Asosiy mavzular
19 dekabr 2016

Ozoda nega Mirziyoevdan kechirim so‘radi?

Taniqli xonanda Ozoda Nursaidova 17 dekabr kuni o‘zining instagramm sahifasida Shavkat Mirziyoevdan kechirim so‘rashi haqida yozdi va saylovda unga ovoz bergani aks etgan byulleteni va rasmini ilova qildi.

Bundan ikki yil muqaddam u Ozodlik radiosiga Bosh vazirni sudga berishi va uning kirdikorlarini fosh qilishi haqida shov-shuvli intervyu bergan edi.

“Yurtimiz katta judolikni boshidan o‘tkazgan bo‘lishiga qaramasdan o‘ta ma'suliyat bilan Prezidentlik saylovlarini xam o‘tkazib oldi. Davlat rahbari sifatida xalqimiz har tomonlama munosib nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoev timsolida o‘z istiqbolini ko‘ra oldi va ko‘p ovoz bilan o‘z liderini tanladi. Chunki u kishi tomonidan ko‘plab sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va xalq bilan bo‘lgan muloqotning yuqori darajaga ko‘tarilishi tahsinga sazovor bo‘lyapti. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tishim kerakki, san'atda ilk professional saxnaga qadam qo‘ygan kezlarimda Sh.Mirziyoevning kamtarin, ochiqtabiat va yetuk rahbar ekanliklariga bir necha bor guvoh bo‘lganman.”, dedi Instagram tarmog‘idagi sahifasida O‘zbekistonlik mashhur xonanda Ozoda Nursaidova.

O‘zining, Shavkat Mirziyoev nomini belgilagan saylov byulleteni rasmini e'lon qilgan xonanda, rasm ostiga “Mening ovozim! Moy vыbor!” deb yozib qo‘ydi.

U o‘zining bundan ikki yil avval, bosh vazir maqomidagi Shavkat Mirziyoevni sudga berishi xaqidagi bayonotiga izoh berar ekan, “Shavkat Miromonovichning nomlarini sotib, u kishining xalq orasidagi hurmat-e'tiborlaridan shaxsiy manfaatlarida foydalanish evaziga boylik orttirishni kasb qilgan ayrim kimsalar sabab, xayotimda turli muammoli vaziyatlar yuzaga keldi. Deyarli bir umr peshona teri qilib topganlarimni o‘zlashtirib qaytib bermaslik uchun Bosh Vazir nomi bilan qo‘rqitib menga bosim o‘tkazib kelishdi.” deya rasmiy bayonot berdi.

Ozoda Nursaidova 4-dekabr Prezident saylovida Shavkat Mirziyoevga ovoz berganini ham yashirmadi.

Yangi prezident qasamyodga keltirilgach, Ozoda Nursaidova, o‘zining ikki yil avvalgi shashtidan nima uchun qaytganini izohlash vaqti kelganini angladi.

“Vaqt o‘tishi bilan ushbu jumboq o‘z yechimini topdi. Yuqoridagi vaziyat men orqali Shavkat Miromonovichni obro‘sizlantirishga bel bog‘lagan kimsalarning o‘zaro ayyorona rejasi bo‘lganligi ma'lum bo‘lmoqda. Boshimga bu kunlarni solganlarga ham Xudo bor albatta! Kezi kelganda ushbu vaziyatga chinakam mardlarcha, bag‘rikenglik va oliyjanoblik bilan yondoshganliklari uchun Shavkat Miromonovichdan minnatdorman va yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so‘rayman.”deb yozdi Ozoda o‘zining 17 dekabrdagi yangi bayonotida.

Ikki yil avval Ozoda Ozodlikka nima degandi?

Xalq orasidagi shuhrati Yulduz Usmonova bilan deyarli barobar bo‘lgan xonanda Ozoda Nursaidova 2014 yil may oyida Ozodlik radiosiga bergan intervyusida, “Xar yili xat yozaman O‘zbeknavoga “Kontsert beraman” deb. Jimjitlik. Zapret degan javob keladi. Qanaqqili, axir kislorod bo‘lmasa, qanaqqilib ishlaysiz? Televideniyaga beraman, Qora ro‘yxat deydi. O‘zbeknavoga boraman, litsenziya olamanu lekin televideniyaga ruxsat yo‘q deydi, Shavkat Mirziyoevni qarori bor, og‘zaki aytishadi. Yozib beringlar shuni desam yozib berishmaydi.” degan edi.

Ozoda radio orqali Mirziyovni sudga berishini bildirgan edi

Xonandaning Ozodlik radiosiga aytishicha, u Shavkat Mirziyoevning komandasiga kirmagani uchun, boshiga shunday ko‘rguliklar tushgan.

“Man, Shavkat Mirziyoev komandasiga kirmaganim, ularni siyosatini olib bormaganim uchun bo‘lyapti bu narsa. 2001 yilda bosh tortganman…. Mirziyoev va uning san'atdagi monopoliyasiga bo‘lgan fikrimni yozganimdan keyin, …shu narsalar boshlandi. Birinchidan xozir gazsiz o‘tiribman uyda. 3 oydan beri gazsiz o‘tiribman. Nalog keladi, svetdan keladi xar kuni. Necha yildan beri yashayman, hech bunaqa bo‘lgan emas. Uning kamiga yana xokimiyatdan kelishib mani kadastrimni bekor qilishmoqchi, ya'ni, man nimamishki, o‘zboshimchalik qilib davlat yerini egallab olgan emishman. .. Bu absurd. Bu tuhmat!. Man bu yerni hokimning tasdig‘i bilan olganman. Bu 2008 yilda bo‘lyapti. Keyin yangi hokim kelyapti va man bu yerni noqonuniy o‘zlashtirganmishman. Ana shu yerni buzib tashlayman deb po‘pisa qilyapti xokimiyat. Axir men o‘sha sotixga uy qurganmanku?! …” degandi Ozoda 2014 yilning may oyida Ozodlik radiosiga bergan intervyusida.

Shavkat Mirziyoev qancha odamlarni (sho‘rini) quritganini bilgan Ozoda…

Xonanda, shu intervyuda Shavkat Mirziyoevning qanday yo‘llar bilan xokimiyatga kelganini bilishini aytar ekan, bunday yuksak mavqedagi amaldorni sudga berish uchun yetarlicha faktlari borligini ham yashirmagandi.

“Qanaqqilib hokimiyatga kelganini, qancha odamlarni quritganini, maniyam xayotimga nimalar qilganini, hammasini bilaman, ya'ni o‘zimga tegishli tarafini. …Kerak bo‘lsa, maxsus xizmatlar ham biladi manda faktlar yetarli ekanini….Sudga berish bu oddiy ubejdeniya, oddiy fikr bilan bo‘lmaydi, buni yaxshi bilasiz. Faktsiz xech qanaqa sud bo‘lmaydi xozir. Faktim borki, da'vo qilaman” degan edi Ozoda Nursaidova Ozodlik muxbiriga.

Atigi ikki yil avval, xorijiy radiosi muxbiriga O‘zbekiston Bosh vaziri haqida aytilgan bunday salbiy fikrlar o‘zbeklar jamiyatida portlagan bomba effektini bergan edi. Davralarda va ijtimoiy tarmoqlarda ancha paytgacha muxokama qilinganlar, bu dadil bayonotning egasini bundan buyon O‘zbekistonda yashay olmasligini ham bashorat qilishgandi.

Lekin, Bosh vazir sudga tortilmadi va bu ishga bel bog‘lagan qo‘shiqchi Ozoda xam bemalol to‘y xashamlarda xizmatini qilib yuraverdi.

Ozoda nimaga Yevropaga «qochdi»?

Mamlakatni 25 yil boshqargan Islom Karimovning shu yilni avgust oyidagi o‘limi ortidan, bosh vazir Shavkat Mirziyoev, respublika Konstitutsiyasiga zid ravishda vaqtinchalik prezident maqomini olganidan so‘ng, xonanda Ozoda Nursaidova O‘zbekistondan chiqib ketdi.

Instagram tarmog‘idagi sahifasiga o‘zining Yevropada ekani xaqida xabar bergan xonandaning, o‘z muxlislarini “O‘zbekistonga qachon qaytasiz?” degan savollarini javobsiz qoldirishi, o‘zbek jamiyatida yana mish mishlarni alangalatdi.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning prezident bo‘lib saylanishi mumkinli extimoli ortayotgan bir paytda, uni sudga berishini ochiq oydin gapirgan xonandaning O‘zbekistondan chiqib ketishi, ikki yil avvalgi uning Ozodlik radiosiga bergan bayonotini yana muxokamalar maydoniga chiqardi.

Ozoda Nursaidovani yaxshi bilgan insonlarning aytishlaricha, xonanda avvaliga O‘zbekistondagi vaziyatning o‘zi uchun teskari tomonga aylanishi vajidan zudlik bilan mamlakatni tark etgan.

“Lekin Yevropada u ishongan odamlar, avvalgi va'dalaridan qaytishdi. Opaning Yevropada qolib ijod qilishi savol ostida qoldi. Turkiyadagi hamkorlari ham aniq bir qarorga kelishganini bildirishmadi. Va opa O‘zbekistonga qaytishni afzal ko‘rdi” dedi xonandaga yaqin bo‘lgan insonlardan biri Eltuzga.

Yangi prezident Ozodani kechiradimi?

Xonanda bilan bog‘liq mashmashalardan yaxshi xabardor bo‘lganlarning aytishlaricha, bu yog‘iga Ozodaning yana katta sahnaga qaytishi oson kechmaydi.

“Ikki yil avval o‘z hamkasblarini Shavkat Mirziyoevni ulug‘lash, uni xalq orasida targ‘ib qilish kabi topshiriqlar olganlikda va shu orqali bosh vazirni prezidentlik lavozimiga olib kelish uchun xarakat qilayotganlikda ayblagan Ozoda Nursaidova, endi qanday qilib boshqa san'atkorlar oldida emin erkin yuradi? Boz ustiga, Shavkat Mirziyoevni judayam kekchi odam deyishadi. Endi u Ozodani kechirmasa kerak” deydi Ozoda Nursaidovaning Toshkentlik muxlislaridan biri Eltuz bilan suxbatda.

Ozoda Nursaidova o‘zining ikki yil avvalgi shov shuvli intervyusidagi da'volardan nima uchun qaytdi? O‘sha paytda Bosh vazirga qarshi oshkora bayonot bergan xonandaning orqasida qanday kuch bor edi? Xozir o‘sha kuch qaerda qoldi?

Xozir bu savollar o‘zbek qo‘shiqchiligida o‘z maktabini yarata olgan mashxur san'atkor Ozoda Nursaidovaning muxlislari va raqiblari xayolida ko‘p takrorlanayotgan bo‘lishi ehtimol.

“Oz qoldi. Yana bir yil ichida bu savollarga javob topiladi” deydi ishonch bilan Ozodaning muxlislaridan biri.
Kutib qolamiz.

Ulug‘bek Ashur
jurnalist, Kanada
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 aprel 2016
2005 yilning may oyidagi Andijon shahrida yuz bergan voqealar xaqida xikoya qiluvchi “Sotqin” filmi shu kunlarda Jizzax viloyatida keng ...
15 iyun 2020
Respublika maxsus komissiyasining hayratga soladigan so‘nggi qarori: «Agar xo‘jalik yurituvchi sub'ektning belgilangan sanitariya-gigiena talablariga rioya etmagani natijasida koronavirus aniqlansa, ...
1 noyabr 2015
Camarqandda Kerri va Karimovga inson huquqlari bo‘yicha savol bergan g‘arblik jurnalistlarni zaldan quvib chiqarishdi. Rassom: Tuz Eltuz.com
11 yanvar 2024
Qirg‘iziston parlamenti kecha, ya'ni 10 yanvarda ko‘pchilik ovoz bilan deputat Emil Jamg‘irchievni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berdi. Mazkur qarorni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...