qilgan Jumaboevlar, Quddus A'zamlar, Islom Hamrolar va boshqa «haqiqatgo‘ylar»lar qani?

Ular shunchalik o‘zini yo‘qotib, yangi ota (rahnamo, yurtboshi, pushtipanoh) kim bo‘larkin, degan andishadamikin?

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 dekabr 2019
Elektr energiyasi tanqisligi muammosi O‘zbekistonda 2019 yilda ham dolzarbligicha qoldi. Rassom Dumham Eltuz.com
12 dekabr 2023
Cankt Peterburgning «Krasnoe Selo» tumanida uch nafar O‘zbekistonlik bola Lenin ko‘chasidagi «Mangu olov»ni o‘chirib qo‘yishdi, deya yozmoqda Rossiya nashrlari. ...
1 dekabr 2021
Taniqli huquq faoli Umida Niyozova rahbarligidagi Cotton Campaign koalitsiyasi delegatsiyasi 1 dekabr kuni O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta mobaynida O‘zbekiston ...
19 avgust 2015
Urganch ko‘li fojiasi haqidagi xabarni o‘qib o‘tirib, unga qoldirilgan g‘alati izohni ko‘rib qoldim: “8-oy, 8-kun 8-kanal! 888-satanik raqam”. Boshqa ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...