Asosiy mavzular
12 dekabr 2017

Qashshoqlar farovonligi yoki kaltak shukronasi

«Ijtimoiy fikr» baraka topsin, yana rahbarga yoqadigan, aqlini taniganlarning istehzosiga sabab bo‘ladigan navbatdagi so‘rovi natijasini e'lon qildi.

Unga ishonadigan bo‘lsak, so‘rov ishtirokchilarining 90,2 foizi prezidentning siyosati aholining orzu-umidlarini to‘la ro‘yobga chiqarayotganini bildirgan.

Davlat rahbari sa'y-harakatlari natijasida iqtisodiyot, ijtimoiy soha, tibbiyot, ilm-fan va ta'lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, sud-huquq tizimi, fermerlik va tadbirkorlikni modernizatsiya qilish, investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha erishilgan natijalar yurtdoshlarimiz ishonchini mustahkamlayotgani aytilgan.

Olingan natijalarga ko‘ra, yurtdoshlarimizning aksariyati Sh.Mirziyoev O‘zbekiston fuqarolari orzu-umidlarini to‘la ro‘yobga chiqarayotganiga va aholining mutlaq qo‘llab-quvvatlashiga ega rahbar ekaniga qat'iy ishonadi.

Monitoring prezidentga ishonch darajasi 2017 yil iyul oyidagi 92,4 foizdan joriy yilning oktyabr oyida 93,1 foizga oshganini ko‘rsatgan.

Bu raqamlarni marhum prezident Islom Karimov davrida xuddi shu mavzuda «Ijtimoiy fikr» tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari bilan solishtiramiz.

Sal farq bor. Raqamlar nisbatan kichik, ammo zalvori yerni yoradi. Xuddi Sh.Mirziyoevning bugungi ijtimoiy, iqtisodiy ahvolimiz holatini tanqid qilganiga hamohang.

Agar tanqid qilmaganida, nazarimizda, Karimov davridagi ko‘rsatkichlardan ortiq bo‘lardi, aslo kam emas.

Shunchalik hamohangki, Karimov davridagi raqamlarni takrorlay olmaslik darajasida. Kamtarlikning o‘zbek yurtboshilari darajasidagi ko‘rsatkichi.

Holbuki, O‘zbekistonda aholining 6,3 foizi yoki 1,9 million kishi to‘yib ovqatlanmaydi. Bu BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining 2016 yil yakunlari bo‘yicha e'lon qilgan hisobotida keltirilgan raqamlar.

O‘tgan bir yilda bundan yaxshiroq bo‘lib qolganini isbotlovchi dalillar yo‘q. Rasmiy statistika idorasining narxlar oshgani haqidagi ma'lumotlariga, aholining real daromadlari ko‘paygani haqidagi ma'lumotlar yo‘qligiga asoslansak, ahvol yaxshilanmagani haqiqatga yaqinroq.

Buyuk Britaniyaning The Legatum Institute tahliliy markazi e'lon qilgan «Farovonlik 2017» indeksida esa O‘zbekiston umuman yo‘q.

Shunday «farovon», prezidenti o‘z fuqarolari «orzu-umidlarini to‘la ro‘yobga chiqarayotgan» mamlakatning bu indeksga kirmay qolganining o‘zi g‘alati.

Rasmiy OAV «o‘zbek xalqining farovonligi, turmush darajasi yuksalib borayotgani»ni og‘iz ko‘pirtirib aytayotgan, qolaversa, aholisining «orzu-umidlari to‘la ro‘yobga chiqarilayotgan» mamlakat qolib, bu reyting boshida qandaydir Norvegiya, Yangi Zelandiya va Finlyandiya kabi mamlakatlar o‘ralashib yurgani g‘alatidek tuyuladi.

Eng qizig‘i, «Ijtimoiy fikr» «farovonlikda yashayotgan» bu xalqning o‘zidan haqiqatan ham shunday umrguzaronlik qilayotgani haqida so‘rab ko‘rganmikin?!

Eltuz

Tag‘in o‘qing
19 dekabr 2016
Taniqli xonanda Ozoda Nursaidova 17 dekabr kuni o‘zining instagramm sahifasida Shavkat Mirziyoevdan kechirim so‘rashi haqida yozdi va saylovda unga ...
27 oktyabr 2023
Azizlar mana xafta aylanib yana sizni yo‘qlab turibman. Xabar oldingmi bemordan, qarindosh, do‘st, musofirdan? Birovni yo‘qlasang dildan, ziyorat ham ...
9 noyabr 2021
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ikkinchi muddatga qasamyod qilganidan bir kun o‘tib, matbuot erkinligini himoya qilishga va'dalari ortidan hukumat xorijlik ...
24 dekabr 2019
«Chet ellardan keltirib o‘rnatilgan unitaz va klozetlarda o‘tirvolib mazza qilib hojat chiqarish hatto ozodlikda yurganlarning ko‘pchiligi uchun ushalmas orzu-ku! Hattoki, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...