Ko‘zqarash
9 mart 2020

Xorazm tarafdan esdi shamollar…

1965 yilning 8 marti. “Xorazm haqiqati” gazetasining birinchi varag‘ida oq xalat kiygan vrach ayolning yangi tug‘ilgan chaqaloqni osmonga ko‘tarib turgan tasviri birinchi sahifada chop qilindi.

Tasvirdagi bola mening ukam Qudrat Bobojon edi.

Qudrat tug‘iliboq matbuot bilan yuzlashdi.

O‘sha paytda otam va onam Xorazm telestudiyasida ishlar edi. Qudrat ulkan TV studiyaning dahlizlarida o‘ynab katta bo‘ldi.

Uyda marhum filolog ammamdan qolgan kattagina kutubxona bor edi.

Shekspir, Balzak, Mopassan, Tolstoy va Dostaevskiy asarlarini oldin men, keyin esa ukam Qudrat “o‘qib tushirar” edi.

Boshqa bolalar langi¸ chillik¸ ho‘qqa va karta o‘ynasa, Qudrat bilan men boshqacha o‘yinlarni o‘ynar edik.

Shahar hovlimiz to‘rida o‘n mingcha pishiq g‘isht taxlanib turar edi.

Biz bu g‘ishtlarni qayta taxlab, qo‘rg‘on holiga keltirdik.

Bu qo‘rg‘onning ichini “Quyosh bolalar respublikasi”¸ “QBR” deya e'lon qildik. Bu respublikaning ilk prezidenti ham QBR, ya'ni Qudrat Bobojon Rajabo‘g‘li edi.

Bu mamlakatning o‘z alifbosi¸ o‘z bayrog‘i va mustaqil telefon aloqa tizimi bor edi.

Bu utopist Tommazo Kampaneellaning “Quyosh shahri va Forobiyning “Fozillar shahri” kitobini mutoala qilgan va kinochi Gennadiy Poloka tarafidan 1966 yil suratga olingan “Respúblika ShKID” ni tomosha qilgan ikki bola o‘ylab topgan siyosiy o‘yin edi.

Masalan, shu kunlarda Soros jamg‘armasi mana shunday siyosiy o‘yinlarni bolalar uchun tashkil qilib turadi.

Keyinchalik mashg‘ulotlarimiz ikki turga ayrildi. Men rasm chizishga berildim, Qudrat esa she'r yozishga.

Qudratning ilk “she'r”i urush haqida edi:

«Karavotlar taxtadan.
Daraxtlar sinib yotgan
Urush boshlandi birdan…»

Keyinroq Qudrat she'riyat bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. ToshDU jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi.

Bu orada Qudrat armiyaga ketdi.

Bugun ukam Qudratning 1983 yil yozgan she'rlari yodimga tusha boshladi.

Qudrat bu she'rlarni Sovet armiyasi okoplarida maxorka qog‘ozga yozgan edi.

Armiyaga uni ko‘rishga borganimda mendan berib yuborgan. Men bu qog‘ozlarni Rauf Parfiga ko‘rsatdim. Ustoz o‘z qo‘llari bilan oq yo‘l yozib, «Sharq yulduzi» jurnalida bosilib chiqishiga yordam bergan edi.

Mana o‘sha oddiy askar Qudrat Bobojonovning okopdagi she'rlari:

Ochko‘z mening ko‘zlarim juda.
Ko‘zlaringdan och qoldi ular.
Ular endi behuda kular.
Ular endi yig‘lar behuda.
Ishim bordir o‘sha ohuda.

Yana yig‘ladingmi dardkashim shabnam.
Shu qisqa umringda qaydan g‘am.
Sening umring kabi she'rim ham.
Shabnam she'rim ko‘zlaringni art.

Bugun mening irodam yangilaydi sovutin.
Ortmoq uchun yelkaga muhabbatning tobutin.
Bormoq uchun to qabrgacha betinim
Bugun mening irodam yangilaydi sovutin.

She'rlarimdan voz kechdim bugun
Ko‘kka o‘rlab qog‘ozlar yondi.
Baxt-ku axir she'rga o‘t qo‘yib
Sokingina sevishmoq endi.

Xorazm tarafdan esdi shamollar
Yelkanlar yelkamga qo‘ydilar qo‘lin.
Xorazm tarafga ketdi betizgin,
Mening sog‘inchlarim bir kema bo‘lib.

Shuhrat Bobojon

«Ozodlik» radiosi jurnalisti

Tag‘in o‘qing
25 noyabr 2016
So‘nggi kunlarda O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar viloyatlarga sayr qilib, saylovchilar bilan uchrashuvlarni avj oldirib yubordi. Bu uchrashuvlarda esa ular qo‘lidan ...
19 dekabr 2016
Taniqli xonanda Ozoda Nursaidova 17 dekabr kuni o‘zining instagramm sahifasida Shavkat Mirziyoevdan kechirim so‘rashi haqida yozdi va saylovda unga ...
13 noyabr 2020
Hazratim, ochlikdan o‘ldim, yegani non ber menga, Kofir o‘lg‘ayman agar desamki, bahmon ber menga. Moshu bug‘doyu guruch berkim, shular ...
7 iyun 2016
O‘zbekiston telekanallarida mamlakat iqtisodiyotining «qudrati», «imkoniyatlari», dunyoda salkam eng rivojlangan ekani to‘g‘risida eshitsangiz ajablanmang. Chunki 20 yildan oshdiki, faqat ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...