Ko‘zqarash
3 may 2020

Asanov formati: Xorazm turkchasi tushunarlidir

Janubiy Xorazm shevalari va Xorazm qarluqchasi haqidagi savollarga bergan javoblarim kommentlarda bahslarga sabab bo‘ldi. Shularga biroz aniqlik kiritib ketaman.

1. Janubiy Xorazm shevasi adabiy tildan uzoqligi va tushunarsizligi xalq orasidagi stereotipdan boshqa narsa emas. Umuman, tilshunoslikda “tushunarlilik-tushunarsizlik” kategoriyalari o‘ta mavhum hisoblanadi, chunki bu har bir odamning sub'ektiv tajribasidan kelib chiqadigan xulosadir. Men uchun, deylik, Janubiy Xorazm shevalari juda tushunarli. Boshqa tarafdan, ba'zilar uchun bu shevalar tushunarsiz bo‘lishi mumkin; yana kimlar uchundir Janubiy Xorazm shevalaridan ko‘ra Namangan shevasini tushunish qiyinroq.

Janubiy Xorazm shevalarining bir qarashda adabiy tildan uzoq tuyulishi ularning asosi o‘g‘uzchaligi bilan bog‘liq. Ammo Xorazm o‘g‘uz shevalarining yagona o‘chog‘i emas. O‘g‘uzcha shevalar Turkmanistonda, Qoraqalpog‘istonda, Buxoroda, Samarqandda, Qashqadaryoda, Surxondaryoda, Shimoliy Afg‘onistonda, Jizzaxda, Toshkentda, Janubiy Qozog‘istonda tarqalgan. Ya'ni o‘g‘uz shevalari o‘zbek lisoniy kartinasining odatiy, uzviy qismidir. Darvoqe, Janubiy Qozog‘iston o‘g‘uz shevalari Janubiy Xorazm shevalariga nisbatan qadimiyroq (chunki o‘g‘uz tillari shu nuqtadan boshlab tarqalgan) va “tushunarsizroq”dir.

2. XIV asrda Misrdan Sibirgacha bo‘lgan hududlarda turkiy adabiy tillarda yozma matnlar yaratilgan. Ular turli o‘lkalarda tug‘ilib o‘sgan mualliflar tomonidan yozilgan bo‘lib, har xil shevalarni aks ettirgan. Lekin turkologiyada bu borada chalkashliklar ko‘p. Asosiy muammo shundaki, olimlar turli mintaqalarda yozilgan matnlarning dialektal asosini to‘g‘ri aniqlay olmaydi yoki chalkashtiradi. Buning ikki sababi bor:

– u paytdagi turkiy adabiy tillar bir-biriga juda yaqin edi, katta professional bo‘lmasang, farqlay olmasliging mumkin, shunchaki chalkashtirgan va xato qilgan olimlar ko‘p;

– matnlarni o‘rganadigan ayrim o‘zbek, qozoq, tatar yoki ozarbayjon olimlari bu matnlarni o‘zbek, qozoq, tatar yoki ozarbayjon adabiy merosiga nisbat berish uchun ataylab ularning tilini qipchoqcha yoki o‘g‘uzcha deb e'lon qiladi; bu haqiqat bo‘lmasa ham.

Bu masalani rossiyalik olim Vadim Ponaryadov bilan jiddiy o‘rganib, ma'lum xulosalarga kelganmiz. Matnlarni o‘rganib, quyidagi adabiy tillarni ajratib ko‘rsatish mumkin:

– Oltin O‘rda qipchoq tili. Ilgari bu hududda o‘g‘uzlar yashagani tufayli ularning tili qipchoqchaga muayyan ta'sir o‘tkazgan, shu bois ba'zan bu tilni o‘g‘uz-qipchoqcha deyishadi. Bu tilda Misrda ham yozishgan. Jiddiyroq o‘rgansa, Misr qipchoqchasining farqlarini ham ajratib ko‘rsatsa bo‘ladi;

– g‘arbiy turk adabiy tili yoki o‘g‘uz adabiy tili. Keyinchalik usmonli tiliga asos bo‘lgan bu tildan Eronda, Misrda, Kichik Osiyoda, Suriyada foydalanishgan;

– Xorazm qarluq tili. Xorazmlik mualliflar turli tillarda yozgan – ba'zilari qipchoqchada, ba'zilari g‘arbiy turkchada. Lekin ularning kattagina qismi xoqoniyya tilining davomi bo‘lmish qarluq adabiy tilida ijod qilgan. Bu til Chig‘atoy ulusida keng tarqalgan, lekin XIV asr yodgorliklari, asosan, Xorazm bilan bog‘liq bo‘lgani uchun Xorazm qarluq adabiy tili, deb yuritiladi.

Xorazmda alohida qarluqcha adabiy til bo‘lganini ba'zi olimlar tan olmaydi. Ular bu guruh yodgorliklarini Oltin O‘rda qipchoqchasi korpusiga kiritib yuboradi. Lekin bunday til bo‘lganini konkret lingvistik faktlar bilan isbotlab berish mumkin. Bu faktlarni keyingi postlarimda keltiraman.

O‘g‘uz-qipchoqcha va xorazmcha adabiy tillarni chalkashtirish, asosan, rus tilli turkologiyada uchraydi. Ingliz tilli kitoblarda xorazm qarluqchasi doim ajratib ko‘rsatiladi va chig‘atoy tiliga o‘tish bosqichi sifatida tavsiflanadi.

Darvoqe, bu tilning barchamiz yaxshi biladigan eng muhim yodgorliklaridan biri – “Qissasi Rabg‘uziy”.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
17 oktyabr 2020
Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi “Do‘stlik” MFYda yashovchi 29 yoshli Farruh Karimjonov uyiga qarzdorlikni so‘ndirishni so‘rab kelgan tuman gaz idorasi xodimi 50 yoshli Qahramon Shomurodovni pichoqladi.  ...
21 avgust 2019
“Bu maktubni sizga yozayotgan paytimda xorazmlik adabiyot ixlosmandlari viloyat IIB binosi oldida norozilik piketi o‘tkazib turibdi. Ularning talabi o‘ta ...
19 aprel 2016
«Ma'naviyat sohasidagi eng jiddiy xavfli tahdid vatansizlik g‘oyasidir. Mafkuraviy kurash arsenalida vatansizlik eng xavfli qurollardan biri hisoblanadi», deb yozdi ...
1 mart 2019
O‘zbekiston Moliya vazirligining ma'lum qilishicha, mamlakatda deputatlar va senatorlar 1,56 mln so‘m (186 dollar), vazirlar 1,727 mln so‘m (205 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...