Huquq faoli Eshonqulovaning XMT majlisidagi nutqi
Haqiqatdan ham, “Yaxshiga qilsang yaxshilik ham aytadur, ham qaytadur ,- deydi, “yomonga qilsang yaxshilik, na aytadur, na qaytadur” deyishadi. Shu xalqimizning o‘tkir maqoli bilan boshlamoqchi edim. Bizning yutug‘imiz bizniki. Bor narsani e'tirof etishga majburmiz. Bundan ko‘z yummoqchi emasmiz. Muhtaram Prezidentimiz mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish va bartaraf qilish masalasida imkon qadar sa'y-harakat qilayapti. Buni hech kim inkor etmoqchi emas. Ammo mamlakat rahbari jon kuydirib turgan ayni bir paytda nima uchun vaziyat aksiga qarab avj olib
ketayotganligi bizni tashvishga soladi.
Bilasizmi, men hozir nimagadir rahmatli Vasila Inoyatovani esladim. Mana shu Yevropa Ittifoqi binosida chet elliklar bilan uchrashuv bo‘lganida o‘sha davrada ham MOTning yillik hisobotiga oid mavzu ko‘tarilgandi. Shunda Vasila Inoyatova, men-ku ruscha gapira olmayman, biroq Vasila opa chiroylik qilib rus tilida shunday degandilar rahmatli: “Men chet eldagi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistonga kirib kelishini, hamkorlik qilishini, O‘zbekistonda inson huquqlarining himoyasiga hissa qo‘shishlarini xohlayman va qo‘llayman. Lekin meni tashvishga soladigan narsa shuki, nimagadir chet eldan kelgan xalqaro tashkilotlar kelib ish boshlagach, faqatgina nomi chet elcha bo‘ladi-yu, ularning ish uslublari keyinchalik o‘zbekona bo‘lib qoladi?” degandilar-da. Bu gapning tagida qanday ma'no borligini bilasiz. Chet elliklarning ish uslubi bizning rahbariyatimizning ish uslubidan qolip oladi.
Bizning rahbariyatimiz ularga taqlid qilmaydi, aksincha ular bizning qolipimizga tusha boshlaydi. Ana shu narsa meni ham tashvishga soladi.
Mana shu ma'noda nima demoqchiman: Haqiqatdan ham O‘zbekistonda tan olinayapti, buni faqat olqishlaymiz. Lekin hech qachon sababsiz oqibat bo‘lmaydi. Hamma narsani, oqibatni sabab keltirib chiqaradi. Biz hozir oqibatni tan olishimiz bilan g‘ururlanib ko‘ksimizga urishimiz kerak emas, o‘sha oqibatni qaysi sabab vujudga keltirayotganligi haqida g‘am chekishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Nima uchun O‘zbekistonda majburiy mehnat bartaraf etilish o‘rniga avj olib borayapti, degan savolga bunda ma'lum ma'noda Xalqaro mehnat tashkilotining ham hissasi bor, degan bir og‘ir ayblov qo‘yishni istardim. Hukumat-ku, o‘zimizniki. Yutuq ham bizniki. Talashamiz, tortishamiz, urishamiz, yarashamiz, o‘zimiz muammomizni hal qilib olaveramiz. Lekin to‘rt-besh yillardan buyon Xalqaro mehnat tashkiloti – o‘z nomi bilan o‘sha MOT tashkiloti O‘zbekistondagi haqiqiy ahvolni bayon etish o‘rniga nimagadir bizning quyi tabaqadagi rahbarlarimizning darajasiga tushib, ularni xaspo‘shlashga, ularning aybini yopishga, haqiqatdan ko‘z yumishga urinishmoqdaki, men o‘shanda janob MOT tashkiloti rahbarining shundoq yuziga tik aytganman:
“Sizning yolg‘on gapingiz bizning o‘zbek xalqi uchun, bizning mana shu monitoring olib borayotgan, hayotini xavfga qo‘yayotgan xalq uchun haqoratdan boshqa narsa emas. Sizning o‘zbek xalqini haqorat qilishga haqqingiz yo‘q!” deganman.
“Agarda siz o‘z vazifangizni eplay olmasangiz, marhamat, O‘zbekistonni bo‘shatib qo‘ying, muammomizni o‘zimizga qo‘yib bering, biz o‘z muammomiz bilan o‘zimiz qolishga odatlanib qolganmiz”, deganman… Bizga faqat yolg‘on kerak emas.
Agarda MOT o‘zining vazifasini sidqidildan bajarganida edi, soxta hisobotlarga berilmaganida edi, bugun holat mana shu darajaga kelmagan bo‘lardi. Ular Prezidentimizning yonlarida
turib Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga, tashabbusga kamarbasta bo‘lishlari kerak emasmidi?!
Men bir narsaga judayam hayron qoldim: Shu yil yozda, men o‘sha MOT kelgandan beri bir narsa deyman-da ularga, “O‘rtoqlar», – deyman, “Siz toki o‘zbek mentalitetini bilmas ekansiz, yuzingiz bizning qiyofaga to‘g‘ri kelmas ekan, til bilmas ekansiz, sizga haqiqat kerakmi, majburiy mehnat borasida, haqiqat tomon bir qadam ham tashlay olmaysiz, toki siz biz bilan, mahalliy fuqarolik jamiyati vakillari, mahalliy huquqbonlar bilan monitoring o‘tkazmas ekansiz. Mahalliy huquqbonlar bilan monitoring o‘tkazing, agarda sizga majburiy mehnat borasidagi haqiqat kerak bo‘lsa”, deb ming marta mana shuningdek yig‘ilishlarda o‘zlariga aytganman. Va bu yil yoz oylarida seminar bo‘ldi, 5 kunlik, xuddi mana shu yerda, demak, o‘sha jahon standardlari asosida monitoring o‘tkazishning sir-asrorlarini o‘rgangan kishi bo‘ldik. Yaxshi. O‘zbekiston sharoitida majburiy mehnat borasida monitoring olib borish nima ekanligini men o‘zim yaxshi bilaman, mana shu ayol (Yelena Urlaevani ko‘rsatadi) yaxshi biladi. Borimizdan ayrilgan odammiz. Monitoring o‘tkazish uchun birgina tajriba kerak emas. Buning uchun jur'at kerak, jasorat kerak, oz bo‘lsa-da, yolg‘on gapirmaslik uchun iymon kerak odamga, boshqa hech narsa kerak emas. Tilni bilasizmi, majburiy mehnat borasida monitoring olib borishingiz mumkin bo‘ladi. Xo‘p, yaxshi. Men doim “Biz bilan birgalikda monitoring o‘tkazing”, derdim MOTga.
Nimaga? Chunki bizni olib borib tiqib qo‘yishlaridan zada bo‘lib qolgandim. Mana, hozir bu yerda aytildiki, bu yil hech qanday bosim bo‘lmagan deb…. Men shu telefonimni, mana, monitoring jarayonida IIB ushlab, sindirishgan, mana o‘sha telefonim, men uni tuzatmadim, esdalikka olib qo‘yganman. Nimaga? Men otamning chorvog‘idagi ishini qilish uchun bormadim u yerga.
Men Xalqaro mehnat tashkilotining mana bu kepkalari bilan Mehnat vazirligining mana bu flaerlarini (ko‘rsatadi) tarqatish uchun borganimda, telefonimni urib sindirish darajasiga borib yetishdi. Bu nimadan dalolat beradi? Xo‘p, mayli, xuddi o‘sha monitoringni… biz endi ich-ichimizdan xursandmiz endi… Yelena Urlaeva, mana, nechchi yillardan beri birga hamkorlik qilamiz, monitoring o‘tkazamiz. O‘ktam bor bu yerda. Mana bu og‘amiz bor bu yerda – (Hayitboy og‘ani ko‘rsatadi), Qoraqalpog‘istondan yana bir monitoring olib boruvchi akamiz borlar. Bu yil nihoyat orzuimizga yetishibmiz-da bizlar, va nihoyat bu yil MOT bilan o‘sha qora mashinalarida borib monitoring qilarkanmizda deb tursak, siz va biz kutmagan bir holat sodir bo‘ldi.
Bu faqat O‘zbekiston rahbariyatining ish uslubida bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat. Chet elda qanday, bilmadim. Shundoq yig‘ilish tugaganidan keyin endi bizlarga planshetlar tarqatarkan-da, biz uchrashuv kunini belgilab, kelisharkanmiz-da monitorining o‘tkazishga borarkanmiz-da MOT bilan desak, mana, Oksana aytsin, saylash yo‘q, ovozga qo‘yish yo‘q, kimda tajriba bor, unday narsalarni so‘rash yo‘q, unaqalarni surishtirish yo‘q, birdaniga “Eshmat, sen goden, sen ne goden, Toshmat sen goden, sen ne goden” deb… beshtamidi… MOT bilan monitoring qiluvchi shaxslar shu usulda tanlab olindi. MOT majburiy mehnat borasida monitoring o‘tkazishning ko‘chasidan 10 chaqirim olisda yurgan odamlarni, tasodifiy shaxslarni, majburiy mehnatga oid monitoring o‘tkazishda mutlaqo tajribasi bo‘lmagan shaxslarni tanlab oldi-da, “Yelena Mixaylovna, O‘ktam, rahmat sizlarga, boraverishlaringiz mumkin, kerakli vaqtda o‘zimiz chaqirtiramiz, ketavering”, deb javob berib yubordi.
E, tushunmadim?! Meni bitta savol qiziqtiradi, janob, nima sababdan MOT tashkiloti tajribali monitoring o‘tkazuvchi mahalliy huquqbonlar qolib, majburiy mehnat borasida monitoring o‘tkazish borasida mutlaqo tajribasi bo‘lmagan shaxslarni tanlab oldi? Nima uchun kerak bo‘lib qoldi MOTga monitoring o‘tkazishda mutlaqo tajribasi bo‘lmagan huquqbonlar, fuqarolik jamiyatining vakillari?
Mana shu savolga o‘zim, ruxsat bersangiz, shafqatsiz bir javob bersam degandim. Endi bu mening shaxsiy fikrim. Kechirim so‘rayman. Har yili MOT tashkiloti chet el doirasida ham, mahalliy huquqbonlar doirasida ham soxta hisobotlari uchun kaltakka uchrab kelgan. O‘rtoqlar, endi MOTga majburiy mehnat borasida monitoring olib boruvchi tajribasiz fuqarolik jamiyati vakillari shuning uchun kerak ediki, tanqid kaltaklari bitta o‘zlarining boshlarida sinmasligi uchun. “Kechirib qo‘yasiz. Bizning bir o‘zimiz monitoring o‘tkazmadik. Biz mahaliliy fuqarolik jamiyati vakillari bilan birgalikda monitoring olib borganmiz. Bu hisobotdagi xulosa birgina bizning, MOTning emas, mahalliy huquqbonlarning ham fikri. Mana, bizning ortimizdan hisobotga imzo qo‘yganlar! Mana bular!” deyishlari uchun kerak edi!
Kaltak kimni… Yana o‘sha bizning tajribasiz fuqarolik jamiyati vakillarining boshida sinishi uchun va ularni har qanday tanqidlarga giriftor qilishlari uchun! O‘sha tanlab olingan odamlarga achinaman men. Ularda jasorat bo‘lishiga shubham bor. Jasorat bo‘lishi uchun odamda yo‘qotadigan narsaning o‘zi bo‘lmasligi kerak. Sizda yo‘qotadigan narsa bormi, sizda kichikkina bo‘lsayam taksi fermangiz bormi, demak siz bu ishni qilolmaysiz, sidqidildan monitoring olib bora olmaysiz, letsinziyangizdan ajralib qolasiz, iymoningizni yutmang. Biz o‘zimizni aldamaylik. Xorijdan kelgan mehmonlar, men oldin ham aytganman, kelaveradi, ketaveradi, bu Vatan bizniki, muammo bizniki, yutuq bizniki, baxt ham, baxtsizlik ham o‘zimizniki. Faqat bitta narsani
istayman: bilib qo‘ying, bizga XONlik qiladigan xorijiy hamkorlar kerak emas, “Sen goden, sen ne goden” deya buyruq beradigan! Bilasizmi, biz demokratik davlat sari otlanayapmizmi, bizga haqiqiy teng huquqli horijiy hamkorlar kerak. Shuni aytmoqchi edim, xolos…
Malohat Eshonqulova,
mustaqil jurnalist, huquq faoli