Ko‘zqarash
16 may 2019

Mahmud Rajab – shoir, bor gap shu!

Haqiqatga qaysi tomonidan qarasang ham bir xil ko‘rinadi, deyishadi. Mahmud Rajab -shoir, yozuvchi, shu millatning chin bir fidoiysi, Matnazar Abdulhakimning xos shogirdlaridan – haqiqat shu! Ya'ni Mahmud Rajab shaxsida shu haqiqatni – shoir degan haqiqatni ko‘rish mumkin, qolgani – uydirma!!! Men Mahmud akaning shaxsini yaxshi bilaman, ijodini qadrlayman. She'r yo‘lida hamsafarlarmiz. Yana bir go‘zal shoirning adolatsizlikka yem bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaylik! Shoirlar qamoqxona va dorlarga emas, eng go‘zal yuraklarga salom berib kirib borsin, Xalqim!!! Mavridi bilan Mahmud Rajab she'rlaridan tuhfa etamiz.

Go‘zal Begim
Shoiraning feysbuk sahifasidan

BYeQARORLIK

O‘zgarmas qarorim beqarorlikdir,
Bir shoxada tura olmayman doim.
O‘tirib olganim shox quriyotsa,
Gullagan shoxlarga o‘zgarar joyim.

Yanada beqaror bo‘lurman battar,
Tarozi ustiga chiqmoqchi chog‘im.
Nisbiy bo‘lsa agar adolat, o‘lchov,
Ikki palladadir ikki oyog‘im.

AGARDA…

Eh, naqadar zerikarlidir,
Faqat haqiqatga ishonmoq.
Sevaman deb aldagin meni.
So‘ngra esa
Quchog‘ingda tutib qolmasang,
Yorilib o‘laman sevinchdan.
Og‘ushingdan joy so‘rarmidim
Bu dunyoga sig‘olganimda.

ILLYuZIYa

Terak tepasida o‘tirgan oyni,
Yashirib qo‘ymoqqa topdilar imkon.
Oy-ku etak bilan yopilmas, lekin,
Ko‘zni etak bilan yopmoq mumkindir.
Shamol kelayotir darg‘azab, chunki
Shamolga to‘nkadi
Terakni
Qimirlatib ketgan kimsalar.

TINChLIK SUVRATI

Miltiq ko‘tarilib
hurkitar birdan
Qanoti bor hamma narsani.
Qushlar talvasada uchar,
foydasiz,
O‘q baribir quvib yetadi.
Shunda birdan qaydandir kelib
Miltiqning uchiga qo‘nar ninachi.

VAHIMALI TUN

Zorlanib-zorlanib ma'raydi buzoq,
Go‘dak chirqiraydi beshikda.
Itlar uvillaydi qayg‘uli, uzoq,
Tovushlar lashkari eshikda.

Quvonch g‘oyib bo‘lgan bildirmay sekin,
Uzoqlarga qochib ketgandir uyqu.
Eshik tambalangan mustahkam, lekin
Bostirib kiradi xonaga qo‘rquv.

Mahmud Rajab

Tag‘in o‘qing
18 may 2018
Prezident Mirziyoevning umr yo‘ldoshi Ziroatxon Hoshimovaning Vashingtondagi Oq uyda tushgan fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ulardan birida O‘zbekistonning birinchi xonimi ...
7 may 2020
Sardoba suv ombori o‘pirilishidan zarar ko‘rgan aholi haqida reportaj qilish uchun Sirdaryoga borgan O‘zA muxbiri Anora Sodiqova 6 may ...
9 noyabr 2024
Kuzda ketib kuzda qaytdim sovet armiyasi safidan. Bizni armiya safiga oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limidan chaqirishgandi. Bu esa noodatiy ...
14 fevral 2017
Taqiq va cheklovlarga qaramasdan o‘zbek yoshlari nishonlaydigan «Sevishganlar kuni» haqida maqola yozgan o‘zbek jurnalisti Darmon Ibragimov bu kunga “bayram ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...