Motam «farovon mamlakat» obro‘siga soya solardimi?
Qozog‘istonda 52 nafar yurtdoshimizning avtobusda tiriklayin yonib ketishi munosabati bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan hukumatimiz nomiga hamdarlik maktublari keldi.
Aynan mana shu jihatning o‘zi ham fojeaning ko‘lami naqadar katta bo‘lganidan darak beradi.
Lekin aksariyat vatandoshlarimizning dilida bitta savol qoldi: «Nega mamlakatimizda motam kuni e'lon qilinmadi?»
Butun internet o‘zbeklarning oh-vohi bilan to‘ldi. Qalb ko‘zi ochiq ziyolilarimiz, xalqimiz taqdiriga achinadigan oddiy insonlarning hamdardliklari, ko‘ngil iztiroblari ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chdi.
Ayrimlar mamlakatda motam kuni e'lon qilish chaqirig‘i bilan chiqdi ham. Hatto bu kun 52 vatandoshimiz emas, «Vatanimiz yongani»nidan dod-faryod qilganlar ham bo‘ldi. Ammo hukumatning qalbi yumshamadi.
Qani davlatning xalq bilan birdamligi? Qani xalq g‘ami bilan yonish haqidagi balandparvoz so‘zlarning amaliy isboti?
Davlat rahbariyati bu ulkan fojea qarshisida qo‘l qovushtirib o‘tirdi, demoqchimasmiz. Hukumat komissiyasi tuzilishi, maxsus samolyot jo‘natilishi, jabrdiylarning yaqinlariga yordam ko‘rsatish haqidagi va'dalar – bularning hammasi yaqin o‘tmishimizda hatto tushimizga ham kirmas edi.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga motam gulchambarini olib borgan xaloyiq qarshisiga chiqish-chiqmasligini bilmay o‘tirgan diplomatlarimizning holatini aslida shu bilan izohlash mumkindir.
Shuning uchun davlat rahbarining fojea munosabati bilan ko‘rgan choralari, shular qatorida O‘zbekistonning barcha masjidlarida juma namozida halok bo‘lganlar haqiga Qur'on tilovat qilinib, duolar o‘qilgani ham ilgari bunday e'tibordan butunlay mosuvo bo‘lgan xalqning jarohatiga bir malhamdek go‘yo.
Lekin shuning o‘zi yetarlimikin?
Xalq bilan hisoblashadigan, o‘zini hurmat qiladigan davlatlarda odatda bunday musibat uchun umummilliy motam e'lon qilinadi.
Shu bois, juda ko‘pchilik O‘zbekistonda ham 52 vatandoshimizning hurmatiga motam e'lon qilinishini kutgan edi. Bunday bo‘lmadi…
Ustiga-ustak, bu fojea sabab eski kasali – «paxta qo‘yish» dardi xuruj qilganlar ovozini yana balandlatdi.
O‘z yurtida ish topa olmay, bola-chaqasini boqa olmay, xorijga majbur ish izlab ketayotganlarga iddao qilishdi ular.
«Bas, yetar, chetdan izlamang davlat! Davlatimiz – o‘z yurtimizda, mehrli diydorlar, tinch-totuv, ozoda hayotda! Es-hushni yig‘ib, bu fojealar bejiz ustma–ust kelmayotganining illatini, avvalo, o‘zimizdan qidirish vaqti keldi. Kattalar gapiga quloq solib, halol mehnati, yaratuvchanlik ishlarini o‘z manzil – makonida qilganlar xor bo‘lmaslik haqiqatini bildi! Qolaversa, yurtimiz otasi Shavkat Miromonovich Mirziyoev bejiz bu haqda qayta va qayta ta'kidlamayaptilar. Ota rozi – xudo rozi», deb yozdi bugun otinoyi qiyofasida el ko‘ziga ko‘rinayotgan taniqli shoiralardan biri.
Holbuki, bu paytda «xalq otasi» Shavkat Mirziyoevning o‘zi: “Xudodan ne-ne niyatlar qilib, bolamni boqaman, otamga bir so‘m olib kelaman, deb yo‘lga chiqqan. Qanday yosh-yosh yigitlar, mo‘min- musulmonlar, hammasi o‘zbekistonliklar”,- deya qayg‘urayotgan edi.
Shu kunlarda O‘zbekistonda marhum prezident Islom Karimovning 80 yillik yubileyini nishonlashga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Aynan shunday kunlarda 52 nafar vatandoshimizning fojeali ravishda halok bo‘lishida ham bir mohiyat ko‘rinadi.
Mohiyat shundaki, bu fojea Islom Karimov hukmronligi davrida «erishilgan mislsiz muvaffaqiyatlar», «barpo etilgan farovon hayot», «taraqqiyotning dunyo tan olgan o‘zbek modeli» kabilarning mantiqiy hosilasidir.
Agar motam e'lon qilmaslik qarori aynan bo‘lajak tantanalarga soya solmaslik maqsadida qabul qilingan bo‘lsa, bu davlat rahbariyatining bugungi siyosati samimiyligiga ishonchni so‘ndiradi.
Sardor Azim
eltuz.com