Asosiy mavzular
27 oktyabr 2020

Nega 30 yil oltin sotgan davlat bu qadar qashshoq?

To‘qsoninchi yillarda talaba edim. Dang‘aralik taniqli jurnalist Shokirali Nuraliev: «Kapitalizm huquqsiz, yollanma ishchilarni ezib ishlatishdir. Mayli, SSSR quladi, kommunizm g‘oyasi va kommunistlar badnom bo‘ldi, lekin sotsialistik mulkni saqlab qolish kerak, katta korxona, zavodlarni xususiylarga bermaslik kerak, ular bunday yirik ishlab chiqarishni eplayolmaydi, tayyor zavodlarni buzib g‘ishtini, temirini, stanoklarini va yer maydonini sotadi. Malakali rus ishchilarining ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim, ularsiz sanoatimiz vayron bo‘ladi. Bizga kirib kelayotgan kapitalizm yurtimizni mardikorobodga aylantirmasa deb qo‘rqaman», degan edilar.

Shu kishining fikrlarini ko‘p eslayman.

O‘z vaqtida Shokirali Nuraliev respublikada taniqli jurnalist bo‘lgan.

Bizdan yuqori kursda o‘qiydigan Abdumalik Yoqubov degan do‘stimizning yangi mustaqil bo‘lgan yillarimizda aytgan bir bashoratini eslayman. U kishi keyinchalik aspiranturaga o‘qishga kirib, tasavvufshunos olim Najmiddir Komilovga shogird tushdi.

Abdumalik ko‘ngli ochiq yigit edi. Xonasiga kirsangiz, darrov dasturxon yozib, Qashqadaryodan olib kelgan yog‘li non bilan mehmon qilardi. Gurunglarimiz ko‘p bo‘lgan. Do‘stona munosabatda edik.

Shunday gurunglardan birida Abdumalik: «Mana, mustaqil bo‘ldik. O‘zbekiston boy mamlakat, resurslarimiz ko‘p, paxta yetishtirish, tillo qazib olish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rindamiz, yerlarimiz unumdor, sanoatimiz ham yomon emas. O‘zbeklar tezda boyib ketadi.

Ammo qo‘shnilarimiz kambag‘al, yaxshi ekin yeri ham, paxta va tillosi ham oz. Mana, ko‘rasiz, tez orada qo‘shnilarimiz bizga ish so‘rab keladi. Qirg‘izlar vodiyliklarning dehqonchiligiga yordam beradi, qozoqlar ish izlab Toshkentga yopiriladi, Xorazm turkmanlarni boqadi, tojiklarning tirikchiligi ham biz bilan bog‘liq bo‘lib qoladi», degan edi.

Mana, oradan yillar o‘tdi, xo‘sh, Abdumalikning bashorati to‘g‘ri chiqdimi? Uning bashorati teskarisiga to‘g‘ri chiqdi, desak bo‘ladimi?

Darvoqe, Abdumalik Toshkent shahrining yirik zamonaviy ilm markazi bo‘lishini ham bashorat qilgandi.

Abdumalik do‘stimiz hozir qaerda ishlayotganini bilmayman. Balki ilmdan voz kechib, Rossiyaga ishga ketvorgandir.

***

U paytlar (1994-95-yillar) yuqori kurs talabasi edim. Toshkentning Chorsu bozori atrofida, ichkarisida kitob do‘konlari ko‘p edi. Ba'zan ustoz Ozod Sharafiddinov bilan Chorsu bozoridagi kitob do‘konlarini aylanardik. Bozor maydonida odam ko‘p bo‘lardi.

Men (bo‘yim 190) olomonni yelkasidan turtib, qo‘lim bilan chetga surib, Ozod akaga yo‘l ochardim. U kishi: «Bizni ko‘rgan odam meni mafiya boshlig‘i, sizni tansoqchi deb o‘ylaydi», derdi.

Bozorda oluvchi ham, sotuvchi ham ko‘p edi. Maoshi oz universitet professorlari, maktab o‘qituvchilari, aspirantlar, yaqinda o‘qishni bitirgan yosh mutaxassislar, faoliyati to‘xtagan zavod va fabrikaning erkak va ayol ishchilari, hatto muxolifatning ayrim vakillari tirikchilik majbur qilgani bois bozorda sotuvchilik qilardi.

Jamiyat fojeasi bozor degan ko‘zguda yaqqol ko‘rinardi. Axir ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak bo‘lgan aspirant qizning kun bo‘yi bozorda xonim sotishi fojea emasmi?

Universitet professorining bozorda tufliga surtadigan bo‘yoq sotishi katta fojea emasmi? Ozod aka jamiyatimizdagi bu tushkun jarayonni chuqur tushunardi va oqibatini chamalardi.

«Bizda ilm va sanoat o‘lyapti. Ishsiz va qadrini yo‘qotgan kasb egalari dastlab bozordan najot izlayapti. Bozor beo‘lchov emas. Tez orada odamlar ish izlab to‘da-to‘da xorijga ketadi. Zo‘r-zo‘r mutaxassislar chetga ketyapti, shu jarayon tobora kuchayyapti. Payti kelib migrantlar yuborgan pulga kun ko‘radigan xalqqa aylanamiz», der edilar…

***

Kunduzi qo‘limdagi qurol ketmondir, u bilan ekin ko‘kartiraman, bog‘ yarataman, begona o‘tlarni chopaman. Qorong‘u tushgach esa qo‘limga qalam olib qalbimda muhabbat borligini oshkor etaman – ijod qilaman.

Bolalikda endi yo‘lga yurib, so‘zlarni talaffuz qilishni o‘rgangan paytim dastlab ona, ota, non va ketmon degan so‘zlarni talaffuz qilishni o‘rgandim. Kichkinaligimda dadam rahmatli abjirgina, shapaloqdek ketmon yasattirib bergandi, shuni ko‘tarib ekinlar orasida timirskilanib yurardim.

Maktabga bordim va tezda qaytdim, o‘quvchilik davrim ham ketmon ko‘tarib dalada o‘tdi. Mashrab aytadi-ku, alifda to‘xtadim deb, shunga o‘xshab men ham ko‘rinishi alifga o‘xshagan ketmondan nariga o‘tmadim.

Ulg‘aydik. Ovozimiz do‘rillab, fe'limiz aynidi. Kattalarga gap qaytaradigan, ko‘chada beta'miz ishlarni qiladigan bo‘ldim. Shunda ketmon o‘zining tarbiya vositasi ekanligini namoyon etdi – dadam rahmatli ketmon sop bilan qarsillatib belimga soldi.

Maktabni tugatdik. Bo‘yimiz o‘sdi, kuchimiz ko‘paydi. Kechqurunlari qo‘shni qishloqqa qizlarga qiziqib boradigan bo‘ldik, u yerda o‘zimiz kabi zo‘ravonlar bilan mushtlashib turardik. O‘shanaqa payti raqibimizga ketmon sop o‘qtalib tashlanardik.

Harbiyga bordik va qaytdik. Uylanadigan yoshga yetdik. Mahalladagi kipriklari qayrilgan, tishlari durdek sanamga mahliyo bo‘ldik. Lekin u bizga qayrilib boqmadi. Ketmonchiga tegmayman, dedi. Ma'yus bo‘ldik. Jahlimiz chiqib ketmonni tutning tanasiga urib sopini sindirdik, sopi siniq ketmonni tomga otvordik.

Shaharda ishlayman, o‘sha yoqda ko‘p pul beradi, dedik.

Kattalar aytdi: «Pulni pul topadi, ahmoq ketmon chopadi. Ketmon yomon bo‘lgani uchun ham ketiga pona qoqishadi».

Shaharga jo‘nadik. Yaxshi ishlarda ishladik. Tuzukkina pul topdik. Lekin topganimiz yaxshi kunga yaramadi… O‘zimizni har joyga urib ko‘rdik. Lekin hech qaerni yoqtirmadik. Oxiri yana ketmonga qaytdik.

Ketmonga atab bir she'r yozsam bo‘larkan, deb o‘yladim hozir.

Bizning Farg‘onada ketmon chopish uyat hisoblanmaydi. Farg‘onalik avliyolar tarixini o‘qib ko‘ring, hammasi ketmon chopib dehqonchilik qilgan. Bizda yoz oylari do‘xtir ham, melisa ham, amaldor ham qaerdandir yer topib dehqonchilik qiladi, enkayib ketmon chopadi.

Qurg‘ur ketmon sopi hech semirmaydi, lekin osonlikcha sinmaydi ham. Naqshband aytganidek, dil ba yor, dast ba kor.

Kechagi qizlar havas qilmaydigan ketmonchilar davr o‘zgarishlari sabab fermerga aylandik. Yomon yashamayapmiz, shukur.

Kecha bizni oyog‘i oqsoq it ham pisand qilmasdi, bugun esa mahallaning yo‘lbarsi ham yonimizdan salom berib o‘tadi, hatto iltimoslar qiladi.

Ketmonchidan fermerga aylanib, bo‘yniga kuydirgi yarasi toshgan xachir eshagimiz ichi keng, qanotlari yo‘g‘on «Kobalt»ga aylandi. Ketmon chopgan insonning ichi ham ketmonsopday to‘g‘ri bo‘ladi, egrilikni bilmaydi.

***

Bizda quyosh chiqdi, olam munavvar. Kech kuz bo‘lsa ham yaratgandan quyoshli kunlar ko‘p bo‘lishin so‘rayveramiz, chunki o‘tin-cho‘p qimmat, uylarimiz yaxshi isimaydi, ikkinchi tomondan, shamollashlar ko‘p, sariq chang ham xuruj qilayotgan davrda yashayapmiz.

Hammamizni Allohning o‘zi asrasin, yorug‘ va yoqimli kunlardan benasib qilmasin, farahli kunlarimizni ziyoda qilsin.
Ertalab uyg‘onib ta'ziyaga emas, ishga, oshga, do‘stlar diydoriga shoshilaylik. Hech kim shifokor yonida og‘riqlardan azoblanib, nochor holatda «Nima dori ichay?» demasin.

Bemorlar, nochorlar, mashaqqatga duch kelganlar, sarson yurganlar, mehnati qadr topmaganlar, zolimlardan aziyat chekkanlar, hammangizning mushkulingizni Alloh oson qilsin.

Duogo‘ylaringman. Boylarimizga, mansabdorlarimizga, monopollarimizga Alloh insof bersin, ko‘nglida o‘z xalqiga mehr, muhabbat tuyg‘ulari jo‘sh urishni boshlasin.

Hozir ko‘cha aylanib keldim. Mahalla tinch. Do‘kondan non, qaymoq va yo‘ldan somsa oldim. Tez orada qizim va nabiram uyg‘onadi, birga nonushta qilamiz.

Ey Allohim, qalbim rohatlanadigan, ko‘zlarim quvonadigan kunlarimni ziyoda qil. Tongda uyg‘onsam, derazamdan quyosh ko‘rinsin, ko‘chaga chiqsam yaxshi kayfiyat, tetik ruhda yurgan insonlarni ko‘ray.

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat yozganlari edi.

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2019
Tibbiyotga oid «The Lancet» internet nashri 3 aprel kuni e'lon qilgan, 195 davlatni qamragan tadqiqot natijasiga ko‘ra yomon ovqatlanish ...
25 fevral 2022
Chegaradan 40 km uzoqlikdagi Xarkov shahrining ham olinmaganligi rus armiyasining ahvoli ChATOQLIGINING isbotidir. Xabarlarga qaraganda, rus armiyasi Xarkov shahri ...
9 dekabr 2021
Mahalliy mulozimlarning «qabr biznesiga» aylantirilgan Xo‘jaylidagi Xalifa Erajab masjidi va Mazdakxon maqbarasini vandallardan himoya qilishni O‘zbekiston sport va turizm ...
6 yanvar 2023
Bir vaqtlar juda shiddatli bo‘lgan daryoning quyi qismi bo‘ylab sayohat qilar ekan, muayyan ekologik halokatning oldini olish qanchalik mushkul ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...