Asosiy mavzular
23 fevral 2017

Patalogik qo‘rquv – Mirziyoevning boshqaruv uslubi

20 fevral kuni O‘zbekiston tomoni Tojikistonning “Somon Eyr” kompaniyasi uchog‘ini qabul qila olmasligini bildirgani haqida xabarlar chiqdi. 25 yillik tanaffusdan keyin qayta tiklanishi aytilayotgan Dushanbe va Toshkent orasidagi aviaparvozlar O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoev imijidagi muhim nuqta edi.

21 fevralga o‘tib, ikki davlat orasidagi parvozning nega amalga oshmay qolgani haqidagi sabablar ochiqlangan esa-da, ayni damgacha parvozlarning qachon tiklanishi borasida aniq ma'lumot berilgani yo‘q.

O‘tgan yilning kuzida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga zid ravishda prezidentlik amaliga o‘tirgan Shavkat Mirziyoev o‘zbek jamiyatida zudlik bilan yechimini topishi kerak bo‘lgan muammolar haqida ochiq-oydin gapira boshladi.

Islom Karimov davrida umuman tilga olinmayotgan qo‘shni davlatlar bilan bordi-keldi muammolari, qishloq xo‘jaligi va sanoatdagi chigalliklar haqida minbardan turib oshkora gapirayotgan Shavkat Mirziyoev darhol oddiy xalqning umidvor nazariga tushdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Shavkat Mirziyoevning biror vazirning “po‘stagini qoqayotgani” haqidagi lavhalar yashin tezligida tarqay boshladi. Yangi prezidentning “Ishlaydigan vaqt keldi! Siz va bizdan xalq va'dalarni emas, konkret ishlarni kutyapti! Xalqqa sizning gapingiz emas, gaz, suv, elektr va ish o‘rinlari kerak!”  kabi xitoblari yangrayotgan audio va videoroliklar 25 yildan buyon biqiq bir muhitda kishanlangan qul kabi yashayotgan jamiyat uchun mutlaqo yangilik edi.

Ilgari qaerda edingiz, janob?

Shavkat Mirziyoev boshqaruv tizimini jamiyat sari yuz burishga harakat qilayotgan yetakchi obrazida namoyon bo‘lishga intilar ekan, sog‘lom fikrli o‘zbekistonliklar o‘zaro suhbatlarda “Ilgari qayoqda edi Shavkat Mirziyoev?” demoqda.

13 yil davomida bosh vazir bo‘lib ishlagan Shavkat Mirziyoev bugun prezident sifatida o‘zi tilga olayotgan muammolarning qanday yuzaga kelganini yaxshi biladi. Shunday bo‘lsa-da, bugun u qo‘l ostidagi mulozimlarni qaysidir muammoning ildiz otishiga yo‘l qo‘yganlikda ayblab, oshkora ko‘rsatilayotgan yig‘inlarda ishdan olyapti. Lekin hozircha bironta mulozim prezidentga qarab: “Bu fokuslarni o‘rgatgan o‘zingiz edingiz-ku, Shavkat Miromonovich!” degani yo‘q.

Shavkat Mirziyoev o‘zbek jamiyatiga o‘zini mutlaqo yangi formatdagi zamonaviy rahbar ekanini  ko‘rsatish maqsadida bir nechta muhim qaror va qonunlarni imzoladi. Lekin bu qaror va farmonlar hali ishlagani yo‘q.

U prezidentlik vazifasini bajaruvchi martabasini qo‘lgan kiritgan zahoti avvalgi prezidentning ish g‘aladonida yotgan militsiya haqidagi qonunni imzoladi. Lekin uning amalga kiritilishini yarim yil ortga tashladi.

27 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekiston eshiklarini ochdi: ular uchun viza tartibini bekor qildi. Xalq do‘ppisini osmonga otdi. Biroq do‘ppilar osmondan boshga qaytib tushguncha yangi prezident o‘z qarorini bekor qildi.

Necha yillardan buyon taqa-taq yopib qo‘yilgan, Toshkentdan Termizgacha eltuvchi “betonka” yo‘lning Qozog‘istondan o‘tgan qismini “10 kunda ochaman!” dedi. Shu gap aytilganiga 4 oy bo‘ldi. “Betonka” yopiqligicha turibdi…

Shavkat Mirziyoev katta minbardan turib mulozimlariga “Tadbirkorlarga tegmalaring! Ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘taraman!” dedi. Yangi prezidentning bu so‘zlarini eshitgan tadbirkorlarning ko‘zlariga yosh keldi.  Biroq prezidentning aynan shu gapdan so‘ng 200 ish o‘rni yaratgan andijonlik tadbirkor xonavayron qilindi.

Virtual qabulxona orqali yangi prezidentga murojaat qilib, “Korruptsionerlardan qutqaring, Shavkat aka!” deb yolvorgan toshkentlik tadbirkor panjara ortiga tashlandi. Surxandaryoda esa militsiya xodimlari yosh tadbirkorni hibsga olib, 2 soat ichida uning jonsiz tanasini yaqinlariga qaytarib berdi. Uning adolat qidirgan onasini esa Shavkat Mirziyoev eshitishni istamayapti.

Shavkat Mirziyoev o‘zini islohotchi va yangicha fikrlaydigan rahbar sifatida ko‘rsatishda davom etarkan, marhum diktator Islom Karimovni “g‘oyaviy otam” deydi. Uning izidan borishini har bir yig‘inda takrorlaydi. Biroq Islom Karimov g‘oyalariga zid harakatlar qilayotganini namoyish etadi va ayni paytda o‘zining harakatlari samarasiz qolayotganiga e'tibor bermaydi.

Qadam olishi katta hokim

Oddiy bir o‘zbek sifatida Shavkat Mirziyoev qudratga kelganidan boshlab unga ishonmasligimni aytib kelaman. Uning bugungi siyosiy sahnada qilayotgan ishlari va aytayotgan so‘zlarini samimiy emas, deb hisoblayman. Bu mening shaxsiy pozitsiyam.

Shavkat Mirziyoev bugun eng yuqori minbardan turib ijtimoiy adolat va korruptsiyaga qarshi kurashishi haqida gapirar ekan, uning Jizzax viloyatida hokimlik vazifasida ishlagan yillariga nazar solamiz.

Shavkat Mirziyoev 1996 yildan 2001 yilgacha Jizzax viloyati hokimi vazifasida ishladi. U o‘ta qattiqqo‘llik bilan viloyatni boshqarardi. “Shavkat kelyapti”, deganda ko‘cha-ko‘yda, maydonlarda hech kim qolmasdi. Uning korteji o‘tadigan ko‘chalar bir kun avval tozalanar, mahalla raislariga ko‘chada imkon qadar hech kim ko‘rinmasligi kerakligi haqida buyruqlar kelardi. O‘sha paytdayoq ko‘pni ko‘rgan jizzaxlik nuroniylar “Bu bolaning qadam olishi katta. Prezident bo‘lgisi kelyapti buni”, derdi.

Aynan o‘sha paytlarda men Jizzaxdagi TVda faoliyat yuritardim. Yangiliklar dasturi tayyorlar ekanmiz, birinchi navbatda, hokimlikka aloqador yangiliklar efirga ketishi shart edi. Bu lavhalarda hokimning farmoni bilan qurilayotgan va qurib bitirilgan inshootlar, u imzolagan farmonlar ijrosi, qaerda va kimlar bilan uchrashgani ko‘rsatilardi.

Shavkat Mirziyoev, aytish mumkinki,  Jizzax viloyati hokimi vazifasiga kelgan kunidanoq odamlarga o‘ta tirishqoq, faol, epchil va abjir rahbar sifatida ko‘rindi. Bugun buyruq berar va o‘sha buyrug‘i bajarilmasa, ijroga mas'ul rahbarning holiga voy edi. Shavkat Mirziyoev o‘sha rahbarni imi-jimida emas, balki katta yig‘inda, ko‘pchilikning ichida sharmandasini chiqarib, TV muxbirlariga tasvirga oldirib, ishdan haydardi. O‘sha rahbar keyinchalik yoki qamalar, yoki izsiz badar ketardi.

Shuning uchun viloyatdagi kattayu kichik rahbarlar Shavkat Mirziyoevdan o‘lgudek qo‘rqar, uning har bir buyrug‘ini ortig‘i bilan bajarishga o‘rgangandi.

Buning nimasi yomon, dersiz?

Salbiy tomoni shuki, viloyatdagi tashkilotlarning rahbarlarida Shavkat Mirziyoevga nisbatan patologik qo‘rquv paydo bo‘ldi. Ular katta yig‘inda, hammaning ko‘z o‘ngida viloyat hokimidan tepki yoki musht yemaslik, bundan-da yomoni – ishidan ajrab qolmaslik qo‘rquvi ostida hokimning har qanday buyrug‘ini aytilgan muddatdan ertaroq bajara boshladi. Tahdid va qo‘rquv ostida bajarilgan ishning sifati qanday bo‘ladi?

Shakar operatsiyasi

Masalan, 1997 yilning kech kuzida viloyat hokimligidagi majlislarning birida Shavkat Mirziyoev qaysidir bir rahbarga qarata “Promzona hududida shakar zavodi qurasan. Bahordan boshlab qand lavlagi yetishtirishga yer ajrataman fermerlarga”, dedi.

Ertasidanoq viloyat matbuoti bu haqda bong urdi. “Shakar zavodi qurilarkan! Otasiga rahmat Shavkatning! Shakarga serob bo‘lib qolamiz endi!” dedi odamlar gap-gashtaklarda.

O‘sha paytda O‘zbekiston shakarni xorijdan sotib olar, Xorazm viloyatidagi respublikadagi yagona bo‘lgan shakar ishlab chiqaruvchi ulkan korxonaning mahsuloti negadir respublika aholisiga yetmasdi. Buning sababi oddiy edi: xorijdan shakar sotib olish uchun byudjetdan ajratiladigan valyutaning mazasiga o‘rgangan poytaxtdagi davlat idoralaridagi korruptsion guruh bunga yo‘l bermasdi.

Shunday qilib Jizzaxda shakar ishlab chiqaruvchi korxona qurilishi boshlab yuborildi. Yangi korxonaga uskunalar Germaniyadan sotib olinishi, buning uchun qaysidir xorijiy bank kredit berayotgani, korxona bir yilda necha tonna mahsulot ishlab chiqarishi haqida viloyatdagi barcha OAV xabarlar berib bordi.

1998 yilning fevral oylarida bo‘lsa kerak, shakar ishlab chiqaruvchi uskunalarning o‘rnatilishi jarayoni lavhasini efirga tayyorlar ekanman, bir narsa diqqatimni tortdi.

O‘z ishining ustasi bo‘lgan tasvirchimiz har bir o‘rnatilayotgan jihozni erinmasdan turli rakurslarda tasvirga olgan, ayniqsa, jihozlarning nomi va ishlab chiqarilgan sanasi yozilgan yorliqlarni yirik planda ko‘rsatgan edi.

Yorliqlar esa bitta sirni oshkor qilib turardi: korxonaga keltirilgan uskunalar eski va ancha yillar avval Rossiyada ishlab chiqarilib, qaerdadir ishlatilgan ham edi.

Tabiiyki, jurnalist sifatida menda savollar tug‘ildi. Korxonaga Germaniyadan yangi uskunalar o‘rnatilishi lozim edi, nega eski uskunalar o‘rnatilyapti? Yoki xorij banki ajratgan kredit yangi uskunalar sotib olishga yetmadimi?

Ertasigayoq bu savollarni men shakar ishlab chiqarish korxonasi qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan O‘ktam Mingboevich Tursunovga berdim. Shavkat Mirziyoevning sanoat va qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan bu yigit qovoqlarini uyib gaplarimni eshitdi va bir og‘iz so‘zsiz ters burilib, mashinasiga o‘tirdi-yu ketib qoldi. O‘sha yerdagi yana bir mulozim Qudratullo Rafiqov esa yonimga keldi va “Ertaga sizni Shavkat Miromonovich bilan uchrashtiraman. Hammasini o‘zidan bilib olasiz, ukam”, dedi.

Ertasiga kechgacha Rafiqovning qo‘ng‘irog‘ini kutdim. Indiniga ham. Hech kim meni chaqirmadi. Men tayyorlagan videolavha esa, tabiiyki, efirdan olindi. Keyinchalik bu lavhani men “Internyus Toshkent” tashkilotining “Zamon” axborot dasturiga tayyorlab berdim.

Shavkat Mirziyoevning buyrug‘i bilan ajratilgan yerlarda ekilgan qand lavlagilar pishib yetildi. Lekin shakar ishlab chiqarish korxonasi ishga tushmadi. Qozog‘istondagi allaqanday firmadan sotib olingan uskunalar turgan joyida zang bosdi va bu haqda hech kim qaytib og‘iz ochmadi.

Buyuk Jizzax devori

Shavkat Mirziyoev esa g‘alati g‘alati buyruqlar berishda davom etdi. U Jizzax shahridan Paxtakor  tumani markaziga ketadigan yo‘lning ikki chetiga dekorativ pishiq g‘ishtli devor qurish haqida farmon berdi. Buniyam darhol bajarishdi. Qaysidir mamlakatdan sotib olib kelingan o‘ta qimmat g‘ishtlar shu yo‘lning ikki chetiga bir yarim metrlik devor bo‘lib tiklandi. Jizzaxliklar buni “Mirziyoev devori”, deb atadi.

Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas respublika IIVdan bir mulozim keldi va “Mirziyoev devor”ni buzib tashlashni buyurdi. Chunki devor yo‘l harakati qoidalariga zid ravishda qurilgan ekan. Devor buzib tashlandi. Hech kim hech narsa demadi.

“Mana bu yerga yoshlar markazi qurasan”, dedi Shavkat Mirziyoev bir tadbirkorga.

6 oyda qurib bitkazildi va Mustaqillik bayramida foydalanishga topshirildi.

“Mana bu yerda respublikada yagona bo‘lgan olimpiya sport zaxiralari kompleksini qurasanlar”, dedi hokim.

Bir yil bo‘lmasdan yangi sport saroyi yirik miqyosdagi musobaqalarga o‘z eshiklarini ochdi.

“Mana bu yerga eng katta go‘zallik va salomatlik markazini qurasan!”

“Hadeb o‘zing yeb yotmasdan xalqqayam ber! Mana bu yerga 8 ta chiroyli do‘kon qur!”

“Sen o‘rningdan tur-chi! 3 oy ichida anavi tepalikka humo qushi haykalini o‘rnatasan! 1 sentyabrda xalq o‘sha yerda sayl qiladi!”

“Shahar tashqarisida, betonka yo‘lning bo‘yida katta jahon bozori quriladi. Hammang hozirdan yangi bozor qurilishiga pul tikasan. Ichkaridagi hamma bozorni o‘sha yerga ko‘chirasan!”…

Bu buyruqlarning hammasi o‘z vaqtida bajarilgan. Hech qaysi mulozim o‘rnidan turib, “Shavkat Miromonovich, bu narsani u yerga qurib bo‘lmaydi. Xalqdan ham bir og‘iz so‘raylik. Iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan bu juda katta zarar”, demadi.

Shavkat Mirziyoev aytgan narsa so‘zsiz qurildi, olib kelindi yoki buzib tashlandi.

Bugun qur, ertaga xudo poshsho

Yoshlar markazining poydevori qahraton qishda quyildi. Mustaqillik bayramiga topshirish harakatida hali qurib ulgurilmagan devorning xom suvog‘i ustiga tsement suvoq tortildi.

Oqibatda mustaqillik bayramida topshirilgan Yoshlar markazi bir yil o‘tmasdan ta'mirtalab holga keldi.

Olimpiya sport zaxiralari kompleksi ham chopa-chop qilinib, shoshilinch ravishda bir yil ichida qurib tashlandi. Kelasi yili bo‘lgan bahorgi qattiq bo‘ron paytida kompleksning tomi uchib, ko‘chaga quladi. Faqat baxtli tasodif tufayligina hech kim jabrlanmadi. Deraza romi va oynalar orasiga rezina qoplamalar qo‘yilmagani uchun hamma oynalar shamolning zarbidan chil-chil sindi.  Vayron bo‘lgan sport kompleksi keyingi mustaqillik bayramiga qadar fermerlarning hisobidan butunlay qaytadan ta'mirlandi.

Jizzax shahridagi tepalikda qad rostlagan “Bog‘ishamol” dam olish maskani ham o‘ta qisqa muddatda barpo etildi va bir yil o‘tmasdan haykal atrofiga o‘rnatilgan panjaralar yaroqsiz holga keldi. Unga olib chiqadigan beton pillapoyalardan yurish xavfli bo‘lib qoldi. Bu maskan ham yana millionlab mablag‘ evaziga ta'mirdan chiqarildi.

Go‘zallik va salomatlik markazini qurib topshirgan mahalliy tadbirkor nima foyda topdi?  Nima uchun Jizzaxning xorijdan iste'mol tovarlari olib kelib ulgurji sotadigan mana-man degan savdogari 8 ta chiroyli do‘konni o‘z hisobidan qurib berdi? Shaharga favvoralar, haykallar, suv havzalari, korxonalarni qurib bergan tadbirkorlar nima uchun g‘ing demasdan shaxsiy mablag‘lariga bunchalik hotamtoylik qildi? Dori-darmon savdosi bilan shug‘ullanib, hammaning tiliga tushgan savdogar opaxonga zarilmidi viloyat traktor-mashina parkiga Amerikada ishlab chiqarilgan 2 ta “Keys” traktorini hadya qilish?

Bu savollariga javobni o‘sha paytda topganman.

O‘sha “quruvchi tadbirkorlar”ning barchasi soliqni yashirganlik, noqonuniy tijoratni yo‘lga qo‘yganlik kabi qator iqtisodiy jinoyatlarni muttasil amalga oshirib kelgan. Yig‘ilgan faktlarni o‘rgangan Shavkat Mirziyoev ularning barchasi bilan o‘z xonasida, viloyat prokurori va MXX vakili ishtirokida xos suhbatlar o‘tkazib, viloyat infratuzilmasiga oid barcha loyihalarni ularning gardaniga yuklab chiqadi.

Natija esa ikki tomonni ham qoniqtiradi. Kapital qurilish uchun Jizzax viloyatiga respublika byudjetidan ajratilgan yirik mablag‘lar saqlab qolingan va Shavkat Mirziyoev prezident Islom Karimovga “davlat mablag‘ini tejab-tergovchi” rahbar sifatida taqdim qilingan. “Quruvchi tadbirkorlar” esa viloyat hokimi so‘ragan ob'ektlarni shosha-pisha, qo‘l uchida qurib bitkazib, qamoqdan qutulgan va noqonuniy faoliyatini bemalol davom ettirgan.

Shavkat Mirziyoevning Jizzax viloyatidagi 5 yillik hokimligi davrida qanday inshoot qurilgan bo‘lsa, deyarli hammasi shu kungacha ko‘rimsiz ahvolga kelgani va har yili millionlab so‘m evaziga ta'mirdan chiqarilayotgani esa hech kimni qiziqtirmaydi.

Shavkat Mirziyoev prezidentlik amalini mavjud qonunlarni oyoq osti qilib qo‘lga kiritdi.  Aldov bilan hokimiyatni qo‘lga kiritgan odam esa hadik ichida yashaydi va taxtini yo‘qotmaslik uchun xalqning ko‘ziga chang purkashni boshlaydi. Shavkat Mirziyoevning bugungi “islohotlari” odamlarning ko‘zlarini bir muddat asl voqelikdan chalg‘ituvchi ayyorona bir manyovr, xolos.

Ulug‘bek Ashur
Eltuz.com

 

Tag‘in o‘qing
12 iyul 2016
Farg‘onada odamlar SES xodimlarining hojatxona va molxonalarni tozaligi baxona aholidan go‘ng talab qilishayotganidan norozi. Ular buni go‘ngdan uylarnni isitish ...
2 mart 2021
19 fevral kuni huquq faoli Abdurahmon Tashanov O‘zbekiston IIVning 1-tergov izolyatori (Toshturma)da saqlanayotgan, Nigina ismi bilan tanilgan transgender Mirsharif ...
12 oktyabr 2022
Indorama Agro kompaniyasining xalqaro taraqqiyot banklari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan O‘zbekistonda paxta yetishtirish loyihasi mehnat, fuqarolik va atrof-muhit huquqlarining buzilishi bilan ...
21 may 2021
“Abdulla G‘arib prodakshn”, rassom Elsevar, rassom Tuz va “Eltuz” yangi siyosiy satirik animatsion filmlar turkumining olinchi qismini taqdim etadi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...