Ko‘zqarash
21 aprel 2020

Musiqa tinglash harommi?

Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozning «Segoh»iyu «Suvoro»larini tinglab, shuurim doim boshqa taraflarga yo‘naladi…

Alloh ruhiga rahmat aylasin, buyuk Hofiz dindor inson edi.

Qiy-chuv hukmron bo‘lgan to‘ylarda ham ikki rakat namoz qilish uchun fursat topabilajak qadar dindor.

Bunga o‘zim shohid bo‘lganim uchun bu xususda ikkilanmay yozayapman.

Kommunizm mafkurasi avj olgan bir davrda o‘z diniga sodiq qolish uchun buyuk iymon sohibi bo‘lish kerak edi. Hofiz shunday iymon sohibi edi.

Endi mushohada qilayapman: hofiz bu qadar noyob iste'dod bilan bu qadar mustahkam iymon o‘rtasidagi muvozanatni qanday idora etdi?

Bizga «musiqani taqiqlagan» din sifatida taqdim etilgan aqidalar muhitida musiqa va dinni o‘z qalbida qay yo‘sinda birlashtirdi bu buyuk zot?

Birlashtirdi deyapman, chunki bu qadar kuchli iymon musiqani rad etsaydi, u bilan birlashmasaydi, hofiz qalbidan chiqqan ohang bu qadar dardli va samimiy yangramasdi.

Agar iymon va iste'dod o‘rtasida har qanday bir ruhiy ziddiyat bo‘lsa, musiqadagi go‘zallik o‘rtaga chiqmasdi.

Go‘zallikni yaratgan Allohdir.

Alloh hech qachon o‘zi bergan iymonni o‘zi ato etgan go‘zallikka qarshi qo‘ymaydi.

Chunki Alloh go‘zaldir va go‘zallikni sevadi.

Haqiqiy musiqa doim ilohiydir, shuning uchun ham go‘zaldir.

Go‘zaldir, chunki manbai ilohiydir.

Faqat 18 ming olamni yaratgan Alloh ekanini bilgan bir aql, bu yaratilish namunalarini o‘zidan boshlab butun borliqlar misolida ko‘rib turgan bir ko‘z butun tovushlarni yaratgan ham Alloh ekanini biladi va ko‘rib turadi.

Bastachi zotan koinotda mavjud bo‘lgan saslar va ohanglarnigina notaga tushira oladi.

Unga ilhom etilgan inson qalbini larzaga soladigan dardli ohanglar xomashyosi yana uniki emas, yana o‘sha Yaratuvchinikidir.
Ba'zi «din nomidan» chiqarilgan san'atga qarshi hukmlar ichida nafaqat Qur'onga, balki Payg‘ambarimiz (s.a.v) ning doim nasihat etgani mantiqqa tayangani ham yo‘q.

Masalan, haykallarni «haykalga topinmasinlar», deya harom qilish mantiqlimi?

Johil haykalga topinsa, haykalni parchalash bilan u johilga iymon berish mumkinmi?

Otashparast olovga topinsa, olovdan voz kechib, undan foydalanmasligimiz kerakmi?

Yoki quyoshga topinsa, quyoshni «parchalash» kerakmi?

Shu bizga hadis o‘laroq taqdim etilgan satrni o‘qing: «Sizdan birining ichi qusmuq va qon bilan to‘lgani she'r bilan to‘lganidan xayrliroqdir»(Mishkat al-Masabih 4/4809).

Kechirasiz, shu so‘zlar Allohning Payg‘ambari og‘zidan chiqishi mumkinmi?

Qur'oni Karim «Luqmon» surasidan 5-6 oyatlarda Allahu Talo shunday buyurmoqda: Bismilloh:
وَمِنَ النَّاسِ مَنْ يَشْتَر۪ي لَهْوَ الْحَد۪يثِ لِيُضِلَّ عَنْ سَب۪يلِ اللّٰهِ بِغَيْرِ عِلْمٍۙ وَيَتَّخِذَهَا هُزُوًاۜ اُو۬لٰٓئِكَ لَهُمْ عَذَابٌ مُه۪ينٌ
So‘zma-so‘z tarjimasi: «Va nsonlardan ba'zilari, bilgisizcha Alloh yo‘lidan qaytarmoq, masxara qilmoq uchun hadis-so‘zning bo‘shini sotib oladilar. Razil etuvchi bir azob ana shular uchundir» (Lokman Suresi 5- 6)
Yana «Zumar» surasida shu oyatlar mavjud: Bismilloh:
الَّذ۪ينَ اجْتَنَبُوا الطَّاغُوتَ اَنْ يَعْبُدُوهَا وَاَنَابُٓوا اِلَى اللّٰهِ لَهُمُ الْبُشْرٰىۚ فَبَشِّرْ عِبَادِۙ ﴿ ١٧﴾
.لَّذ۪ينَ يَسْتَمِعُونَ الْقَوْلَ فَيَتَّبِعُونَ اَحْسَنَهُۜ اُو۬لٰٓئِكَ الَّذ۪ينَ هَدٰيهُمُ اللّٰهُ وَاُو۬لٰٓئِكَ هُمْ اُو۬لُوا الْاَلْبَابِ ﴿١٨
Tarjimasi: «Tinglab bo‘lgandan so‘ng, so‘zning eng go‘zaliga bo‘ysungan qullarimga mujda ber: ana ular Alloh to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirgan kishilardir. Haqiqiy aql sohiblari ulardir»(Zümer suresi, 39/17-18)
Sahobalardan Hazrati Vobisa shunday deydi: “(Payg‘ambarning) yoniga borib, poyida o‘tirdim. Menga «Sen yaxshilik va yomonlik haqida so‘rashga kelding», dedi. «Ha» dedim. Shunda uch barmog‘ini mening ko‘ksimga tekkizib, «Ey Vobisa, qalbingdan so‘ra, nafsingdan so‘ra» dedi va buni uch karra takrorladi. So‘ngra davom etdi: » Yaxshilik nafsingga taskin bergan narsadir. Yomonlik esa – insonlar fatvo bergan bo‘lsalar ham – nafsni tirmalagan, siynangda taraddut uyg‘otgan narsadir». (Müsned, 4/228; Mecmâu’z-Zevâid, 1/175,10/297; Darimi, Büyu, 2; Süyûtî, Câmi’u’s-Sağîr, 1/40)

Ayni mavzuda hadisi sharif: “Sen huzursizlik bergan narsani tark et, huzur berganga o‘t. Chunki to‘g‘rilik ichki huzur beradi, yolg‘on shubha va taraddut uyg‘otadi» (Tirmizî, Kıyâmet 60)

Gapning qisqasi: Musiqa va boshqa go‘zal san'atlarni «harom» degan fatvolar bizda taraddut va shubha uyg‘otadi. Bu fatvolar ichimizda aslo huzur uyg‘otmaydi.

Bir istisno bor: agar musiqa insonni nafsga qul etib, fitna va fasodga yo‘naltirsa, Allohdan uzoqlashtirsa, bunday musiqa albatta haromdir. Yaqinlashtirsa, mubohdir.

Bu tezis butun san'atlarga, jumladan, she'riyatga ham tegishlidir.

Muhammad Solih
Adibning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
24 oktyabr 2015
Namangan viloyati Kosonsoy tumani Chindovul qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Sh.Rustamov fuqaro A.Toshpo‘latovdan uning otasini Saudiya Arabistoniga – haj ziyoratiga ...
16 iyun 2016
Pilla qurti boqish turli tashkilotlar, tibbiyot va ta'lim muassasalari qatorida fermer xo‘jaliklari uchun ham qo‘shimcha majburiyatdir.  Quyida bir fermer ...
29 aprel 2017
O‘zining ikki sahifasini to‘liq tez yordam xizmati faoliyatiga bag‘ishlagan “Oila va jamiyat” gazetasi (26.04) tibbiyot tizimidagi jiddiy bir muammoni ...
9 avgust 2022
Salom qadrli muhlislar. E'tiboringizga Eltuz 600 sekundni taqdim etadi.+++Prezident Administratsiyasi rahbari Cardor Umurzaqov Chilonzor hokimi Mavlonov va  tuman prokurori ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...