Yarim tunda otgan (t)ong manzaralari
(Muhammad Solih va Nurulloh Muhammad Raufxon suhbatlarini tinglab)
1980 yillar boshida rahmatli otam Madamin Bek bilan shoir Omon Matjonning uyida mehmonda bo‘lganimizda, u yerga biz kabi mehmon bo‘lib kelgan kishilardan biri Muhammad Solih haqida: «Solih zamonamizdan ancha oldinga o‘tib ketgan, biz hozir uni tushunmaymiz, ammo keyinroq uning zamoni keladi va odamlar uni tushuna boshlaydi», degan edi.
O‘zi bir zavod direktori bo‘lgan, ammo she'rga va she'r yozishga ishtiyoqmand bu odamning gapi meni hayratga solgandi o‘shanda.
Chunki men uchun Muhammad Solihning she'rlari shu paytgacha men o‘qigan shoirlarning she'rlari orasidagi eng tiniq she'rlar edi. Ammo yillar o‘tib, bu odamning gapida jon borligiga amin bo‘ldim.
«Tushunish» deganda bu odam ongli yoki «ongsiz» ravishda Muhammad Solihning she'rlaridagi uslub xususiyatlari yoki o‘zbek she'riyatiga u olib kirgan yangicha tashbih shakllarinigina emas, balki mutlaqo yangi bir ma'naviy pog‘onani, yuksaklikni ham nazarda tutganini angladim.
Haqiqatan ham, qariyb 30 yildan beri Muhammad Solih she'rlarining uning Vatanida taqiqlanib kelayotganini faqat shoirning siyosiy faoliyati bilan izohlash masalaga jo‘n yondoshuv bo‘lar edi. Bugun shoirning she'rlariga qo‘yilgan uzun zamonli bu taqiq faqat siyosiy emas, balki ma'naviy bir ildizga ham ega ekanligini anglash qiyin emas.
Ommaning ma'naviy ehtiyoji bozor laparchilari saviyasida bo‘lgan, ojizlarni, adolatni toptab, mansab kursisiga tirmashish doktrinasi va hirsga, boylik orttirishga yo‘naltirilgan hayvoniy istak mutlaq ustuvor bo‘lgan bir jamiyatda Muhammad Solihning she'rlariga ehtiyoj bo‘lmasligi tabiiy hol emasmi?
Shoir she'rlarini «siyosiy sabablarga ko‘ra» taqiqlagan o‘g‘rilar hokimiyatining o‘zi shu jamiyat ma'naviyati mahsuli emasmi?
Oldingi diktator I.Karimov o‘lganida «qalbimning quyoshi so‘ndi», deya yoqa yirtib yig‘laganlar va bugungi kunda bu qotilning izdoshiga madhiyalar to‘qiyotgan va hamdu sanolar aytayotgan qofiyabozlar «asarlari» jamiyatning asosiy yemishiga aylangan mintaqada M.Solih she'rlarining taqiqlanishidan va uning bunday jamiyatda sevilmasligidan ham mantiqliroq narsa bormi?
O‘zbek adabiyoti uchun qilgan ulkan mehnatlariga qaramay, na sovetlar paytida, na undan keyingi mustaqillik yillari davomida bironta mukofot yoki titul olmagan, mukofot olish u yoqda tursin, O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillaridanoq she'rlari taqiq ostiga olingan Muhammad Solih hanuz o‘zbek jamiyatiga kelajakdan kelgan bir o‘zga sayyoralik kabi begonaligicha qolmoqda.
Bu uning eng tabiiy ijtimoiy maqomidir. Umrining deyarli yarmi quvg‘inda kechganiga karamay, uning «Menga shunday bir taqdir yozgani uchun Allohga tinmay shukr qilaman», degan e'tirofi zamirida ham shu gizli hikmat yotadi.
Aslida M.Solih tarafidan olingan bu «begonalik» sovetlar davridayoq yaqqol ko‘zga tashlangan edi.
Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon bilan suhbatda Muhammad Solih sovet davrida yozgan maqola yoki nasriy asarlarida sovet atributikasi va timsollarini targ‘ib qilmagan nodir shaxsiyatlardan biri ekanligi aytildi va bu ham bir haqiqatdir.
Sovet rejimi va undan keyin kelgan postkommunistik rejim shoirni «hazm» qilolmasligi haqida shoirning o‘zi bunday bashorat qilgan edi:
«…Hamma uxlar. Uxlaydi barcha.
Yolg‘iz qolding darcha yonida-
Yolg‘iz hazm bo‘lmagan parcha
Ulkan qushning jig‘ildonida.
(«Uchoqda», 1981)
Ya'ni hamma uxlayotgan uchoqda bir kishi uyg‘oq, uyg‘oqligi uchun ham hazm qilinmagan (tirik), assimilatsiyaga uchramagan bir fard (shaxs) o‘tiribdi uchoqda.
Ayni timsol M.Solihning “Hali paydo bo‘lmadi janub” she'rida ham bo‘y ko‘rsatadi:
«Hali paydo bo‘lmadi janub,
Hali uxlab yotar kunchiqar.
Mening tongim otdi o‘rtanib,
Yarim tunda otib junjiqar.
Uyg‘ondingmi, iloj yo‘q hayhot,
Birdan ko‘zlar uyqudan tonsa.
Endi qo‘llaringni sen uyg‘ot,
Qulog‘ingni uyg‘ot, – sen tongsan…» (1979)
Bu she'rda ham «hammadan oldin» uyg‘onib, yarim kechada otgan tongga aylangan bir shaxs timsoli aks ettirilgan.
Faqat bir marta, «Guliston» jurnalining 1976 yilgi sonlaridan birida M.Solihning sovet ta'siridan «steril» tozaligiga qarshi bir mudohala qilindi: jurnalning o‘sha paytdagi muharriri Asqad Muxtor M.Solihning «NAMOYIShDA» nomli she'ri yakunida, shoirdan izn so‘ramay, «Lenin» degan so‘zni tirkab qo‘ydi.
Chunki sovet an'anasiga ko‘ra, namoyishlar hech qachon Leninsiz, sotsialistik inqilobning bu yo‘lboshchisi siymosisiz tasavvur qilina olmas edi.
NAMOYIShDA
Yelkansiz kemaday men kalovlanib,
Odamlar ichida boraman.
Turfa ko‘yliklarda tovlanib
Namoyishga oqar olomon.
Quyosh tekkach, turfa rang sachrab
Mening ko‘zlarimga yuqadi.
So‘ng chehra, bashara va yuzlar ichra
Sening siymong suzib chiqadi.
Albatta, shoir muharrirning bunday «tashabbus»idan qattiq ranjidi va unga keskin shaklda o‘z noroziligini bildirdi.
OZOD QUShNING «ERKATOY»LIGI
Shoirning sovet rejimiga mutlaqo yot, begonaligi haqida gapirar ekanmiz, ayni paytda, shunisi qiziq-ki, o‘zining maqolalaridan birida Muhammad Solih o‘z shaxsiga nisbatan «covet erkatoyi» degan jumlani ishlatganini ko‘ramiz. Tabiiyki, butun ruhiyati aksilsovet bo‘lgan bir ijodkorning o‘ziga nisbatan bunday sifatni berishi za'mirida yotgan achchiq kinoya va hatto zaharxandani ko‘rmaslik mumkin emas.
«Sovet erkatoyi» jumlasi aslida uning sovet rejimi tsenzurasining butun ”hushyorligi” va bosqilariga qaramay, she'rlarida doim o‘z dunyoqarashini ifoda eta olganiga ishora edi. Bu xususni shoir o‘z she'rida bunday ifoda qiladi:
ShYe'RIYaT SAN'ATI
Ayollar yuzidan buyuk inqilob
Sidirib tashlagan paranjilarni,
Afu eting, o‘zimcha ishlatdim shu tob –
Yupun so‘zlarimga kiydirdim barin.
«She'ring mavhum», deya qilmangiz piching,
She'r nozik paranji ichida yashar –
Uni ham sidirib tashlamoq uchun
Balki lozim bo‘lar yana bir Hashar.
(Inkilob)
1985
Ya'ni bu erkatoylik ozod bir qushning erkatoyligi edi. Kaltabin tsenzuraning «qush tili»ni anglamasligi bu erkinlik garovi edi, sovet rejimi hali erkin qush bilan o‘z manfaatlarining kesishayotganidan xabari yo‘q edi. Shoir esa allaqachon taqiq darvozasida teshik ochgan edi:
TAQIQ DARVOZASI
Yumgan bo‘ldim yolg‘ondan ko‘zimni,
Uyqu dori soldim shuur og‘ziga.
Va sekin yetaklab bordim o‘zimni
Taqiqning naqshinkor darvozasiga.
Qo‘lim darvozaga qo‘yganim zamon,
Yoqamdan ushladi nogahon hayrat:
Unga tashdan tamba urilgan ekan
Devning hassasiday bahaybat!
Darvoza ortida esa meningdek,
Kimdir nafas olar, kimligin bilmam…
-Nahot, tambalangan,- deya qotdim tek,-
Bu sho‘rlik darvoza u yog‘idan ham?!
1983
Yana shuni ta'kidlash lozimki, shoirning bunday “erkatoy”ligi o‘z asarlari uchun sovet davlatidan qo‘sh-qo‘sh medal va ordenlar olayotgan «qahramon» sovet yozuvchilarning erkatoyligiga diametral teskari mohiyatdagi erkatoylik edi. Bu erkatoylarning birinchisi Ruh, ikkinchisi Rejim erkatoylari edi.
Va bu «erkatoylik»ning yana bir muhim jihati shunda ediki, unda sovetlarning nishondor erkatoylarida ko‘zga tashlangan qul zehniyatiga xos mutelik, ya'ni Mas'uliyatsizlik emas, balki ozod bir insonga, buyuk bir iste'dodga xos bo‘lgan ulkan bir Mas'uliyat zohir edi. Bu San'at, So‘z, Ma'naviyat, Xalq va Haq oldidagi mas'uliyat edi.
ShYe'RNING TARJIMAI HOLI
She'rning o‘z tarjimai holi bor, bu tarjimai hol shu she'r muallifining tarjimai holidan ancha kattaroqdir. Chunki she'r yozilib, nashr qilinganidan so‘ng u shu she'rni o‘qigan va sevgan butun boshli bir xalqning tarjimai holiga aylanadi, ya'ni xalq bu she'rni YaShAYDI – she'r bevosita va bilvosita qaysidir ma'noda millionlarning hayot tarziga do‘nadi. Bunday miqyosdagi she'rni o‘zgartirish huquqi, ruhoniy huquq, menimcha, hatto muallifning o‘ziga ham berilmagan…
Muhammad Solihning o‘z she'rlaridan birini, «U birdan o‘zini baxtiyor sezdi” she'rini bir fotosuratga moslab o‘zgartirganini ko‘rganimda boshimdan shunday fikrlar kechdi va ayni paytda shoirning «Shaffof uy» she'rida ifoda qilingan, muayyan bir yuksaklikdagi shaxsning hech qachon o‘z shaxsiy hayoti bo‘lmasligi, u muhaqqaq ravishda doim el ko‘zi o‘ngida qolishga mahkumligi haqdagi obrazni esladim.
Muhokamamiz mavzui bo‘lgan she'rning asl matni quyidagiday edi:
U BIRDAN O‘ZINI BAXTIYoR SYeZDI
U birdan o‘zini baxtiyor sezdi –
Yuragi kapalak singari yengil.
Uning hazil qilgisi keldi,
Aldagisi keldi uning kimnidir.
Cho‘ntagiga nonning ushog‘in solib,
Xiyobonga bordi. U yerda
Daydi kabutarga non berayotib,
Sekin shivirladi: «Men – boyvachchaman!»
1978
Bu she'r 1970 yillarda o‘zbek she'riyatida chop etilgan eng tanilgan she'rlardan biridir. She'r shunisi bilan favqulodda va yangi ediki, bu she'rning na shaklida, na unda ifoda qilingan kayfiyatda, na «fabula»da o‘sha paytda o‘zbek sovet she'riyatida udum bo‘lgan she'riy «poza»ni – muallif zimmasiga yuklangan “ijtimoiy-siyosiy yuk” og‘irligi va jiddiyatidan chimirilgan qoshlarni (shoirda yoki she'rda) topish mumkin edi.
Xuddi matnda aytilgani kabi «kapalak yengilligi» bor edi bu she'rda. Bu zanjirdan mosuvo ruhning hafifligi edi.
Endi bu she'rni she'r yozilganidan roppa-rosa 40 yil o‘tganidan so‘ng «Feysbuk»da shoir bizga taqdim etgan yangi bir shakl va zaminda, yangi personajlar ishtirokida ko‘ring: kaptar o‘rnida – oqqush, xiyobon o‘rnida – ko‘l, ko‘l bo‘yida esa oqqushga don berayotib, «Men boyvachchaman», deyotgan shoir.
She'rning bu ko‘rinishida yo‘qotilgan narsalar: mag‘rur oqqushda – kaptar xokisorligi, muhtasham ko‘lda – xiyobon ma'yusligi, ko‘l bo‘yida o‘tirgan shoir tasvirida esa avvalgi matnda shahar xiyobonida yolg‘iz kezib yurgan shoir obrazida mavjud bulgan Faqirlik ifodasi yo‘q.
Umid qilamizki, shoir keyinroq she'r ustidan (va aytish mumkinki, shoirning ko‘plab muxlislari tuyg‘ulari ustidan ham) rasmga moslab o‘tkazilgan bu «eksperiment»dan voz kechib, uni eski holida qoldirgan, negaki bu matn keyinroq internetda ko‘zga tashlanmadi.
Ijodi xalq manaviyatining bir qismiga aylangani tufayli o‘z ijodiga «tuzatishlar» kiritish huquqidan mahrum bo‘lish, menimcha, ijodkor orzu qilishi mumkin bo‘lgan eng katta mukofotlardan biridir.
ShOIR VA UNING SO‘ZI
Muhammad Solih asarlari o‘zining butun maksimalizmi, romantizmi bilan va hukmron sovet voqeligiga mutlaq begona bo‘lganiga karamay, sovet davri o‘zbek adabiyotida shu paytgacha yozilgan eng realistik, hayotiy asarlardan bo‘ldi.
Uning har qanday ijtimoiy buyurtma, «siyosiy yuk»dan, ya'ni nosamimiylikdan xoli she'rlari o‘zbek she'riyatiga uzoq yillardan beri unut bo‘lgan tabiiylikni, tiriklikni qaytardi. O‘zbek kitobxonini voqelikka, sovet rejimi sun'iy ravishda bunyod etgan sovet voqeligiga emas, balki umumbashariy voqelikka qaytardi.
Muhammad Solih shaxsi misolida jamiyatda shu paytgacha «shoirning hayoti o‘z yo‘liga, uning yozganlari o‘z yo‘liga» qabilidagi hech qaerda e'lon qilinmagan, ammo hamma tomonidan jimgina qabul qilingan tushunchaga qarshi bir muqobil, bir alteranativ paydo bo‘ldi: jamiyatdagi yangi shoir obrazi endi ilgarigiday savdoyi, tarki dunyo qilgan darvish, so‘zining o‘ziga aloqasi yo‘q bir bangi ilhom bandasi emas, balki o‘z so‘zining orqasida turgan va uning mas'uliyatini o‘z zimmasiga olgan bir realist, ammo ayni paytda sobit bir idealist sifatida namoyon bo‘ldi.
Ya'ni jamiyat Muhammad Solih ijodi o‘rnagida favqulodda bir ma'naviy maqom, chin ma'nodagi So‘z mas'uliyati maqomi bilan yuzma-yuz keldi.
O‘zbek jamiyatida yangicha ma'naviy kategoriyalar bilan maydonga chiqqan shoir o‘z zimmasiga olgan So‘z mas'uliyatini quyidagi satrlarda ifodlaydi:
SO‘NGGI IMKON
Goho quvonch kirar yurakka:
Menda axir imkon bor hali
«She'r – sevgi» deb aldamaslikka
Ozodlikni sevgan insonni!
Bisotimda imkon bor, axir –
Qalamni sindirish imkoni!
1975
Yozar ekan, hayotidagi eng so‘nggi so‘zini aytayotganday yozish, aytadigan so‘zi qolmaganida esa so‘zni to‘qishdan, o‘zini ham, o‘quvchini ham aldashdan tiyilish, ya'ni qalamni sindirish imkoni borligi shoirga ulkan ruhiy ko‘tarinkilik, ilhom va nekbinlik baxsh etadi.
Bu maksimalizm, bu ruhiy holat uning kundalik hayotida ham aynan shu tarzda ro‘y ko‘rsatdi.
Sovet davrida va, umuman, aksariyat davrlarda So‘z va Hayot o‘rtasidagi farq Hayot va Mamot o‘rtasidagi farqday katta bo‘lgan. Hamma ham gapirganiday yashab, yashaganiday gapira olmagan.
Muhammad Solihning So‘zi va uning Hayoti o‘rtasida tafovut bo‘lmaganini ko‘rsatuvchi shunday bir ibratli voqea haqda shoirning do‘stlari menga gapirib bergan edi.
Muhammad Solih o‘z ishlari bilan Moskvaga borib, u yerdagi mehmonxonalardan birida turgan paytida u yerdagi oshxonada xizmat qiluvchi bir oshpaz yigit bilan boshqa bir odam o‘rtasida janjal chiqadi va asli kasbi qassob bo‘lgan bu yigit janjallashgan odamning bo‘yniga ulkan bir qassob pichog‘ini tirab, uni garovga oladi.
Voqea bo‘layotgan joy – mehmonxona koridoriga tumonat odam to‘planib, hech kim ko‘zi qonga to‘lgan bu odamning yoniga borib, garovga olingan odamni qutqarishga jur'at qilolmay turgan paytda o‘z xonasida she'r yozib o‘tirgan Muhammad Solih shovqin-suronni eshitib, koridorga chiqadi va yuqorida bayon etganimiz mudhish sahnani ko‘radi. Mehmonxona koridoriga gilamlar to‘shalgani uchun shoir oyog‘iga shippagini kiyishga ham hafsala qilmay, oyoq yalang holda hayot-mamot o‘yini ketayotgan joyga qarab yuradi.
Odam o‘ldirishga tayyor turgan qassob qo‘lidagi pichoqni garovga olingan odamning bo‘yniga tiqib yubormasligi uchun shoir juda sokin va ehtiyotkor harakat qilib, unga yaqinlasha boshlaydi va o‘rtada bir yarim metrcha qolganida birdan qassobga tashlanadi va chakkasiga kalla urib, uni yerga qulatadi va hushidan ketgan qassobning qo‘lidagi pichoqni olib, garovga olingan odamni qutqaradi…
Shoir o‘z hayotini tahlika ostiga qo‘yib, boshqa bir odamning hayotini qutqarish singari bir qahramonlik qilishdan bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa oldin eng nozik tuyg‘ularga to‘la she'riy satrlar bitib o‘tirgani – shoirning She'ri va uning Hayoti o‘rtasida hech qanday masofa yo‘qligini namoyon qiladi.
Bu dramatik voqea shoirning ilk she'rlaridan birini esimizga soladi:
BIR BOR EKAN, BIR YO‘Q EKAN
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan,
Qadim zamonlarning birida
Bahodir o‘tgan ekan…
Qora o‘rmonlarning bag‘rida
Arslon yashar ekan bahaybat…
Buvi! Nega bahodirlar hammasi
Faqat qadim zamonlarda o‘taveradi?
Arslonchi, qani o‘sha arslon, Buvijon?
Nega u yarim tunda, g‘aflatda yotgan
Meni uyg‘otmaydi, Na'ra tortmaydi?!
1976
Ya'ni shoir qahramonlar faqat ertaklardagina bo‘lishiga hech rozi bo‘lmagan, So‘z va uning amaldagi ijoboti shoir ma'naviy dunyosi uchun doim muhim bir jihat bo‘lgan.
Shoirning «Oq ko‘ylaklar» she'riy to‘plamida chop etilgan quyidagi she'rda ham shoir So‘zi va uning Hayoti mustahkam bir bog‘-la bog‘langanini ko‘ramiz:
SO‘Z DARDI
«…Qog‘ozdan men qo‘rqib o‘sdim.
Shu bois, tunlarim befayz.
Sen-chi, qo‘rqmaysanmi, do‘stim
Tunda, qog‘oz bilan yuzma-yuz?
Ko‘z yoshingga botirib qalam,
Qo‘rqinchli emasmi bo‘zlamoq,
Oq qog‘ozning yuziga qarab
Faqat haqiqatni so‘zlamoq?
Qo‘rqinchli emasmi, chiroq atrofida
Badbashara so‘zlarning raqsi,
Qog‘oz – ko‘zgu, titramaysanmi
Unda paydo bo‘lsa o‘z aksing?
O‘layotgan odam labiga
Ko‘zgu tutgan kishi kabi, vahm
Bosmaydimi, ko‘zguni tutsang
Haqiqatning labiga sen ham?..
Nihoyat kim dardingdan kulsa
Va seni bu qog‘ozdan, So‘zdan –
Qo‘rqinchingdan ayirmoq bo‘lsa,
Qo‘rqinchli emasmi senga?…»
DAVRNI IKKIGA BO‘LGAN JAHD
(”O‘zbek adabiyoti Muhammad Solihsiz o‘zbek adabiyoti bo‘lolmasligini bilganlari holda O‘zbekistonda Muhammad Solih haqda lom-mim deyishmaydi”. Rauf Parfi. «Ozodlik» radiosi)
O‘zbek adabiyoti 1970 yil o‘rtalaridan to 1990 yilgacha bo‘lgan qisqa bir muddat ichida oldinga qarab juda ulkan bir odim tashladi va, hech shubhasiz, o‘zbek adabiyotining bu ilgarilashidagi markaziy rol Muhammad Solihga oid edi. Muhammad Solih adabiyot maydoniga kirib kelganida «klassik»likni iddao qilgan keksa kommunist yozuvchilar «Bu bola bizning adabiyotimizni yo‘q qilmoqchi», deya ayyuhannos soldilar. Muhammad Solih esa ularga: «Qo‘rqmang, men sizning adabiyotingizni yo‘q qilolmayman», deb javob berdi. Chunki zotan, ularning kommunistik, soxta adabiyoti yo‘qlikka mahkum bo‘lgan adabiyot edi.
Muhammad Solihning she'rlari o‘sha davr uchun shu qadar yangi ediki, hatto uning tengdoshi va do‘sti bo‘lgan shoirlardan ba'zilari «bular she'r emas», deyishgacha borishdi. Ammo oradan bir necha yil o‘tgach, o‘zlari inkor qilgan bu asarlarning she'r, she'r bo‘lganda ham o‘zlari ilgari hech tasavvur qilolmagan yuksaklikdagi she'r namunalari ekanligini tan olishdi.
Muhammad Solih she'rlarining o‘sha davr uchun naqadar yangi, favqulodda asarlar bo‘lganiga doir yana bir voqeani eslayman. 1980 yil boshlarida, Moskvadagi Adabiyot institutida o‘qib yurgan kezlarimda institutga o‘sha yerda harbiy xizmatni o‘tab, uyiga, O‘zbekistonga qaytayotgan bir askar bola keldi. U o‘zining she'r yozishga qiziqishini va Muhammad Solih she'rlarini sevishini aytib qoldi, shunda men unga Muhammad Solihning yaqindagina nashrdan chiqqan «Oq ko‘ylaklar» kitobini ko‘rsatdim.
U kitobni qo‘limdan olib, yarim soatcha kitobga mukkasidan ketib o‘qidi va keyin birdan o‘rnidan sakrab turib, ko‘zlarida vahshiy bir hayajon bilan: «Mana shu she'rlarni yozgan odam bizning zamonamizda yashayaptimi-a? Shu odam biz bilan bir havodan nafas olayapimi-a?» deya uzundan-uzun xitoblar qildi, va'z o‘qidi. Bu kishi hozir O‘zbekistonda ancha tanilgan shoirlardan biri.
Bugungi kitobxon o‘zbek she'riyatining va, umuman, o‘zbek adabiy-falsafiy tafakkurining bugungi saviyasini xuddi shunday bo‘lishi kerakday, bu bir normal, kundalik adabiy jarayon samarasi singari qabul qiladi va bunda bir hayratlanarli narsa ko‘rmaydi.
Aslida esa bu 15 yillik davr ichida o‘zbek adabiyotida mislsiz bir yuksalish yuz berdi, xususan, Muhammad Solih shaxsi va uning ijodi namunasida o‘zbek kitobxoni va xalq aql bovar qilmas kuchli bir ruhiy safarbarlikka, ya'ni Jahdga guvoh bo‘ldi.
Ishonamanki, kelgusida 20-asr o‘zbek adabiyotini o‘rganuvchi zakiy tadqiqotchilar bu davr adabiyotini ikkiga bo‘ladilar: birinchisi, Muhammad Solih adabiyotga kirib kelguncha bo‘lgan davr va ikkinchisi – u adabiyotga kirib, o‘z faoliyatini boshlagandan keyingi davr. Albatta, ba'zilarga bu fikr juda iddaoli eshitilishi mumkin, ammo adabiyotni chuqur anglagan va uning taraqqiy etish qonuniyatlarini bilgan olimlar buni hech inkor etolmaydilar.
MAQSUD BYeKJON
04.12.2019
Eltuz.com