Asosiy mavzular
17 yanvar 2018

Shoqolga – o‘limtik, soqolga – ustara

O‘tgan yili turli darajadagi hokimlarning zo‘ravonligi, so‘kong‘ichlari, qo‘l ostidagilarga bo‘lgan qo‘pol muomalasiga oid xabarlar, ijtimoiy tarmoqlardagi bu haqdagi fikr-mulohazalar internetni to‘ldirdi.

Buning ortidan Shavkat Mirziyoev mushtumzo‘r va zo‘ravon hokimlarni «prezident siyosatiga qarshilar» deb atashgacha bordi.

«Barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlar — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, idora yoki tashkilot boshlig‘i bo‘ladimi — bir haqiqatni juda chuqur tushunib olishingiz shart: bunday harakatlar davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga qarshi chiqish deb baholanadi va aybdorlarga, albatta, tegishli jazolar qilinadi», dedi davlat rahbari.

Mana shu munosabatlar fonida o‘qituvchilarni urishi bilan tanilgan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosir Egamberdiev ishdan ketdi.

Bu «haydalish kuyi» endilikda sobiq hokimning zo‘ravonligi elga tarqalgandan keyin to‘rt oydan o‘tib chalindi.

Og‘zi shaloqligi sabab Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaev eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarimaga tortildi.

Lekin Mirziyoevning o‘zi davlat xalqqa xizmat qilishi kerakligini tinimsiz ta'kidlayotgan bir paytda «prezident siyosatiga qarshilar»ni bunday yengil jazolash qanchalik to‘g‘ri bo‘lar ekan?

Sayxunobod hokimi ishdan haydalgani bilan yana biror mansab bilan siylanishi hech gap emas va bunday deyishga asoslar yetarli. Vaqtida sharmandalarcha ishdan bo‘shatilgan qanchadan-qancha amaldorlar bugun yana otning ustida.

Andijon hokimi uchun esa bir necha million so‘m jarimani to‘lash karnaychidan bitta pufdek gap. Bitta imzosi uchun buncha pulning o‘n baravarini berishga tayyorlar har kun eshigini poylab yotgani ehtimoli yuqori.

Mushtumzo‘r hokimlarga ko‘rilgan bu choralar tirik tovuqni bo‘g‘izlagan shoqolni o‘limtik berib jazolashdek gap aslida.

Zero, oddiy odam shuncha o‘qituvchini to‘plab urganida onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatishlari aniq edi. Hokimbuvanikiday so‘kishlari uchun bundayroq odam qon qustirilardi.

Prezidentning Oliy Masjlisga murojaatidan so‘ng boshqa bir masala o‘rtaga chiqdi. Shavkat Miriziyoev hokimlarni o‘zining joylardagi vakili deb e'lon qildi va vakolatlarini yanada oshirdi.

Hokimlarni rasman joylardagi xalq deputatlari kengashlari saylaydi va shuning uchun ilgari ularning bemazagarchiliklari uchun shu kengashlarga aybni ag‘darish imkoniyati bor edi.

Prezidentning yuqorida tilga olganimiz bayonotidan keyin, bu bayonotni siyosiy tilga o‘girsak, endi hokimlarning mushtumzo‘rligi va zo‘ravonligi uchun butun mas'uliyat Shavkat Mirziyoevning o‘ziga kelib tushadi.

Bundan keyin asosiysi hokimlar masalaning mana shu jihatini anglab yetdimi, degan savolga borib taqaladi.

Hokimlar buni anglab yetmagan taqdirda xalqning Shavkat Mirziyoevga bo‘lgan ishonchiga putur yetishi aniq.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 mart 2021
Muzrabot tumanidagi sudda ayon bo‘lishicha, termizlik 41 yoshli bloger Sattoriy yillar davomida barcha mulozimlarga dahshat solib kelgan. «Eltuz» rassomi ...
15 may 2018
Mirziyoevga «O‘zbekiston qahramoni» unvoni berish haqida ijtimoiy portalga qo‘yilgan Ibrohim Norovning taklifini 14 may kuni birdaniga bir necha o‘zbek ...
31 avgust 2021
O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida «Eltuz» muxbiri «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih bilan suhbatlashdi. Muhammad Solihning so‘zlariga ko‘ra, ...
19 oktyabr 2015
Eltuz manbalariga ko‘ra, tuman bo‘yicha hozircha uchta maktab o‘quvchilarining paxta terimiga chiqarilgani haqida aniq ma'lumotlar bor. Bular Oltinko‘l tumani, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...