Ko‘zqarash
18 yanvar 2021

Bugunning ertagi

Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan, yaqin-yaqin zamonlarda yot bosqinchilarning yuz yildan ko‘proq vaqt davom etgan mustamlakasidan so‘ng falakning gardishi bilan yana bir mamlakat ahli ham ozodlikka, hurlikka erishibdi.

Aniqrog‘i, bosqinchi imperiya mamlakati ko‘p yillar o‘tib o‘z-o‘zidan parchalanib ketibdi. Ammo ish boshidan pachava bo‘libdi. Gap shundaki, o‘sha mamlakatning ozodligi, mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvarlar qolib ketib, davlat tepasiga o‘sha mustamlakachi davlatga qul bo‘lib xizmat qilib yurgan xoinlar va malaylar o‘tirib olishibdi.

Ular o‘zlarini xalqqa vatan ozodligi uchun ayovsiz kurashgan va yangi ozod davlat bunyod etayotgan mislsiz qahramonlar, deb e'lon qilishibdi.

Siz bugungi qiyinchiliklarga bardosh bering, yangi dunyo yaratamiz, xususiy mulkka yo‘l beramiz, har bir odam boyib ketadi, xullas, o‘n besh yilda yurtimizni hamma baxtiyor yashaydigan jannatmakon o‘lkaga aylantiramiz, deb kuyuq va'dalar berishibdi. Jaydari olomon bu gaplarga g‘irt ishonibdi.

Sobiq malaylar ishni, birinchi galda, dehqonlardan boshlashibdi. Avval yerlar umumiy bo‘lgan, masalan, jamoaga bo‘lib berilgan  ming gektar ekin maydonida ikki ming ahmoq qullik qilar, ular hatto tomigacha paxta ekishgan ekan.

Malaylarning yangi tuzumida esa o‘sha ming gektar ekin maydoni o‘n nafar ahmoqqa bo‘lib berilibdi, qolgan dehqonlar esa chet ellarga borib pul topib kelish uchun quvib solinibdi.

Yangi yer egalarini fermerlar deb nomlashibdi, ular ekib-tikib hosil yetishtirar, tayyor hosilga tepadagilar narx belgilab bor-budlarini olib qo‘yarkanlar.

Fermerlar amal-taqal tepadagilarning ko‘zini shamg‘alat qilib tirikchilik o‘tkazar, o‘sha yerni ham olib qo‘yishlaridan qo‘rqib, dami ichida yuraverisharkan.

Mamlakatda hamma boyliklar sotila boshlabdi. Tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik asosida ish yuritish avjiga chiqibdi. Hademay bu yurtda bir chimdim odamlar mislsiz boyib keta boshlabdi, negadir kambag‘allar haddan tashqari ko‘paya boshlabdi.

Katta-kichik amaldorlar poraxo‘rlikni boshlab beribdi. Ahvol shu darajaga yetibdiki, hech bir ish oldi-berdi qilmay ro‘yobga chiqmaydigan bo‘lib qolibdi.

Yana bir tomoni, bu mamlakatda katta qo‘shnilarning ko‘zini o‘ynatadigan yer osti boyliklari mo‘ldan mo‘l ekan. Yuz tonnalab oltin, uran, noyob qimmatbaho metallar, gaz qazib olinar ekan.

Ammo podshoning buyrug‘i bilan bu boyliklarning miqdori xalqdan mutlaqo maxfiysir tutilarkan. Chetga sotilayotgan bu kabi boyliklardan keladigan pullar podsho va vazirlarning oila a'zolari nomlariga xorij banklariga qo‘yilarkan.

Xalq orasida vijdonli ilm ahliga juda yomon bo‘libdi. Chunki ular bunday bedodlikka chidab tura olishmabdi, shartta gapirib yuborishibdi.

Bundan dahshatga tushgan podsho shaytonlab qolibdi va bunday odamlarni xalq dushmanlari deb e'lon qilibdi. Bunda mirshablar va josuslar podshoning joniga oro kirishibdi.

Bundan ko‘ngli taskin topgan podsho qaysar ilm ahli yo‘q qilinsin, xalq tiz cho‘ktirilsin, deb farmon beribdi. Adolat tomon bo‘lgan ilm ahli uzoq yillarga qamoqlarga tiqilibdi. Qolgan-qutganlari chet ellarga badarg‘a qilinibdi.

Adolat quvg‘in qilingach, butun mamlakat xalqi poraxo‘rlik kasaliga mubtalo bo‘libdi. Avvallari bo‘lgan katta-katta zavod va fabrikalar birin-ketin yopilib, yeng ichida bilimsiz boyvachcha o‘g‘rilarga sotila boshlabdi.

Yangi korxonalar esa ochilmabti, ishsizlar odamlar soni soat sayin ko‘paygandan ko‘payibdi. Ishsiz xalqning boshi qotib qolibdi. Millionlagan odamlar qashshoqlikdan qochib boshqa yurtlarga ko‘chib ketishni boshlabdi. Bu yurt ahlining dunyoda ko‘chib bormagan mamlakati qolmapti.

Xalqning bilagida kuchi bor bo‘lgan yoshlari o‘zga yurtlarda xor-zor ishlab, pul topib, oilasini boqa boshlashibdi. Bu sohada ham malaylar o‘zlari uchun eng makkorona yo‘lini topishibdi.

Avvalo, tashqaridan keladigan butun mollar uchun chegaralarni yopishibdi yoki faqat tepadagilar nomlaridan keladigan mollargagina alohida tuynuk ochib qo‘yilibti, ana endi ular o‘zlarining ishlab chiqargan yoki tashqaridan olib kelgan tovarlari uchun o‘zlari xohlagancha narx qo‘yib sotishni yo‘lga qo‘yishibdi.

Shunday yo‘l bilan bechoraning chet ellardan jonini tikib halol mehnat qilib olib kelgan pulini shilishni boshlashibdi.

Odamlarning boshqa yurtlarga borib adolat bobida ko‘zi ochilib borayotganini sezgan malaylar chetga chiqqanlarni alohida qora ro‘yxatga olib, nayrang bilan o‘ylab topgan tuhmatlari asosida ularni vatan xoinlari, deb e'lon qilib jazolashni boshlabdi.

Bu yurtda maosh olib yashayotgan barchaning o‘zga yurtlarga chiqishlariga qat'iy taqiq qo‘yilibdi. Mamlakatda malaylar xizmatida choychaqa uchun ishlaydigan josuslar, chaqimchilar, tuhmatchilar ko‘paygandan ko‘payibdi.

Hatto bir to‘da odamlar tuhmat va chaqimchilikni tirikchilik manbaiga aylantirishibdi. Chunki ular bu xizmati evaziga alohida moddiy rag‘batlantirilar ekan-da.

Adolatsizlikka qarshi g‘iring deb ovoz chiqargan odam ayovsiz qamalaverganini ko‘rgan xalqning qo‘rqqanidan dami ichiga tushib ketibdi. Hadikka tushgan xalq bir-birlari bilan gaplashgani ham cho‘chib qolibdi. Odamlar orasida o‘zaro ishonch butunlay yo‘qolib ketib ichlari gumon va g‘ulg‘ulaga to‘lib toshibdi. Butun mamlakat avom xalqini qattiq qo‘rquv vahimasi bosibdi.

Mamlakatda narx-navo kundan kunga oshib boraveribdi. Bu yurtda eng arzoni oddiy odam va uning mehnati bo‘lib qolibdi. Ming odamning oldida obro‘-e'tibori bo‘lgan har qanday kishi podshoga qarshi gapi uchun kafolati bilan yigirma yilga qamalar ekan.

Eng birinchi galda odamlar podshoga itoat bilan sig‘inib, shukur qilib yashashga da'vat qilinibdi, noshukurlar panjara ortiga jo‘natilarkan.

Yangi itoatgo‘y ma'naviyat yaratish maqsadida bu podshogacha mavjud bo‘lgan barcha kitoblar yig‘ib olinib, kuli ko‘kka sovurilibdi. Uzoq kechmish avlodlar hur yashagan tarixni o‘rganish butunlay taqiqlanibdi, malaylarning hech kim o‘qimaydigan, zolim podsho ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan kitoblari qayta-qayta chop etilaveribdi.

Hafsalasi pir bo‘lgan xalq nihoyat butunlay o‘qimay qo‘yibdi. Endi omi odamlar o‘zlari bilmagan holda podsho va boylikka sig‘ina boshlabdi. El-yurt o‘rtasida baraka ko‘tarilibdi. Ishi yurishmay tentirab dunyo kezgan bu yurt erkaklari qullarga, ayollari esa fohishalarga aylanibdi.

Nihoyat, odamlar ham rost gapirmay qo‘yishibdi, chunki podsho, vazir va ularning malaylari bir og‘iz ham rost gapirmas ekan, shuning uchun kim rost gapirsa, darhol jazolanar, yolg‘on gapirganning esa oshig‘i olchi ekan.

Narxlar kun sayin oshib boraverganidan odamlarning kuni non-choyga qolibdi, ustiga ustak, yangi malaylar tomonidan o‘ylab topilgan, dunyoda yo‘q soliqlar solinib, odamlarning sillasini butunlay quritibdi.

Malaylar dunyoda haligacha qayd etilmagan yana bir hiylayu nayrangni o‘ylab topishibdiki, yo‘q yerdagi bahona va yolg‘on va'dalar bilan odamlarning yashab turgan uylarini buzib tashlab, o‘zlarini ko‘chalarga quvishibdi.

Kambag‘alchilik va yo‘qchilik chang solishi va chek-chegarasiz xoru zorliklarga qaramay, bu yurtning xalqi jim sukut saqlar ekan. Bunday itoat va sukut hamda sindirilgan ruhni ko‘rib ham havas, ham hasad qilgan, mag‘rur, erksevar, adolatparvar xalqidan bezigan qo‘shni yurtlar hukmdorlari tajriba o‘rganish maqsadida bu mamlakatga tinimsiz ravishda elchilar yuborar ekan.

Tepadagi bir tupuk boylar milliardlagan boylik ichida cho‘milib rohat-farog‘atda yashar, omi xalq esa yashab qolish uchun tirikchilik ko‘yida kunu tun tinim bilmay qora mehnat bilan band ekan.

Kunlarning birida bu olamda internet va telefon degan balo yaratilibdi. Bu matohlar yoshu qarini o‘ziga butunlay rom etibdi. Bu mamlakat odamlari internetda tentirashni boshlabdi-yu, to‘satdan cho‘chib uyg‘onib, ko‘zlari yaraq etib ochilib ketibdi…

Hayrat
O‘zbekistonlik muallifning «Eltuz»ga yo‘llagan hikoyasi

Tag‘in o‘qing
14 yanvar 2022
Bormisiz zukko, aqlli va samimiy do‘stim! O‘tgan hafta men ham siz kabi butun e'tiborimni O‘zekiston qo‘shnisi – Qozog‘istonga qaratdim. ...
16 may 2024
Yuqoridagi videoda Farg‘ona viloyati kadastr boshqarmasi boshlig‘i Nodir Mashrapov xodimlarni og‘ziga kelgan gap bilan bo‘ralab so‘kyapti. Nodir Mashrapovning so‘kong‘ichligi ...
28 may 2019
Moliya vazirligi xodimlari tomonidan byudjet tashkilotlarida o‘tgan yili va joriy yilning birinchi choragi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari bu muassasalarning ...
12 yanvar 2018
«Eltuz» pochtasiga O‘zbekiston Markaziy banki xodimlari nomidan ekani aytilgan maktub keldi. Maktub mualliflari bank rahbariyatini korruptsiyada ayblagan. Maktubga Markaziy ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...