Ko‘zqarash
6 mart 2018

Paxtaning kuchi

Chorak asrdan buyon paxtachilik va sanoatning u bilan bog‘liq tarmoqlari rivojlanmaydi. Chunki paxtaning asosiy qismi kimlarningdir orqasiga qo‘yishga ishlatilib kelinyapti.

Ayniqsa, jurnalistlarimiz orasida qo‘liga qalam bilan birga paxta ko‘tarib chopayotganlari ko‘p. Prezident ularning qo‘lidan paxtani tortib olishga intilayotganiga qaramay, qo‘yib yuborgisi kelmaydi.

Chunki ularning ko‘pchiligi shunga o‘rgangan. Shuning orqasidan kun ko‘radi, ro‘zg‘or tebratadi. Qattiqroq gapirib qo‘ysa, xo‘jayinlari oldiga suyak tashlamay qo‘yadi shekilli.

Jurnalist Gulbahor Saidg‘anievaning “Farg‘onamizni yomonotliq qilishdan kim manfaatdor” sarlavhasi ostida feysbukda e'lon qilingan maqolasi ana shunday jurnalistlarning yuzini ochib beradi.

Unda “keyingi paytlarda xorijiy va ayrim o‘zbek saytlarida Farg‘ona viloyati borasida turli yolg‘on ma'lumot, fitnalar ko‘p tarqala boshlagani” tilga olinar ekan, “Ozodlik” va BBS radiolari mish-mishchilik va uydirmachilikda ayblanadi.

Maqolada “Ozodlik” Darg‘ara tumanidagi Kichik Ganjiravon qishlog‘ida ichimlik suv tarmog‘iga ulanish uchun aholidan 10 million so‘mdan pul talab etilayotgani haqida “yolg‘on” ma'lumot tarqatganligi iddao qilingan.

BBS esa Rishton tumanidagi markaziy bozorning buzilishi orqasidan tadbirkorlar do‘koni uchun tovon puli olmayotgani haqida xabar bergani sabab ta'na ostida qolgan.

Bu xabarlarni inkor etish uchun keltirilgan ma'lumotlarning o‘zi kurakda turmaydi. Nima emish, do‘konlarning ko‘pi yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda qurilgan, mashina kirishi uchun yo‘l yo‘q emish.

Bunday qoidabuzar do‘konlarning yillar davomida ishlab kelganiga ko‘z yumganlar kim, nega bu holatlar endi yuzaga chiqyapti, degan savolga javob yo‘q.

“Ozodlik” xabarining inkori ham shunday asossiz “asoslar”ga tayanadi.

Zero, “paxtakor” jurnalistning maqsadi muammoni ko‘tarish emas, uni yopti-yopti qilishligi ko‘rinib turibdi. Shu bilan birga, imkon qadar erkin yozayotgan hamkasblarining og‘ziga latta tiqish.

“Xorij saytlari va ayrim milliy saytlarning olib borayotgan faoliyati bizni taajjubga soladi. …Ular Farg‘ona viloyatini yomonotliq qilib ko‘rsatishga kimdandir ko‘rsatma olganlar (balki moddiy rag‘bat olgandirlar, bunisini xudo biladi)”, deb yozadi “paxtakor” jurnalist.

Islom Karimov hukmronligi davrlarini eslatuvchi bu kabi maqolalarning hali ham yozilayotgani achinarli. Zero, jamiyat ochiqlik sari intilyapti.
Mahalliy jurnalistlar ham ko‘zi ochilib, sal-pal dadillashayotgan bir paytda shunday maqolalar chiqayotgani kishini o‘ylantiradi.

Qolaversa, bekorga Gulbahor Saidg‘anievaning maqolasiga to‘xtalmadik. Bu jurnalist ayol Qozog‘istonning Oqto‘basida olovda gurillab yongan 52 millatdoshimiz uchun yurt norasmiy bo‘lsa-da motam tutayotgan kunlarda ularni, ularning tumandoshlarini haromi deb haqorat qilgan Farg‘ona viloyati hokimini yoqlab maqola yozgan “paxtakor” qalamkashdir.

Nomigagina Farg‘onaning, aslida bu viloyat hokimining himoyasiga otlanayotganlar safi ancha keng.

Afsuski, yurtimizdagi turli sohalardagi o‘zgarishlar shiddati matbuotga hali to‘la kirib kelayotgani yo‘q.

Shuning uchun kimlargadir qo‘yadigan paxtasining kuchiga ishonib yashayotgan jurnalistlar ham oson jon berishga ko‘nmayotir.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 avgust 2018
Muhammad Bekjon 2000 yilning 29 noyabrida O‘zbekistonning eng katta qamoqxonasi hisoblangan Navoiy zonasiga etap qilinadi. Tag‘in karantin, lomka, turma ...
13 oktyabr 2016
«Hurriyat» gazetasi (12.10) o‘zining 1000-soni chiqishi munosabati bilan nashrni tashkil etish jarayonlarida bevosita ishtirok etgan taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboevning ...
2 iyun 2019
Qashqadaryoning Chiroqchi tumani Tutli mahallasida 28 may kuni mahalliy ovchi ayiqni otib o‘ldirdi. Bu haqda Nuz. Uz nashri O‘zbekiston ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...