«Paxtakor» xalq jamoasi emas!
Bu yil o‘zbek futboli uchun navbatdagi og‘ir yil bo‘ldi. Shuncha ko‘tar-ko‘tarlar bilan terma jamoa yana jahon chempionatiga chiqa olmadi. Millionlab futbol muxlislarining qaddi bukildi.
Kerak paytda, ko‘pchilik talabi qilgan paytda terma jamoa bosh murabbiyi almashtirilmadi. Jamoada zaruriy o‘zgarishlar qilinmadi.
O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbari Mirabror Usmonov bosh murabbiy Samvel Babayanni, ketma-ket mag‘lubiyatlarga qaramay, o‘zgartirishni istamadi. O‘zgartira olmadi, desa to‘g‘riroq bo‘lar balki.
Chunki o‘zbek sportida yurganlar arman mafiyasining bu sohadagi ta'sirini juda yaxshi biladi. Ular orasida arman mafiyasining sportimizda katta nufuzga egaligini ko‘pchilik biladi.
Futboldan tashqari voleybol va dzyudoda bu etnik mafiyaning ta'siri juda kuchli. Shu darajada kuchliki, terma jamoa jar yoqasiga kelib qolganida ham O‘FF rahbariyati armani murabbiyni taxtidan tushira olmadi.
Gap bu yerda millatchilik haqida bormayapti. Bu yerda gap mamlakat obro‘si, uni himoya qilish haqida ketmoqda. Lekin futbolimiz tepasida turganlar o‘z manfaatlarini o‘ylab, shuni ham eplay olmadi.
O‘zbek matbuoti Samvel Babayanni lavozimidan chetlatish haqida ko‘p gapirdi. Uning ketmayotganiga asosiy sabablar esa baribir chetda qolaverdi.
O‘z vaqtida «Paxtakor»da ishlagan bu shaxs to‘g‘risida O‘zbekiston futbolida eng ko‘p qing‘ir ishlarga qo‘l urgan kimsa o‘laroq gaplar tarqalgan.
Kelishilgan o‘yinlar, O‘zbekiston birinchiligida kim g‘olib bo‘lishi hali mavsum boshidanoq aniq bo‘lishi kabi qing‘irliklar – hamma-hammasi haqida gap ochilsa, albatta, Babayanning nomi qalqib chiqaveradi.
«Paxtakor» o‘zbek mafiyasi rahbarlaridan biri sifatida tanilgan Salimboyga yaqin Rahimovlarga tegishli edi, arman mafiyasining bu yerda qanday aloqasi bor, degan e'tiroz bo‘lishi mumkin.
Manfaatlar yo‘lida hammasi bir-biri bilan chatishib ketgani, sizdan ugina, bizdan bugina qabilidagi ishlar futbolni ham chetlab o‘tmasligi eslansa, bu e'tirozga o‘rin qolmaydi.
So‘nggi vaqtlarda «Paxtakor» jamoasini «qulog‘idan tortib» botqoqdan chiqarish haqida ko‘p gap bo‘lmoqda. Hakamlar tomonidan «Paxtakor» foydasiga chiqarilayotgan qarorlar shundan darak beradi.
Endi buning arman mafiyasiga qanchalik aloqadorligi qorong‘u. Ammo jamoa bir mafiya qo‘lidan boshqa bir puldorning izmiga o‘tgani aniq. Balki bu qandaydir kelishuv natijasidir. Yana xudo biladi.
Chunki O‘zbekistonning Babayan kasriga jahon chempionatiga chiqa olmagani davlat miqyosida katta aks-sado berdi. Sichqonning ini ming tanga bo‘lgan bunday vaqtda haqiqiy aybdorlar katta sahnadan chetroqda turishni ma'qul ko‘radi.
Hozir «Paxtakor» mashhur Fattoh Shodiev izmida. O‘zbek aslli, milliardlarini Qozog‘istonda topgan, Yevropada, aniqrog‘i, Belgiya va Frantsiyada korruptsiya bo‘yicha yirik janjalga sabab bo‘lgan bu odam.
Endi shu odam yoki uning shotirlari «Paxtakor»ni yana hammaga «xalq jamoasi» sifatida tiqishtirishga urinib ko‘rmoqda.
Ko‘p yillar oldin marhum Islom Karimov futbolni rivojlantirishga bag‘ishlangan qandaydir yig‘ilishda «Paxtakor»ning obro‘sini ko‘tarish haqida alohida gapirib, uning xalq jamoasi ekaniga urg‘u bergandi.
Prezidentning bu gaplari boshqa jamoalarning zarariga ishladi. Oy chiqsa ham, quyosh chiqsa ham «Paxtakor»ga chiqadigan qildi bu gaplar.
Sovet davri zehniyatidan o‘limiga qadar qutula olmagan davlat rahbari sobiq ittifoq davrida respublikaning eng yetakchi jamoasi bo‘lgan «Paxtakor»ni mustaqillikdan keyin ham aynan shundayligicha qabul qilganini tushunsa bo‘ladi.
Lekin bugun ham kimlardir «Paxtakor»ni xalq jamoasi sifatida tiqishtirish orqali futbolimizdagi qing‘irliklarni xaspo‘shlashga urinib yotgan ko‘rinadi. Buni mazkur jamoa ishtirokidagi o‘yinlar haqida yuqorida keltirib o‘tgan misollarimiz ham ko‘rsatib turibdi.
Aslida mustaqillikdan keyinoq «Paxtakor» xalq jamoasi bo‘lmay qolgan edi. Bugun o‘zimizning mustaqil chempionatimiz bor. O‘z hududi, muxlislari uchun qadrdon bo‘lgan xalq jamoalari ham talaygina.
Har o‘yiniga bor-yo‘g‘i 2-3 ming, ko‘p bo‘lsa, 5-6 ming muxlis tushadigan «Paxtakor» hech qachon xalq jamoasi bo‘la olmaydi va bunday sharafga loyiq ham emas.
Shunday ekan, bunaqa «xalq jamoalari»ning g‘irromliklariga barham berilmas ekan, futbolimiz rivoji to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas.
Bahodir Sharif
Eltuz.com