Catira
3 noyabr 2017

Bizga harbiy sohada ko‘pqutblik kerak

So‘nggi vaqtlarda rus mulozimlarining O‘zbekistonga tashriflari ko‘paydi. Shu kunlarda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedov yurtimizda bo‘lib turibdi.

MDH mamlakatlari hukumat rahbarlarining yig‘ilishiga kelgan Medvedov Toshkentda eng yuqori doiralarda qabul qilinishi kutilyapti.

Bundan oldinroq Checheniston rahbari, Tatariston prezidenti, Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri, RF Milliy xavfsizlik kengashi kotibi kabilar ham Toshkentga kelib ketgandi.

Rossiyaning bosh qurolsozi, hukumat rahbarining bu soha bo‘yicha o‘rinbosari Dmitriy Rogozinning yaqinda yurtimizga qilgan tashrifi esa nisbatan ko‘p savollarni tug‘dirdi.

Xo‘sh, uning tashrifidan maqsad nima edi? O‘zining jangari gap-so‘zlari bilan tanilgan bu mulozimning O‘zbekistonga safari nimani anglatadi?

Har xil anglashmalarga olib keladigan shu kabi savollar atrofida bildirilayotgan fikrlar turli tuman. Xo‘sh, buni qanday tushunish mumkin?

Aslida bundan avvalroq o‘zbek harbiylarining Rossiya tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan armiya o‘yinlarida birinchi bor ishtirok etgani, Rossiya harbiylari bilan Jizzaxda jangovar mashqlar o‘tkazgani ortidan bu kabi savollarning kelib chiqishi tabiiydir.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Dmitriy Rogozin ikki davlat hukumatlarining savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘yicha muzokaralarini o‘tkazishga kelgan. Shu bilan birga, o‘z rahbari bo‘lmish bosh vazirning Toshkentga tashrifi davomida ko‘rib chiqiladigan masalalarni kelishib olishni ko‘zlagan.

Lekin Rossiya harbiy texnika kompleksi rahbarining faqat shu masalada kelmagani tahlilchilar uchun kundek oydin edi.

Avvalo, bu masalada fikr yuritishdan oldin O‘zbekistonning harbiy-texnik salohiyatiga e'tibor qaratish joiz bo‘ladi.

Garchi xalqaro tahlilda O‘zbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda eng kuchli ekani e'tirof etilsa-da, aslida bizda Qozog‘iston yoki Turkmanistonda mavjud zamonaviy qurollar ulushi nisbatan kam.

Masalan, bizda havo mudofaasi uchun S-300 raketa qurilmalari borligi haqida ma'lumot yo‘q. Shuningdek, Su-30 harbiy samolyotlari ham borligi ma'lum emas. Qozog‘iston esa o‘z armiyasini ana shunday zamonaviy texnika bilan qurollantirgan.

Yaqinda Tukmaniston o‘z mustaqilligini nishonlaganda o‘tkazgan harbiy paradda namoyish etgan harbiy texnika ham ancha zamonaviy.

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, O‘zbekiston Rossiyaning bu boradagi ko‘magiga muhtoj. Bundan tashqari, yon qo‘shnimiz Afg‘onistondagi vaziyat mamlakatimizning zamonaviy qurollarga bo‘lgan talabi tabiiy ekanini anglatadi.

Shubha yo‘qki, D.Rogozin Toshkentga tashrifi davomida o‘tkazilgan muzokaralarda bu masalalarni ham atroflicha muhokama qilgan.

Bu muzokaralar natijasi o‘laroq, armiyamizning zamonaviy qurollanishi yaxshimi yoki yomonmi?

Shubhasiz, buning ijobiy jihati beqiyos. Zero, kuchlilar bilan har doim hisoblashishgan. Afg‘onistondagi vaziyat esa bu qarashlarimizni yanada dolzarblashtiradi.

Mana shu masalalar fonida prezident Shavkat Mirziyoev Turkiyaga tashrifi chog‘ida turk zirhli mashinalarini yurtimizda ishlab chiqarish borasida kelishuvga erishgani ahamiyatlidir.

Bundan ko‘rinadiki, O‘zbekiston harbiy-texnik hamkorlik yo‘nalishida bir qutbli siyosatdan qochishga intilmoqda.

Lekin bu siyosat sobitqadam bo‘lishi darkor. Chunki bugun qurol-yarog‘ni chetdan eksport qiladigan, faqat bitta davlatga qaram bo‘lib qolib qolishni istamaydigan davlatlar aynan shu yo‘ldan bormoqda.

Rossiyada vitse-premer Dmitriy Rogozinni o‘ng qarashga ega siyosatchi sifatida vatanparvar hisoblashadi. U mamlakat uchun muhim harbiy-sanoat majmuasini boshqaradi.

Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilingach, Rogozin birinchilardan bo‘lib Yevropa va Amerika sanktsiyalari ostida qoldi, uning G‘arb mamlakatlariga chiqishi taqiqlandi. Rus siyosatchisi, aftidan, bundan faqat g‘ururlanadi. Sanktsiyalarni izohlarkan, «Tanklarga viza kerak emas»,— degan edi u 2015 yili.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 yanvar 2021
Toshkent xalqaro aeroportida ikki tomonlama shartnoma asosida O‘zbekistonga kirib kelayotganlarni koronavirusga tekshirish ishlari bilan “Tibbiyot dunyosi” MChJ shug‘ullanmoqda. Germaniya, ...
22 yanvar 2022
(Rassom Tuz hikoyalari. Davomi. Boshi o‘tkan sonda) «Xolli qabristonni o‘ychan qiyofada tark etdi. Bir chekim nosni til tagiga tashlab, ...
21 fevral 2019
Oliy sud raisining o‘rinbosari – ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimida ishlagan Bahodir Dehqonov 21 fevral kuni o‘z ...
29 avgust 2023
Poytaxtning ko‘pqavatli uylaridan birida qo‘shnisinikida bo‘layotgan milliy to‘y urf odatlariga nafrati jo‘sh urgan ayol aks etgan video Eltuzga yetib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...