Hiylai shar'iy – majburiy paxta terimini qonuniylashtirishga urinish
Mahalliy hokimlar paxta terish uchun tayyor qullar hisoblanmish byudjet tashkilotlari xodimlari majburiy mehnatini «qonuniylashtirish»ning yangi va yangi usullarini kashf qilmoqda.
Masalan, Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov paxta frontiga qo‘shimcha ishchi kuchlarini safarbar qilishning yangicha usullaridan birini tezda amaliyotga joriy qilishga ham ulgurdi.
Ha, tinib-tinchimas hokim-ey, nimalarni o‘ylab topmaydi-ya! Uning fikricha, bu hiylasini kamida 10 yil davomida prezident Shavkat Mirziyoev ham bilmay o‘tadi.
Qo‘shimcha yollanma ishchilarni topa olmagan hokim O‘zbekiston hududida majburiy mehnat taqiqlaganiga qaramay, byudjetchilarni paxtga haydashning uddasidan chiqyapti.
Endi hokimning ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilayotgan bu «hiylai shar'iy»ning mazmun-mohiyatini ochib bersak.
Maktablarda 6-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarni sinf rahbarlari: «Har bir kilo paxta uchun bitta besh baho qo‘yamiz», deb aldab yotibdi.
Maktab o‘qituvchilariga esa darsdan keyin to‘g‘ri paxta dalasiga borib «uyushmagan aholi» sifatida paxta terish buyurilgan.
Birov kimligi so‘rasa, ular o‘qituvchiligini aytmaydi, uyushmagan aholi bo‘ladi-qo‘yadi. Aks holda ishdan haydalishi aytilgan ularga.
Bu «hiylai shar'iy» o‘quvchilar bilimiga qanchalik salbiy ta'sir etishi bilan hech kimning ishi yo‘q. Asosiysi, paxta terib olinsa bo‘ldi.
Hokimning prezident oldida «yuzi yorug‘» bo‘lishining o‘zi yoshlarning kelajagidan ko‘ra kattaroq ahamiyatga ega.
«Uyushmagan aholi» qatoriga endi o‘quvchilarning ota-onalari ham tortilyapti. Har bir sinfdan uch ota yoki ona paxtaga chiqishi, agar chiqmasa, 15 ming so‘m to‘lab, o‘z o‘rniga mardikor jo‘natishi majburiyati yuklangan.
Majburiy mehnat degan «milliy qadriyat»dan litsey va kollej o‘qituvchilari ham bebahra qolgani yo‘q. Ular o‘z hamyonidan pul to‘lab, mardikor yollashi shart.
Bunday vaziyatda mardikorning oshig‘i olchi tushdi. Ilgari o‘n kunga 200 mingga ko‘nayotgan mardikorlar viloyat hokimining og‘zidan 18 yoshgacha bo‘lganlarni majburiy mehnatga jalb etish jinoyat ekanini eshitganidan so‘ng 400 ming so‘mga zo‘rg‘a rozilik beryapti.
«Uyushmagan aholi» toifasiga zo‘rlab tiqilgan Asaka avtomobil zavodi ishchilari ham hokimning «duosi»da.
Toshkentdan keladigan tekshiruvchilar ham «uyushmagan aholi» g‘ayrat bilan paxta terayotganini ko‘rib, balli deyishdan nariga o‘tayotgani yo‘q.
Shuncha yillardan beri ish berib kelayotgan «hiylai shar'iy» bu yil ham hokimlarni uyaltirib qo‘ymaydigan ko‘rinadi!
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com