Ko‘zqarash
11 noyabr 2020

O‘zingdan qayoqqa qochasan?

Post deb yozishga arzigulik fikr va kechinmalarim ham qolmabdi, chamasi. Mumtoz shoira Nodiraning:

Sen na uchun dunyoga kelding,
Kayfiyating bayon etib ket,

degan misralarini dilimda ko‘p takrorlayman.

Yozayotgan maqola, she'r, hikoyalarimiz, mavzusidan qat'i nazar, avvalo, o‘z kayfiyatimiz bayonidir.

Ijodiy kayfiyat esa mazlumlar holiga achinish, zulmni yomon ko‘rish, erkinlikni sog‘inish, vataning va xalqingning muayyan taqdirini chuqur idrok etishdan, his qilishdan paydo bo‘ladi.

Ijodiy kayfiyatning eng tubida esa ezgulik degan sham miltillab turadi. Demak, ijodiy inilishning asasiy sababi, javhari ezgulikdir.

Shunday. Ko‘ngilda yozishga arzigulik hech gap qolmabdi, endiki nimani yozsam takror bo‘ladi.

Lekin har qancha takror bo‘lmasin, zulmni yomonlashdan, mazlumning tarafini olishdan, osmonni sog‘inishdan, vatanimga, xalqimga iztirob va alam ohanglariga to‘la sevgi izhor qilishdan sira zerikmayman.

Shoir aytganidek:
Ilohiy takror bor bu musiqada.

***

Yaxshi.
Yomonmas.
Yashasa bo‘ladi.
Shu-da endi hayot.
Yana qanaqa hayot bo‘lishi mumkin.
Qanday yashayman deb o‘ylaganding?!
Monopollar, gapirma deb og‘zingga latta tiqadigan zo‘ravonlarning qadami yetmaydigan uzoq o‘lkalarga ketib hayotdan rohat ko‘rmoqchimiding.

Sen aytganday bo‘lmaydi.
Hech qachon.
Xomtama bo‘lma.
Hamma ayb o‘zingda.
Qo‘rqoqlik qilib monopol va zo‘ravonga o‘z ichingdan joy bergansan, ular yo‘g‘on va ingichka ichaklaringda ilonday biltanglab, joningni, qoningni so‘rib yotibdi, qayga borsang, ular sen bilan birga.
O‘zingdan qayoqqa qochasan?

Sen qochib borgan erkli jamiyat sen sabab erksiz jamiyatga aylanadi.
Qadaming tekkan joyda zulm va adolatsizlik ilonlari voshillab bosh ko‘taradi.
Asli zulm o‘chog‘i sening iching.
O‘ldir, ichingdagi dushmanni o‘ldir.
Monopollar va zolimlarning joni sening ichingda yashirin.
O‘zingni isloh qil.

Mustaqillik arafasida
90-yillarda talaba edim.
Toshkentdan uyga qaytishda Toshkent-Andijon poezdiga minib, Qo‘qonda tushardik.
U yerdan esa avtobusga o‘tirib, Koppon bozoriga yetib olardik, bozordan qishlog‘imizga sariq PAZ avtobus qatnardi.

U paytlar Qo‘qonda, vodiy shaharlarida, umuman, butun O‘zbekistonda kissavurlik, o‘g‘irlik, yo‘lto‘sarlik, bosqinchilik, reket avj olgandi, qishloqlarda molo‘g‘rilar ko‘paygandi; shahar va tumanlarda mahalliy jinoiy guruhlar bozor, zavodlar va boshqa serdaromad xududlarni talashib, bir-biri bilan yo hayot yo mamot, deb jang qilardi.

It egasiga qaramaydigan davr edi. Qishloqlarda ko‘plab odamlar tomorqasiga ochiqchasiga nasha ekar, soxta aroq yasab sotar edi. Jamiyat bir muddat nazoratsiz qolgandi.

Xalq turli muammolarini hal qilib berishini so‘rab hokimlikka emas, mahalliy jinoiy guruh boshliqlariga murojaat qilardi. Aytishlaricha, Qo‘qon shahrida mahalliy avtoritetlardan biriga hokimlik o‘z binosidan joy ajratgan ekan.

Shahar hokimi shahar va aholini boshqarishga, qaror chiqarishga vakolatli shaxs bo‘lsa-da, amalda boshqaruv mahalliy norasmiy to‘da boshlig‘i qo‘lida edi. (Qiziq va g‘aroyib hodisalarga boy edi u davrlar. O‘shandagi jarayonlarni tasvirlab g‘oyat qiziqarli roman yozsa bo‘ladi).

Mahalliy boylar o‘z mulklarini asrab qolish, himoya qilish maqsadida jinoiy to‘da liderlari bilan til topishishga harakat qilar, ularni moddiy ta'minlab turardi. Qaysi boy zo‘ravon jinoiy gruhlar yetakchisi aytgan gaplarga yurmasa, uning uyiga niqobli bosqinchilar bostirib kirardi.

Mahalliy yirik diniy ulamolar ham jinoiy to‘da boshliqlari yonidan joy oldi. Shundan keyin jinoiy guruhlar orasida siyosiy talablar yangray boshladi.

«Birlik» harakatining kuchayishi ham shu yillarga to‘g‘ri keladi. Ular ham muayyan muddat, garchi qonuniy vakolatlari bo‘lmasa-da, xalqni boshqarishga, moddiy ne'matlarni o‘zboshimchalik bilan taqsimlashga harakat qilishgan. Masalan, birlikchilar Qo‘qon shahriga tutash ekin yerlaridan aholiga o‘zlari o‘lchab yer uchastkalari bo‘lib berishganini eslayman.

Balki birlikchilar bo‘lib bergan yer uchastkalariga keyinroq hokimlar qaror chiqarib bergandir.

Shahardagi serdaromad zavodlar bir muddat to‘laligicha mahalliy norasmiy guruhlar nazoratiga o‘tgandi: zavodga boshliq tayinlash, zavoddan kelayotgan foydani taqsim qilishni shu to‘dalar hal qilgan.

Jinoyatchi guruhlar haddan ziyod ko‘paygan, hatto har bir ko‘chaning o‘z to‘dasi bor edi.

Yuqorida aytganimizdek, o‘g‘ri, qaroqchidan boylar qo‘rqadi. Davlat esa muayyan bir oraliqda o‘z funktsiyasini sust bajargan va bu esa davlat ichida davlatchalar paydo etgan. Aqlli boylar o‘z mulklarini omon saqlash maqsadida eng kuchli jinoiy to‘dalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashni, ularni o‘zlari tomon og‘dirishni boshlab yuborishgan.

Jinoiy to‘dalarning muskulida kuchi bo‘ladi, kallasida kuchli va ayyor aql bo‘lmaydi, aql boyda bo‘ladi, shuningdek, katta pul oqimlari qaerda bo‘lishini ham boylar biladi.

Shunday qilib, boylar va mahalliy ulamolar va ayrim norasmiy siyosiy guruhlar aralashuvi, ta'siri natijasida sof o‘g‘ri, bosqinchi to‘dalar qilmishida siyosiy ohanglar yuzaga keldi. Ular shariat nomidan ayollarni zinokor deb yuziga qora surtib eshakka teskari mindirish, yoshlarni o‘g‘risan deb oyog‘idan osib qo‘yishga jur'at eta boshlashdi.

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat bitiklari edi.

Tag‘in o‘qing
10 aprel 2015
Ular o‘qituvchilar, mediklar, madaniyat arboblari, artistlar. Menimcha O‘zbekistonda paxtakorlikdan fermerlarning ham hech bir manfaati yo‘q.  Bu qaramlikni his qilish ...
20 aprel 2023
Oliy sudda sovet davrida qatag‘on qilingan yana 208 nafar shaxs oqlandi. 30 yil kechikkan bo‘lsa ham olqishga loyiq ish.  ...
10 yanvar 2023
Rassom Tuz @eltuz
18 sentyabr 2018
O‘zbek interneti qahramoni, teleboshlovchi, siyosatshunos, siyosiy fanlar nomzodi va Jurnalistika universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jaev rus ayoliga qo‘pollik qilib, undan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...