Ko‘zqarash
20 noyabr 2020

Chiroq va gaz o‘chadigan mavsum keldi. Chidaylik

Bugun kechqurun gazim yonmadi, o‘zi shundoq ham past yonardi. O‘tin-ko‘mir g‘amlamagandim. Kichkina elektrpech o‘zini o‘zi zo‘rg‘a isitdi, aksiga olib kechqurun chiroq ham o‘chdi. Qalin kiyinib uxladim. Paypoqniyam ikkita kiydim.

Bosh kiyimim ham qalin edi. Eshakning terisidan ham qalin eski choponim bor edi, ko‘rpaning ostida shuni kiyib yotdim. Gavdam ayiqday ulkanlashdi.

Asli o‘zimning gavdam ham ayiqnikidan kam emas. Qalin kiyimlar kiyib hatto fil bo‘lib ketdim. Shu gavdamga yonimda yaponlarning sumo kurashchisi bo‘lsa, olishib ko‘rardim.

Ustimga yopinadigan ko‘rpam ham qalin edi, shu holatda ham kechqurun uch marta sovqotib uyg‘ondim.

Mayli, bugun gazni tuzatarman.

Gazsiz qishloqlarning holi ne kechyapti ekan?! Kamiga chiroq o‘chadigan odat chiqardi. Pechkaga yoqadigan qattiq o‘tinni boyman degan odam ham sotib olishga og‘rinadi, chunki u juda qimmat. Pechkangga molning oxurida ortib qolgan xashakni yoqyapsanmi, vatandosh?!

Dima Qayum, pechkangizga nima yoqyapsiz?! Tong qorong‘usida boshim, oyog‘im sovqotib, dildirab uyg‘ondim.

Tezlikda suv qaynatdim. Tezlikda bir chinni damlama ichdim. Endi tezlikda ko‘chaga somsa yegani chiqib ketyapman.

Qorin to‘q bo‘lgani ma'qul. Ammo somsa har dardga da'vo emas. Men sal pal bilganim xalq tabobatidan gapirsam.

Yog‘i olingan yarim litr sutga bir dona mushtdek keladigan sarimsoq piyoz to‘g‘ralib, past olovda yarim soat qaynatilib, so‘ng issiq pech ustida bir soat dam yediriladi.

Kechqurun yo kunduzi, qorin ovqatdan bo‘shaganida tayyor bo‘lgan sut va sarimsoq damlamasidan ikki piyola ichilib, to‘shakka qorinni berib yotiladi. Shu yotgan paytingiz boshingizni mato bilan berkitib, kosaga mayda to‘g‘ralgan ikki dona piyozni chuqur-chuqur hidlaysiz. Shu holatda zerikkuncha yoting. Bir soatdan so‘ng shu protsedurani yana bir bor takrorlang.

Shu usul bilan shoyad koviddan qutilasiz va u o‘pkangizga zarar yetkazolmaydi. Darvoqe, shifokor tavsiya etgan tabletkalarni ichish esdan chiqmasin.

Yana. Bir kosa to‘g‘ralgan piyozga qaynoq suv qo‘yib, issiq pech ustida yarim soat dam yedirasiz, so‘ng undan bir piyola ichasiz. Bir kunda uch mahal ichsa bo‘ladi. Bu damlama qonni suyultiradi va viruslarga qiron keltiradi.

Ichimlik sodasini damlab ichish ham (bir piyola suvga bir chekim noscha qo‘shiladi) virusga qarshi kurashda samaralidir. Anorni siqib suvini iching, qonni suyultiradi. Turshak qaynatib iching, yurakka yordam bo‘ladi.

Besh kilocha anorni siqib suvini ichdim, ichimni qotirmadi. Chunki men kun bo‘yi o‘rik sharbati va sarisoqpiyoz qaynatilgan sut ham ichuvdim.

Salomatlik uchun badan tarbiyasi muhim. Badan tarbiyasi uchun esa sport maydonlari kerak.

Qariyb o‘n yil Toshkent shahrining Sebzor dahasida yashaganman, o‘g‘il-qizim chaqaloqligidan o‘sha yerda ulg‘ayib, uyimizga yaqin maktabda o‘qigan.

Hozir ham uyim Toshkent shahrining o‘zbeklar eng ko‘p yashaydigan Sebzor dahasida. Asli Farg‘ona viloyatining qishlog‘idanman, o‘qiyman deb Toshkonga borib, Sebzorga o‘rnashib qolganman.

Mayli, asosiy mavzu qaerda yashashim va qaerda tug‘ilganim haqida emas. 2001-2002- yillarda kichkina bolachalarimni yetaklab ko‘cha aylantirgani chiqardim va u paytlar Sebzorda «dom»lar qurilganda reja asosida bunyod etilgan bolalar sport maydonchalari ko‘p edi.

Keyinroq bolalar sport maydonchalari o‘rnida do‘konlar, marketlar, boshqa xil binolar qurilishi boshlandi. Ya'ni, oddiy qilib aytsak, shahar hokimligi sovet davrida reja asosida tashkil qilingan bolalar maydonchalari joylashgan yerlarni tadbirkorlarga sotishni boshlab yubordi. Hozirgi kunda Sebzorda bolalar maydonchalari qolmadi hisob.

Toshkent shahrining o‘sha paytdagi pulga tiqilib o‘lgur hokimlari shahar bo‘yicha nechta bolalar maydonchalarini katta pora evaziga tadbirkorlarga sotib yubordi ekan?

Sebzor – Toshkent shahrining markazlaridan biri.

Har qanday tadbirkor Sebzorda ofisi bo‘lishini istaydi. Hatto yebto‘ymas, notayin va nojins rahbarlar Eski Juvada joylashgan Turon kutubxonasi binosini buzib yer bilan yakson qilishdi.
Tarixni bilmaydi bular, bilsayam hurmat qilmaydi.

Axir Turon kutubxonasi jadidlar tashkil etgan ilk ommaviy yirik kutubxona edi, shuningdek, Turkiston jadidlari markazi edi bu ziyo maskani. Sovet davrida ham bironta g‘ishtiga tegilmagan edi bu kutubxona binosining.

Lekin kutubxona binosining (yonida yana bitta bino bor edi shunaqa) g‘ishti qimmat edi, Nikolay g‘isht edi. Chamamda, kutubxona binosining g‘ishti qaysidir rahbarning dang‘illama uchaskasiga kerak bo‘lib qolgan va qimmatli bino buzib tashlangan. (Bu gaplarni yozguncha yuragim yig‘ladi).

Demak, bolalar sport maydonchalarini sotib yuborish hamma viloyat, shahar va qishloqlarda bo‘ldi.

Shu taxlit ommaviy sport infratuzilmasini yo‘q qildik.

Endi esa bir kunda o‘n ming odim piyoda yurganga mukofot beramiz, deyilyapti. Bunaqa gaplar hech qanday natija bermasligi hammaga ayon.

Vaqtida qishloq va shaharlarimizdagi minglab bolalar sport maydonchalarini asrab qolish kerak edi.

Ëzuvchi Rahimjon Rahmat hikoyalari edi

Tag‘in o‘qing
30 yanvar 2020
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoeva 29 yanvar kuni arizalariga ko‘ra lavozimlaridan ...
5 mart 2019
Shu kunlarda ba'zi bir ishlar bilan band bo‘lganim sababidan kanalga yozishga vaqtim bo‘lmayapti. Ammo Navoiy tili haqidagi postlardan so‘ng ...
18 yanvar 2022
Tarmoqda ikki toifa mullalar bir-biri bilan qirpichoq bo‘lmoqda. 1-toifa: Hukumat va DXX yo‘rig‘ida yurib chiziqdan chiqmaydigan «mo‘'tadillar» 2-toifa: IShID ...
12 aprel 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar Xorazm viloyatining Shovot, Jizzax viloyatining do‘stlik, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...