Ko‘zqarash
2 mart 2021

G‘irt begona

Bir og‘aynim qo‘qqisdan men haqimda daholarcha bashorat qilib bunday deb qoldi: Kerak bo‘lsa, ming foiz kafolat beramanki, seni yurtimizda hech qaerga ishga olishmaydi, chunki sen na olishni bilasan, na berishni!

Peshonani qarangki, uning falsafasi to‘ppa-to‘g‘ri chiqib turibdi, hamon ish qidiraman, oradan besh yil o‘tib ketibdi. Bu davrda bormagan joyim qolmadi, ertaga keling, indinga xabar oling, bir haftadan so‘ng o‘zimiz telefon qilamiz, uch oydan keyinga yuz foiz kafolat beramiz, xullas, yumshoq muomala, hammasi musaffo osmon…

Aybing nimada, deyishingiz mumkin. Ha, aybim bor, birinchi galda, to‘g‘risini gapiraman, halol ishlayman, birovning haqiga xiyonat qilmayman. Eng yomoni, rahbarlarga tilyog‘lamalik, laganbardorlik va chaqimchilik qilishni bilmayman. Mabodo, yangi rejani rahbarning o‘zi taklif qilsa ham ro‘yobga oshmaydigan taklif bo‘lsa, shartta ochig‘ini aytib qo‘ya qolaman, shuning uchun ba'zan betgachopar ham deb qo‘yishardi.

O‘zi biror joyda ishlaganmisan, deyishingiz ham mumkin. Ha, ishlaganman, bir korxonada rahbarning o‘rinbosari bo‘lib 10 yildan ziyod ishlaganman. Yana bir kamchiligim, ishga yangi xodim olsam, yoshiga qaramasdim, avvalo, bilimi, qobiliyati va ishchanligiga e'tibor berardim.

Nihoyat rahbarga yoqmay qoldim shekilli, o‘rnimga boshqa odamni olishdi, oddiy xodim bo‘lib ishlay boshladim. Oradan olti oylar o‘tgach, korxonamizda yangi xodimlar keragidan bir necha baravar ko‘payib ketdi.

Hayron bo‘ldim, yangi xodimlar deyarli hech narsa qilishmas, korxonada o‘ralashib yurishaverardi. Vaqt o‘tgan sayin ulardan ba'zilarining jamoamizda ishlash uchun umuman qobiliyati yo‘q ekani hammaga sezilib qolardi. Yana vaqt o‘tgach, ularning ayrimlari yo‘qolib qolar va yana yangilari paydo bo‘lardi.

Fe'limni bilasiz-ku, bu haqida mening o‘rnimga o‘tirgan boshliqning o‘zidan ochiqchasiga so‘radim. U yashirib ham o‘tirmadi, men uchun to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi.

«Ularning har biridan yuz dollardan olib qo‘yganman, yuraverishsin, biroz vaqt o‘tgach javobini beraman, keyin yana yangisini olaveraman, birov mening mushugimni pisht demaydi, aka, bu biznes», dedi.

Holimni ko‘rgan yana bir tanishim, sen qachon odam bo‘lasan o‘zi, “xo‘p” deyishni o‘rgan, rahbarlar uchun sening qiladigan ishing emas, “xo‘p” deyishing birinchi o‘rinda turadi, deydi. “Lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini ol”, deb nasihat qiladi.

Bir kuni katta zalda hamma xodimlar hazil-huzul, qiy-chuv, o‘z vazifasidan boshqa ishlar bilan ovora edi. Men bir chetda jimgina o‘z vazifamni bajarib o‘tirardim, kutilmaganda shartta eshik ochilib, katta rahbar kirib qoldi.

Ko‘z ochib yumguncha vaziyat o‘zgardi. Hamma o‘zini shartta o‘z vazifasi bilan astoydil shug‘ullanayotganga soldi, kimlardir darrov laganbardorlik bilan katta boshliqqa quyuq salom berdi. Men esa o‘sha holda ishimni davom ettirardim.

Rahbar u yoq bu yoqqa astoydil razm solgandek bo‘ldi, ko‘ngli to‘ldi shekilli, menga qarab, aka nega bekor o‘tiribsiz, atrofingizdagi odamlardan o‘rnak olsangiz bo‘lmaydimi, deb menga qattiq tanbeh bergan bo‘ldi-da, shartta eshikni yopib, tashqariga chiqib ketdi.

Shu zahoti atrofimdagilar yana eski takasaltang holiga qaytishdi, g‘ala-g‘ovur boshlandi. Shunda men o‘zimni u yog‘idan o‘qisangiz ham, bu yog‘idan o‘qisangiz ham shunga o‘xshatdim – nodon!

Ba'zan aktyorlarga havasim kelardi, chunki ular har qanday rolga istagan paytida kira oladilar, aslida atrofimdagilar hayotdagi aktyorlikni qoyilmaqom qilib ijro etishardi.

Yoshi ulug‘roq yana bir tanishim, «Endi, uka, zamonni ko‘rib turibsiz, oldin uzatasiz, keyin olasiz, kerak bo‘lsa, katta lavozimdan tortib to oddiy qorovullikkacha uzatasiz, keyin yig‘ishtirib olasiz, qani bo‘lmasam, aytganimning aksi bo‘lgan uzatilmaydigan biror sohani misol qilib keltiring-chi» derdi gerdayib menga. Xullas, bu oluvchiyu beruvchilar yurtida men g‘irt begona edim.

Hayrat,

o‘zbekistonlik muallifning “Eltuz”ga yo‘llagan hikoyasi

Tag‘in o‘qing
28 noyabr 2017
Shu yilning 23 noyabridan O‘zbekiston qamoqxonalarida «o‘z tovarlari (xizmatlari), shuningdek, boshqa qonuniy manbalarini ijaraga berish»ga ruxsat etiladi. Vazirlar Mahkamasining ...
7 noyabr 2017
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi internetdagi «ichki ishlar idoralari obro‘sini to‘kuvchi» ma'lumotlarni ...
10 fevral 2024
Aksilkorrupsiya xizmatining 43 yoshdagi general-leytenanti O‘ljas Bektenovning Qozog‘iston bosh vaziri etib tayinlanishi, shubhasiz, uning postsovet tarixidagi muhim voqeadir, deya ...
29 fevral 2016
O‘zbek gazetalarini o‘qirkan, tag‘in tashviqot pardasi ortidagi jamiyat muammolar, vaqtida berilmayotgan ish haqi, matbuotda urchiyotan yolg‘onlar, sinayotgan korxonalar va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...