Dunyoni titratgan ikki soat
Ikkita kokiliga ikki xil bantik taqqan sepkilli qiz aslida 23 yoshda. Ismi Nazokat, ammo o‘ziga NOZI deb ism qo‘yvolgan. Tiktokda ikki million, yutubda million, instagramda yarim million, tvitter-mvitterlarda ham son sanoqsiz folloverlari bor. Tirikchiligi o‘shandan. Bundan tashqari, u har xil AOKA-maoka, Yoshlar ittifoqi, prezident qizlari do‘stligi va hokazo jamiyatlar erkatoyi. Oltin ruchka, qizil pska, pushti kapalak kabi mukopotlarni ogan. Surxondaryo hokimi Bobolov doxil o‘nlab hokimlar bu qiz “eyjodi” uchun pul o‘tkazib berishgan.
Nozi nima haqda yozadi? Nozi Munisa laqabli mushuk, Yulduz laqabli urg‘ochi it, Saida ismli homyak (kalamashuning aslzoda turi) va Ziroat ismli toshbaqa haqida yozadi. Yana Komil degan jaba (qurbaqaning bir turi) haqida ham yozib turadi. Aslida otasining yagona parzanti bo‘lgan Nozi hayvonlarga qiziqar edi. Kattagina xonada it, mushuk, toshbaqa va boshqa hayvonlar Nozi parvarishida shodon yurishadi.
Bir kuni Nozining iti mushukka qarab vovilladi. Nozi bo‘lsa, instagramda “Yulduz Munisaga qarab vovilladi”, deb yozib qo‘ydi. Birpasda million odam buni ko‘rib tashadi. Hammasi ana shundan keyin boshlandi. Shundan keyin Nozi bloger bo‘ldi. “Saidaning ikki old tishi chiroyli”, “Shok!!! Munisa banan yedi». ”Yulduzning yunglari to‘kildi”, «Komil boshida itbaliq bo‘lgan”. Bu kabi postlar favqulloda mashhur bo‘ldi.
Nozi mikrofonga gapirsa, tiktokda qora mushuk, yutubda esa pushti quyoncha bo‘lib, multfilm shaklida gapiradigan ap o‘rnatdi.
Sotvoldi aka
Sotvoldi aka Nozining otasi. Pensioner. Asl toshkenlik haqiqatgo‘y. Umr bo‘yi 31-maktabda tarix va til- adabiyotdan dars bergan. Xotini Sevara xola Nozini tuqqandan keyin boshqa tug‘madi. Kasal bo‘lib o‘ldi. Sotvoldi aka boshqa uylanmadi. Qizini oq yuvib oq taradi. Nozi tarmoqda ishlab topgan puliga hovlini yevroremont qildi va otasining tagiga bitta «Neksiya» oberdi. Nozining o‘zi «Malibu»da yuradi. Sotvoldi aka «Neksiya»dan xursand.
“Ko‘timni sudrasa bo‘ldi-da”, deydi. Ammo Sotvoldi aka qizining imlo xatolar bilan yozishidan juda xapa. Nega ch xarfini 4, sh harfini esa dablyu bilan yozasan desa, Nozi kulib, adasining ikki yuzidan o‘pib qo‘ya qoladi.
Sotvoldi aka qanday qilib bloger bo‘ldi?
Odatdagiday kun. Osmon musappoligi haqida tekin kvartira olgan blogerlar gapirib yotishibdi. Nozi ham uy hayvonlari boqiladigan xonadagi kresloda o‘tirib “eyjod” qilyapti. U nashvati yeyayotgan toshbaqaga qarab, “Ziroat shirin-shakar kokand meyvalarini sevadi”, deb yozdi. Shu payt xonaga Sotvoldi aka kirib, “qizim, shu gaplarni imlo qoidalariga rioya qilib yozsang bo‘lmaydimi”, deb qoldi. Nozi bo‘lsa, “Ada, o‘tiring. Mana o‘zingiz yozib ko‘ring”, deya telefonini berdi. Stoldagi aypad va makbukni ham ota ixtiyoriga berdi.
Ota rozi – xudo rozi. Sotvoldi aka bolalarcha havas bilan bu ashqol-dashqollarga qarab, “nima yozay, qizim”, deb so‘radi. “Nima yozsangiz yozavering, ada. Mana bu jaba haqida yozing”, dedi Nozi. “Bu sassiq qurvaqa Komil umrida akvariumdan boshqa narsani ko‘rmagan”, deb yozdi Sotvoldi aka. Bu gap oltita portalning millionlab folloverlariga tarqalib minglab “sheyr” bo‘ldi.
Qurigan dengizdagi Neptun bayrami
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qo‘llarida sharlar ko‘targan pushti ko‘ynakli hezim yigit kirib keldi. “Nozi, tez yuring Alisher Sagdullaevich kutvottilar. Mo‘ynoqda Neptun bayramiga kech qovommiza. Tez ketdik aeroportga, Noziy”, deya nozlangan yosh it vakiliga qarab Nozinning Yulduz laqabli iti bir irillab qo‘ydi.
Nozi bu hezimga qo‘shilib tez chiqib ketdi. Toshkentdan Nukusga uchadigan uchoq havoga ko‘tarildi. Uchoq ichida turli urovendagi zvizdalar bor edi. Lift ichida kal skripkachiga o‘ptirgani bilan mashhur bo‘lgan juvonopa hajga borganini maqtanib o‘tirar edi. Nozi bu juvonni rasmga olaman deb qarasa, telefoni uyda qolib ketibdi.
Nozi keyingi yillar ichida ilk bora offlayn bo‘ldi. O‘rindiqqa suyanib ko‘zi ilindi.
Bomba
Bu paytga kelib Sotvoldi aka internetda yozish drayfiga kirgan. Ashaddiy ichuvchilar bir ichib boshlasa o‘zini to‘xtata olmaganidek, tabiatan haqiqatgo‘y Sotvoldi aka uchun qizining akkauntlari haqiqatni aytish uchun ulkan pursat edi.
“Xalq ta'limi vazirligi attestat baholarini sotishni sanoat miqyosida amalga oshirmoqda. Uyat”, deb yozgan Sotvoldi aka rohat bilan kerishdi. “Prezident va vazirlar o‘z kandidatlik ishini palonchiga pul berib yozdirgan. Plagiat va soxta olimlar”, degan yozuv paydo bo‘ldi.
Shu tariqa “bomba” xabarlar mushuklar haqida yozadigan blogerning millionlab tarafdorlari orasida yashin tezligida tarqala boshladi. Xidirnazar tarafdorlari spiskasini DXXga bergan adliya vazirining itligi ham qolmadi, Aripovning qamag‘dagi Gulnoraning o‘g‘ri sherigi ekani, Ramatov esa oddiy qaroqchi ekani va hokazolar tinimsiz yozilardi. Oxirgi jumla “Qirol axir yalang‘och-ku”, degan uch jumladan iborat edi.
Munosabat
Al-Jazira telekanali “O‘zbek blogeri nihoyat haqiqatni yozdi” degan maqola e'lon qildi. «Ozodlik» radiosi esa Nozi fenomeni va fermerlar omili haqida Rabbimov va Sharof Ubaydullaev kabi ezma chollar bilan suhbat qildi. “Nozining qulog‘iga kim azon o‘qigan”, degan sarlavhali maqola BiBiSi o‘zbek manjetidan o‘rin oldi.
Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti Noziga «Jasorat» medali berish taklifi bilan chiqdi. O‘zbek tili jonkuyalari esa Nozining imlo qoidalariga rioya qilganligini olqishladi. Rasmiy o‘zbek matbuoti esa raddiyalar bilan to‘ldi. Din ishlari qo‘mitasi va kotta machit imomi Nozini tavqi la'nat qildi. Musaev va Emina degan baqaloqlar esa og‘zidan ko‘pik chiqarib shaytonlashdi.
Adminstratsiya tashvishda
Adminstratsiya kattakoni Zaynulobiddin srochna yig‘ilish o‘tkazdi. “Anavi ko‘kaldosh zek Akram va ipiriqsi bo‘biklarga qo‘shni qilib Noziga ham kvartira bering”, dedi Zaynolibiddin birat. Xayriddin birat esa “Bu qiz allaqachon kvartira obo‘ganligini aytish” bilan kifoyalandi. DXX raisi Nozi haqida ma'lumotnoma tayyorlanayotganligini bildirdi. IIB raisi Bobojonov ham bir narsalar dedi, ammo hech kim tushunmadi.
Po‘lat og‘aning o‘g‘uz lahjasidagi gapini qorluq qipchoq lahjasiga tarjima qilishdi zudlik bilan. “Nozi Toshkent Nukus uchog‘ida ketyapti. Hozir G‘ijduvon tepasida”, demoqchi ekan bu yoshulli. Mudofaa vaziri qo‘l ko‘tarib “Samalyotni urib tushiraymi”, dedi. Bu gapni selektor orqali eshitib o‘tirgan kottakon, “Urib tushiradigon voxtlar o‘tib ketgan. Seni o‘zingni urib tushiraman”, deya replika qo‘shdi.
Dengiz sathidan 600 metr yuksakda
Bu paytga kelib Nozi uchoq o‘rindig‘ida xurillabgina uxlar, tushlarida esa mushukchalarni ko‘rardi. Nukus aeroporti O‘zbekiston DXX va qurolli kuchlari hamda Milliy gvardiya sallotlari bilan o‘rab olingan. «Nyu- York tayms», «Al Jazira, «Si En En» kabi OAV jurnalistlari rang-barang mikrofonlari bilan chiqish eshigida turardi. Ammo Toshkentdan kelgan uchoq Nukusdagi xalqaro aeroportga emas, To‘rtko‘ldagi hech kim bilmaydigan harbiy baza hududiga qo‘ndirildi. Spetsnaz uchoq ichiga kirib, Nozining boshiga qop kiydirib olib chiqib ketdi.
Blogerga ozodlik
Xitoyning Tyam Miyan, V'etnamning Xo Shi Min, Shimoliy Koreyaning Kim Ir Sen, Riyodning Hoshimiy maydonlariga biron kimsa chiqib ,“O‘zbek blogerini ozod qiling”, demadi. Lekin tarmoqdagi o‘zbeklar o‘z blogeri himoyasiga nik orqali chiqib, “Nozida ayb yo‘q”, deyishdi. Ular haq edi. Ayb Sotvoldi akada edi. Gapning to‘g‘risi, bu vaqtga kelib Sotvoldi aka o‘zining shoxdor qo‘chqoriga yem berar edi. Eshik taqilladi. Sotvoldi aka glazokdan qarasa hech kim yo‘q. Keyin zvonok chalindi. Sotvoldi aka eshikni ochishi bilan boshiga qop kiygizib obketishdi. Qizing nima haqida yozadi, deb so‘rashdi. “Hayvonlar haqida yozadi”, dedi Sotvoldi aka. Zotan, to‘g‘risi ham shu edi…
@Rassom TUZ