Ko‘zqarash
22 iyul 2017

O‘zbekiston amaldorlari nima uchun Vatanni bunchalik yomon ko‘rishadi?

E'tiroz bildirishga urinib ham ko‘rmang, chunki bu bugunning haqiqati.

O‘zbekistonning qaysi viloyatiga bormang, paxtazorda yurgan, ko‘cha supurayotgan, tezak, qog‘oz, baklashka yig‘ib yurgan o‘qituvchini ko‘rasiz.

«Nega maktabda emassiz? Nega bolalarga dars o‘tish o‘rniga ko‘cha supurayapsiz?» deyman.

«Xokim bovani buyrug‘i» deydi o‘qituvchi hadik bilan.

Avlodlarimizga ilmu ma'rifat tarqatuvchi insonni dalaga, ko‘chaga xaydagan xokim xalq dushmani bo‘lmay kim?

«Adabiyot darsida, kecha nimani o‘tdinglar?» deb so‘rayman 8 sinfga boradigan (o‘qiydigan emas boradigan!) jiyanimdan.

«Hech narsa o‘tmadi kecha muallimamiz. Chunki u kishi bir haftadan buyon chopiqda» deydi jiyanim.

«Adabiyot darsichi?» deyman xayron bo‘lib.

«Matematika domlamiz o‘tdi kecha adabiyotni. Ilgari kuni biologiya domlamiz o‘qitgan edi» deydi jiyan…

O‘z mamlakatini va uning kelajagini o‘sha xokimchalik yomon ko‘radigan odam Afrikadayam bo‘lmasa kerak..

«Prezident viloyatimizga kelarmish bir oydan keyin!». Xamma ko‘chada! Eng birinchi qatorda yana o‘qituvchilar! Ular kechasi va kunduzi ariqlar, yo‘l chetlarini yog‘ tushsa yalaguday qilib tozalashadi. Allaqayoqdan ochilib turgan gullarni keltirishadi va davlat boshlig‘i yurib o‘tadigan ko‘chalar chetiga suqib chiqishadi.

Gullarni «hokim bova»ning puliga olib kelishadimi? Yo‘q! O‘qituvchining maoshidan ushlab qolishadi.

Maorifchisi mana shunday xor bo‘lgan yurt yana qayda bor? O‘z mamlakatini bundan ham ortiq darajada yomon ko‘rish mumkinmi?

«Ertalab soat 9 da pochta oldiga avtobus keladi. Xammamiz shu avtobusda Do‘stlik tumaniga ketamiz dalaga. Kech soat 5 gacha g‘o‘zani chopiq qilamiz. Yosh o‘qituvchi qizlarimiz bor, issiqdan behol bo‘lib qolishadi. Bizni kollejni o‘zidan 12 ta o‘qituvchi boramiz chopiqqa. Bir oy chiqib berasizlar deyishdi. Chiqmasak nima bo‘ladi deysizmi?… Ishdan xaydashadi. Keyin qayoqqa boramiz? Hokim hammamizni dorga osadi-ya!»

O‘z vatanini, uning kelajagini shu hokim kabi yomon ko‘rish uchun odam kim bo‘lishi kerak?

Butun O‘zbekistonda shu axvol. O‘zbekistonning bugungi o‘qituvchilari mahalliy hokimlarning «qutqaruvchi kamari»ga aylanib qolishgan.

Gaz va elektrdan qarzi borlarni ro‘yhatga olishga – 10 ta o‘qituvchi!

Kam ta'minlangan oilalar xonadonidan xabar olishga – 15 ta o‘qituvchi!

Metallomga – o‘qituvchi!

Archa ko‘chati tarqatishga – o‘qituvchi!

Palon tumanga chopiqqa (terimga) – o‘qituvchi!

Viloyatga Oliy Majlisdan komissiya kelyapti – o‘qituvchilarni maoshidan ushla!

Viloyatda Sport musabaqalari o‘tkaziladi – o‘qituvchini maoshini yig‘!

O‘zbekistonda bolalar ilm olishmayapti. Bu kechaning haqiqati edi. O‘zbekistonga yangi prezident kelgach, afsuski bu haqiqat bugunga ko‘chdi. Bu ketishda ertaga ham bolalarimiz shu haqiqat bilan uyg‘onishadi.

Traktorchining obro‘sini o‘qituvchining obro‘sidan yuqori qo‘ygan marhum qiziqchi Hojiboy Tojiboev millatimiz kelajagiga qurt tushganiga ishora qilgandi.

Hammamiz xiringlab qo‘yaqoldik.

Hozir ham, avlodimizga Navoiydan, Amir Temirdan, Al Xorazmiy va Beruniydan dars o‘tishi kerak bo‘lgan muallimning qaysidir fermerning ho‘jaligida ikki bukilib g‘o‘zani chopiq qilayotganini ko‘rsak, tirjayib o‘tib ketaveramiz…

Bizlarga nima bo‘ldi o‘zi?

Ulug‘bek Ashur
mustaqil jurnalist, Vankuver
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 aprel 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solih audiokitobining davomi. Boshi «Eltuz»ning «Imperativ» ruknida. Davomi bor.) «Yoshullichilar»ning hammasini ham Nurali Qobul kabi ...
25 may 2017
24 may kuni “Yalang‘och ota” qabristoniga ko‘milgan Markaziy Bank Boshqaruvi raisi 67 yashar Fayzulla Mullajonov o‘zbek so‘mini konvertatsiya qilishga ...
18 dekabr 2020
Bundan roppa-rosa 100 yil oldin bolsheviklar qo‘mondoni Mixail Frunze avval Buxoroni, keyin uning shotirlari Xivani to‘plardan o‘qqa tutib, ikki ...
23 noyabr 2016
2016 yil 19 noyabr O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Jamshid Karimov 2012 yil yanvaridan beri shu kungacha Samarqanddagi psixiatriya kasalxonasida majburan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...