Mardikor endi Qozog‘istondan xavfsirmay o‘tadimi?
O‘zbekiston hukumati tashqi mehnat migratsiyasini tizimli bir shaklga solish yo‘lidagi navbatdagi qadamini tashladi.
Xabarlarga ko‘ra, Rossiyaning bir necha federal okrugida O‘zbekistonning bosh konsulxonalarini ochishga kelishib olingan. Bu konsulxonalar Vladivostok, Yekateringburg, Qozon va Rostov shaharlarida ochiladi.
Albatta, bu sa'y-harakatlar yillar davomida haq-huquqlari poymol etilib kelingan o‘zbek mardikorlari uchun ajoyib yangilikdir.
Ikkinchi yangilik esa mehnat migrantlarini O‘zbekistonga tegishli avtobuslarda Rossiyaga tashishning yo‘lga qo‘yilishiga oiddir.
Bundan avvalroq prezident Shavkat Mirziyoev mutasaddilarga Rossiyaga aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnovlari narxini tushirish topshirig‘ini bergandi.
Bu qarorlarning barchasi Rossiyaga borish uchun avtobusda yo‘lga chiqqan 52 nafar yurtdoshimizning Qozog‘iston hududida fojeali ravishda halok bo‘lgani ortidan qabul qilindi.
Ta'kidlash kerakki, shu paytgacha o‘zbek migrantlarini Rossiyaga avtobusda eltib qo‘yish bilan aksariyat hollarda qozog‘istonlik haydovchilar shug‘ullanib kelgan. Chunki Qozog‘iston hududida migrant tashish ancha xatarli ish.
Bu mamlakat hududidan xoh poezdda, xoh avtobusda o‘tayotgan o‘zbekistonlik migrantlarga nisbatan reket, bosqinchilik, tovlamachilik jinoyatlari sodir etib kelinadi. Qo‘shni mamlakatda ular deyarli hech qanday himoyaga ega emas.
Shuning uchun o‘zbekistonlik avtobus haydovchilari bu yo‘nalishda yo‘lovchi tashishdan qo‘rqadi.
Qozoqlar bu biznesning katta daromad keltirishini darrov his qilib, uni butunlay qo‘lga olgan. Qush tilini qush bilar deganlaridek, qozoq haydovchilari bilan qozoq reketchilarining til topishishi osonroq kechadi.
Mehnat migrantlari uchun esa Rossiyaga borish uchun eng arzon mazkur transportdan foydalanishdan boshqa imkoniyat yo‘q. Ular jonlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, shu yo‘lni tanlashga majbur bo‘lib kelgan.
Endi O‘zbekistondan Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilayotgan ekan, aynan Qozog‘istondagi xavfsizlik masalalariga e'tibor qaratish kerak bo‘ladi.
Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston hukumati mehnat muhojirlari qatnovi bilan bog‘liq belgilagan chora-tadbirlar qatorida shu masala ham bor.
Endi gap bunday qatnovlar xavfsizligi qay darajada ta'minlanishida. Buning uchun esa Qozog‘iston hukumatining qo‘llab-quvvatlashiga erishish kerak bo‘ladi.
Zero, qozoq reketchilari yillar davomida o‘rgangan oson daromad ko‘rish manbalaridan indamaygina voz kechishiga ishonish qiyin.
Bahodir Sharif
Eltuz.com