Asosiy mavzular
3 aprel 2018

Muxolifatsiz demokratiyaning qiyofasi

Milliy xavfsizlik xizmatining merosxo‘ri bo‘lgan Davlat xavfsizlik xizmati hali ham muxolifatni mavjud hokimiyatning dushmani deb biladi.

DXX raisi Ixtiyor Abdullaevning yaqinda aytgan gaplari shunday xulosaga olib keladi va muxolifatdagi aksariyat sog‘lom kuchlarning mamlakatdagi o‘zgarishlarga ishonchiga putur yetkazadi.

Hozirdanoq ayrimlar “Mamlakatga hech narsa o‘zgarmagan, faqat tuzum o‘zini o‘zi kosmetik ta'mirlayapti, degan gap to‘g‘ri ekan” kabi xulosaga kelayotgani shundan darak beradi.

DXX rahbari “o‘zini muxolifat sanab yurgan ayrim kuchlarning faollashuvi, faoliyatlarini qonuniylashtirishga intilayotgani”ni “mamlakatga kirib, undagi barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan” tahdid sifatida ko‘rmoqda.

Savol tug‘iladi: sog‘lom muxolifatning o‘zini legallashtirishga urinishining nimasidan xavfsirash kerak? Ular barqarorlikka tahdid soladi, degan xulosaning birorta asosi bormi?

Albatta, bu savollarga to‘liq javobni maxsus xizmatlar yaxshiroq bilsa kerak. Lekin har qadamda demokratik davlat qurayotganimiz haqida jar solayotganlar muxolifatsiz demokratiyani qanday tasavvur qilayotganlari ko‘pchilikni qiziqtiradi.

Shuning uchun bunday vaziyatda davlat mulozimlari demokratiyaning muxolifatsiz ko‘rinishi qanday bo‘lishi haqida xalqaro hamjamiyatga ham, mamlakat xalqiga ham qandaydir tushuncha berishi lozim bo‘ladi.

Zero, muxolifat demokratik davlat qurishning asosiy ustunlaridan biridir. Usiz demokratiyani tasavvur qilishning o‘zi kulgili.

Afsuski, xalqimizga ko‘plab yillar davomida muxolifat davlatni vayron qiladi, degan g‘oya singdirib kelindi.

Qirg‘izistondagi hokimiyat almashuvlari, arab davlatlaridagi rangli inqiloblar natijasida yuzaga kelgan qurolli mojarolar, Ukrainaning bugungi ahvoli bu g‘oyani olg‘a surishning muhim vositasi bo‘lib keldi va kelmoqda.

Islom Karimov davrida xalqimizni “shukronalik qaymog‘i”ga bo‘ktirish, “farovon, tinch hayotimiz” haqidagi yolg‘onlarni yashirish uchun mojaroli, kambag‘al davlatlarni misol qilib keltirishga o‘rganilgandi.

Natijada shukronalikdan mast mahalliy matbuot nega biz Germaniya, Yaponiya kabi rivojlangan davlatlardagidek yashamayotganimizni emas, och-yupun bo‘lsak-da, Afg‘onistondagi singari urush ichida emasligimizdan “baxtiyor” ekanimiz to‘g‘risida safsata so‘qirdi.

Bugun ham yurtimizdagi o‘zgarishlar haqida qancha ko‘p gapirmaylik, afsuski, muxolifatga yaqin o‘tmishimizdan meros bo‘lmish hadik bilan qarash hamon ustuvorlik kasb etib turibdi.

Muxolifatni mamlakatdagi barqarorlikka tahdid sifatida ko‘rish bu meros hali-hamon ko‘z qorachig‘idek saqlanayotgani, hukmron doiralar uni yaqin orada ko‘chaga chiqarib otish niyatida emasligini ko‘rsatadi.

Terrorchilar islom dinini niqob qilib, o‘z mudhish jinoyatlarini sodir etayotganidek, muxolifat nomi bilan buzg‘unchilik qilayotganlar ham balki yo‘q emasdir.

Aslida maxsus xizmatlarning ishi “inson yo‘q, muammo ham yo‘q” qabilida harakat qilib muxolifatni umumiyla yo‘qotish emas, balki konstruktiv muxolifatga yo‘l ochib, uning tarkibiga suqilib kirgan buzg‘unchi kuchlarning payini qirqish bo‘lishi kerakdek.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 mart 2016
O‘zbekistonda chiqayotgan gazetalar sahifasiga «yuksak islohotlar samarasi» sifatida onalar o‘limi kamaygani, kollej bitiruvchilarining uy ishlariga «band» qilinayotgani, o‘zbek hukumatining ...
14 fevral 2020
Aziz va qadrli ko‘rarman, yana siz bilan yuzma-yuz bo‘ldik. Tomoshabin degan so‘zni qozoqlar ko‘rarman, der ekan. O‘zbeklar ham aytadi-ku, ...
6 yanvar 2024
Sog‘liqni saqlash vazirligi ham karvonsaroyga aylandi. Vazir bo‘lib ko‘rmagan kim bor! Rassom Tuz
24 aprel 2023
Bu yil O‘zbekistonda Yoshlar ittifoqi tashkilotining o‘tmishdoshi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashkil topganiga 19 yil to‘ladi. Eski komsomol o‘rniga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...