11 may – Stalin qrim tatarlarini surgun qilishga qaror berdi
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi.
Ayni hujjat asosida yarim orolning aksariyat aholisi – 150 ming qrim tatari bir kunda O‘zbekistonga majburiy ko‘chirildi.
Mudofaa qo‘mitasining GOKO-5859 raqamli bu qaroriga Lavrentiy Beriyaning urush paytida qrim aholisi orasida «dizertirlik, kollaboratsionistik va dushmanona kayfiyat» haqidagi alohida hisoboti asos qilib olingan.
Qrim tatarlarini O‘zbekistonga majburiy ko‘chirish amaliyoti 1944 yilning 18-20 mayida amalga oshirildi.
Urush haqiqatlari
Aslida Ikkinchi jahon urushi payti 85 447 nafar qrim tatari okkupatsion armiya tomonidan Germaniyaga haydab ketilgan, 71 921 odam qatl qilingandi.
Urushdan keyin esa Stalin buyrug‘i bilan Qrimda xalq dushmani sifatida gumon qilingan minglab shaxslar hibsga olingan va qatl etilgan.
Qrim tatarlarini majburiy ko‘chirish va undan keyingi amaliyotlar chog‘ida ularning ko‘plari qurbon bo‘lganiga oid hujjatlar saqlangan.
Jumladan, O‘zSSR KP(b) MQ Qrimdan «ko‘chirilganlar»ning dastlabki davrda «qoniqarsiz sharoitlarda» yashashgani, bu ular orasida o‘lim darajasining oshishiga sabab bo‘lganini bildirgan.
Mazkur hujjatga ko‘ra, 16 ming odam, ya'ni O‘zbekistonga ko‘chirilganlarning 10 foizi shu davrda halok bo‘lgan.
Qrim tatarlarining kamroq qismi (30 ming nafari) Molotov, Sverdlovsk, Gorkiy viloyatlariga va Mariy ASSRdagi o‘rmon xo‘jaliklarida ishlashga jo‘natilgan.
Qolganlari esa Boshqirdiston ASSR, Gurev, Ivanova, Kostroma, Kemerova va Kirov viloyatlariga surgun qilingan.
Ular qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, qurilish va ko‘mir konlaridagi ishlarga jalb qilinishgan.
2014 yilga kelib esa Putin Rossiyasi tomonidan Qrim tag‘in ishg‘ol qilindi. Biroq bu alohida mavzu.
Eltuz.com