Asosiy mavzular
11 yanvar 2021

Billur belbog‘

Taniqli shoir Bahrom Ro‘zimuhammad 60 yoshda

Bahrom aka indamaygina oltmishga kiribdi. Botinan qaralganda, unday emas. Bahrom aka indamaygina oltmishga kirgani yo‘q. Uning adabiy hayqiriqlari nihoyatda nafis qoralangan she'rlarida, she'riyat haqidagi olimona va shoirona qalb prizmasidan o‘tkazib yozilgan mulohazalarida, nigohing tushganda birin-ketin yurakda portlaydigan satrlarida hamma-hammasi jamuljamdir.

Cho‘lponning “Ko‘ngil yangilik qidiradir”, degan taassufini ko‘pchiligimiz bilamiz. Ha, o‘tgan asrning oxirgi choragida ko‘ngilllar yangilik qidirayotgan bir paytda she'riyatda Bahrom Ro‘zimuhammad, Abduvali Qutbiddin, Aziz Said o‘zlaridan oldingi badiiy kashfiyotlarni inkor etmagani, ular ta'siridan rivojlanib, soyasida qolib ketmagani holda misli ko‘rilmagan yangilanishlar qildilar. Har biri birdan og‘izga tushdi: chunonchi, har birining o‘z badiiy yo‘li, o‘z ichki ohangi, o‘z manyovrlari bor edi.

Bahrom Ro‘zimuhammadni kimdir hashoratlar haqida yozib yuradigan shoir o‘laroq pisanda etar, biroq nima haqda yozmasin, uni san'at darajasida inkishof eta oldi. Chumoli haqida qoyillatib yozolmagan odam Amir Temur haqida ham biror nimani do‘ndirmasligi aniq. Hazrati Attor aytmoqchi: “Sen uning jussasiga emas, qalbidagi ishqiga boq. Ishq mo‘'jizalar yaratar”.

Men Bahrom Ro‘zimuhammadning ilk she'rlarini o‘qiganimda 13 yashar qizaloq edim. “Orzu fuqarosi”, “Sabr daraxti”, “Gullayotgan tosh” kabi kitoblarni o‘qib, hayratlarimni yig‘ishtirib ololmay yurgan kezlarimda qo‘limga Bahrom Ro‘zimuhammadning “Terakka yaqin yulduz” kitobi tushdi.

Bu kitob orzularim yo‘lini tamomila burib yubordi. U menga “toshni tosh, gulni gul, yulduzni yulduz”, deb emas, undan ham chiroyliroq nom bilan atash mumkinligini o‘rgatdi.

Bir tomonda Muhammad Solih, ikkinchi tomonda esa Rauf Parfi she'riyatni va o‘quvchini inson yuragi yetmagan cho‘qqilarga olib chiqib ketayotgan bir daf'ada o‘quvchining hissiyotini elektr simlari yanglig‘ jimirlatish uchun tamomila yangi bir ovoz, yangi bir soz kerak edi.

Nazarimda, Bahrom Ro‘zimuhammad ana o‘sha dolg‘ali paytda o‘ziga xos yo‘lni topa oldi va uning she'rlari juda tezlik bilan yuraklar qatidagi har bir qatimga singib ketdi.

Agar Yevropa va Shimoliy Amerikada modernizm 1800 yillar oxirida Frantsiyada boshlangan va bu hodisa Marsel Prust nomi bilan bog‘lansa, u 1950 yillarda Amerikada Robert Louell va Silviya Plat she'rlari bilan oxiriga yetdi.

O‘zbek she'riyatida esa bu o‘tgan asrning 70-90-yillari she'riyatida avj nuqtaga ko‘tarildi. Uning oldingi saflarida Bahrom Ro‘zimuhammadning nomi tilga olinishi bejizga emas. Chunki modern adabiyot rivojida ham amaliy, ham nazariy jihatdan Bahrom Ro‘zimuhammadning hissasi beqiyosdir.

“Modern” istilohining o‘zi “zamonaviy” ma'nosini anglatadi. Ana shunda zamonaviylikning oxiri bormi? Zamonaviylik qaerdan boshlanadi-yu, qaerda tugaydi, chunki har qanday “moda” ham urfdan qoladi-ku, degan fikrlar paydo bo‘ladi.

Aslida adabiyotda moda eskirmaydi, urfdan qolmaydi, zamonaviylashish abadiy davom etadi. Simvolizm, futurizm, akmeizm, imajinizm, dadizm, ekspressionizm – bularning hammasi birlashgan holda modernizm daraxti soyasida to‘planadilar.

Akmeizm asoschisi Nikolay Gumilyov 1911 yillarda “shoirlar sex”ini tashkil qilgan va bu sexda Anna Axmataova, Osip Mandelshtam, Vasiliy Gippius, Vladislav Xodasevich, Igor Severyanin birlashgan.

Gumilyovdan “shoirlar sexida nima qilyapsiz?” deb kinoyaomuz so‘rashganida, “Konfet bilan choy ichyapmiz”, deb hazilomuz javob qaytargan ekan.

Aslida ushbu sex yangi yo‘nalishda ijod qilayotgan shoirlarni bir joyda to‘plash, she'rlarini chop etish va ularni targ‘ib qilishni o‘z zimmasiga olgan edi.

Bahrom Ro‘zimuhammad she'rlari haqidagi mulohazalarga qaytsak. Uning she'rlarida haddan ortiq nafosat bor: so‘z nafosati, tuyg‘ularni chertish nafosati, tafakkur nafosati. Muzdan gullar yasaydigan san'atkor yanglig‘ muzdan ham gul yasash mumkinligini shuurimga joylagan kitobdir “Terakka yaqin yulduz”.

Oq rangga boshqa rangni qo‘shib bir necha bo‘yoqlardan rang hosil qilib ko‘rganmisiz hech? Ranglar qo‘shilganda oq rang ikkinchi rangni ochofatlik bilan shimib oladi.

Bahrom Ro‘zimuhammad she'rlarining qalbga tashrifini ana shunday bir necha ranglardan bo‘yoq hosil qilish jarayoniga mengzash mumkin. She'riy, badiiy namoyishlarga muntazir turgan qalbimiz yangilikni shu lahzaning o‘zidayoq shimib oladi. U qalbimiz rangiga moslasha boshlaydi keyin.

Yaproqqa qo‘l tekkizsangiz
suvratdagi daraxt novdasiga
ninachi qo‘nadi

qabilidagi she'rlarni o‘qiganimda kechasi bilan uxlolmaganim rost.

G‘alati. Avvalo, suvratdagi daraxt, keyin u moddiylashadi, unga ninachi kelib qo‘nadi, uchadi, qayta qo‘nadi, moddiylik o‘rnini yana ruhoniy joziba egallaydi.

Moddiy va ruhiy olamimiz o‘rtasidagi ana shu ajabtovur olmos ko‘prikni qurgani va undan hislarimizni yetaklab o‘ta olgani bilan ham sirga to‘ladir uning she'riyati.

She'riy idrokimning tamomila yangi bir dunyoga do‘ngani, inson tasavvuri kabi tafakkuri ham cheksiz va chegarasiz ekanini anglaganman.

Uning she'rlarida go‘zallik qotib qolgan emas. Ular ulg‘ayib boradi, shoir noayon mo‘ljallagan nuqtaga yetganda haddan ortiqlik maqomiga ko‘tariladi, tovlanadi. O‘qigan sari kattalashadi. Bir martalik malham kabi joningizga atigi bir martagina huzur baxsh etmaydi.

Ularni har o‘qiganingizda yangi-yangi badiiy qatlamlarini kashf etasiz. Ruhiy tanangizga har gal zavq tarannumi yoyiladi.

G‘uncha ochilayotgan lahzada
baqirmoqni unuting birpas,
axir, go‘dak kabi nafisdir g‘uncha.
Yomg‘ir yog‘ar ekan
ichkisi keladi ruhimning
yuvilgan, zangori havoni.

Ushbu she'r Bahrom Ro‘zimuhammadning “Oy to‘lishgan tunda” she'ridan olingan. G‘aroyib she'r. Ichki ohang tilidami bu, dunyoga bitta – botiniy nigoh degan darchadan qarashmi yoki voqealikka nisbatan estetik mulozamatmi?

Ehtimol, hammasidir, nima bo‘lganda ham shoir bizni o‘zining badiiy evolyutsion hislar chizig‘idan olib yuradi, shuurimizni she'rni o‘qib tugatgach ham qo‘yib yubormaydi. Shoir shaklda, usulda, uslubda, ifodada tamomila yangilik qilishga erishadi. Ba'zan esa lingvistik og‘ishlar tuyg‘ularimizda yoriqlar paydo qiladi. Bu yoriqlar esa bir vaqtning o‘zida misli ko‘rilmagan badiiy va timsoliy topilmalar bilan to‘ladi.

Adabiyotshunos olim Rahimjon Rahmat Bahrom Ro‘zimuhammad she'rlari haqida to‘xtalayotib, uni “suv ostidagi gulzor”ga mengzaydi: darhaqiqat, toza, ishvali, g‘uborsiz va nihoyatda go‘zal gulzor bu.

Zilol suv ostida gullab turgan gulzorni tasavvur qilishning o‘zi nihoyatda yoqimli axir. Suv ostida taralayotgan ifor! Suvga chayingan ifor! Mutlaqo top-toza! Hayqirib yuborgingiz keladi bu soflikka qarab!

Shuningdek, olim o‘z mushohadalarini davom ettirib, uning poeziyasi nihoyatda sofligini, davriy va tuzumga xos voqeliklardan xolilikni e'tirof etgandi.

Darhaqiqat, shoirning she'rlarini vaqt mashinasida Navoiy davriga borib qolgan she'rsevar o‘qisa ham xuddi 15-asrda yozilgan she'rdek qabul qilib o‘qiyverishi aniq. Chunonchi, ular vaqt shamollarida evrilmaydi, tuslanmaydi:

Shunday shamol bo‘ldiki,
chayqaldi
suvratdagi daraxtning soyasi
shunday shamol bo‘ldiki,
o‘rnidan ыo‘zg‘aldi yurak ham
biroq baribir
iforini tarqatmadi So‘zlar

Ehtimol, bu she'rni bundan besh asr keyin ham o‘quvchi xuddi o‘z zamonining she'ridek tushunchalar bilan qabul qilar. O‘z asrida kechayotgan shamollar bilan suvratdagi daraxt soyasini chayqatgisi kelar. Tasavvurining kuchiga tayanar…

Tog‘lar borligini bilmayman.
Bu kesakni siz mushtdek dedingiz,
haqiqiy tog‘dir u men uchun,
cho‘qqisiga qararkanman o‘sha kesakning,
do‘ppim uchib ketar boshimdan.
Katta bir sir bordir bu yerda, deyman,
Donishmand cho‘qmor hassasi bilan
mayda bo‘laklarga bo‘lmoqchi sirni,
ya'ni imo-ishoraga cho‘zmoqda qo‘lin.
Chinqirib yuborar azobdan
tasavvuri chil-chil singan bir odam,
tajovuzkorona yaltillar,
ja'miki ko‘zlarga solgancha tahdid.
Men tasavvur siniqlarini
yig‘ib olarkanman hech ikkilanmay,
allanimaningdir aksin ko‘rdim-u,
ko‘rmaganga oldim birdan o‘zimni.

Bu shoirning 1993 yilda yozilgan she'ri. Roppa-rosa 28 yil oldin yozilgan. Modernizmning radikal qanotlarini belgilagan ayrim she'rlarda aql va tafakkur monopoliyasini ko‘rish mumkin.

Men bu she'rni bekorga to‘lig‘icha keltirganim yo‘q. Chunki she'rdan ba'zi parchalarni uzib olib o‘qiganda xuddi ana shunday tushunchalar paydo bo‘lishi mumkin edi.

Biroq she'rni to‘lig‘icha o‘qir ekansiz, tasavvuringizning ko‘p qirrali burchaklari hamma yoqqa yoyiladi. Idrokingiz erinchoqlikdan tozalanadi.

She'rlar bor fojealarga, yaralarga, chandiqlarga to‘la. Hatto charchatib qo‘yadi mavrid-bemavrid ohu fig‘onlar. Jazava, betin jazava… bir marta o‘qiysiz, ikkinchi marta o‘qishga yurak betlamaydi.

Ana shunda tuyqus uning bir martalik (odnozarovыy) dard ekanini tushunib yetasiz. Bahrom Ro‘zimuhammad esa tragediyaning tug‘ilishini mashq qilmaydi.

Shaxsiy jazavasi bilan o‘quvchining shuuriga portlash moslamalarini uloqtirmaydi. Ularda sokin bir xayolchanlik, jozibali tafakkur, yarqiroq manzaralarni ko‘rasiz. Badiiy idrokingiz dam oladi, huzur tuyadi, iforlanadi.

Ular bilan bir necha kunlab birga ruhoniy safarga chiqar ekansiz, bezmaysiz, aksincha, ajralolmay qolasiz. Manzaralar gapiradi, suvratlar musiqa tinglaydi, holatlar qo‘lingizdan tutadi va lahzalar ming bo‘lakka bo‘linib yal-yal tovlanadi.

Ha, Bahrom Ro‘zimuhammad she'riyatiga jaziba va g‘alayon tamomila yotdir. Uning mohiyatida ham, sirtida ham go‘zal va sokin bir g‘uluni ko‘rish mumkin, xolos.

Hatto dardni ham bu qadar go‘zal yo‘sinda chekish usulini faqat Bahrom Ro‘zimuhammad she'riyatida tuyaman.

“Odam odamga bangi” deb yozgandi rus shoirasi Tatyana Zommer. Ha, aynan mana shu ruhoniy, hissiy bangilik boshlanadi bu she'rlar bilan.

Yolg‘izman,
yuragimning ichi qop-qorong‘i zulmat,
yana qorong‘ilashar o‘ylaganim sayin,
nihoyat qiziqroq xayol topaman,
oxir-oqibat
nima yoritabilarkan shunday zulmatni.

Bahrom Ro‘zimuhammadning she'rlari yurakning orqa planiga mo‘ljallangan she'rlardir. Ularda voqelikning, tasvirlanayotgan ob'ektning orqa plani bosh planga chiqadi: ko‘ngilning orqa tomoni, xayolning orqa tomoni, hayotning orqa tomoni.

Inson tasavvurining, inson taxayyulining cheksiz-chegarasiz, hadsiz-hududsiz bepoyonliklarida sayr boshlanadi. Tafakkur o‘yinlarini, idrokning shahdini o‘tkirlab beradi ular. She'rdan keyingi hayot boshlanadi shuurda.

An'anaviy she'rlardan farqli o‘laroq, shoir o‘z she'rlarida o‘quvchiga emas, o‘ziga, xayollariga, botiniga murojaat qiladi. O‘zining ola-bo‘la o‘ylari ichida sharpa yanglig‘ kezib yuradi, eng muhimi, o‘zini qaysidir ma'shuqasidan jabr ko‘rgan oshiq monand achinarli ahvolda chizmaydi, ming turli qiyofada ko‘rinish beradi: ba'zan g‘olib, ba'zan mag‘lub, gohida masrur, gohida mag‘rur. Ular ong ostining turli kovaklarida bizni yangi-yangi sarguzashtlarga chog‘layveradi.

O‘tgan asr oxiri va yangi asr boshlarida qaysidir “oqsuyak” saroy yozuvchisining fatvosi bilan modernistlarga tosh otish urfga aylangan edi. Modernistlarga g‘arb soyasida qolib ketgan bir unsur o‘laroq tavqi la'natlar boshlandi. Bir tomondan, yaxshi hol edi bu. O‘zini modernist sanagichlarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratdi.

Bahrom aka o‘z yo‘lida sobit turdi. Xususan, shu asr boshlarida o‘zining modernizm, postmodernizm, dekadentlik, simvolizm, syurrealizm haqidagi maqolalari bilan muntazam chiqishlar qildi. Bahslarga kirishdi.

Xuddiki, Andrey Beliyga qarshi chiqishlar qilib Sasha Chyorniy o‘ziga “Chyorniy” taxallusini qo‘llagani yanglig‘, adabiy “olishuv”lar qizigandan qizigandi.

Eng muhimi, Bahrom akaning adabiy-tanqidiy maqolalari bir asar monand o‘qiladi. Ular hech kimni o‘zining hissiy qarichlari zabtiga olmaydi. Ba'zan katta adabiyotshunoslikka daxldor kashfiyotlarni kundalik adabiy istiloh monand aytib o‘tib ketadi.

She'r haqida hamma yozishi mumkin. Biroq she'r haqida shoirning yozgani o‘zgacha kechishini hammamiz ba'zan bildirib, ba'zida bildirmay tan olamiz.

Farog‘at Kamol, Abduvali Qutbiddin, Halima Ahmedova, Xosiyat Rustamova, Bektemir Pirnafasov, Oydinniso she'riyati haqidagi har bir maqolasini adabiy-tanqidiy-badiiy asar, noyob bir kitob o‘laroq mutolaa qilasiz.

Ularda biz «she'r nima, shoir kim» qabilidagi mangu savollarga mangu javoblar izlagan holda “suvni tarozida tortib bo‘lmas”ligiga ishonch hosil qilamiz.

Yana bir jihati, Bahrom aka Navoiy ijodiga cheksiz mehru muhabbat bilan yondashadi. Bu esa modernchilar g‘arbga taqlid qiladilar, degan qarashlarni kuppa-kunduz kuni chippakka chiqaradi.

Xususan, Bahrom akaning “Navoiyga tatabbu” she'rida hazratning bir bayti butun boshli she'rda ta'rif qilinishi, Navoiy ijodiga bag‘ishlangan adabiy maqolalari buning badiiy va nazariy hujjatidir.

Qolaversa, Bahrom aka bilan suhbatlashsangiz, Navoiy she'riyatning o‘ziga xos jihatlari haqida soatlab gapiradi. Navoiyni shu qadar soddalashtirib shuuringizga joylaydiki, beixtiyor uyga kelib Navoiyni qo‘lga olasiz.

Navoiyga havas qilib bolaligidanoq g‘azallar yozganini suhbatlaridan birida o‘zi ham ta'kidlab o‘tgan. Firog‘iy taxallusi bilan yozgan g‘azallaridan xabarimiz bor.

Hatto qaysidir yili uning “Yoshlik” jurnalida qofiyali she'rlari e'lon qilingan edi. Bu ham aslida noan'anaviy fikrlaydigan va badiiy tafakkurida avangard unsurlar bo‘y ko‘rsatgan shoir she'rlarini real ramz-timsollar qolipiga joylay olmadi.

Ular iforni qutilarga joylab bo‘lmasligi kabi, shamolni kishanband etish imkonsizligi monand bir holni o‘zida mujassam etdi.

Bahrom aka kuni kecha suhbatimizda yuvvosh bir muloyimlik bilan “Men ham Navoiyning yoshiga yetdim”, dedi. Men bu gapga o‘z vaqtida o‘zimni e'tibor bermagandek tutdim-u, keyin bu gap tez yordam mashinasi yanglig‘ ruhiyatimda hayqirib sado berdi: Bahrom Ro‘zimuhammad 60 yoshda!

Suvratida va siyratida navoiyona xokisorlikni, odamlikka oshiqlikni, ruhga xaridorlikni ko‘raman. Uning yozganlari, adabiyotimiz xazinasiga qo‘shgan hissasi, tarjimalari behisob tahsinga, tadqiqqa loyiq.

Ehtimol, Bahrom Ro‘zimuhammadning adabiyot yuki nihoyatda ko‘p ortilgan yelkasiga yopilishi kerak bo‘lgan zar to‘nni qaysidir grafoman allaqachon yelkasiga ilib qochgandir.

Bilaman, Bahrom aka adabiyotning estafeta tayoqchasini bu kabi to‘xtamlarda almashtirmaydi. Uning tarozisi – so‘z, u so‘zdan urib qolmaydi. Yuragi eng go‘zal va eng zarbof adabiy to‘nlarga o‘ralgan.

Zero, uning qalbi, vijdoni oldidagi missiyasi hech bir podsho zamonida o‘zgarmaydi. Ustoz Matnazar Abdulhakim aytganidek, nasabi xvostovchi bo‘lgan shoirlarning yo‘li ham, alpozi ham bo‘lakdir.

Har bir she'ri suv ostidagi gulzor yanglig‘ qalbimiz tubida jimirlab turibdi: ularda joziba bor, chayqalish bor, yangorish epkinlari bor. Bu suv tubiga har gal tikilganda nihoyatda go‘zal bir sarosimani ko‘ramiz, mehru muhabbat sarosimasi.

Bu sarosima esa umumdunyo adabiyotining beliga billur belbog‘ bo‘lib boylangan. Biz, ko‘ngil g‘avvoslari esa suvning jimiridan, she'r tubidagi duru marjonlar shovuridan ruhlanib, o‘z tuyg‘ularimizga qayta-qayta ishlov berishda davom etamiz.

Go‘zal BYeGIM

Tag‘in o‘qing
30 aprel 2019
Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva 15 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi rahbari o‘rinbosari etib tayinlangani ortidan matbuotda ...
21 yanvar 2021
«Eltuz» 21 yanvar kuni satira yo‘nalishidagi to‘rt minuntlik yangi animatsion filmni taqdim qildi. Bunda o‘zbek fermerlarining xonavayron bo‘lishiga sabab ...
19 aprel 2018
Shu yilning 18 aprelida feysbuk sahifasida oq do‘ppi kiygan haydovchining mashinasi kapotini ochib ko‘rayotgan militsiya formasidagi yigit fotosuratlari paydo ...
20 iyul 2017
13 iyul kuni Izmirning Dikili tumanida qadimiy Rim davriga oid tarixiy asarlarni o‘g‘irlab ketayotganlikda ayblangan O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan N. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...