Ko‘zqarash
3 oktyabr 2021

Imperativ-34. Yashil belbog‘

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 33-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

1995 yilga kelib, kaminaning kitoblari kutubxonalardan yig‘ishtirib olina boshlandi. Bu haqda har tarafdan xabarlar oldim. Ammo odamlar yashirib bo‘lsa-da, o‘qishayotgani haqda ham xabarlar bor edi.

Bir necha kishi bu haqda «Ozodlik» radiosidan chiqib gapirgandi o‘tgan yillarda. Holbuki, bu voqea 1978 yilda yozilgan she'rda yoritilgan edi:

KITOBLAR

Hech qachon o‘lolmas

Asli o‘lik bo‘lgan kitoblar.

Hidi ham chiqmaydi jasadlaridan

Kitob do‘koniga kirsangiz.

Haqiqiy kitoblar o‘lishi mumkin,

Hidlanishi mumkin

Haqiqiy kitobning jasadi.

Shu sabab ularni ko‘mmasa bo‘lmas,

Yondirmasa bo‘lmas shu sabab!..

(1978)

«Shaffof uy» (1985)

YaShIL BYeLBOG‘

1985 yil oxirida boshim sajdaga keldi, alhamdulilloh. Tug‘ilishdan musulmon hisoblangan (ota-onasi musulmon o‘laroq bilingan) juda ko‘p yoshlar kabi men ham o‘zimni «odam to‘g‘ri bo‘lsa, bas, namoz va dinning farzlari shart emas, Alloh yuragimizni bilsa, bu yetarlidir» qabilidagi demagogiya bilan o‘zimizni aldab yashar edik.

Ammo 80-yillar o‘rtalariga kelib, ruhan va ma'nan boshi berk ko‘chaga kirib borayotganimni his eta boshladim. Voqea kutilmaganda yuz berdi.

1985 yil qish oyi edi. Metrodan inib, istiqomatimiz «Pushkin-Salar» mahallasiga yurar ekan, ichimda shu qadar qo‘rqinchli bo‘shliq paydo bo‘ldiki, uni faqat bizni yaratganga inonch to‘ldira olishini his etdim.

Anglamadim, HIS ETDIM.

YaShIL BYeLBOG‘

Oqshom jur'at etib, bobom bisoti –

Yam-yashil belbog‘ni xufiya oldim

Va uni yozdim-u, yozgan zahoti

Yam-yashil olovning ichida qoldim –

Olovning zabtiga chidamay, tuyqus

Belbog‘ni silkitgan edim, shu zamon

Jaranglab, tushdi-ku yerga bir yulduz,

Yarqirab ketdi-ku tunda beomon!

Lekin yonaverdi lov-lov yashil rang,

Men uni so‘nggi bor siltdim hoynahoy –

Hushdan ketayotib ko‘rdim-ku arang,

Bu safar jaranglab tushdi yarim oy!» (1985)

«Tush tashbehlari» (1988)

Bu she'r ruhimdagi bu inqilobning aks tasviri edi. Alloh rahmat aylasin, bizdan bir qat yuqorida yashaydigan do‘stim Emin Usmondan iltimos qildim, u farzandlarim (qizim Umida va o‘g‘lim Temur)ga Qur'oni karim o‘rgatadigan ikkita muallim topib berdi.

Emin Usmon yozuvchi sifatida O‘zbekiston tabiati, ekologiyasi mavzusida juda ko‘p foydali maqolalar yozgan fidoiy inson edi. Unga bir she'r bag‘ishlagan edim:

QIShKI TUSh

Emin Usmonga

Qishloq bir jimlikka yuz tutgan,

Yo‘q bunda qarg‘angan qarg‘alar.

Bittasi qolibdi yuz tutdan,

Uzoqqa ketibdi dolg‘alar –

Jayhun ko‘p uzoqqa ketibmish,

Tutlarni o‘ziga iyartib,

Bu yerda qolgani yetimmish.

Alvon yallig‘likda kuyar tut,

So‘nggi qush kovakda to‘shar par.

Bu qushning ko‘zi ko‘r, ko‘rmaydi.

Sukunat. Bundagi har sharpa

Yodingga umrbod o‘rnaydi.

(1980)

«Valfajr» (1983)

Emin Usmon diniy e'tiqodi uchun Ichki ishlar vazirligi yerto‘lasida qiynoqqa solindi. Va o‘sha yerda qatl etildi, inshaalloh, shahid bo‘ldi. Uning muborak qoni badalini Karimov va uning jallodlari narigi dunyoda mutlaqo to‘laydilar.

Emin Usmon topgan muallimlar haftada ikki marta uyga kelib, bolalarga Qur'oni karim o‘rgata boshladilar. Badalsiz, Alloh yo‘lida bu zahmatga qatlandilar. Men uyaldim, hech bo‘lmasa yo‘l pulini olinglar, dedim, olishmadi. Alloh hammasiga ajrini bersin.

O‘tgan asrning 70-80 yillarida Toshkentda shunday musulmonlar bor edi. Bolalar bilan o‘zim va xonimim (Oydin Solih) ham Qur'on o‘qishni o‘rgana boshladik. Muallimlarimizning ismlarini aytishim kerak:

Zohidxon va Anvar. Ikki yosh yigit. Zohidxon (otasining ismini unutdim) mashhur qorining o‘g‘li edi. Anvar esa o‘zi adabiyotshunos, ammo bolalikdan diniy ilmlarni ham o‘rgangan bir yigit edi. Anvar keyin imom bo‘lib, ismiga «qori» sifati qo‘shib aytiladigan bo‘ldi. Karimov davrida hukumat siyosatini qo‘llagan diniy arbob o‘laroq mashhur bo‘ldi. Ammo mening xotiramda Anvar qori farzandlarimga dinini o‘rgatgan bir musulmon o‘laroq qolajak.

Alloh unga rahm aylasin, gunohlarini kechirsin.

Muallim Zohidxon ukamizning ham, uning ayoli Musallamxonimning ham (Oydinxonim va qizim Umidaga Qur'onni o‘rgatgan) xizmatlarini oilamiz aslo unutmaydi. Alloh ularga ajrini bersin.

80-yillar o‘rtalariga kelib, O‘zbekiston ustida Moskvaning mafkuraviy nazorati kuchaygan, ayniqsa, yer ostidagi milliy va diniy harakatlanishlar uning diqqat markazida edi. Bolalarga gizli Qur'on o‘rgatish ham aksilsovet faoliyat o‘laroq sinflantirilgan edi.

1984 yil yozilgan she'r:

1. MUMKIN

So‘zingni aytmayoq yeyishing mumkin,

Hali ham bor bo‘lsa aytajak so‘zing,

«Mo‘min musulmonman», deyishing mumkin,

Hali ham musulmon bo‘lmasang o‘zing.

«Oq tuya» ko‘rdingmi?» deb so‘rasalar,

«Ko‘rmadim», deyishing mumkindir ko‘rib,

Agar vijdon qiynab, topsang hafsala

Uyingda yig‘lashing mumkin o‘kirib.

Tishni tishga bosib mumkin chidamoq,

Agar qolgan bo‘lsa og‘zingda tishlar.

Mumkindir suyakka yetguncha pichoq

Hamon butun bo‘lsa suyaklaring gar.

Chidamoq mumkindir toki o‘lguncha,

Agar allaqachon o‘lmagan bo‘lsang.

2. MUMKIN EMAS

Siz betobsiz, betobsiz, oshna –

Mumkin emas ko‘chaga chiqish.

Mumkin emas dunyoqarashni

Buzadigan kitoblar o‘qish.

Mumkin emas noma'lum tomon,

Olis tomonlarni sog‘inmoq,

Mumkin emas sog‘liqqa yomon,

Sevmoq, cho‘kka tushib sig‘inmoq.

Mumkin emas kiyinmoq qishda,

Mumkin emas och bo‘lsang, yemoq,

Mumkin emas hatto ohista,

Qo‘rqa-pisa «mumkinmi?» demoq!…

(1984)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Bu ikki parchani Ahmad A'zamga o‘qib bergandim birinchi marta. Ahmad: «Buni bostiraman deb o‘ylamang, oshkora antisovetщina», deb vahima qildi. Kamina tug‘ma optimist bo‘lganim uchun: «Bosiladi, inshaalloh, bu avvalgi bosilganlardan qo‘rqinchliroq emas», deganman. Lekin ichimda bu qadar umidli emasdim.

Bu she'rni «Solidarnost» harakatining xayrixohi, Toshkent universitetida o‘zbekcha o‘rganayotgan bir poloniyalik xonim (Eljbeta Goschitska) o‘z tiliga o‘girgan ham edi. U yoqda bosildimi-yo‘qmi, bilmayman…

Qizig‘i shundaki, bu she'r ikki yil o‘tib (Ra'no Abdullaeva markazqo‘m kotibligidan olingandan so‘ngra) G‘afur G‘ulom nashriyotida «Olis tabassum soyasi» nomli to‘plamda chop etildi. Bu ham yetmaganidek, bu kitobni «Goskomizdat» degan tashkilot «yilning eng yaxshi she'r kitobi» degan mukofotga loyiq topdi, ammo sovet mukofotlariga dushman bo‘lganim uchun ular yuborgan «anketa»ni to‘ldirmadim va mukofotni rad etdim.

«Olis tabassum soyasi» (1986) kitobining nashriyot taqrizchisi (ichki taqriz) Ibrohim G‘afurov edi. Bu kitobda bosilishga tayyorlangan she'rlardan 50 tadan ortig‘iga «bu she'rda yomon niyat yo‘q» deb «izoh» yozib berganimni avvalroq eslatgandim.

Tag‘in o‘qing
10 dekabr 2018
O‘zbek matbuoti chop etayotgan maqolalarga ishonilsa, endi hamma g‘allasini davlatga topshirishga majbur bo‘ladigan dehqonning boshiga “baxt qushi” qo‘ngan. Mahalliy ...
24 aprel 2020
O‘zbekistonda kechayotgan karantin va cheklovlar tufayli hammadan ko‘ra kunlik ishlab pul topadiganlar qiyin ahvolga tushib qoldi. Oila boqishga, qorin ...
11 oktyabr 2016
Majburiy mehnat monitoringi bilan shug‘ullanayotgan «Qo‘rqmaslar» guruhi faoli Maloxat Eshoqulovaning eltuz.com muxbiriga bergan intervyusiga ko‘ra, ularni cho‘l zonasidagi «Qirlishon» ...
2 avgust 2021
Separatizm deya talqin qilingan virtual chiqishlari va o‘zbek lotin yozuvi joriy qilinishi bo‘yicha mavjud qonunlarga qarshiligi ortidan nazoratga olingan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...