Video
11 sentyabr 2019

Ahmad Xorazmiy: Hofizligim haqida

Ibtidosida aytay, men shoir yoki bastakor, yo-da hofiz emasman. She'rga o‘xshagan bir narsalarni yozib, ularga o‘zimcha kuy bastalab, onda-sonda qo‘limda tor bilan xirgoyi qilgan vaqtlarim bo‘lgan, bundan ko‘pchilikning xabari bor.

“Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar”, deganiday bo‘lmasin deb, shu xirgoyini qilishgashda, 1974 yilda, aspirantlik yillarim “Yurtim Xorazm” ashulasini aytib, K.Otaniyozovning “Ilmingdan baraka top, mayli, bir yoningda adabiyot, bir yoningda san'at ham bo‘lsin”, degan duosini olganman.

Komiljon aka mening ijroimni eshitib bergan bu duosida mendan olim chiqsa-da, san'atkor chiqmasligini bashorat qilganday edi go‘yo.

Talabalikdan hozirgachada (70 yoshdan oshib ham) qo‘limda tor bilan xirgoyida bardavomman, shukur. Ayrim paytlari ustoz Komiljon akaning Xorazm lazgisiga muxammas bog‘lab aytganimda, ziyofat ishtirokchilari beixtiyor o‘yinga tushib ketgan paytlari ham oz bo‘lmagan.

Quyida xofizligim bilan bog‘liq, ayrim sarguzashtlarni siz san'atsevarlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman:

Talabalik yillarimda “Lyubit russkix” nomli she'r ijod qilganman. Unga gitarada muzika bog‘lab, paxtada aytganman. Shu-shu bu ashulani ko‘pchilik talabalar xirgoyi qilishadigan bo‘lgan.

Angliyaga kelganimdan keyin bekorchilikdan o‘sha ashulani gitarada aytib, yutubga qo‘ydim. Leningradda o‘qigan bir turkman do‘stimga bu ashula yoqib qolibdi va o‘z kursdoshi Jahon Pollievaga ko‘rsatibdi. U paytlar Jahon Pollieva Rossiya prezidenti Vladimir Putinning birinchi yordamchisi bo‘lib ishlardi.

Jahon Pollieva buni prezident Putinga ko‘rsatgan. Putin uni qayta-qayta ko‘rgan va qaysidir talantlar festivalida ham ko‘rsatishibdi.

Bu ashula 1970-yillarda ijod qilingan bo‘lib, yarim asrdan buyon har xil siyosiy sharoitlarda yashab kelayapti. Bir qarasam, bu ashula 2019 yilda «Eltuz»ning “Marhabo talantlar” xalqaro tanlovida ham ishtirok qilayapti ekan. Putinning, hatto Eltuz ibn Qudratning nazariga tushgan bu xirgoyi «Eltuz»ning xalqaro tanlovida ham yutib qolsa ajabmas, yo nasib.

1994 yilda “Xorazm bo‘lmasa netarding dunyo?!” nomli she'r yozib, unga kuy bastalab, ijro (xirgoyi) qilganman. Shundan keyin bu ashula shu darajada ommalashib ketdiki, bironta to‘y va tadbir usiz o‘tmaydigan bo‘ldi. Televizorda esa kunda-kunaro berardi.

Bir kun rayonda Boltaboy hofiz deb tanilgan xonanda uyga kelib, shu ashulani aytishiga ruxsat so‘radi. Masala bunday bo‘lgan ekan: Bog‘otdagi taniqli bir odamning to‘yida Bog‘otning “boss”laridan biri: “Hofiz, ashulani “Xorazm bo‘lmasa netarding dunyo»dan boshlang, aks holda sizga javob”, debdi va to‘ydan haydab yuborishibdi.

Xivaning 2500 yillik yubileyi tadbirining oxirida mehmonlar va rahbarlar uchun uyushtirilgan OAVsiz ziyofatda atoqli xonandalar bir juft, taniqli xonandalar bittadan ashula aytishgan.

“Komiljon soniy” deb tanilgan Qutlimurot Ko‘chakov “Xorazm bo‘lmasa netarding dunyo?!” ashulasini aytgan. Prezident Karimov uni eshitib: “Shu ashulani yana bir marta ayting”, degan. Ashulani takror eshitib, Xorazm hokimi I.Yusupovga: “Shoirni-da, hofizni-da unvonga taqdim qilinglar”, degan.

Shoir (kamina) Karimov rejimi dushmani ekani sabab bu masala qolib ketgan. Bechora hofiz ham mening kasrimga unvonsiz qolgan. Aks holda Muhammad Solihlar qolib, biz xalq shoiri bo‘lib ketarmidik…

Yaqinda bu ashulaga klip qilishibti va bu klip “xit” bo‘lishgada ulguribdi.

Bundan bir necha yil oldin shoir Xoldor Vulqonning “General Do‘stum” she'riga muhammas bog‘lab, ijro qilib yutubga qo‘ygandim. Bu ashula Britaniyadagi afg‘onlar orasida ommabop bo‘lib ketgandi.

Bu ashulani Eltuz.com sayti tegishli videolar bilan o‘z saytida “O‘zbek professori general Do‘stum haqida kuylaydi” nomi bilan e'lon qilganidan keyin uni minglagan odamlar tomosha qilibdi va bu ashula Afg‘anistongacha yetib borib, uni Do‘stum ham tomosha qilibdi.

General Abdulrashid Do‘stum joriy vaqtda Afg‘oniston Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti. U o‘zining Londondagi vakili Yahyo orqali menga tashakkur aytib, Afg‘onistonga yoki Turkiyaga mehmon (ko‘rishuv)ga taklif qilibdi. Karimovdan ola olmagan unvonni Do‘stumdan olsak, ne ajab…

Hadisda aytilgan: “Har foydadan bir zarar ham bordir”, degani asosida, Do‘stum haqidagi bu ashuladan quyidagicha zarar ham keldi.

Bir necha yillardan buyon Manchesterdagi “Al-Aqso” oshxonasidan ovqat olardim. Bu oshxonaning egalari afg‘onistonlik pushtun yigitlar bo‘lib, menga alohida izzat ko‘rsatishardi.

Bu ashula afg‘onlar orasida tarqalib ketganidan keyin: “Siz general Do‘stumni madh qilib ashula aytibsiz. U biz(pushtunlar)ga dushman. Uning kasofatidan biz bu yerlarda tentirab yuribmiz. Bu yerga boshqa kelmang, Do‘stumning ovqatini yeng”, deb meni haydab solishdi.

2006-2008 yillarda o‘zim yashayotgan shahardagi Stokport kollejida ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha talaba sifatida tahsil olganman. O‘sha paytlarda eski kasalim qo‘zib, ingliz tilida “British Beauty” (Britaniya go‘zali) nomli she'r yozib, unga kuy bastalab, xirgoyi qildim.

Bu ashula kollejda yashin tezligida tarqalib ketdi. Buni hatto kollej direktorlari-yu parlamentning ayrim a'zolari (MR) ham xirgoyi qilishadigan bo‘ldi. Ko‘pchilikning qistovi asosida turli tillarda o‘zim aytgan ashulalarning salkam bir soatlik kontsert dasturi sifatida “Ahmad hoji Xorazmiy kuylaydi” nomli DVD disk ham chiqdi.

Hamma yerdagi kabi Buyuk Britaniyada ham qo‘lingda hunar(talant)ing bo‘lsa, uni namoyon qilib, uch-to‘rt pul ishlashing mumkin. Buyuk Britaniyaning hozirgi bosh vaziri Boris Jonson bundan bir necha yil oldin London shahri hokimi bo‘lib ishlayotgan paytlari shapkasini yerga qo‘yib, gitarada ashula aytib pul ishlagan paytlari ham oz bo‘lmagan. Bu tafsilotlar “Metro” va boshqa gazeta va jurnallarda ham berilgan.

Qissadan hissa shuki, “British Beauty” (Britaniya go‘zali) ashulasi Stokportda xit bo‘lib yurgan paytlari men ham shaharning gavjum joyida boshqa xonandalar bilan bir qatorda turib, bu ashulani ayta boshladim.

Boshqa xonandalar oldida turganlar ham ularni tark qilib, chapak chalganlaricha meni olqishlab, eshita boshladilar. Bir pastda mening oldim pulga to‘lib ketdi.

Ahmad Xorazmiy shaxsiy arxividan

“Boyning dushmani boy bo‘lur, hofizning dushmani hofiz bo‘lur” deganday, boshqa hofizlar: “Mana bu hofiz hammamizni kasod qilayapti”, deb meni yomonladilar. Shahar rahbariyati menga: “Siz ashulangizni boshqa yerda ayting, aks holda boshqa hofizlarni och qoldirasiz”, deb meni bu yerdan haydashdi.

Xudo bergan talant(hunar)ni bandasi ola olmaydi. Hofizlikdan haydashsa, adiblik (shoirlik yoki yozuvchilik) qilaman. U yerda ham adiblar hasad qilib, kun bermasa, olim(professor)lik yoki shayxlik qilaman. Hech bo‘lmaganda, mardikorlik-da qilaman. Bekorga aytilmagan “Hunarli xor bo‘lmas”, deb.

Ahmad hofiz Xorazmiy
Feysbuk sahifasidan
Buyuk Britaniya, Stokport, 2019

Tag‘in o‘qing
9 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 48-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) «Sof san'at» fidoiylarining ...
9 dekabr 2017
Konstitutsiyaning 25 yilligiga bag‘ishlab 7 dekabr kuni qilgan chiqishida prezident Mirziyoev 2700 odamni avf qilganini bildirdi. «Hozir 57 ming ...
26 noyabr 2022
Nukusdagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi taklifi va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, namoyishlarda qatnashib O‘zbekiston muntazam armiyasi va ...
3 oktyabr 2023
Narpay tumani turg‘uni 7 sinf o‘quvchisi, Nurmuhammadov Umidjonni mahalla  raisi ayovsiz kaltaklab tashlaganini aytib, yordam so‘rab Eltuzga murojaat qildi. “Samarqand ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...