Xalqaro Mehnat tashkilotining shubhali faoliyati
Negadir keyingi paytlarda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) haqida gap ketganida beixtiyor yodimga Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchillning mazmunan mana bunday satrlari yodimga tushadi: “Davlatlar o‘rtasida do‘stona aloqalar bo‘lmaydi, manfaatli aloqalar o‘rnatiladi”.
Bu bejiz emas, albatta.
Negaki, keyingi 3-4 yil davomida XMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati, ayniqsa, paxta yig‘im-terim mavsumi davrida majburiy mehnat borasida taqdim etgan yolg‘onlardan iborat yillik hisobotlari hafsalamni pir qilib kelmoqda.
Men bir paytlari xorijliklar, ayniqsa, Amerika fuqarolari demokrat, haqiqatparast bo‘ladi, degan xomxayolda yurarkanman.
Yillar o‘tib, XMTning faoliyati va yolg‘onlari bilan yaqindan tanisharkanman, naqadar g‘o‘r va sodda ekanligimni anglab yetdim.
Bugungi kunda XMT misolida xalqaro tashkilotlar faoliyatiga nisbatan ko‘nglimda shubha va gumon uyg‘ondi, ulardan ko‘nglim qola boshladi.
Nega?
Men dehqon – paxtakor oilasidanman. Tanglayim paxta bilan ko‘tarilgan. Bolaligim, o‘smirligim, yoshligim paxta dalasida o‘tgan.
Shu bois, peshona teri uchun haq olmay (chopiq, yagana va chekanka, o‘toqlarga), og‘ir mehnat qilish paxtakor uchun qanchalar mashaqqat ekanini yaxshi bilaman.
Shu bois, dehqon haqida, paxtakor haqida gap ketganida, yolg‘on aralashgudek bo‘lsa, bu riyoni hech qachon hazm qilolmayman, kechira olmayman.
Gapni cho‘zib o‘tirmoqchi emasman.
Meni Xalqaro mehnat tashkilotining “2018 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnat tizimli ravishda amalga oshirilmadi”, degan iddaosi hayratga soladi!
To‘g‘ri, majburiy mehnatga barham berish borasidagi hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim intilishlarni (garchi samarasi kam bo‘lsa-da) tan olaman.
Bolalar mehnatiga chek qo‘yildi (bu Karimov davrining mahsuli bo‘ldi). 2018 yilda o‘qituvchi va shifokorlar mehnatidan voz kechildi, bu rost. Ammo bu paxta yig‘im-terimi davrida majburiy mehnat tizimli tarzda amalga oshmadi, degani emas.
Aslo!
Men buni dehqoncha tushuntirishga harakat qilib ko‘raman.
Huquqbon Urlaeva bilan 2018 yilning sentyabr-oktyabr oylarida Jizzax viloyatining Do‘stlik, Paxtakor tumanlari paxta dalalarida majburiy mehnatga oid monitoring o‘tkazdim.
Bu yerda maslakdoshim Yelena Urlaeva bilan Do‘stlik tumani madaniyat uyiga Toshkentdagi IIV akademiyasining 2 000 nafar kursanti, tuman gaz idorasi binosiga esa shu akademiyaning 80 nafar o‘qituvchisi yotoqqa joylashtirilganiga guvoh bo‘ldik.
Ularning barchasi kazarma holatida edi. Qizig‘i, barchasiga kunlik paxta terish rejasi yuklatilgandi.
IIV akademiyasi rahbari Do‘stlik tumani yoki Jizzax viloyati hokimi amriga bo‘ysunmaydi, iltimosiga ko‘nmaydi. “Menda ishchi kuchi yetishmayapti. Iltimos, do‘stim, kursantlaring bilan shu mavsumda mening dalalarimdagi paxtani terishga ko‘maklashib yubor. Paxtalar qor-yomg‘ir ostida qolib, sifati buzilmasin”, desa kelmaydi, termaydiyam.
IIV akademiyasi rahbari faqatgina ichki ishlar vaziriga bo‘ysunadi. Ichki ishlar vaziri kimga bo‘ysunishini esa yaxshi bilasiz!
Xo‘p, 2000 ta kursantu 80 ta o‘qituvchi “ixtiyoriy” ravishda paxta terimiga ham chiqdi deylik. O‘quv soatlari-chi, dars nima bo‘ladi? Nahotki Ichki ishlar vazirligi 2 000 nafar talabaning oylab dars soati qoldirgani bilan qiziqmasa?
Toki eng yuqoridan buyruq bo‘lmas ekan, IIV akademiyasi paxtaga safarbar etiladimi?
Tizimli tarzdagi majburiy mehnat bo‘lma, nima bu unda?
Yoxud 2018 yilning paxta yig‘im-terim mavsumida poezd vagonlariga vodiydan, Surxondaryodan keltirilgan minglab hasharchi joylashtirildi. Ularning barchasi sharoitsiz vagonlarda paxta terishga majbur etildi.
Poezd stantsiyasiga o‘nlab vagonlarning terib qo‘yilishi, minglab hasharchilarni paxta dalalariga eltish uchun o‘nlab avtobuslar tashkil etilishi, kolonnalarning xavfsiz kuzatib borilishi uchun yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari jalb etilishi, eng muhimi, terimchilarga kunlik norma qo‘yilishi va kunlik norma bajara olmaganlarni jazolash Xalqaro mehnat tashkiloti tili bilan aytganda “tizimli tarzdagi majburiy mehnat” deb atalmasa, nima deb ataladi, bilmadim.
Monitoring guruhi boshqa jabhalarda ko‘zbo‘yamachilik qilishi mumkin, biroq 33 millionli aholi ko‘z o‘ngida bo‘layotgan majburiy mehnat masalasiga yolg‘on aralashtirib bo‘lmaydi, aslo! Chunki xalqimiz, davlat korxonalari ishchilari o‘zlaridan o‘tganini o‘zlari har kuni ko‘rib, bilib o‘tirishdi.
Xo‘sh, ana endi ayting-chi, shuncha faktlardan keyin XMTning cho‘pchaklariga kim ishonadi? XMT bu bilan kimni aldashga urinmoqda?
Xalqaro tashkilotlarnimi, xorijiy davlatlarnimi?
O‘zbekistonda yashamagan, mamlakatimizni umrida bir bor ko‘rmagan odamlarni bu yolg‘on hisobotlarga ishontirish mumkindir, biroq majburiy mehnatni yuragidan o‘tkazayotgan minglab o‘zbekistonliklarni aldab bo‘lmaydi-ku!
Yoxud harbiy qism askarlari Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumaniga paxta terimiga safarbar etildi.
XMT iddaosini ma'qullashga uringan huquqbon, sobiq siyosiy mahkum A'zam Farmonov “Harbiylarning paxta terishi majburiy mehnat hisoblanmaydi”, deya va'z o‘qib yuribdi.
Qachonki, mamlakatda favqulodda holat sodir etilgandagina harbiylar safarbar etiladi. O‘zbekistonda paxta terimi favqulodda holat hisoblanadimi? U holda mamlakat prezidenti favqulodda holat xususida alohida farmon imzolashiga to‘g‘ri keladi.
Toshkent viloyatining Chinoz tumanida Ichki ishlar vazirligiga qarashli idoralar xodimlari joylashtirilgan edi.
Minglab ichki ishlar xodimlarini Chinoz hokimi safarbar qilgan, deb o‘ylaysizmi?
Mana, yana bitta fakt. 2018 yilning 6 oktyabr kuni huquq himoyachisi Yelena Urlaeva bilan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida majburiy mehnatga oid monitoring o‘tkazdik.
Monitoring jarayonida tumanda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlandi.
Jumladan, tumandagi bir qancha binolarda “O‘zbekko‘mir” aktsiyadorlik jamiyati va Angren suv xo‘jaligi xodimlari yotoqqa joylashtirilgani ma'lum bo‘ldi.
“O‘zbekko‘mir” tashkilotining 300 nafardan ortiq xodimi 298-otryad shaklida paxta terimiga jalb etilgan bo‘lib, ularga bir kunlik paxta normasi 80 kg. qilib belgilanganligi aniqlandi.
“Angren shahri prokurori kelib, biz bilan majlis qilganida kunlik norma 70 kg dan kam bo‘lmasligi kerak, deb talab qo‘ygan”, deydi ko‘mir koni ishchi-xizmatchilari.
Eng qizig‘i, kon ishchi-xizmatchilari joylashtirilgan bino eshigi tepasiga “Angren shahri prokurorining paxta informatsion markazi” deb yozib qo‘yilganini inobatga oladigan bo‘lsak, bu terimchi-ishchi xizmatchilarga Angren shahri prokurori mas'ul ekanligini anglash mushkul emas.
Vaholanki, prokuratura mamlakatda qonun ijrosini, qonun buzilishlarini nazorat qilishga mas'ul idora.
Biroq bu prokuror majburiy mehnatga oid holatlarga chek qo‘yishga kirishish o‘rniga “O‘zbekko‘mir” ishchi-xizmatchilarini nima sababdan “kunlik norma 70 kg. dan kam bo‘lmasligi kerak”, deya tergab yuribdi, nega bu binoda shtab o‘rnatib olgan?
Bu holatlar misolida mamlakatda 2018 yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida majburiy mehnat tizimli tarzda amalga oshirilganligini anglash uchun akademik bo‘lish, Amerika ochishi kerakmi?
Olmaliq kimyo zavodi ishchilarining Jizzax viloyati Do‘stlik tumani paxta dalalariga terimga safarbarligi ortidan 2018 yilning 5 oktyabr oyida zavodning 24 yoshli ishchisi Sohibjon Mutalibov olamdan o‘tdi.
Sohibjonning onasi bilan suhbatlashganimizda, ona “kasallik varaqasi bor o‘g‘limni qo‘ymay paxtaga olib ketishdi”, deya guvohlik berdi.
2018 yilgi paxta yig‘im-terimida vodiy aholisi ishchi kuchi kam, paxta maydonlari ko‘p bo‘lgan Sirdaryo, Jizzax viloyatlariga ommaviy tarzda ko‘chirilganligini kim inkor qila oladi?
Majburiy mehnatning tizimli amalga oshirilganligiga yana qancha misol kerak? O‘nlab misol keltirish, bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Kimki O‘zbekiston paxta dalalarida rostdan ham majburiy mehnatga oid monitoring o‘tkazgan bo‘lsa, xuddi men va Yelena Urlaeva kabi faktlar asosida isbot-dalili bilan o‘nlab misollar keltira olishi va o‘z so‘zlariga javob berishi mumkin, xolos.
Modomiki, gap majburiy mehnat haqida ketar ekan, shu o‘rinda masalaning eng muhim jihatiga e'tibor qaratishingizni istardim. Monitoring jarayonlarida qay bir xizmatchi bilan suhbatlashmaylik, paxta terimida kunlik norma qo‘yilganiga shahodat berishdi.
Kunlik paxta terish rejasi qo‘yildimi, rejani uddalay olmaganlar jazolandimi – mana shuning o‘zi majburiy mehnat emasmi?
Qolaversa, qo‘limizda viloyat hokimliklari tomonidan paxta yig‘im-terimiga har bir davlat, nodavlat idoralaridan safarbar etilishi ko‘zda tutilgan xodimlar soniga oid buyruqlar mavjudki, bu holat mamlakatimizda paxta-yig‘im terimi davrida majburiy mehnat tizimli bo‘lganidan dalolat beradi.
Yana bir haqiqat shundaki, “ixtiyoriy” terimga jalb etilganlarni ham tom ma'noda ixtiyoriy deb bo‘lmaydi, zotan ular ortida majburiy mehnatga jalb etilgan xodimlar yashirin.
Masalan, men Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani paxta dalalarida “ixtiyoriy” terimga kelgan samarqandlik bir ayol bilan suhbatlashdim.
Ayol o‘z intervyusida: “Men o‘z ixtiyorim bilan pul ishlash uchun Jizzaxga paxta tergani keldim. Farzandim kontraktda o‘qiydi, menga pul kerak edi. Bu yil menga paxta terimi qo‘shaloq daromad manbai bo‘ldi. Ham tergan paxtamga haq olmoqdaman, ham meni o‘z o‘rniga yollagan militsiya xodimi bir oyga 900 ming so‘m to‘lamoqda”, deya xursand bo‘ldi.
Ehtimol, XMT bu ayolni “ixtiyoriy paxta terimiga chiqqan” deb hisoblar.
Ammo bu yerda masalaning boshqa bir jihati bor: ya'ni ayolga o‘z cho‘ntagidan oyiga 900 ming so‘m berib yollagan militsiya xodimining paxta terimiga majbur etilayotganligini unutmasligimiz kerak.
Deylik, XMT aytganidek, o‘tgan yili majburiy mehnat tizimli tarzda amalga oshirilmagan ekan, u holda militsiya xodimi nima qilib bir ayolni cho‘ntagidan 900 ming so‘m to‘lab o‘z o‘rniga paxta terimiga yollab o‘tiribdi?
Shu o‘rinda XMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xodimlariga “Shunday yolg‘on keltiringki, nafaqat o‘zingiz, o‘zgalar ham ishonsin”, demoqchi edim.
Aslida O‘zbekistonda o‘tgan yili o‘qituvchi, shifokor, o‘quvchi va talabadan tashqari barcha byudjet tashkilotlari ishchi-xizmatchilari, tadbirkorlik sub'ektlari paxta terimiga bevosita va bilvosita safarbar etildi.
Shunga qaramay, XMT uyalmay-netmay O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 7 foiz inson paxta terimiga majburiy tarzda chiqarildi, demoqda.
XMT bu yolg‘onidan kimga qanday manfaat, bilmadim, biroq bu riyokorlikdan O‘zbekiston eliga ziyon bo‘lsa borki, hech qanday naf yo‘q!
2018 yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida majburiy mehnat kamaymadi, aksincha, avj oldi.
Hukumat majburiy mehnatga barham berishni nechog‘li istamasin, buning uddasidan chiqmadi, yeng ichida tizimli majburiy mehnatga takror va takror murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Chunki qishloq xo‘jaligi o‘lar ahvolga kelgan. Yoshlarning deyarli barchasi xorijda – ish izlab ketgan. Qishloq xo‘jaligi texnikaga muhtoj. Ishchi kuchi yo‘q.
Paxta esa shunchaki paxta emas, xalqning peshona-teri. Mehnati, mashaqqati. Uni bugun bo‘lmasa, ertaga teraman, o‘z kuchim bilan majburiy mehnatsiz yig‘ishtirib olaman, deb bo‘lmaydi. Sustkashlikka yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, paxta qor-yomg‘ir ostida qolib, sifati buziladi, dehqonning mehnati uvol bo‘ladi.
Buningdek holatda nima qilish kerak?
Qor ostida qoldirmaslik uchun ham hukumat byujet tashkilotlariga, militsionerlarga, korxona ishchilariga, soldatlarga murojaat qilishga, ularni majburlashga majbur.
O‘zbekiston paxta yakkahokimligidan voz kechmadi, kecha olmadi. Haligacha paxta yetishtirishda davlat rejasi mavjud. Haligacha yerlar o‘z egalariga, dehqonlarga, fermerlarga berilmadi. Yerga dehqon emas, hokimlar xo‘jayinlik qilishmoqda.
Buni XMT ko‘rmaydi, bilmaydi deb o‘ylaysizmi?
Meni ajablantirgani shuki, barcha haqiqatni bila turib, XMT negadir O‘zbekiston hukumati bilan murosasozlik qilishga, majburiy mehnatni xaspo‘shlashga intilmoqda.
O‘zbekda bir maqol bor – ko‘r ko‘rni qorong‘uda topadi. XMT O‘zbekistonda hukumatning nog‘arasiga o‘ynaydigan “huquqbon”lar bilan o‘zaro til biriktirishga ham ulgurdi.
Ulardan biri “huquqbon” Shuhrat G‘aniev. Umrida bir marotaba majburiy mehnat borasida monitoring o‘tkazmagan bu shovvoz hukumatning tili bo‘lish uchun 2017 yildagina majburiy mehnatga oid monitoringchilar guruhi orasiga kiritildi.
Shuhrat G‘aniev, adashmasam, migrantlar masalasida monitoring ishlari bilan mashg‘ulligini pesh qilardi.
“Men majburiy mehnat borasida monitoring olib boruvchi emasman, men tahlilchiman, tahlil bilan shug‘ullanman”, deya chiroyli gapirishni xo‘sh ko‘radigan va 2018 yil paxta yig‘im-terimi davomida bir bor egat oralamagan, mavsum davomida seminar va xorij safarlaridan ortmagan G‘anievning bugunga kelib O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollari, huquqbonlar nomidan og‘iz ko‘pirtirishga haqi bormikin?
XMT hamtovoqlari qatorida sobiq siyosiy mahkum A'zamjon Farmonov ham borligi esa yanada afsuslanarlidir.
Umuman olganda, xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi mavjud muammolarni bartaraf etish masalalariga bosh qo‘shgani yaxshi. Agar ularning hamkorligi manfaatlar emas, inson haqlari himoyasi asosiga qurilgan bo‘lsa, albatta.
Biroq XMT kabi faoliyatiga yolg‘on aralashtirgudek bo‘lsa, buningdek riyokor tashkilotning boridan yo‘g‘i.
Negaki, xalqaro tashkilotlar kelaveradi, ketaveradi. Ammo biz o‘zbekistonliklar o‘z quvonchu tashvishlarimiz, yutuq va kamchiliklarimiz bilan qolaveramiz. Yutuq ham bizniki, fojiamiz ham.
Malohat Eshonqulova,
mustaqil jurnalist va huquq faoli