Asosiy mavzular
9 iyul 2018

Qop-qop va'dalar va yo‘l bo‘yidagi qoplar

(fermer xo‘jaligi ishchisining hikoyasi)

Xorazmlik Hasanboy fermer xo‘jaligida ishlaydi. Umri dalada o‘tgan, desa ham bo‘ladi. Ma'lumoti o‘rta. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini viloyatdagi rahbarlarning aksariyatidan aqlliroq deb biladi. Bunga asosi ham bor. Endi qolganini Hasanboyning o‘zidan eshiting:

– Yo‘l yoqasidagi dalalar chetida qator tizilgan qoplarni ko‘rdingizmi? Ichida go‘ng bor ularning. Hokimlikning g‘o‘zaning birinchi suvini har gektariga besh tonnadan go‘ng bilan berish to‘g‘risida buyrug‘i bor.

Aslida Xorazm sharoitida mahalliy o‘g‘it yerga qishda sochiladi. Go‘ngni suv orqali sharbat qilib berishning behuda harakat ekanini yosh bola ham biladi. Go‘ng issiqda qurib o‘z kuchini yo‘qotadi. Go‘ng faqat tuproq bilan aralashsagina ekinga kuch beradi.

Men otimni zo‘rg‘a yozadigan, o‘qimagan odamman. Biroq viloyat rahbarlarining hammasidan aqlliroq bo‘lsam kerak. Esimni tanigandan beri dalada ishlayman. Maktabda o‘qib yurganimda ham dalaga go‘ng sochish tadbirida qatnashganman. Juda qiziq voqea bo‘lgan o‘shanda.

Dalaga qaysidir vazir kelishi kerak ekan. Shuning uchun o‘quvchidan tortib hamma sug‘orilayotgan dalaga go‘ng chiqarishga safarbar qilingan. Vazir ko‘rinishi bilan hamma go‘ngni suvga ag‘darishi va g‘o‘za sharbat usulida sug‘orilayotgandek ko‘rsatilishi kerak edi.

Daladan yarim chaqirimcha uzoqroqqa xabarchi qo‘yilgan. Vazir boshchiligida viloyat faollari tushgan avtobus ko‘ringanidan qo‘li bilan ishora bersa, biz suvga go‘ng ag‘darishni boshlashimiz tayinlangan.

Bir vaqt xabarchi ishora berdi, hamma qoplardagi, eshak aravadagi, yuk mashinasidagi go‘nglarni ariqqa ag‘dardi. Keyin bilsak, bu avtobus oddiy yo‘lovchilarni tashib yurgan ekan, xabarchimiz adashibdi. Vazir ancha keyinroq keldi. O‘shanda mahalliy rahbarlarning ko‘zbo‘yamachiligi fosh bo‘lgandi.

Hozir Gurlan tumanidan Urganch shahrigacha asosiy yo‘l yoqalab go‘ng uyumlari va dala chetiga qator-qator tizilgan qoplar ham ana shunday ko‘zbo‘yamachilik uchun qo‘yilgan. Toshkentdan qaysidir vazir kelarmish.

Bu ishlar sira aqlga sig‘maydi. Birinchidan, turli idoralardan chaqirilgan xodimlar dala ishchisi rolini bajarishdi, ikkinchidan, yozning issig‘ida tush paytida dam olish kerak emasmi? Uchinchidan, qoplar xo‘jako‘rsinga qo‘yildi, bitta ham qop bo‘shatilgani yo‘q. To‘rtinchidan, qop, go‘ng uchun chiqarilgan xarajat uvol ketdi. Beshinchidan shuncha odamni ovvora qilib qilingan mehnat, vaqt zoe ketdi. Eng muhimini yuqorida aytdim, Xorazmda yerga go‘ngni qishda solish kerak.

Bu rahbarlarning g‘alati qiliqlari bor. Bir necha yildan beri chigitni qo‘shqator qilib ekishni “tavsiya” qilishyapti. “Tavsiya” majburlash degani. Birinchidan, Xorazmning, xususan, Gurlan tumanining tuprog‘i suvsiz qolsa, qattiq kesakka aylanadi. Yerlar noteksligi bois, past joylarda qo‘sh qatorli g‘o‘zaning tagiga suv yetgandan so‘ng tuproq g‘o‘za tomirini qattiq siqib qo‘yadi. Ikkinchidan, qo‘shqatorning orasiga ishlov berish qiyin. Uchinchidan, qo‘shqatorning orasiga o‘g‘it berib bo‘lmaydi. To‘rtinchidan, qo‘shqatorning orasiga quyosh yaxshi tushmaydi. Bu esa g‘o‘zaning rivojiga va paxtaning sifatiga salbiy ta'sir ko‘satadi.

Beshinchidan, qo‘sh qatorli g‘o‘zani karchovka qilish qiyin. Oltinchidan, qo‘shqatorlab ekish uchun texnika yetarli emas. Ko‘pchilik fermerlarning texnikasi yakka qatorga moslashgan. Hokimlikning esa bu tomoni bilan ishi yo‘q. Buyruq berildimi, xuddi askarga o‘xshab bajarish shart. Buyruqni muhokama qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

Yuqoridan berilgan topshiriqlarda, rahbarlarning so‘zlarida tuturiq yo‘q. Bir ishning yarmini bajargan paytda boshqa bir topshiriq keladi. Ba'zan o‘zlari buyurib, o‘zlari javobgarlikka tortishlari mumkin.
Bir kun dala chetiga mol bog‘lab qo‘yish to‘g‘risida topshiriq keldi. Fermerlar uylaridagi shaxsiy chorvalarini dala yoniga keltirishdi. Fermerning yerida dala chetidagi bir-necha tup ekinni mollar payhon qilgani qaysidir rahbarning asabini qo‘zg‘asa, darhol ichki ishlar va prokuratura xodimlari dalalarni aylanib, fermer hududidagi chorvalarni yo‘qotish tadbirini boshlashi, dala yoqasida turgan chorva uchun jarima solishi hech gapmas.

Fermerlar ba'zan qilmagan aybi uchun ham jarima to‘lashi mumkin. Bir kuni mening rahbarim prokuratura vakiliga duch kelib qoldi.

“Siz bu yil bir marta ham jarima to‘lamabsiz. Boshqa fermerlardan ikki-uch marta jarima undirganmiz. Mana bu qog‘ozni oling-da, eng kam ish haqining yarim barobari miqdorida jarima to‘lang. Yarim minimal siz uchun arzimas chiqim, siz katta fermersiz-ku”, dedi.

“Paxtani suv bostirdi, deb yozaymi yoki noqonuniy sholi ekdi, deb yozaymi”, deb so‘radi. Xo‘jayinim biroz yalindi va xodim unamagach, jarima to‘lashga rozi bo‘ldi.

Men xo‘jayinimga: “Nega yemagan somsaga pul to‘laysiz, yo‘q deb turib olsangiz bo‘lmasmidi”, desam, “yo‘q desam ustimdan kattaroq ish ochishadi, keyin ko‘proq chiqim bo‘ladi”, dedi. Bunday misollar juda ko‘p.

Tumanimizda ko‘pgina oldi-berdi ishlari, xizmat haqlari sholi miqdori bilan belgilanadi. Fermer sholi uchun mo‘ljallangan 1 ga yerni 1 tonna guruch narxida 1 yilga ijaraga beradi. Fermerning ish boshqaruvchisi 1 ga sholi yer hisobiga 1 yil xizmat qiladi. Fermer unga yerni faqat surib beradi, qolgan barcha xarajatlarni ish boshqaruvchi o‘z hisobidan chiqaradi.

Surish traktori haydovchisi 1 ga, boshqa traktorchilar 0,5 ga, oddiy ishchilar faqat kunduzi ishlasa 0,3 ga, mavsumda kechayu kunduz ishlovchilar 0,5 ga yoki 1 telejka (3 tonna) sholi, 1 quti ipak qurti (35 gr) boquvchisi 0,1 ga sholi yerga ega bo‘ladilar.

Paxtada ishlovchi pudratchilar apreldan sentyabrgacha ishlaganlari uchun o‘ziga tegishli dalaning g‘o‘zapoyasini terib olish bilan qanoatlanadilar. Ular karchovka uchun traktor yoqilg‘isini ta'minlashdan tashqari fermerga o‘zlari yig‘ishtirib olgan g‘o‘zapoyadan gektariga 50 bog‘ beradi (bir bog‘ g‘o‘zapoyaning narxi 800-1000 so‘m atrofida).

Paxta mavsumida esa ular boshqa terimchilar qatori tergan paxtasi uchun haq oladilar. Biroq fermerga qaram bo‘lgani uchun terim oxirida yaxshiroq to‘laydigan boshqa yerlarga borib ishlashdan mahrum bo‘ladilar. Kam haq olsa ham har kuni dalaga chiqishga majbur.

Bizda eng foydali ekin – sholi. Bug‘doydan keyin takroriy ekin sifatida eksa ham bo‘ladi. Buning uchun oldindan sholi ko‘chati tayyorlash zarur. 1 ga maydonga 25 kg urug‘ (bozor narxi 150 ming so‘m, agar urug‘ni o‘zingiz yetishtirsangiz, 75 ming so‘m bo‘ladi) ketadi. Ko‘chat qadash 1 mln so‘m, o‘g‘it o‘tgan yili 1 mln atrofida bo‘ldi, bu yil ancha qimmat, surish va tekislash 1 mln, o‘rib-yig‘ib olish 1 mln, boshqa xarajatlarni ham qo‘shsak, sholi omborga kirguncha 5-6 mln so‘m atrofida pul sarf bo‘ladi.

Sholi guruchga aylanib, puli cho‘ntakka yetib kelguncha kamida 8 mln chiqim chiqadi. 1 ga yerda yetishtirilgan o‘rtacha 6 tonna sholi (3,5 tonna guruch)dan 20 mln.dan ortiq daromad qilish mumkin. Hosildorlik yuqori bo‘lgan dalalardan 25-30 mln daromad qilib, 20 mln.gacha sof foyda olish mumkin.

Bug‘doydan gektariga 5 mln, qovun-tarvuzdan ham o‘shancha sof foyda olsa bo‘ladi. Hokimlik taqsimoti bo‘yicha majburiy ekilgan boshqa ekin turlari faqat zarar keltiradi.

Biz eng muammoli, eng yoqimsiz ekin turi paxta hisoblanadi. Paxtadan juda kam fermerlar arzimasgina foyda ko‘radi. Televidenie va matbuotda og‘iz ko‘pirtib “paxtadan falon mln foyda oldik”, deb maqtanayotgan fermerlar yolg‘on gapiradilar. Ularning gapiga xalq ishonmaydi. Hamma sharoitlar va ta'minotlar yetarli bo‘lsa, nari borsa chiqimni qoplash mumkin. Agar tabiat yordam bersa, ozgina foyda ko‘rish mumkin.

Kasaba uyushmaga a'zoman. Lekin a'zolikdan ishchilarga foyda yo‘q. Biroq ko‘pchilik fermerlar har yil qishda kasaba uyushma yo‘llanmasi bilan sanatoriylarda dam olib keladi. Eshitishimcha, tumanimizning eng boyvachchasi yordamga muhtojlar uchun kelgan yo‘llanmadan foydalanib sanatoriyda davolanib kelibdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 iyul 2019
Rassoi Kirpi Eltuz.com
19 avgust 2022
Bugun 19 avgust tarixiy kun. 1991 yilning aynan 19 avgustida O‘zbekistonning mustaqil bo‘lishi uchun Moskvada zamin xozirlangan kun. O‘sha ...
24 noyabr 2016
72 yoshli siyosiy mahkum Samandar Qo‘qonovning yaqinlaridan bugun Eltuz.comga yetib kelgan xabarga ko‘ra oxirgi sud ajrimi bekor qilingan, uning ...
10 iyun 2019
Toshkent kurantiga taqab plastik va shishadan kafe-bar uchun terassa-ayvon qurilishi nafaqat yangidan tiklandi, balki kurantning ikkinchi tomonida ham xuddi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...