Asosiy mavzular
7 fevral 2018

Qaytar dunyo…mi?

Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov sho‘rolar davrida respublikani uzoq yillar boshqargan Sharof Rashidovning nomini go‘yoki oqlashga qaratilgan bir qator ishlarni amalga oshirgandi.

Keyinchalik bu ishlari faqat o‘ziga xalqni og‘dirish, obro‘ orttirish maqsadida qilingani, aslida bu sa'y-harakatlarining Sh.Rashidov nufuzini haqiqatan tiklashga hech qanday aloqasi yo‘qligi ayon bo‘lgandi.

Chunki oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Sh.Rashidov nomi matbuotdan quvg‘in qilindi, hatto uning sharafiga qo‘yilgan tuman nomi ham o‘zgartirildi.

Endi bu kechmish bugun tarixga aylangan Islom Karimovning o‘zi bilan ro‘y berayotgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Xo‘sh, bunday muqoyasaga nima sabab bo‘ldi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Avvalo, o‘tgan yilning so‘nggi oylarida Sharof Rashidovning, yaqinda esa Islom Karimovning yubileylariga matbuotning reaktsiyasiga e'tibor qaratish lozim.

Hali olamdan o‘tganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan marhum prezidentning sharafiga e'lon qilingan maqolalar, efirga uzatilgan radio va teleeshittirishlar ko‘lami kompartiyaning aynan uning davrida nomini unutishga urinilgan birinchi kotibi sha'niga yangragan chiqishlardan uncha farq qilmadi.

Qolaversa, Islom Karimov yubileyiga oid chiqishlar bu tantanalar tugashi bilan go‘yoki yo‘qlikka g‘oyib bo‘ldi. Eshonmasangiz, mahalliy OAVni kuzating.

Bundan tashqari, yubiley o‘tar-o‘tmas Karimov davrining eng yorqin «timsollari»ni yashin tezligida bartaraf etishga kirishildi.

Rustam Inoyatov MXX raisi lavozimidan quvildi, diktatorning qizi ekanini Frantsiya sudlari orqali rad etishga uringan Lola Karimova O‘zbekistonning YuNYeSKOdagi elchiligidan ketdi.

Bundan oldinroq, Lolaning mamlakatdagi biznes imperiyasi asosi bo‘lmish «Abu Saxiy» bozori undan tortib olingandi.

Xullas, Islom Karimovning cheksiz qudrati timsollari birin-ketin bartaraf bo‘lmoqda va bu jarayon to‘xtaydiganga o‘xshamaydi.

Mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar to‘lqini marhum diktatorning butun izlarini o‘chirib ketadigan yo‘nalishda esayotgandek nazarimizda.

Karimov nomidagi jamg‘armayu muzey, maqbara, unga mamlakatning uchta shahrida o‘rnatilgan haykallar kimnidir bu xulosalardan chalg‘itishi mumkin.

Lekin vaqti kelyaptiki, ular faqat sobiq diktatorning davrini xalqqa eslatib turadigan, shu orqali yangi o‘zgarishlarning ahamiyatini namoyon etadigan timsoldan boshqa hech qanday qadrga ega bo‘lmay boraveradi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 fevral 2020
Aziz va qadrli ko‘rarman, yana siz bilan yuzma-yuz bo‘ldik. Tomoshabin degan so‘zni qozoqlar ko‘rarman, der ekan. O‘zbeklar ham aytadi-ku, ...
12 aprel 2024
Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoni bosib olgach, tabiyki, rus millatiga mansub aholi ham Turkiston hududlariga ko‘chirib kelina boshlandi. Mustamlakachilar hech ...
9 mart 2024
Salom qadrli muxlislar Eltuzga kelayotgan so‘nggi beshta maktubni o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Namangan, Toshkent, Jizzax, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan ...
10 fevral 2021
AQShning navbatdagi 46-prezidenti ham yana o‘sha qarorgoh – Oq uyga ko‘chib o‘tdi. O‘zbekistonda esa prezidentning uchta qarorgohi bor – Oqsaroy, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...