Ko‘zqarash
2 iyun 2017

«O‘zbekiston 24» ham «Axborot»simon bo‘lib qolmaydimi?

17 iyundan ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan «O‘zbekiston 24» telekanali ko‘rsatuvlari mazmunining eskisidan farqli bo‘lishiga ishonish qiyin. Chunki, yangi telekanal boshqa axborot dasturlarining monopoliyasi va so‘z erkinligiga to‘siq bo‘lgan shaxslar raxbarligi asosida tashkil bo‘lmoqda.

Bunday iddaoga yana bir sabab, o‘tgan chorak asr davomida O‘zbekistonda mustaqil matbuot institutining yaratilmaganidir.

«Men yangi tashkil etilayotgan «O‘zbekiston 24″ telekanali haqiqiy ma'nodagi axborot-tahliliy TV bo‘lishiga hozirdanoq ishonmayman. Chunki u hali tug‘ilmasdanoq mamlakatda axborot dasturlarini faqat maqtov, paxta qo‘yish vositasiga aylantirganlar qo‘liga topshirildi», deydi Milliy teleladiokompaniyada ko‘p yillardan beri ishlab kelayotgan bir ijodkor.

Uning fikricha, respublika kanallarining informatsion dasturlarida ishlagan shaxslarning telekanal rahbariyatiga kelishi, yangi dasturlarning ham «jannat»dan xabarlar yo‘sinida shakllanishiga olib keladi.

«Ularning suyagi «Axborot»da qotgan. Ijodi ham, fikr-xayoli, dunyoqarashi ham shu dastur yo‘nalishida shakllangan. Endi ulardan bugungi zamon talablariga javob beradigan yangi axborot-tahliliy TV faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishni kutish erkakning bola tug‘ishiga ishonishdek gap», deydi MTRKning ismi sir qolishini istagan xodimi.

Farzand otaga tortadi yoki yangi telekanalning tug‘ilishi

Bir necha hafta muqaddam O‘zbekistonda faoliyati yangiliklar va tahliliy dasturlar tayyorlashdan iborat bo‘ladigan yangi telekanal ish boshlashi haqida ilk xabarlar paydo bo‘lgandi.

Bundan avvalroq prezidentning «Axborot»dagi ura-urachilikni tanqid qilgani ortidan milliy teleradiokompaniyani isloh qilish ehtiyoji haqida gap-so‘zlar urchigandi. Shundan so‘ng may oyida prezident milliy teleradiokompaniya tarkibida «O‘zbekiston 24» axborot-tahliliy teleradiokanalini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Yangi TV «Diyor» telekanali va «Toshkent» radiokanali negizida tashkil etiladi. Shuningdek, «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» va «Tahlilnoma», «Toshkent» telekanalining «Poytaxt», «Yoshlar» telekanalining «Davr» informatsion dasturlari yopilib, ularning funktsiyalari ham «O‘zbekiston 24″ga beriladi.

Belgilanishicha, telekanal mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy va sport sohalarida yuz berayotgan hodisalarni tezkorlik bilan yoritib boradi. Shuningdek, u xorijda ham muxbirlik punktlariga ega bo‘ladi.

Yangi telekanal 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida SD va HD formatlarida efirga uzatila boshlanishi aytilmoqda.

«O‘zbekiston 24» telekanaliga shu vaqtgacha «Axborot» bosh muharriri lavozimida ishlab kelgan Ozod Hamidxo‘jaev direktor etib tasdiqlangani, uning o‘rinbosarlari ham shu dasturdan chiqqan jurnalistlar ekani ma'lum qilindi.

Salohiyati yo‘qlardan nimani kutish mumkin?

MTRK xodimi bo‘lgan manbaning yangi telekanal tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin bo‘lishidan xavotiri aynan mana shu tayinlovlar bilan bog‘liq.

Uning fikricha, ko‘zlangan maqsadga erishish uchun bunday telekanal haqida nazariy bilimga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun ura-urachilikka ko‘nikmagan dunyoqarash va jahondagi yetakchi axborot-tahliliy TVlar faoliyatidan xabardor, ularning jurnalistlari darajasida ishlash salohiyatiga ega kadrlar zarur.

«Afsuski, yangi telekanalga tayinlangan rahbarlarning o‘zida bunday salohiyat yo‘q. Qolaversa, ular o‘z mustaqil fikriga, erkin va chuqur tahlil qila olish qobiliyatiga ega emas. Ular «Axborot»da ishlaganida tayyorlagan lavhalarini ko‘rsangiz, bunga o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz», deydi MTRKdagi manba.

Haqiqatan ham prezident Shavkat Mirziyoevning televideniening xalq o‘rtasidagi obro‘sini tiklashga qaratilgan so‘zlaridan keyin «Axborot» va «Tahlilnoma»da qandaydir o‘zgarishlar qilishga urinishlar bo‘ldi.

Lekin ularda shakl-shamoyil o‘zgarib, marhum Islom Karimov davridagidan farqli o‘laroq, yuqori martabali amaldorlarning chiqishlari ko‘payganiga qaramay, mazmun va mohiyat o‘sha-o‘shaligicha qolib ketmoqda.

Hali ham bu dasturlarda chuqur va erkin tahlil, hokimiyatdagi amaldorlarning korruptsiyaga aloqadorligiga oid jurnalistik surishtiruv, pichoqqa ilinadigan tanqidiy lavhalar paydo bo‘lmadi.

Xususan, so‘nggi vaqtlarda qanchadan-qancha vazir va hokimlar ishdan bo‘shatildi. Lekin televidenieda ularning nega ishdan olingani, aybi nimaligi, tayinlangan rahbarlarning qanday karomat ko‘rsatib yangi martabalarga erishayotgani tahlil qilingan birorta ko‘rsatuv efirga uzatilgani yo‘q.

«Axborot» monopoliyasi

Internet tarmoqlarida foydalanuvchilar O‘zbekiston televideniesidagi islohotlar, xususan, yangi telekanal xususida turli fikrlarni o‘rtaga tashlamoqda.

Masalan, «Diydor shirin» sayti boshqa telekanallarda endi «O‘zbekiston 24» mutaxassislari tomonidan «saralangan» materiallar efirga uzatilishidan xavotir bildiradi.

Saytdagi maqola muallifi «MTRKdagi islohotlarni «Axborot» monopoliyasi», deb atar ekan, mamlakatning yetakchi telekanallarini o‘z yangiliklar dasturlaridan mahrum etish chuqur o‘ylangan ish emasligiga ishora qiladi.

Uning ta'kidlashicha, informatsion dasturlar telekanallarning yuragi hisoblanadi. Shuning uchun boshqa kanallardan axborot tarqatish ustunligining zo‘rma-zo‘raki olib qo‘yilishi masalasini o‘ylab ko‘rish kerak.

Darhaqiqat, bu saytda aytilgan fikrlarda nafaqat jon bor, ular asosli ham. Chunki xalqqa qanday yangiliklarni yetkazib berish-bermaslikni yana bir markazdan turib boshqarish telekanallar o‘rtasidagi raqobatni yo‘q qilish bilan birga ularning rivojlanishiga ham to‘sqinlik qiladi.

Shuning uchun, tahlilchilar fikricha, yetakchi telekanallar o‘zining mustaqil yangiliklar dasturiga ega bo‘lishi imkoniyatini cheklab qo‘ymaslik lozim.

Nima qilmoq kerak?

Ayni paytda O‘zbekiston televideniesi oldiga katta vazifalar qo‘yilmoqda. Bu haqdagi gap-so‘zlarning esa oxiri ko‘rinmaydi.

Hatto MTRKni isloh qilish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilib, bu islohotlarga doir fikr-mulohazalar, takliflar bildirish uchun internetda onlayn-so‘rov o‘tkazilmoqda.

«Ammo TVni isloh qilish uchun bunday so‘rovning yordami kam bo‘ladi. Prezident aytayotgan real o‘zgarishlarga erishish uchun uning o‘zi erkinlikka intilayotgan jurnalistlarni jazolash emas, rag‘batlantirish, ular faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan amaldorlarga qanday chora ko‘rilishi belgilangan hujjatni imzolashi kerak», demoqda tahlilchilar.

Mana shunday fikrlar fonida «O‘zbekiston 24» telekanaliga xodimlarni saralash jarayoni bormoqda.

MTRKdagi manbaning aytishicha, bu jarayon «sarguzashtlar»ga ancha boy bo‘lishi kutilyapti. Hozirdanoq «otingni sot, molingni sot, yangi kanalga o‘t» qabilidagi gap-so‘zlar paydo bo‘lgan.

Chunki tugatilayotgan informatsion dasturlarning xodimlari yangi kanalga o‘tmasa, keyin boshqa bir nufuzliroq ish bilan ta'minlanishi kafolatlangani yo‘q.

Qolaversa, yangi telekanal ba'zi jurnalistlarga o‘z ambitsiyalarini ko‘rsatish uchun ham qulay maydon bo‘ladi. Shuning uchun hozir «O‘zbekiston 24» ga o‘tish ishtiyoqida yonayotganlar ko‘p.

Ularning aksariyati esa «Axborot»u «Davr»lardan unib chiqqan eski o‘zbek hukumati tizimi mafkurachilaridir.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 avgust 2023
MS: Ina damni olib, yengni chizg‘ab yana isha tushdi. Puling bo‘sa qanorda, dam olasan kanarda. RT: Qaerda dam olish emas, ...
19 mart 2018
Prezident kelishi oldidan yo‘lni tozalashga olib chiqilgan samarqandlik o‘qituvchi, 23 yoshli Diana Yenikeeva 14 mart kuni «KamAZ» mashinasi tagida ...
13 sentyabr 2022
Bugungi shikoyatlar Andijonning qo‘rqinchli ko‘chasi, mablag‘ga muhtoj tadbirkor, ko‘prik ta'miri bois sarson bo‘layotgan marg‘ilonliklar. Dastlabki videomurojaatda serqatnov ko‘cha aks ...
22 sentyabr 2016
Oliy Majlis amaldagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoevni prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlaganidan so‘ng Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari milliy ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...