Ko‘zqarash
19 aprel 2019

MDHdagi folbincha siyosat

Folbinlarga ishonmayman, lekin ularning biznes modeliga qoyil qolaman. Bir qarashda kelajakni tavakkal aytib, mijozni bunga ishontirish juda qiyinga o‘xshaydi. Aslida esa folbinlar buni juda oson eplaydi.

Aytaylik, bir guruh odamga “o‘n bir oydan keyin hayotingda baxtli hodisa ro‘y beradi” desangiz, ko‘pchilik o‘n bir oy ichida bu bashoratni unutib yuboradi, unutmaganlar esa hayotidagi biror baxtli voqeani o‘sha bashorat bilan bog‘laydi, zero inson hayotida doimo “baxtli” va “baxtsiz” deb baholanadigan voqealar ro‘y berib turadi.

Aniq bashoratlarga keladigan bo‘lsak, bu yerda boshqacharoq printsiplar ishlaydi. Masalan, bir guruh odamga “o‘qishga topshirib, kirasan” desangiz, kimdadir bu “bashorat” amalga oshishi ehtimoli har doim bo‘ladi. Yuzta odamdan to‘qson beshtasida amalga oshmasa ham ular kelib pulini qaytarishni talab qilmaydi (istisnolar kamdan-kam bo‘ladi), qolgan besh kishi esa folbinga ishonib, yana o‘nta mijoz yetaklab keladi.

Folbinlarni eslashimning sababi bor. Gap shundaki, MDH davlatlarida faoliyat yurituvchi ayrim siyosatchi va ekspertlar folbinlarning printsiplarini o‘zlashtirganga o‘xshaydi. Ularni tushunsa bo‘ladi — soha MDH hududida yangi, yaxshi mutaxassislar yetishmaydi; ayni paytda, noprofessional mutaxassislarni fosh qilib tashlaydigan tanqidchilar yoki fuqarolik jamiyati ham aksariyat hollarda yo‘q. Shuning uchun ayrimlar internetda yoki televidenieda chiqib, qo‘rqmay siyosiy prognozlar beraveradi.

Siyosiy prognozlar berish — puxta bilimni va tahliliy mushohadani talab qiladigan mas'uliyatli ish. Lekin biz so‘z yuritayotgan kichik bir guruh odamlar siyosiy prognoz niqobi ostida o‘zining taxminlarini berib yuborishdan ham toymaydi.

“Sharmanda bo‘lgandan ko‘ra jim turgani ma'qulmasmi?” deb o‘ylarsiz. Ammo bu yerda OAVga xos shov-shuvga o‘chlik ish beradi: “falon davlatda hech narsa bo‘lmaydi” desangiz, sizning gapingiz jurnalistlarning qiziqishini uyg‘otmasligi mumkin. “Falon davlatda urush bo‘ladi” desangiz, bashoratingiz yolg‘on bo‘lib chiqish ehtimoli yuqori. Ana shunda “mumkin” so‘zi yordamga keladi. Taxminingizga “mumkin” so‘zini qo‘shib gapirsangiz, o‘zingizni himoya qilib olasiz va ayni paytda shovshuvli gap aytib, OAVning qiziqishini uyg‘otasiz. Endi maqsadga ko‘chayda, bir misol keltiray.

Kecha bir “ekspert”ning gapini eshitib qoldim. “Ukrainada oligarxlar fuqarolik urushini keltirib chiqarishi mumkin, imkon qadar aktivlaringizni olib chiqib keting” qabilida. Juda zo‘r pozitsiya! Urushni bashorat qilyapti, demak, uning so‘zlari aniq OAVda chiqadi. Agar rostdan urush bo‘lsa, “ana, aytmaganmidim!” deydi. Ukrainada urush kelib chiqishi ehtimoli 1 foiz ham chiqmasligini inobatga olsak, “mumkin” so‘zi uni himoya qiladi. Urush kelib chiqmasa, “men axir “mumkin” degandim, chunki shunga ishoralar bor edi, lekin oligarxlar vaqtida o‘zlarini tiyib qoldi”, deydi. Har tomonlama yutuqli pozitsiya.

Mana shunday “ekspertlar”dan ogoh bo‘ling, har qanday jiddiy qiyofali odamning gaplariga yoki yozdiqlariga ishonib ketavermang va, albatta, har qanday ma'lumotni tahlil g‘alviridan o‘tkazishga harakat qiling.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
19 iyul 2018
O‘zbekistonning «Sevimli» telekanalida 15 iyul kechki payt ko‘rinib ketgan seks sahnasi haqidagi malomatlar ijtimoiy tarmoqda hali ham tingani yo‘q. ...
10 sentyabr 2018
Keskin qarashlari bilan ijtimoiy tarmoqda tanilgan jizzaxlik tadqiqotchi Rafael Sattorov «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistondagi tuzumni «arxaik neofeodal jamiyat», ...
17 dekabr 2020
Rassom Elsevar karikaturasi
5 noyabr 2018
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi noroziligiga qaramay, 3 noyabr kungi majlisida AIBA – Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi 66 yashar G‘afur Rahimovni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...