Moskvalik deputat Karimov haykalini qabristonga ko‘chirishni taklif qildi
Moskvaning Yakimanka tumanidagi xiyobonga o‘rnatilgan, 16 oktyabr kuni ochilishi kutilgan Islom Karimov haykali ertasi kuni ham ochilmadi.
Yakimanka tumani deputatlari kengashi raisi Andrey Morev bilan hamrohlikda 16 oktyabrga o‘tar kechasi yodgorlik o‘rnatilgan hududga kirishga uringan «Dojd» telekanali muxbiridan hududni tark etish talab etildi.
Morev «Dojd» TV kanaliga bergan intervyusida Karimov haykalini Moskvadagi nufuzli shaxslar qabristoni bo‘lgan Vagankovaga ko‘chirish taklifini bildirdi.
Shuningdek, Morevning aytishicha, jamoatchilikning muttasil qarshiligiga qaramasdan, Karimov haykalini yarim tunda o‘rnatib ketishgan.
Moskva shahri hokimi Sergey Sobyanin 2017 yilning 27 oktyabrida Rossiya poytaxtining Yakimanka tumanida Islom Karimovga haykal o‘rnatish haqida qaror chiqargan edi.
Karimovga Yakimanka xiyobonida haykal qo‘yilishiga qarshi petitsiyaga u o‘rnatilgunga qadar 7400 dan ziyod imzo yig‘ilgan.
Eltuz.com