Asosiy mavzular
7 avgust 2020

Qishga tayyorgarlik ko‘rishni unutmanglar

Qishga tayyorgarlik. Pomidor va qalampirni o‘zim yetishtirib, quritib, ipga o‘tkazib devorga ildim. Ko‘o‘p bonkayam berkitganmiz. Kompotlarim ham yetarli. Ozroq nok ham quritdim.

Boshqa nimayam qilardim? Choyxonada osh va aroqqa to‘yib, bolishga yonboshlab qilmagan ishlarimni aytib maqtanib yotishdan qalampirni ipga o‘tkazish yaxshi-ku. Shunday. Rahmatli enam aytardi: «Yozning yuvindisi qishda osh bo‘ladi».

Pandemiya ojiz mamlakatlarni yomonam qarzga botiryaptimi?

Qarzning ko‘pi yomon. Qarz ko‘payib ketsa, oxiri yeringni sotib to‘laysan.

Omin. Hech kim qarz balosiga yo‘liqmasin.

Demak, qishga tayyorgarlik ko‘rishni unutmanglar.

Bizning Qirqlar qishlog‘imiz Naymancha mavzesida joylashgan. Odamlarimiz qirq urug‘idan. Ammo odamlarimiz ongida urug‘-qabilachilik tushunchalari batamom yo‘q bo‘lgan. O‘zbekman!- deydi bizdagilar. Hech kim urug‘ surishtirmaydi, urug‘ini bilmaydi. Darvoqe, Qo‘qon xonlarining dastlabki avlodlari biz tomondagi Targ‘ova, Chomoch qishloqlarida yashagan va shu yerdan chiqib borib Qo‘qon taxtini egallagan. Chomoch qishlog‘ida xonlar avlodlari ko‘milgan mozor ham saqlanib qolgan. Bizning hududda ming va qirq urug‘lari avlodlari yashaydi.

Tumanimizning eng chekka (Sirdaryoga yaqin) qishlog‘i avval Kallakesar deb atalgan, keyinroq (sobiq sovet davrida) Paxtakor deya qayta nomlangan, lekin xalq haliyam Kallakesar deydi. 2013-2014 yillarda shu qishloqqa borgandim. Kattaginm qishloq. Kallakesarda ichimlik suv muammosi bor edi. Butun qishloq aholisi ko‘chadagi bitta krandan suv olarkan. Yaqinda Kallakesardan kelgan oshinlardan:- Suvlaring yaxshilandimi?- deb so‘radim.- Yo‘q,- dedi ular.- Yaxshimas. Yomon,-dedim men.

Masalan, biz dehqonlar o‘z mahsulotimizni aholiga bozor narxidan ikki barobar arzonga sotishimiz mumkin, albatta. Deylik, bozorda olma kilosi o‘n ming, bizlar esa shu olmani iste'molchiga besh mingdan yetkazib beramiz. Buning uchun mahsulotimizni «Damas» moshinaga yuklab to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahallalarga, domlarning orasiga olib borib sotsak bo‘ladi. Agar shunday qilsak, shaharliklarga har tomondan qulay bo‘ladi. Lekin, afsus, bunaqa qulay savdoning iloji yo‘q. Chunki shahardagi bironta mahallaga, domlarning yaqiniga mahsulot olib borsak, birinchi bo‘lib uchastka noziri va mahalla raisining bosimiga uchraymiz. Ular: «Bu yer bozormas, narsangni bozorga obborib sot,»- deydi. Majbur ularga pora beramiz. Keyin berilgan pora pul hisobidan mahsulotimiz narxini oshiramiz. Menga o‘xshagan asabi kasal odam esa porayam bermayman, unaqa joylarga mahsulot ham olib bormayman. Yaxshisi, shaharliklar, to‘rt minglik olmani o‘n mingga sotib olganlaring yaxshi. Umuman olganda, shahar hokimligi aholiga dehqonlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri arzon mahsulot yetkazib berishni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi, negadir shu ishni qilmaydi. Ishoning, olibsotar bizdan olgan mahsulotini yana o‘zi kabi olibsotarga sotadi, u esa do‘konlarga tarqatadi, undan keyin esa aholiga yetib boradi.

«Do‘stim, alam qilar, arslon bexabar, Yem bo‘lib ketsak gar qumursqalarga».

A.Oripovning shu misralari zamiridagi ma'noni hech tahlil qilmadilaring. Shoir nimadan xavfsirab nido qilyapti?

Demak, A.Oripov xavfsiragan narsa bizning zamonda sodir bo‘ldi.

Xususan, adabiyotda chin iste'dodlar bir yonda qolib maddoh iste'dodsizlar qadrlanadigan bo‘ldi.

Eng zo‘r nosirimizni kam odam taniydi, shuningdek, unga (maddoh, yaloqi bo‘lmagani uchun) davlat nomidan gapiradigan kattakonlar ham befarq.

Adabiy sohadagi mukofotlar, imtiyozlar (maddoh bo‘lganlari uchun) bir gala chala iste'dodlarga beriladi.

Kuchli yozuvchi, o‘z fikri bilan xalq ongini uyg‘ota oladigan adiblar esa yakkalab qo‘yiladi, nazarga ilinmaydi.

Nega shunday?

Xalq uyg‘onmasin, o‘z haqqini talab qilishni o‘rganmasin, deb iste'dodlarni jarayonga yaqinlashtirmaysizlarmi? Chunki chin iste'dodda xalqni tarbiyalash,voyaga yetkazish, kuchlantirish qobiliyati bo‘ladi. Xalq kuchli, ongli, madaniyatli bo‘lsa, yaxshi emasmi?

Yonimizdagi ko‘chada «damas»chi kimbirovning o‘g‘li Toshkonga o‘qishga kiribdi. Kontrakt! «Damas»chining bir to‘da o‘rtoqlari uning uyiga kelib aroqvozlik qilishdi. Biz sodda o‘zbeklar har qanday quvonchli voqeani aroq ichib nishonlaymiz! Farzand ko‘rsak, bir yashik aroq olib jo‘ra-o‘rtoqlarni ichkilikbozlikka chorlaymiz! Har qanday jinday yutug‘imizni aroq ichib, kir o‘radan battar sasib nishonlaymiz. (Tfuu). Qachon paydo bo‘lgan bizlarda bu xunuk odat! Nahotki quvonch va shodligimizga shaytonning peshobini aralashtirsak. Shu haqda hech o‘ylab ko‘rganmisizlar?! Umuman, aroqxo‘r odamni yomon ko‘raman! Tovba! Shahardan uzoqdagi qoloq-qoloq qishloqlarda ichkilikbozlik avj olgan!

Onasi yoki otasi o‘lsayam go‘yo musibatga chidamay ichadiganlar bor.

Bilsangiz, yomon odatlarning urchishi, nopoklikning fazilat deb bilish, ta'lim sohasidagi chigalliklar, murakkabliklar, korruptsiya, boshqaruvdagilarning zulmkorligi, jaholati, o‘g‘irliklari millatni taraqqiyotdan butunlay kesib, bir to‘da qullarga aylantiradi.

Rahimjon Rahmat
yozuvchining feysbuk sahifasidan

Tag‘in o‘qing
28 noyabr 2019
Turkiyada yashayotgan taniqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi. Muhammad Solih hayoti haqidagi ...
6 avgust 2019
Prezident Mirziyoev qarori bilan 3 avgust kuni O‘zbekistondagi mash'um Jasliq qamoqxonasi yopildi. Ayni qarorda qamoqxona binolari va mulklari Qoraqalpog‘iston ...
11 iyun 2019
Rassom Kirpieltuz.com
2 dekabr 2016
Ayrim viloyat gazetalari ehtiyotkorlik bilan imkon qadar dadillikka qo‘l urayotganga o‘xshaydi. Samarqandda chop etiladigan «Zarafshon» gazetasining internetdagi sahifasida bu ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...