Qo‘rquv sharpasi kezarkan…
O‘sha qadim, qadim zamonlarda davlati boy, odamlari erkin, baquvvat, oilalari baxtiyor, adolat ustun bo‘lgan mamlakatga to‘satdan yov bostirib kelibdi.
Tish-tirnog‘igacha qurollangan g‘ayridin yov bilan ayovsiz janglar boshlanib ketibdi. Yurt ahli, kattayu kichigi, erkagu ayoli mardonavor janglar qilibdi.
Ammo dushman o‘z qo‘shinining haddan tashqari ko‘pligi, son-sanoqsizligi hisobiga o‘sha dovyurak yurt ahlini dahshatli janglarda mag‘lub etibdi. Mamlakat qonga belanibdi, shaharu qishloqlar o‘liklar bilan to‘lib-toshibdi.
Bosqinchi sarkarda yurtni talab, behisob oltin-kumush va qimmatbaho buyumlarni ot-ulovlariga yuklab, o‘z podshosi huzuriga boribdi. G‘olib harbiy sarkardani saroyda juda katta tantanalar bilan qarshi olishibdi. Podsho sarkardaga eng yuqori oliy harbiy unvon beribdi, katta boyliklar bilan siylabdi.
Katta tantana nihoyasiga yetgach, podshoning maslahatxonasiga vazirlar va dono maslahatchilar chaqirilib mahfiy mashvarat boshlanibdi.
Podsho g‘olib sarkardaga qarab: «Sen ancha-muncha yurtlarga yurish qilding, ammo bu safargi jangda juda ko‘p askarlarni nobud qilibsan, buning sababini qanday izohlaysan», debdi qovog‘ini solib.
«Olampanoh bir qoshiq qonimdan keching, hech kutilmagan vaziyat bo‘ldi, bu yurtning har bir erkagi, ayolu bolalari chavandoz ekan, odamlari sheryurak, baquvvat, chaqqon, qaysar jangchilar ekan, hatto ayollari uch-to‘rt askarimiz bilan bemalol jang qilishdi, eng dahshatlisi ularning bari o‘limdan zarracha ham qo‘rqishmaydi.
O‘ch olish va ularning qarshilik hovurini pasaytirish maqsadida bir necha qishloq ahlini qatliom qilishga, beshikdagi bolasigacha ayamay qirib tashlashga buyruq berishimga to‘g‘ri keldi.
Demak, bu yurtni bosib olish bizga oson kechmadi, bu yurtni to‘la ishg‘ol qildik, lekin bu ularning ruhini to‘la ishg‘ol qildik, degani emas. Agar hushyor bo‘lmasak, g‘alabani boy berib qo‘yishimiz mumkin.
Xo‘sh, atrofimdagi donishmandlar, bu yurt odamlarini har doim itoatda saqlab turishimiz uchun nimalar qilishimiz kerak, maslahat bering», dedi. Davraga og‘ir sukut cho‘kdi.
«Bir qoshiq qonimdan keching, muhtaram zoti oliylari, marhamat qilib so‘zlashga imkon bering, – deya gap boshladi maslahatboshi. – Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, degan naql bejiz aytilmagan.
O‘sha mardlar yurtida ham astoydil izlanilsa, ko‘rnamaklari topiladi, ya'ni joni shirinlari. Menimcha, bundan buyon biz, birinchi galda, ana shunday odamlarni topib, ularning malaylik xizmatiga tayanishimiz kerak.
Malaylarga birinchi o‘rinda amal va pul berishimiz zarur, unday odamlar uchun amal pog‘onasining katta-kichigining farqi yo‘q. Ana o‘shalar bizga bo‘ysunmaslarni o‘z qo‘llari bilan topib berishadi, xufiyona, yashirin ravishda barcha harakatu ma'lumotlarni yetkazib turishadi».
«Olampanoh, ruxsati oliylari bilan kamtarin o‘ylarimni bayon etishga ruxsat bersangiz, – deya ikkinchi dono gap boshladi. – Mening fikri ojizimcha, birinchi galda, o‘sha yot yurt odamlarining ruhini sindirishimiz kerak bo‘ladi.
Buning uchun esa ularga cheksiz ruhiy kuch-quvvat berayotgan g‘ayridin peshvolarini ming turli ayblar bilan yo‘l chetlari, ayniqsa, joylardagi markazlarga namoyishkorona osib tashlashimiz kerak bo‘ladi, din peshvolarining achib-bijib yotgan murdalarini ko‘rgan qora xalqning nihoyat ruhi sinadi deb o‘ylayman.
Yana shunga alohida e'tibor qilmoq kerakki, tog‘u toshlarda, chekka qishloqlarda qochib-pisib yashirinib yurib, haliyam bizga kutilmaganda sezilarli zarba berayotgan, o‘zlarini vatanparvarlar deb ovoza qilayotgan bir to‘da yerli xalq odamlarini tutib kelib, o‘sha din peshvolarining yoniga namoyishkorona ravishda haftalab osib qo‘yish kerak, toki ich-o‘yida erkinlik qo‘msagan odamlar hatto o‘ylarida ham taslim bo‘lishsin».
«Zoti oliylari, men qulingizga ham bir og‘iz so‘z aytishga izn bersangiz, yuqoridagi fikrlarga ofarin deb quyida o‘z qarashlarimni bayon etsam, – deya gap boshladi keyingi dono. – Endi biz istilo qilgan o‘sha yurtdagi barcha kitoblar yig‘ilib, saroyimizga keltirilsa yaxshi ish bo‘lardi.
Ularning diniy asarlarini yo‘q qilib tashlaymiz, ilmiy asarlarini o‘zlashtiramiz, tarixiy kitoblarini esa qayta o‘zimizga moslashtirib yozamiz.
Biz uchun nomaqbul deb topilgan barcha kitobu qo‘lyozmalarni, shuningdek, u yurtdagi hamma tarixiy obidalarni vayron qilishimiz, yondirib kulini ko‘kka sovurishimiz kerak, toki yot yurt odamlari ham jismonan, ham ma'nan yalangoyoq qolishsin, nihoyat o‘z o‘tmishini bilmagan xalq nafaqat bizga, balki kelgusi avlodlarimizga ham qul bo‘lib qolaveradi».
«Olampanoh, ijozatingiz bilan eng muhim yo‘nalish haqidagi fikrlarimni havola qilsam, – deb gap boshladi navbatdagi dono. – Menimcha, birinchi galda ayg‘oqchilik va josuslik amallariga alohida e'tibor berilsa va bu sohaga xazinadan ayamay xarajat qilinishini istardim.
Ayniqsa, o‘sha qora xalq orasidan chiqqan oriyatsiz chaqimchi, ayg‘oqchi va xoinlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Xoin va chaqimchilar bizga ham hech qachon el bo‘lmaydi. Buni yaxshi bilamiz.
Asosiysi, ular o‘z xalqiga ham hech qachon el bo‘lmaydi, biz uchun eng foydali tomoni – chaqimchi va xoinlar o‘z yurti va xalqining hech qachon birini ikki qilmaydi, qullik abadiy bo‘ladi, bu esa biz uchun ayni muddao.
Biz, avvalo, yerli xalqdan chiqqan xufya chaqimchilar bilan qattiq ishlashimiz zarur, ishni shu darajada yo‘lga qo‘yishimiz kerakki, ular bir-birlarining ustidan chaqimchilik qilishsin. Ishonchim komilki, ular bunday vazifani arzimagan choychaqa uchun jon dildan bajarishadi.
Yerli xalqdan chiqqan erksevar, qaysar, bo‘ysunmas odamlarni ayovsiz o‘limga mahkum qilishimiz kerak, chaqimchilarga esa imkon qadar ko‘payish sharoitini yaratib berishimiz zarur. Xufya chaqimchilar urug‘ini ko‘paytirishimiz kerak, ularning bir necha xotini bo‘lsa yanada yaxshi, chunki ulardan yangi va yangi xufya chaqimchilar dunyoga keladi.
Ko‘ribsizki, bir necha avlodlar o‘tganidan so‘ng bu yurt chaqimchilar, ayg‘oqchilar, josuslar, fisqu fasod g‘iybatchilar yurtiga aylanadi, chaqimchilik, bir-birini ko‘rolmaslik, hasad olovida doimo yonib turish, biz kabi qo‘llarida kaltak yoki quroli bo‘lgan zulm ko‘rsatuvchilarga ko‘r-ko‘rona so‘zsiz itoatgo‘ylik, bir-birlariga butunlay befarqlik, o‘zini hammadan bir karra past his etish, qo‘ydek yuvoshlik, baliqdek gunglik ularning qon-qoniga singib ketadi.
Nihoyat, bu xalq ruhan sinadi, notavon, nodonga aylanadi, o‘zligini butunlay unutadi, ular bir so‘z bilan aytganda, bedavo kasalga mubtalo bo‘lishadi. Bu esa bizning buyuk tarixiy g‘alabamizga aylanadi.
Vaqt o‘taveradi, balki bir necha yuz yillar, asrlar o‘tganidan so‘ng bizning istilomizdagi bu odamlarlar ozodlikka erishib o‘zining davlatini qayta tiklashlari mumkin, biroq ular har birining bo‘yniga osilgan ko‘zga ko‘rinmas ruhiy qullik zanjirlarini ko‘tarib yuraverishadi. Nihoyat, hech qachon ularning biri ikki, yurtida esa baraka bo‘lmaydi».
Maslahatchilarning dono so‘zlarini eshitgan podshoning yuziga qizil yugurdi, ich-ichidan bag‘oyat shodlanib ketdi. Shartta o‘rnidan turib, davra ahliga qarab: «Azizlarim, yuqorida aytilgan fikrlar bir oy muddat mobaynida mukammal dastur holiga keltirilsin», dedi va mashvaratni yopdi.
Oradan bir oy o‘tgach, olampanoh o‘sha g‘olib sarkardani bosib olingan yurtga podsho etib tayinlabdi. Yangi podsho esa mukammal ishlab chiqilgan dasturni amaliy ravishda qo‘llash uchun bir guruh amaldorlarni olib, bosib olingan yurtga jo‘nab ketibdi.
Dono aytganidek, bir necha asrlar o‘tib ham ketibdi. Hozir o‘sha yurt hurlikka erishibdi ham. Ammo donolarning bashorat qilib aytganlari hozir ham amalda avjida emish, mamlakatda qo‘rquv sharpasi kezib yurarmish.
Qo‘lida kaltak ko‘targan podsho va uning amaldorlariyu mirshablar odamlardan o‘lgudek qo‘rqarmish, odamlar esa ulardan qo‘rqib titrarmish. Xufya chaqimchilar, ayg‘oqchilar, josuslar, g‘iybatchi, hasadgo‘ylar, tuhmatchiyu yaloqilarning kuni tug‘ibdi.
Qarangki, ularga bebaho pastkashlik, xoinligu maddohlik xizmatlari uchun pullar, sovg‘alar, unvonlar berilarmish. Oddiy odamlarga o‘zlaricha o‘ylash taqiqlangan, faqat podshohi olam va amaldorlari aytgan fikrlar doirasida cheklangan o‘ylash va itoat qilishga izn berilgan ekan.
Yangi so‘z aytgan, har qanday sohada yangilik yaratgan kishi naqd balolarga qolarkan, oxir-oqibat boshi kundaga qo‘yilarkan, bunda maddohlarning xizmatlari beqiyos bo‘larkan.
Shuncha taqiqlarga qaramay bu yurtda hozir ham dovyuraklar, mardlar, erkin o‘y-fikr sohiblari bo‘lgan o‘g‘il-qizlar tug‘ilaverarkan. Ammo bunday odamning paydo bo‘lganini sezishlari bilanoq o‘sha chaqimchilaru tuhmatchilar hamda maddohlar darhol ishga tusharkan, bechora vatanparvarni zindonband qilisharkan yoki el oldida turli tuhmatlar bilan sazoyi qilishib quvib solisharkan.
O‘sha yo‘sinda, yot dono bashorat qilib aytganidek, o‘z elining oyog‘iga o‘zlari bolta urisharkan. Odamlari «sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilida yasharkanlar.
Butun bir yurtda gap boshqa, ish esa uning teskarisi bo‘larkan. Boylar kambag‘allardan, kambag‘allar boylardan, aniqrog‘i, yuqoridagilar quyidagilardan, quyidagilar yuqoridagilardan qo‘rqib yasharkanlar.
Xullas, hayot davom etar ekan, butun mamlakat ahlini dahshatga solib o‘sha yurt bo‘ylab bugun ham qo‘rquv sharpasi kezib yurarmish…
Turtki – o‘zbekistonlik muallifning “Eltuz”ga yo‘llagan hikoyasi