• Foto: Muhammad Solih, feysbuk sahifasidan
Ko‘zqarash
6 aprel 2020

Karantinda yozilgan esse

Karantin bois uyda o‘tirgan o‘zbek shoiri va muxolifat lideri Muhammad Solih endilikda kitob o‘qishga va yangi asarlar yozishga ko‘proq vaqt topayotgani haqida yozdi. 3-5 aprel kunlari u frantsuz shoiri va faylasufi Paul Valeri ijodiga bag‘ishlangan uchta esseni feysbukdagi sahifasida chop qildi. «Eltuz» ayni uchta esseni tahrirsiz, birlashtirib o‘quvchilari e'tiboriga havola etadi.

Mosyo bilan karantindagi suhbat

Bir o‘limchil virus bahonasida boshlangan total KARANTIN davrining manfiy jihatlari kabi musbat taraflari ham borligini kun sayin ko‘proq kashf etmakdaman. Tasavvur qiling, bu g‘alati bosqichda kitob o‘qish va hatto badiiy filmlar ko‘rish uchun vaqt «topayapman», go‘yo bu vaqt degan jonivor avval bo‘lmaganiday.

Ayni paytda yoshligimda o‘qib ta'sirlanganim ba'zi asarlarga nostalgiya tuydim va ularni buyurtma qildim. Mualliflardan bittasi Paul Valeri edi. Uning «She'r san'ati» va «Mosyo Test» asarlari 70-yillarda kaminaga qattiq ta'sir qilgan edi.

Shuningdek, 1972 yilda «Voprosы literaturы»da bosilgan Robert Muzilning san'at haqidagi muhtasham etyudlari ham favorit asarlardan edi.

Xususan, Paul Valerining she'rning tabiati haqidagi fikrlari, «she'rni she'r qiladigan aqlmi yoki hissiyotmi» mavzusidagi intellektual muhosabasi meni 70-yillardan beri mashg‘ul etib keldi.

O‘zbek adabiyotini mezon qabul qilgan aksariy «arbobiy adabiyot» she'rni harakatga keltiruvchi kuch hissiyot deb hisoblaydi va bunga ko‘plab misollar keltira oladi.

Yoshligidan boshlab she'r yozishni mashq qilgan, she'rni dunyoni tafakkur etish uchun vosita deb bilgan bir adabiyot ixlosmandi sifatida hamisha yozganim til (o‘zbek) adabiyotiga loyiq bo‘lishga, otgan odimimni bu adabiyot tashlayotgan odimga uyg‘un otishga intilganman. Ammo kishilik xarakterimda hissiyotning tashqariga urishiga, uning ifsho bo‘lishiga qarshi shunday bir mexanizm qo‘yilgan ediki, uni bir paytlar hech yengolmaganimni e'tirof etmoqchi ham bo‘ldim. Ammo etmadim.

Chunki ustida turganim sari mazkur fikr eriy boshlagan va men pozitsiyamni shu erish nisbatida yo‘qotaboshlagandim. Ya'ni hissiyotni yashirish iste'dodimga bo‘lgan ishonch tobora «haqiqatan ham hissiyotimni yashirabildimmi» degan shubhaga aylana boshlagandi.

Bugun she'riy o‘tmishimga nazar tashlarkan, hissiy portlashlarga naqadar kinoyali yondashsam-da, arxivda «sof aql»ga qurilgan birorta she'riy matn topolmadim.

She'riy tafakkur jarayonida ILK TURTKIning hamisha avval hissiy, so‘ngra aql tarafidan mutloqo nazoratga olinishga mahkum bir aktsiya bo‘lganligini ko‘rdim. Aynan shu g‘alati muvozanat she'rdagi sassiz haykirikni,sukutning musikasini hosil kiladi. Agar shu muvoznat bo‘lmasa edi, haykirik qo‘pol baqiriqqa aylanardi. Shu muvozanatsiz sukunatda musiqa ham bo‘lmasdi.

BiBiSi O‘zbek xizmati haqqimizda tayyorlagan 10 daqiqalik video-klipda zukko adib, birodarim «M.Solihning she'rlari aql bilan yoziladi» debdi. Bir adabiyotchi oshnam telefon qilib, «bu – kinoya» dedi. Men bunga husnizon bilan yondoshdim. Bunday baho o‘zbek adabiyotida (she'riyatida) musbat hisoblanmasligi mumkin, ammo adabiyotni inja san'at sifatida mushohada qilganlar uchun bu fikr haqorat ham emas. Bu nari borsa muayyan bir she'riy rakursning sub'ektiv tasbitidir.

Bundan 35 yil avval Erkin Vohidov kaminaning «Valfajr» kitobini tahlil qilarkan, samimiy maslahatlarini shunday ifoda etgandi: «…Har bir tilning o‘z stixiyasi, o‘z ifoda hususiyatlari bor. Boshqa tilda o‘ylab, boshqa tilda so‘ylagan odamning fikrini anglash qiyin bo‘ladi. M. Solih bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rmog‘i kerak.“She'ringizni tushuntirib bersangiz” (Ibrohim G‘afurov) deya qilingan murojaatda jon borga o‘xshaydi. …Unga (M.Solihga) ba'zi istaklarimni aytmoqchiman. A. Voznesenskiy o‘zining yoshlikdagi she'rlaridan birida shunday yozgan: «Mne doroga v poezii svyataya prostota, no mchit menya po lezvii kuda-to ne tuda»…

Balki Vohidov kinoya qilgan bo‘lishi mumkin, ammo men uning fikrlarini to‘g‘ri qabul qildim. M.Solihning boshqa tilda o‘ylab, boshqa tilda so‘ylagani to‘g‘ri. Chunki bir shoirning tili ikkinchi bir shoirning tilidan farqli bo‘ladi. Ikkisi ham o‘zbekcha yozsa-da shunday BOShQA bo‘ladi.

«Mukaddas soddalikka»(svyataya prostota) kelsak, bu masala sodda emas, biroz murakkab. Bu masala she'rda hissiyot ustunmi yoki aqlmi bo‘lishi kerak, degan yuqorida teginganimiz muxosabaga borib taqaladi.

Shu nuqtada Paul Valerining «Mosyo Test» asaridan quyidagi parchani oldim: «Aslida, She'r xar naqadar hissiy va hayajonli bo‘lsa-da, xususiy sarxushlikdan ayrilmasa-da, aqlning keskin malakalari bilan bog‘lik ekanligini ko‘rabilamiz».(«She'r san'ati»)

Lekin «she'rda hissiyot» tarafdorlari ustunligiga sohib bir adabiy muhitning mardumi sifatida kamina doim «hissiyotchi» va «soddachi» bo‘lishga uringanman. G‘afurov, Vohidovlar qarshisida she'rimning «aqlli» va «murakkab» ko‘rinishidan uyalganman. Aynan shu istihola sabab, matndagi tashbih (metofora) tizimini imkon boricha soddalashtirishga, hech kim «she'ringizni tushuntirib bering» demaydigan darajaga tushirish uchun g‘ayrat qilganman.

1980 yillarning o‘rtasiga kelib, tamoman «sodda yozish extirosi»ga tutilganimni eslayman. Bu kompleks shu qadar chuqurlashdi-ki, she'rlarimga qarab, «o‘zbek adabiyotida mendan ham soddaroq (o‘zbekcharoq) yozadigan odam qoldimi ajabo» deydigan bo‘ldim.

Ammo Boris Pasternakning: «Nelzya ne vpast k kontsu, kak v yeres, v neslыxannuyu prostotu», degan satrlarini o‘qigan odam bu jarayonning mashaqqatli bir bosqich ekanligini o‘ylamaydi. Bu bosqich o‘z-o‘zidan keladi deb o‘ylaydi. Ayniqsa, Boris Pasternak kabi bir Maestro Shoir «Nelzya Ne Vpast» deyayotgan bo‘lsa!.

Haqiqatan ham, Boris Pasternak «istasang istamasang ham yosh o‘tgan sari soddalashasan» deyapti bu she'rida. Ammo ayni paytda sodalashishni bir shakkoklikka («eres»)qiyoslamoqda. Xuddi (keksaligidagi) «soddalik»ning ziddi bo‘lgan (yoshligidagi) «murakkablik» to‘g‘ri yo‘l sifatida ko‘rilayapti shoir tarafidan.

Bu bir tazod emasmi?

Bu yerda ikki sententsiya o‘rtaga chiqayapti: Hissiyotga doim soddalik, aqlga esa murakkablik xamrox.

Bu yanglish.

Chunki, biologik mantiqqa binoan hissiyot yoshlikda kuchli, keksalikda emas. Demak, aql mahsuli deb ko‘rsatilayotgan «murakkablik» aslida hissiyotning mahsuli. Hissiyot sodda bo‘lolmaydi, uni aql soddalashtirishi mumkin.

Boris Pasternakning yoshligida yozgan «Fevral» she'ri eng «murakkab-sodda» va eng «hissiy-aqlli» she'rlardan biri:

Fevral. Dostat chernil i plakat!
Pisat o fevrale navzrыd,
Poka groxochuщaya slyakot
Vesnoyu chernoyu gorit.
Dostat proletku. Za shest griven,
Chrez blagovest, chrez klik koles,
Perenestis tuda, gde liven
Yeщe shumney chernil i slez.
Gde, kak obuglennыe grushi,
S derevev tыsyachi grachey
Sorvutsya v luji i obrushat
Suxuyu grust na dno ochey.
Pod ney protalinы cherneyut,
I veter krikami izrыt,
I chem sluchayney, tem vernee
Slagayutsya stixi navzrыd.

Bu she'rni o‘zbekchaga tarjima qilish mumkin, ammo rus tilini bilgan kishi bunday she'rni faqat originalda o‘qiydi, chunki eng yaxshi tarjima ham uning asl jozibasini, texnik aytganda, o‘sha «murakkab-soddalik va hissiy-aqllilik»ning mo‘'jizaviy sintezini aslo beraolmaydi. Bu she'rdagi Metaforik Tizim – rasida bir qizning bo‘yniga taqilgan qimmatbaxo inji kabidir.Bu asolatning suratidir.

Haqiqiy iste'dod she'rga uning asolatini beradi. Agar she'rda mafkura bo‘lsa, bu mafkura uning asolatidir.

Lekin o‘zbek adabiyoti arboblari bizga shunday tilak bildirgan: «Men M.Solihning qiyin, dardli izlanishlar yo‘lidan jo‘nlik va murakkablik bosqichlarini o‘tib, she'riyat uchun tabarruk bo‘lgan, barcha nazm ahli uchun intilish cho‘qqisi bo‘lgan barkamol soddalik darajasiga ko‘tarilayotganidan quvonaman»(1985, Erkin Vohidov).

Arboblarimiz doim «murakkablik»ni «soddalik»ka zid qutblarda ko‘rganlar va bu tendentsiya, agar yanglishmasam, o‘zbek adabiyotida bugun ham gegemon maqomda…

Mosyo Test(Paul Valeri)ning turtki bergan fikrlardan ba'zilari shu edi.

Ilhom haqida

Paul Valeri amerikalik shoir va yozuvchi Edgar Allan Po qarashlariga jiddiy e'tibor qaratadi. Uning intellektual tahlilida bu tavajjuh bo‘rtib ko‘rinadi. Paul Valeri amerikalik shoir va yozuvchi Edgar Allan Po qarashlariga jiddiy e'tibor qaratadi. Uning intellektual tahlilida bu tavajjuh bo‘rtib ko‘rinadi. Valerining bu tavajjuhi «Mosyo Test» prototipi haqiqatan ham Edgar Po (yoki Valerining o‘zi) bo‘lishi ehtimolini yuksaltiradi.

Edgar Po va Paul Valeri – bu ikki mutafakkir she'riy ilhom(hissiyot)ning bir mistik boshlang‘ich ekanligini shubha ostiga olmasa ham uning nazoratga tobe jarayon ekanligidan amin shaklda fikr yuritadilar.

Ko‘pchilikka sovuq aqlchilik bo‘lib ko‘ringan bu tanafussiz ehtiros otashi ular uchun tafakkur jarayonida ko‘zdan qochirishdan qo‘rqqan manzilni yoritib turadigan muz mash'aladir.

Manzil esa – hech qachon yetib bo‘lmaydigan O‘ZLIKdir. Tafakkurning o‘zligi. Ya'ni sof – na maishiy, na ijtimoiy, na da siyosiy voqelik balchig‘i sachramagan – estetik borliq.

Adabiy matn, rasm va yoki musiqa, hammasi bu shartlar iskanjasida yuqoriga, vertikalga yo‘nalsagina o‘sha ehtiros otashini tatmin (satisfice.Engl.) eta olishi mumkin.

Adabiyotdagi bu Sovuq Ehtiros Otashi tutqunlarining ashaddiy tanqidchisi Iv Bonfua (1923 – 2016) Pol Valeri haqda yozgan essesida Valerining «Dengiz bo‘yidagi qabriston» she'ridan boshqa shoh asari yo‘q, degan xulosaga keladi. U Valerining «murakkabligi» haqida intellektual g‘azabga to‘la murakkab bir esse bitadi. Ya'ni Sovuq Otash unga qo‘l uzatgan qo‘lni ham kuydiradi.

Ilhom haqda Valerining «She'r san'ati» kitobiga so‘zboshi yozgan Tomas Stirns Eliot shunday deb yozadi: «Valeri poetikasida «le reve» iborasi oddiy qilib aytganda «ilhom» degan narsaning she'r yozishda kichik bir rol o‘ynaganini va undan so‘ngra keladiganlar tafaurotli, bilinchli va mashaqqatli bir ish ekanining urg‘ulanishi yosh shoirlar uchun o‘rinli bir eslatmadir».

Rahmatli shoir akamiz Cho‘lpon Ergash 60-yillardan bir hikoya aytib bergan edi o‘zining nimkinoyali tabassumi ila:» Abdulla(Oripov) bilan lag‘mon yeb o‘tirgandik, u menga «Cho‘lpon, bilasizmi, bir kunda 3 ta genial she'r yozish mumkin ekan-ey! Men kecha yozdim»! dedi hayajonlanib. «Albatta, Abdullajon, siz geniysiz, bir kundan 3 tadan ham ko‘proq genial she'r yozishingiz mumkin», dedim. So‘ngra «siz geniysiz Abdullajon, men esa genkaman, dedim unga», deya jilmaygandi rahmatli Cho‘lpon Ergash.

Ilhom bilan bitilgan she'r bizning shoirlar nazdida darhol muqaddasot qozonadi. She'rni yozgan odam uni (o‘zini) «genial» deb atashdan toymaydi. Bunday she'rni yana-da mukammallashtirish fikri «geniallik»ka rahna solish bo‘lib ko‘rinadi ularga.

T.S.Eliotning P.Valeri kitobiga yozgan so‘zboshisidan yana bir iqtibos: «…agar bir she'r tugallanmagan tuyulsa va yoki yaxshi she'r uchun yaxshi xomashyo bo‘lib ko‘rinsa, bu shoirning ilhomga ortiqcha ishonib qo‘yganidan dalolat beradi».

«Valerining «bir she'r aslo tugallanmaydi» deganda nimani nazarda tutganini anglayman shekilli», degandi T.S. Eliot.

Biz ham angladik shekilli: iste'dod darajalariga qarab she'rning mukammalashuv jarayoni davom etadi.
Edgar Po va Paul Valerining poetik metodi irratsional bir borliq bilganimiz she'rga ratsional-matematik zehniyat bilan yondoshuv metodidir.

Buyuk Qaynashma

Balki ingliz tili she'riyati vakili Edgar Po bilan frantsuz Pol Valerining ayni ruhiy zaminda jarayon etgan intellektual faoliyatiga keragidan ortiq urg‘u berib yubordim.

Holbuki, Edgar Po Valeridan oldin o‘tgan frantsuz shoiri Sharl Bodler tufayli Ovrupada mashhur bo‘lgandi. U zamonlarda Edgar Po o‘z vatani Amerikada bunday shonga erishmagandi.

O‘z navbatida, «Mosyo Test» – Pol Valeri ham Edgar Po zehniyatiga yana o‘sha Sharl Bodler va Stefan Mallarme vositasida oshno bo‘ldi.
Paul Valeri yoshligida tafakkur yo‘lchiligiga chiqar ekan, uni mutaassir etgan ikki shaxsni e'tirof etadi: «Idrokim ufqida kutilmaganda bu ikki g‘ayrioddiy zot paydo bo‘lganida men g‘alati bir intellektual zilzilani boshdan kechirgandim. Bu ikki favqulodda jangari tipga qarshi mening ximoya mexanizmim jiddiy tahlilga loyiqdir». («O‘zim haqqimda».1944)
Bu ikki zotdan biri Stefan Mallarme (ikkinchisi Artyur Rembo.M.S.) edi.

Ammo Valerining Mallarmega «talabaligi» uzoq davom etmadi. U Mallarmening neoplatonizmi va simvolizmiga begona ekanligini erta payqadi. Va o‘zining intellektni kuchli iroda bilan (ratsional) yo‘naltirish pozitsiyasiga qaytdi.

Vafotidan oldin yozgani bir maktubda Valeri shunday deb yozadi.»Menga o‘tkazilgan ta'sirlarning eng terani aslo Mallarmedan kelmadi. Fikrim taraqqiyotida muhim rolni Edgar Po adabiyotidan bir-nechta satr, Rixard Vagner musiqasi, Leonardo(Da Vinchi)haqida xosil bo‘lgan tasavvurim va (ilmiy adabiyot qorishiq) uzundan uzoq MUShOHADA o‘ynadi». Mallarmega kelsak, albatta, u mening ichki dunyomda katta o‘rin tutdi, ammo u men uchun bir kashfiyot emas, ko‘proq muammo bo‘ldi. U – hech qachon o‘zini anglatishni istamagan, xar qanday muallimlikni rad etgan, mislsiz bir (turtki) – uyg‘otuvchi edi».(Oeuvres, t. I, p. 1755)

Edgar Po, Bodler, Mallarme, Valeri…
Turli zamonlarda yashab, turli tillarda yozib, ruh olamida yagona ZAMON, yagona TIL va yagona TAFAKKUR mehvari atrofida do‘na boshlagan bu FIKR devlarini ko‘rib, Allohning borliqni naqadar qusursiz dizayn etganligidan hayratga tushamiz.

Ruxlarning qardoshligi Zamon(davr), Til va Tafakkurlarni birlashtiradi.

Ruhlarning qardoshligi tillar qardoshligidan, hatto millatlar qardoshligidan ham kuchliroqdir.
Va yoki: uzoq masofadan faqat ChO‘QQIlargina bir-birlarini ko‘raoladilar. Ularning orasidagi jo‘g‘rofiyada yashayotgan borliqlar uchun bunday perspektiv yo‘q. Shunday cho‘qqilardan biri amerikalik Edgar Po boshqa bir cho‘qqi frantsuz Sharl Bodler tufayli Ovrupada «kashf etildi», mashhur bo‘ldi. U paytda Edgar Po o‘z vatani Amerikada bunday shonga erishmagandi.

Ular bir-birini uzoqdan ko‘rgan cho‘qqilar edi.

Muhammad Solih

Adibning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
22 mart 2016
Gazetada yozilishicha, sex boshlig‘i nashriyotning rangli printerida 30 ta yuz dollarlik kupyura tayyorlagan. Soxta valyutani o‘tkazish uchun o‘ziga ikkita ...
9 mart 2018
O‘tgan o‘n besh kun ichida O‘zbekistonda Rashid Qodirovning hibsga olinishi ortidan prokuratura tizimidagi korruptsioner amaldorlarning birin-ketin ushlanishi kuzatildi. Jumladan, ...
31 oktyabr 2024
Rossiyada O‘zbekistonlik migrantlarga qarshi reydlar, Gruziyada norozilik namoyishlari, Tolibon tomonidan ayollarning jamoat joylarida gaplashishiga qo‘yilgan cheklovlar va bu 600 sekund Rossiya ...
16 aprel 2018
Mudofaa vazirligi harbiylarning kiyim-boshlari namunasini taqdim qildi. O‘zbek harbiysining yangi mundiri namunalari 1937 yilda Turkiston oydinlarini qatag‘on qilgan NKVD ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...