Vaqt mashinasi
31 avgust 2020

Buxoro amirligining barham topishi

Rossiya imperiyasining O‘rta Osiyoni bosib olishida Buxoro amirligining roli katta bo‘lganini hech kim inkor qila olmasa kerak. Uchta xonlikdan birinchi bo‘lib bo‘ysundirilgani ham aynan Buxoro amirligi edi.

Amir Muzaffarning kaltabin siyosati va zaifligi natijasida Buxoro amirligi Rossiya imperiyasining vassaliga, ya'ni yarim mustamlakasiga aylanib qolgani sir emas.

Amir Muzaffarning o‘zi ham, o‘g‘li Said Abdullahadxon ham, nabirasi, Buxoroning oxirgi amiri Said Olimxon ham Chor Rossiyasiga sidqidildan xizmat qilgani ham bor gap.

Bugungi maqolamiz Buxoroning oxirgi amiri Said Olimxon va nafaqat Buxoroning, balki butun Turkiston o‘lkasining eng yangi ilg‘or kuchlari bo‘lgan jadidlar – Yosh buxoroliklar o‘rtasidagi kurash haqida bo‘ladi.

Dastlab Buxorodagi siyosiy ahvol haqida. Rossiya imperiyasi Buxoro amirligini vassal sifatida saqlab qolgan bo‘lsa-da, uning maqomi Polsha, yoki Finlyandiya muxtoriyati maqomidan ham past edi.

Amirlik nafaqat iqtisodiy-ma'naviy tomonlama, balki hududiy-harbiy jihatdan ham o‘rab olingandi. Rus armiyasi istalgan payti Samarqand-Kogon temir yo‘l uzeli yoki shimoldan keladigan Chorjo‘y yo‘nalishi orqali o‘z armiyasini Buxoroga tezlik bilan olib kelish imkoniga ega edi.

Janubdan esa Amudaryo orqali daryo flotiliyasi bilan bemalol zarba bera olardi. Xullas, Buxoro amirligi go‘yoki qurshovda edi. Bu ham yetmaganiday, Buxoro amirining valiahd shahzodalari Rossiya imperiyasining poytaxti – Peterburg harbiy maktablarida o‘qitilishi ham shart qilib qo‘yilgandi.

Mang‘itlar sulolasining oxirgi vakili Said Mir Muhammad Olimxon (1880-1944) Said Abdulahadxonning o‘g‘li edi. U 1880 yil 3 yanvar kuni Buxoroda tug‘ilgan. Olimxon Buxoro madrasalarida tahsil olgan. O‘n uch yoshida uni otasi Peterburgga davlat va harbiy ishlarni o‘rganishi uchun o‘qishga yuboradi.

1893 yildan to 1896 yilgacha Sankt-Peterburgdagi Nikolaevsk harbiy kadetlar korpusida tahsil oladi. Said Olimxon kadetni xorunjiy unvonida tamomlagach, imperator ayonlari qatoriga fligel-ad'yutant bo‘lib qo‘shiladi.

Said Olimxon Peterburgda imperiyadagi juda ko‘p aslzodalarning bolalari bilan tanishib do‘stlashadi. Amir Olimxon o‘zbek va fors tillaridan tashqari rus tilini mukammal bilgan. Shuningdek, qisman arab va ingliz tillarini ham.

Buxoroga 1896 yilda qaytib keladi. 1898 yildan Qarshiga bek (hokim) qilib tayinlanadi. O‘n yil Qarshiga beklik qilgach, 1908 yildan Karmana begi bo‘ladi.

Otasi Abdulahadxon vafot etgach, 1910 yil 4 dekabrdan Buxoro taxtiga o‘tiradi. Rossiya imperatori Nikolay II shaxsan Said Olimxonga tabriknoma yo‘llagan.

Said Olimxon zamondoshlari nazdida ajdodlari kabi o‘lguday xotinboz va qonxo‘r amir sifatida e'tirof etiladi. Aslida qanday edi bu amir?

Chindan ham Said Olimxon zaif va nochor amirligicha qolgan. Uning zaifligi Buxoroning asrlar davom etgan chirkin feodal monarxik tuzumini o‘zgartira olmagani va hatto o‘zgartirishga harakat ham qilmaganida edi.

Peterburgda Yevropacha ta'lim olgan, ilg‘or ijtimoiy tuzumni ozmi-ko‘pmi ko‘rgan odam nega o‘z vatanining ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga turtki bera oladigan islohotlar o‘tkaza olmaganiga faqat ajablanish mumkin, xolos.

Xiva xonligiga qarshi sovuq siyosat yuritganida ham Rossiyaning yashirin siyosatini ko‘rish mumkin. Buyuk Britaniya, Afg‘oniston, Eron va Usmoniylar Turkiyasi bilan iliq diplomatik munosabatlari, jadidlar faoliyatining dastlabki davrida to‘sqinlik qilmagani tahsinga loyiqdir.

Ammo u baribir Rossiya imperiyasining sadoqatli quli bo‘lib qolgandi. Imperiya ham uning ichki siyosatdagi kirdikorlariga ko‘z yumgan va xizmatlarini doimo taqdirlab kelgan.

Amir Olimxon 1909 yildan rus armiyasi polkovnigi va imperator fligel-ad'yutanti, 1911 yilda rus armiyasi general-mayori, 1915 yilda rus armiyasining general-leytenanti va general-ad'yutanti bo‘ladi.

Amir Olimxondan tashqari Rossiya imperiyasining o‘zbeklar ichidan chiqqan yana bir generali bo‘lgan. U Mirhaydar Qosimovich Mirbadalov (1860-1938) edi.

Mirbadalov Amir Olimxondan yigirma yosh katta bo‘lib, Orenburgda tug‘ilgan. Asli kelib chiqishi buxorolik bo‘lgan savdogarning o‘g‘li Mirbadalov yoshligidan Rossiya mustamlakachilari xizmatida edi.

1880 yildan markazi Samarqand bo‘lgan Zarafshon okrugi Kattaqo‘rg‘on bo‘limida Turkiston general-gubernatorligi kantselyariyasida tarjimon bo‘lib ishlaydi. U imperator siyosiy agentligining rus tilidagi hujjatlarini O‘rta Osiyo tillariga tarjima qilardi.

Mirbadalov sekin-sekin ruslasha boradi. U Buxoro fuqaroligidan chiqib, Rossiya fuqaroligini olgan. Uning bu ishini Buxoroda hech kim xoinlik deb bilmagan, negaki mamlakat hukmdorining o‘zi ham ruslar xizmatida edi-da, qanday qilib uni xoin hisoblasinlar?!

Ammo Mirbadalov Amir Olimxondan farqli o‘laroq, Buxoro jadidlari harakatiga xayrixoh bo‘lgan. Hatto jadidlar tomonidan tashkil etilgan “Buxoroi sharif” gazetasida bir muncha vaqt muharrirlik ham qiladi.

Rossiya imperiyasi hukumati Mirbadalovni 1890 yilda III darajali “Avliyo Stanislav” ordeni, 1897 yilda III darajali “Muqaddas Anna” ordeni, 1904 yilda esa II darajali “Avliyo Stanislav” ordenlari bilan taqdirlaydi.

Buxoro amirligi hududidagi sunniy va shia mazhabi ixtiloflarining oldini olishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun rus armiyasining general-mayori unvoniga sazovor bo‘ladi. Buxoro xalqi orasida ham Mirbadalovning obro‘si ancha baland edi.

1917 yilda Buxori amiri Said Olimxon Mirhaydar Mirbadalovga iste'fo berib yuboradi. Olimxon o‘z davlatida ikkita generalning bo‘lishiga toqat qilolmagan bo‘lsa kerak.

Mirbadolovning Britaniya siyosiy emissari, leytenant F.Beylini qutqarishda ham xizmati katta bo‘lgan. Qizil bolsheviklar Buxoroni olgach, majburan Buxoroni tark etib, Eronga emmigratsiyaga ketadi.

Mirbadalov Eronning Mashhad shahridagi millatlar ligasida Nansen qo‘mitasida faoliyat yuritadi. Bu yerda ham Mirbadalov Turkistondan kelgan juda ko‘p siyosiy qochqinlarga ko‘mak berib turgan.

Umrining oxirigacha bolsheviklarga muxolifatda bo‘lgan Mirhaydar Mirbadalov 1938 yilda 2 yanvar kuni Mashhad shahrida vafot etadi. Buxoro amiri, rus armiyasining yana bir generali Said Olimxon ham qochqinlikda Afg‘onistonda 1944 yilda dunyodan ko‘z yumgan.

Amirlikning qulashi tarixiy adolatli jarayon edi. Yangilanishni xohlamagan har qanday eskilik albatta qulashi tabiiydir. Amir Olimxonning eng katta xatosi eski feodal tuzumga, reaktsion ruhoniylarga, zamindor va chorvador boylarga tayangani bo‘ldi.

Amir jadidlarning ilg‘or g‘oyalarini, Yosh buxoroliklarning ezgu maqsadlarini anglamadi, ularni o‘ziga dushman deb bildi. U mutlaq monarxiyani saqlab qolishni istadi, buning esa yangi kuch – bolsheviklar imperiyasi chegaralarida imkoni yo‘qligini fahmlay olmadi.

Amir ilg‘or kuchlar yordamida Buxoro amirligidagi barcha qatlamlarni birlashtirish zarurligini tushunib etmagandi. Qisqasi, xatolari juda ko‘p bo‘ldi.

Yosh buxoroliklar harakatiga qarshi reaktsion siyosatni qo‘llab-quvvatladi, amirlik aholisi ham qashshoqlik, og‘ir soliqlar, chirkin feodal odatlardan ezilib ketgan va shuning uchun amirlikni himoya qilishni unchalik ham xohlamas edi.

Amirning yana bir xatosi fuqarolar urushida qizillardan yengilib, Buxoroga qochib kelgan oq gvardiyachi ofitserlarga boshpana berishi bo‘ldi. Bu bilan u bolsheviklarning battar g‘ashiga tegdi.

Amir tashqi siyosatda ham, ichki siyosatda ham durustroq fikr yurita olmadi. U na bolsheviklar bilan sulhga kela oldi, na bolsheviklarga qarshi chet mamlakatlar bilan harbiy-siyosiy ittifoq shakllantirdi.

1920 yilda bolsheviklar barcha frontlarda g‘alaba qozona boshlaydi hamda Rossiya va Turkiston o‘rtasidagi aloqalarni tiklab olishga muvaffaq bo‘ladi.

Farg‘onadagi ozodlik harakati (bosmachilar) rahbarlaridan biri Madaminbekni o‘z taraflariga og‘dirib olgach, vodiyda ham g‘alaba qiladilar. 1920 yil yozida esa Xiva xonligini ag‘darib tashlab, Xorazm Xalq Sotsialistik Respublikasini tuzadilar.

Sovet Rossiyasiga Turkiston hududida bo‘ysunmagan faqat Buxoro amirligi qolmoqda edi. Said Olimxon bolsheviklar xavfini yaxshi anglab turardi. U 1920 yilning fevral oyida mamlakatda umumiy safarbarlik e'lon qiladi, biroq u barcha ichki kuchlarni birlashtira olmagandi. Amirlik ichida katta muxolifat kuch – Yosh buxoroliklar harakati tomir otgandi.

Bolsheviklar esa aksincha, barcha kuchlarni amirga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ladilar. Amir Olimxon 30-35 ming atrofidagi qo‘shinni qurollantirishga erishadi, ammo ulardan bor yo‘g‘i 8725 piyoda, 7580 ta otliq doimiy qo‘shin hisoblanardi, qolgani jangovar tayyorgarligi juda past darajadagi askarlardan iborat edi.

Artilleriyaning ahvoli ham havas qilarli darajada emasdi. Zamonaviy 23 zambarak va 14 ta pulemyot bo‘lib, qolgan 32 ta zambaragi eski rusumdagi, XIX va hatto XVIII asrga taalluqli edi.

Amir o‘z armiyasini ikki qismga bo‘ladi. Doimiy professional armiyasini poytaxti – Buxoro himoyasiga, yigirma yetti ming kishilik armiyani Kitob va Shahrisabzdagi Taxtiqoracha dovoniga qo‘yadi.

Maqsad Samarqanddan keladigan bolsheviklar xavfidan G‘uzor va Termiz yo‘llarini himoyalash edi. Chorjo‘y yo‘nalishi va Amudaryodan keladigan xavf unchalik etiborga olinmaydi.

Qizil armiya esa 7000 piyoda, 3000 otliq, 40 ta zambarak, 8 ta zirhli avtomobil, 5 ta zirhli poezd, Amudaryoda bir nechta kichik kema, 11 ta samolyotni  o‘zida mujassam qilgan mobil armiyaga ega edi.

Bolshevik askarlar rus-yapon, 1-jahon urushi janggohlarida, fuqarolik urushi maydonlarida toblangan professional jangchilardan iborat edi. Armiya bosh qo‘mondoni ham iste'dodli sarkarda, atoqli bolshevik Mixail Vasilevich Frunze edi.

Tan olish kerak, amirning o‘zi ham, uning armiyasi zobitlari ham Frunzedan harbiy iste'dodda ancha past pog‘onada turganlar. Frunze asosiy zarbalarini amirlikning strategik muhim punktlari – Buxoro, Shahrisabz, G‘uzorga qaratadi. Chorjo‘yda qo‘zg‘olon ko‘tarib, amirni chalg‘itadilar.

Bolsheviklar Chorjo‘y-Qorako‘l, Samarqand-Kogon temir yo‘l uzellariga etibor qaratgandilar. Bu oqilona manyovr bo‘lib, temir yo‘l orqali armiyani tezlik bilan kerakli joyga kerakli vaqtda yetkazib borish mumkin edi.

Buxoro amiri harbiy shtabi o‘z imkoniyatlarini hisobga olmagan ko‘rinadi, 4-5 mln aholisi bor, keskin kontinental iqlimga ega, qarshilik ko‘rsatish uchun qulay relef, geografik potentsialdan foydalana olmaydi.

1920 yil 25 avgust kuni Turkiston fronti buyrug‘i bilan “Buxoroning qardosh xalqi”ga revolyutsion yordam berish bahonasida urush boshlanadi. Chorjo‘y Buxoro amiriga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi.

28 avgust kuni qizillar Chorjo‘yni egallab, yuqori Amudaryo bo‘ylab yurishni boshlaydilar. 31 avgust kuni Amudaryo bo‘yidagi barcha strategik punktlar egallab bo‘lingandi. Endi amirga tashqi kuchlar yordami ham (Afg‘oniston, Eron) kesib tashlangandi.

Kogonga to‘plangan qizil armiyaning asosiy kuchlari 29 avgust kuni Buxoroga hujum boshlaydilar. Kogon guruhiga kiruvchi qizillar 2 ta kolonna bilan Buxoroga hujum qiladi.

Bular 10 va 12-tatar o‘qchilar polki, 1 ta kavaleriya polki, 4 ta zambarakli rota, zirhli avtomobil otryadi, zirhli poezd Buxoroning Qarshi darvozasiga qarab hujumga boradilar.

Qizillarning ikkinchi chap kolonnasi 1 ta musulmon o‘qchi polki, 1 ta o‘qchi va 1 ta kavaleriya polki, 2 ta zambarakli rota g‘arbroqdan Qorako‘l darvozasiga hamla qiladi.

Bolsheviklarning birinchi kungi hujumi Buxoro himoyachilari tomonidan qaytarilibgina qolmay, hatto amir armiyasi qarshi hujumga ham o‘tadi. Ammo qizillar amir armiyasining qarshi hujumini tezda qaytaradi.

Hujumning 2-kuni, 30 avgustda ham qizillar Buxoroni ololmaydilar. 31 avgust, Buxoro jangining uchinchi kuni Qorako‘ldan qizil komandir G.V.Zinovev katta qo‘shin bilan yetib keladi.

Qizillar Buxoroni to‘plardan qattiq o‘qqa tutadilar. Aviatsiya esa osmondan Buxoroni bombardimon qilib turadi. Bolsheviklar Buxoroga qarata 12000 ta snaryad otadilar, bu ham kamlik qilganiday, kimyoviy bomba bilan ham o‘qqa tutgan ekanlar.

Buxoro amiri Said Olimxon shu kuni, 31 avgustda shahardan yashirincha chiqib, mingta sarbozi bilan G‘ijduvonga qarab qochadi. Bolsheviklar 1 sentyabr kuni Qarshi darvozasidan yorib o‘tib, Buxoroga bostirib kiradilar.

Qizil komandir Zinovev amirni Qarshigacha quvib boradi. Keyinchalik amir Afg‘oniston hududiga qochib o‘tib ketadi. 2 sentyabr kuni Frunze bolsheviklar dohiysi – Leninga g‘alaba telegrammasini yo‘llaydi.

Unda Frunze: “Eski Buxoro qo‘rg‘oni qizil buxoroliklar va bizning qo‘shinlar kuchi yordamida hujum bilan olindi. Buxoroning oxirgi zulmatli va qora kuchlari tayanchi bo‘lgan maskanda inqilobning qizil bayrog‘i hilpiramoqda”, deb yozgandi.

Shunday qilib, Turkistondagi oxirgi mustaqil davlat ham barham topgandi.

Ixtiyor Esonov
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 oktyabr 2018
Prezident Mirziyoev 29 oktyabr kungi farmoyishi bilan bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzaevni g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish ...
28 avgust 2017
Shoir Yusuf Rasul 1971 yil Tojikistonning Panjikent tumanida tug‘ilgan. 1993 yilda ToshDuning jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbek vaqtli matbuotidab Bi-Bi-Si, ...
31 mart 2016
Unda chop etilgan bitta lavhachaga ko‘zimiz tushib, gazetaning saviyasi qanchalik ekani to‘g‘risida o‘zingiz xulosa chiqaring, degan ma'noda uni deyarli ...
1 fevral 2016
O‘tgan hafta O‘zbekistondagi vaqtli nashrlarning sarlavhalariga boshqa davlatlarga namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan «o‘zbek modeli» tashviqotidan tashqari turli real haqiqatga ...
Bloglar
28 iyun 2021
Asfalti yo‘q ko‘chalar, gazlashtirilmagan uylarimiz haqida «Do‘stlik bayrog‘iga» yozganimda o‘n uch yoshda edim. Qishlog‘imizni badbo‘y ...
25 iyun 2021
Texnik sabablarga ko‘ra, bugun juma va'zi efirga uzatilmaydi. Ammo aziz mushtariylar uchun bir paytlar Urganchdagi ...
21 iyun 2021
«Paxtakor»ning kelib chiqishi turk, lekin shveytsariyalik Derdiyok (o‘zbekchasiga Dardiyo‘q) degan futbolchisi bor. Yillik maoshi 1,3 ...