Asosiy mavzular
4 dekabr 2018

Paxta dalasidan harbiy poligonlarga

O‘zbekistonda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligini sinovdan o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari besh kun davom etdi.

Rasmiylar bu o‘quv mashg‘ulotlari mustaqillik yillaridagi eng yirik harbiy-o‘quv amaliyoti bo‘lganini aytmoqda.

Bu xabarlarni o‘qir ekansiz, yaqindagina bundan-da “muhimroq” bo‘lgan yana bir amaliyotdan qaytgan harbiylarimiz toliqib qolmadimikin, degan xavotir ko‘ngildan o‘tdi.

Ha, yaqinda o‘n minglab askarlarimiz hatto sovet davrida ham ko‘rilmagan dolzarb front – paxta dalasidan kazarmalarga qaytib keldi.

Ular hazil ish qilgani yo‘q – milliy boyligimiz bo‘lmish paxta nes-nobud bo‘lishining oldini olib, jonini jabborga berib mehnat qildi.

Aytish mumkinki, ekstremal sharoitlarda askarlarimiz armiyada toblanganlarini hayotiy sharoitda sinovdan o‘tkazdilar.

Shu kunlarda bitta savol ochiq qolmoqda: mana shu askarlarimiz ham keng ko‘lamli mashg‘ulotlarda qatnashdilarmi, bu mashg‘ulotlar davomida ularning paxta dalasida toliqib qolganlari sezilmadimi?

Albatta, bu savolga javob topish mushkul. Zero, gap mudofaa qudratimizning holati haqida bormoqda va bu ishda pasayish bo‘lgan bo‘lsa, buni oshkor aslo oshkor qilib bo‘lmaydi.

Chunki yaqinda rus generallaridan biri Tojikistonda o‘tgan tadbirda Afg‘onistonda yangi jangari guruh vujudga kelish xavfidan ogohlantirgandi.

Dushmanlarimiz esa bizning askarlarimiz jangovar mahoratini oshirish o‘rniga paxta terib yurganini bilib qolsa, qutqusini kuchaytirishi mumkin.

Ularning ko‘zini qo‘rqitib qo‘yish uchun esa bitta harbiy mashg‘ulot o‘tkazib qo‘yishimiz kerak edi, shuni qildik ham.

Chunki bizning askarlarimiz nafaqat paxta teradi, balki harbiy texnikani binoyidek boshqaradi, yaxshi urisha oladi ham.

Bu yaqinda xalqaro miqyosda ham e'tirof etildi. Dunyoning eng kuchli armiyalari ro‘yxatida 39-o‘rinda qayd etildik.

Agar askarlarimiz bir yillik xizmatlarining 2-3 oyida paxta termay, shu paytlarda ham harbiy tayyorgarlik bilan shug‘ullansa, kamida kuchli o‘ntalikka kirishimiz ham hech gap emas.

Endi o‘ylab qarasam, rahmatli Muhammad Yusuf uzoqni ko‘ra oladigan shoir bo‘lgan ekan. Bir vaqtlar “Hali omon-omon zamon keladi, dalalarda tanklar paxta teradi”, degan edi.

Bunda u alpqomat askarlarimizni tanklarga mengzagan bo‘lsa, ajab emas. Chunki mantiqan o‘ylab qarasak, tanklar dalaga kirsa, paxtani payhon qiladi. Bizda esa hatto chorva mollariga ham paxta dalasini payhon qilishga taqiq bor.

Mana, milisalar qanchadan qancha qo‘yu mollarni so‘yib tashladi bu taqiqni buzgani uchun. Agar tanklar paxtani payhon qilayotganini ko‘rib qolishsa, xudo biladi bu tanklarni nima qilishlarini.

Agar bo‘laklarga bo‘lib yoki MIB orqali musodara qildirib, sotib yuborishsa, harbiy mashg‘ulotlarda nima bilan qatnashamiz tanksiz?

Eshak minib, ot minib jang qiladigan zamonlar o‘tib ketgan bo‘lsa. Qolaversa, eshakka ham qiron kelgan. Allaqachon so‘yilib, go‘shti sotib yuborilgan.

Shu so‘yilgan qo‘ylar va mollar haqida gap borgani uchun yana bir narsa esga tushib qoldi.

Yaqinda Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda jinoyatchilik allaqancha foiz kamayganini ma'lum qildi. Bunda ham mantiq ko‘rdim.

Zero, mavsumda 2 oy davomida IIVning 10 mingdan ziyod xizmatchisi paxta dalalarida javlon urib, oq oltin terish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Xizmatdagi milisalar kamayishiga mos ravishda jinoyatchilik ham kamaygandek taassurot uyg‘ondi…

Gapdan chalg‘imaylik. O‘sha dunyoning eng kuchli armiyalari ro‘yxatini ko‘zdan kechirib, aksariyat mamlakatlar armiyalarining kuchi va paxta o‘rtasida bog‘liqlik ko‘rdim.

Masalan, dunyoning eng kuchli armiyasi AQShniki ekan. AQShda paxta ekiladi. Uchinchi kuchlisi Xitoy ekan, xitoylarning ham paxtasi bor. Kuchli armiyalarga ega Turkiya, Isroil, Hindiston, Pokiston, Misr, xullas, ancha-munchasi paxta ekadi.

Endi ulardagi askarlar ham O‘zbekiston harbiylari kabi paxta dalasida toblanadimi yoki yo‘qmi, shunga oydinlik kiritishimiz kerak.

O‘shanda paxta terimi va armiya kuchi o‘rtasidagi bog‘liqlikning sirini ochish mumkin bo‘ladi. A, labbay!

Qitmir Askar
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 avgust 2023
Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi “Zarbdor” gazetasining bosh muharriri G‘ulomjon Hamzaev Eltuzga maktub yo‘llab, mamlakat rahbariyatidan tuman hokimi Zafar Ro‘ziev ...
15 aprel 2021
5 aprel kuni maktabdan kelinoyisi tomonidan olib ketilgan 5-sinf o‘quvchisi Ma'rifat Asatullaevaning jasadi Katta Namangan kanalidan topildi. Qizni kanalga ...
10 avgust 2018
Bugun Eltuz.com nashri O‘zbekistondagi korruptsion boshqaruv tizimini aks ettirgan rassom Elsevarning yangi hajviy suratini aqdim etadi. Bu kleptokratik inshootdan ...
27 mart 2019
Rasmdagi ayol Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd. Myunxendagi konferentsiyada odamlar orasida o‘tirganida uni tanishmadiyam. U majlis zalida el qatori oddiy ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...