Asosiy mavzular
27 yanvar 2020

Qarsaklarga moyil bo‘lib borayotgan prezident

Bugungi zamondagi o‘zbekning qo‘llari qarsaklardan qavarmaydigan bo‘lib ketdi. Aslida ilgari ham millatimizning qo‘li qarsaklardan qavarmagan. 

Inqilobgacha bo‘lgan davrda xalqimiz amir yoki xonning nutqini qarsak bilan qarshi olganini, to‘g‘risi, o‘qimaganman.

Qarsakbozlik an'anasi sovet davridan boshlangandi. Bugun avjiga chiqdi. Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasi buning dalilidir.

Sovet davri gazetalarini o‘qiganlar yaxshi eslashadi, ularda “qarsaklar”, “gulduros qarsaklar”, “davomli qarsaklar” kabi eslatmalar kompartiya rahbarlarining nashr etiladigan ma'ruzalarida qavs ichida alohida keltirilardi.  

Bugungi kunimizning voqeligi shundaki, ma'ruzalar o‘xshash, lekin qarsaklar qaerda yangragani to‘g‘risida nashrlarda eslatib o‘tilmaydi. 

Lekin davlat rahbarining o‘ndan oshiq TV kanallari orqali olib eshittirilgan ma'ruzasida qarsaklar qaerda yangraganini aniq ko‘rishingiz mumkin. 

E'tibor beriladigan bitta nuqtasi bor. Davlat rahbarining nutqida qaerda qarsak chalish kerakligi alohida ohang bilan bildiriladigan joylar bor.

Esingizda bo‘lsa, marhum prezident Islom Karimovning ma'ruzalarida “nima deysizlar”, “mana, sizlarga tayanaman”, “qo‘llab-quvvatlaysizlar degan umiddaman” kabi jumlalar bo‘lardi. 

Bu jumlalar prezident tomonidan o‘qilganidan so‘ng qarsak chalish shart edi. Prezident ham bu jumlalarni qarsakka da'vat ohangida o‘qir edi. Ana keyin qarsakbozlikni ko‘ring.

Kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga murojaatnomasida aynan shunday qarsakka da'vat etuvchi jumlalarni, ohangni ko‘rdik. 

Xuddi Karimov ma'ruzasida bo‘lganidek, xuddi Karimov zamonidagidek. Afsuski, bugun o‘zgarayotgani aytilayotgan jamiyat vakillari, parlament a'zolari xuddi o‘sha zamonlardagidek qarsakbozlik an'analariga sodiqligini ko‘rsatdi. 

Murojaatnomadagi qarsaklarga da'vat jumlalari Karimov davridagiga o‘xshab ketayotgani bejiz emas. Chunki uning ham, joriy prezidentning ham spichrayteri, o‘zbekcha aytganda, ma'ruzalarini yozib bergichi hali ham bitta odam. Shuning uchun nutqlar o‘xshashligiga hayron qolmasa ham bo‘ladi. 

Murojaatnomani jonli efirga ko‘rgan tanishim bilan taassurotlarimizni o‘rtoqlashdik. Albatta, qarsaklar borasida ham fikr almashdik. 

“Prezident qarsaklarga moyil bo‘lib borayotganga o‘xshab qoldi. Boz ustiga, o‘zi qarsakbozlikka da'vat qilayotgandek ko‘rindi. Uning bu istagi oldida to‘planganlar istar-istamas qarsakbozlik tomoshasiga qo‘shilishga majbur bo‘layotgani aniq ko‘rinib turdi”, dedi tanishimiz.

Xuddi shu joyda “go‘shtxo‘r” spiker o‘rinbosari Aktam Hayitovning o‘zini tutishi bir misol o‘rnida o‘ta oladi. 

Navbatdagi qarsakbozlik uchun hamma qatori o‘rnidan turgan “go‘shtxo‘r” o‘ziga kamera tutilishini kutmagan shekilli, avvaliga sovuq basharasi ko‘rindi. Keyin esa kamera tutilgani zahoti sovuq bashara soxta tabassumga qorishdi. 

Ko‘pchilik bu o‘rinda prezidentning tashabbuslariga nisbatan chin munosabatni ko‘rdi. Qarsakbozlik bor, lekin amaliy harakat tobora kamayib bormoqda. 

Eng asosiysi, xalqning prezident siyosatiga ikki yil oldingidagi kabi ishonchi kundan kun so‘nib borayotir. Bu haqiqat. 

Balki qarsakbozlik va maqtovlar soyasida prezident bu haqiqatni ko‘rmayotgandir. Chunki maqtov Allohga ham yoqqan ekan. Bandasiga esa tem bolee.

Prezident ham banda. Shuning uchun qarsakbozliklarni, ayniqsa, uning qarsakbozlikka da'vatlarini ko‘rib, o‘sha yo‘qolayotgan ishonch oylar o‘tgan sari yanada kamayib ketishi ravshanlashayotgandek. 

Bugun qarsakbozlik qilgan bu qo‘llarning aksariyati amaldagi prezident yozg‘irayotgan Karimov davrida ham chapakka zo‘r berardi. Ular hozir ham shu an'analarida sodiqdirlar.

Murojaatnoma taqdim etilgan zaldagi qarsakbozlik zamonaviy ko‘rinishda OAV orqali davom etdi. 

O‘zbekistondagi inson huquqlari himoyasi tanqid qilinganda quyonchig‘i tutadigan Akmal Saidov prezidentning Oliy Majlisdagi ma'ruzasi yuzasidan fikr bildirib, uni “O‘zbekiston xalqiga va jahon hamjamiyatiga murojaat deb baholash mumkin”, deya zamonaviy qarsakbozlik qildi. 

Yana Senat raisining birinchi o‘rinbosari maqomi bilan siylangan Sodiq Safoev esa undan o‘tib tushdi. 

U “O‘zbekiston muhtasham 10 yillik davriga kirdi”, deb e'lon qilib yubordi. Keyingi 10 yilda ham aholisi dunyoda eng qashshoqlar qatoridan chiqishi hozircha dargumon bo‘lgan mamlakat haqida bunday deyish uchun maddohlarga sardor bo‘lish kerak.

Shavkat Mirziyoev zamonni, mamlakatni o‘zgartirishga astoydil bel bog‘lagandir balki. So‘nggi ayrim o‘zgarishlar bunga ishora beradi. 

Lekin qarsakbozlik va qarsakbozlar o‘zgarmagan. O‘sha eskichasiga davom etmoqda. Bu esa har qanday yangi ijobiy o‘zgarishlarga nisbatan ishonchni o‘ldiradi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 oktyabr 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 35-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Ibrohim G‘afurovning shaxsiyati ...
4 iyul 2016
Farg‘ona viloyati o‘qituvchi va shifokorlari paxta ko‘sagiga tushgan qurtlarni dalalarda qo‘lda terishmoqda. Ularning bu safar dalaga chiqarilishi AQSh Davlat ...
10 yanvar 2024
10 million dollarlik keys! Kuppa kunduzi toshkentlik boy otaning qizi va nevarasi o‘g‘irlab ketilib, ularning kallasi 10 million dollarga ...
17 may 2023
Bundan 10 yilcha oldin Pragada daryo toshib, uylarni g‘arq qiladi degan gapni ofatdan bir kun oldin aytishdi. Qiziq tuyg‘u ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...