Catira
21 sentyabr 2017

Eskirgan tayanch tirgaklar mo‘rt bo‘lsa…

Bo‘lmadi. Ko‘pchilik ziyolilarning kutgani bo‘lmadi. O‘zini 26 yildan buyon mustaqil deb biladigan, ko‘ksiga urib bu bilan g‘ururlanadigan davlatning rahbari BMT minbaridan turib yana o‘zga tilda nutq irod qildi.

Arman prezidenti chiqdi, armanchalab chuldiradi. Tojik prezidenti chiqdi, tojikchalab nutqini qoyillatdi.

O‘zbekning yurtboshisi chiqdi, ko‘pchilikning yuragidagi armonni yanada alangalatdi. Tojiklarning peshvoi millati o‘z tilini boshqa tillardan ustun ko‘rdi.

Armanlarning har kuni tanqidga uchrayotgan prezidenti tilga kelganda mard ketdi. Armanilarning ko‘ksini sarbaland qildi.

Islohotchiligi, xalqparvarligi, «xalq bilan muloqoti» uchun madhiyalarga ko‘mib tashlangan o‘zbek prezidenti tilga kelganda qovun tushirdi.

Balki uni maslahatchilari chuv tushirgandir? Balki buning biror siyosiy sabablari bordir? Hoynahoy marhum prezidentning ruhi kimlarnidir cho‘chitgandir?

Nima bo‘lganda ham «maqtalganning qilgan ishini ko‘r», qabilida bo‘ldi bu yog‘i.

BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev o‘zbek tilida ma'ruza qilishi kutilyapti, deb yozgan «kun.o‘z» tilini tishlab qoldi.

Prezidentimiz olamshumul muammolar haqida so‘z yuritdi, deya o‘zining bashorati amalga oshmaganini yopishga urindi.

Nima desin? E-e, qovun tushirdi-ku, desinmi? Unday desa ertaga ishlay oladimi? Bu sayt-ku, hech bo‘lmaganda «o‘zbekcha gapiradi», deya shunga undashga uringandi.

Mahalliy «boshqalar» esa Yulduz Usmonovaning avvalgi podshohi zamonida bo‘lganidek shunga ishora qilishga ham jur'at etmadi.

O‘zbekning yana bir umidi o‘ldi. O‘lganda ham g‘ururni chilparchin qilib o‘ldi. O‘lganning ortidan gapirmaydi, deydilar. Lekin bu gaplar o‘lgan umid haqida bo‘lmasa kerak…

Ayrimlar bu holatni sharmandalikka yo‘ydi. Aslida sharmandligimiz faqat shumikin? BMT minbaridan turib, majburiy mehnatni yo‘q qildik, dedik. To‘liq erkin konvertatsiyaga o‘tdik, dedik.

Yoshlar huquqlari to‘g‘risida xalqaro konventsiya qabul qilishni taklif etdik. Yoshlarimiz, talabalarimiz shu kunlarda ommaviy ravishda paxtaga jo‘natilgan bir paytda bunday ko‘zbo‘yamachilik qilishimiz sharmandalik emasmi?

O‘zbekiston prezidenti BMT minbaridan turib mamlakat hukumatining asosiy faoliyati bugungi kunda «mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirishga» qaratilganini aytdi.

Mamlakatimizning «yangi qiyofasi» davlat tiliga, yumshoqroq aytganda, bepisandlik, yolg‘onni haqiqat sifatida gapirish asosida shakllanadigan bo‘lsa, bunday «yangi qiyofa»ning mohiyatida, botinida eski tuzumning tayanch tirgaklari saqlanib qolsa, xalqning amalga oshayotgan o‘zgarishlar samarasiga bo‘lgan ishonchiga putur yetadi!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 fevral 2024
Minglab o‘zbeklarni arabistonda sarson qilib qoldirib ketgan «Ummat uchun» firmasi doxil 42 shirkat ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida o‘nlab ...
18 aprel 2017
Davriy nashrlarga obuna ixtiyoriy ekani aytib kelinadigan O‘zbekistonda chiqadigan gazetalardagi maqolalardan aslida buning aksi ekani ko‘rinadi. Ayni muammo Jizzax ...
15 aprel 2022
Ramazon oyining juma kuni pasportiga qashshoq deya yozilgan ulus oldiga chiqib gapirarkan, aynan ro‘za oyi bo‘lgani uchun ham hissiyotlarimni ...
9 avgust 2021
O‘zbek olimlarining xorijda e'lon qilinadigan maqolalarining 98 foizga yaqini obro‘si yo‘q jurnallarda chop etiladi. Devid Trilling Markaziy Osiyo bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kuzatib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...