Ko‘zqarash
13 oktyabr 2021

Imperativ 35. Bizning yerimiz

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 35-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

Ibrohim G‘afurovning shaxsiyati haqda bir necha jumla: Ibrohim G‘afurov tip o‘laroq ziyoli qatlamining ham omma ichida, ham o‘zi tamsil etgan qatlamda hurmat ko‘rgan toifa edi. Uni to‘g‘ridan KGBga axborot beradigan intelligent deyish mumkin emasdi. Ammo uni dissident fikrga xayrixoh deyish ham mumkin emasdi.

U o‘rtamiyona sovet kishisi edi. Sovet tuzumining abadiyligiga ishonmasa ham u bilan o‘ynashish o‘t bilan o‘ynashish bo‘lajagidan amindi. U «qayta qurish»ning «tepa»dan pastga ingan siyosiy iroda mahsuli, Gorbachyovsiz, jarayon boshlanmasdi, jarayonda xalq omili yo‘q, deb biladigan toifadan edi.

Antisovet tushunchali insonlarni yomon ko‘rgani uchun emas, ularning sovet rejimi bir kun yiqiladi, deya bo‘sh xayol qurganiga achinib, ularga qarshi chiqar yoki qarshi yozardi.

1983 yil «Adabiyot va san'at gazetasi»da bosilgan «She'ringizni tushuntirib bering» maqolasi shu ruhda yozilgan edi.

BIZNING YeRIMIZ

Maqsudga

Biz shu yerda yashagan edik.

Bobomniki edi shu hovuz.

Suvi tugab qolgan endi.

Xazonlar chirir hovuch-hovuch.

Gujumlar qup-quruq – qutulgan yukdan,

sho‘rdan oppoq hovuzning labi.

Chumchuqlar yurar, suvsizlikdan,

Qush bo‘pqolgan baliqlar kabi.

Biz yuribmiz – aka va uka,

Sayyohga aylangan ikkita yerli. (1981)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Bu she'r yozilganda biz aka-uka sayyohga aylanmagandik. Sayyohga 22 yildan so‘ngra, 1993 da «aylandik». Ammo bu uy bobom Begjon Begdan qolgan katta uyning bir parchasi edi. Hovuzni qurshab olgan dev misol gujumlarni Begjon Begning otasi Otajon Beg ekkandi.

She'rda suvi bitgan hovuzning labini tuz bosgan, gujumlar esa yaproqsiz, sarosima ichida turibdi. Otam vafot etib (1991), biz surgun etilganimizdan keyin (1993) gujumlar tamoman quridi. Go‘yo qurimoq uchun bizning u tuproqlarni tark etishimizni ular kutib turgandek bo‘ldi. Bu g‘ururli daraxtlar o‘z o‘limini bizga ko‘rsatishni istamadilar.

Bu gujumli uy sulolamizning tarixi tugab, dushmanlar (sovet) tarixiga doxil etilishimizning guvohi edi. Bobom Begjon Beg 1924 yilda aynan shu uydan chiqib, qaytib kelmagan va 1926 yil sovetlar tarafidan o‘ldirilgan edi.

Biz uchta aka-uka yuz yil keyin Begjon Begning taqdirini qisman takrorladik: bu uydan chiqdik va qaytib kelmadik. Qaytib kelmadik, ammo hali o‘lmadik.

Bir kuni qaytamiz degan ichtuyg‘u bizda bizdan iznsiz yashayapti.

Onam men vatandan chiqib ketgandan uch yil so‘ngra vafot etdi.

Unga mening yurtni tark etganimni bir yilgacha aytishmagan. Nihoyat, uydagilarning suhbatida chet elda ekanligimni eshitib, yomon ahvolga tushgan.

Kelinimiz Marziyaxonim (ukam Maqsudning rafiqasi) hikoya qilishicha, bir yil davomida «to‘ng‘ich o‘g‘lim Toshkentdan keladi», deb tuxumlarni yig‘ib utirgan. Men xorazmcha yumurta bo‘rakni sevardim, onam bu yemakni pishirib berishni orzu qilgan.

Va har kuni eshik oldidagi o‘rindiqqa o‘tirib, «bolam Toshkentdan kelib qoladi», deb yo‘limga qaragan. Kelinimiz Marziyaxonim «onam quyoshda o‘tiraverib qorayib ketdi», degandi.

Alloh onamga g‘ani-g‘ani rahmat aylasin.

Quyidagi she'r bu voqealardan 12 yil avval yozilgan:

ONA BILAN XAYRLAShUV

Tobora oqarar boshidagi soch,

Tobora uzoqlashar undan

Boshini silagan ul mehribon qo‘l.

Tobora uzoqlashar,

Uzoq-uzoqlarda hilpirar

O‘zga bir davlatning bayrog‘i kabi. (1981)

«Valfajr» (1983)

She'rda chizilgan manzara 12 yil so‘ngra (1993 yilda) aynan ro‘yobga chiqdi.

Onam, Qalandar sariqning qizi, men bilan xayrlashar ekan, qo‘lini silkishi adabiy ramzdir. Ammo bu qo‘lning «uzoqlashgan sari o‘zga bir davlat bayrog‘i kabi hilpirashi» ramz emas, shafqatsiz bir voqelik.

Mustabidlar meni O‘zbekiston vatandoshligidan chiqarganlaridan so‘ng bu yurtning bayrog‘i men uchun o‘zga bir davlatning bayrog‘iga aylandi.

Janozasida ishtirok etolmaganim onamning mozori, Ona Vatanim balki bu hayotda ko‘ra olmayajagim hilqatlar bo‘lajak. Alloh buni manglayimga yozgan bo‘lsa, demak bu yozuvning o‘rni manglaydir. Shukronalar bilan tashiyman uni bu Buyuk Imtihon davrida.

Ona, Vatan, Yor. Bu uchlik mendagi Buyuk Sevgining tarkiblaridir. Vatan doim onaga eslatadi. Ona esa doim vatanga o‘xshaydi. Bularning ikkisidan ham ayrilgan erkak uchun ularni o‘zida mujassamlantirgan hilqat – u sevgan ayoldir:

Ko‘zlari kirtaygan, yuzi za'faron,

Sochlari parishon, tojsiz malikam,

Men seni shu holda ko‘rganim zamon,

Bir pul bo‘lar qo‘rquv, bir pul – tahlikam.

O‘zgarma, shunday tur doim tushimda,

Men qo‘rqmay yashayin, meni sev, gulim –

Mana shu alfozda, shu turishingda

Mening Vatanimsan, sevgilim. (1986)

«Tun tashbihlari» (1988)

Va yoki:

SYeN KYeTGANDA

Ketganda,

Bir ayolday ketsang edi,

Nozu firoq etsang edi…

Yo‘q, bunaqa ketmaydursan sen,

Nozu firoq etmaydursan sen.

Sen ketsang bog‘larday ketasan,

Vaqt o‘tgan sari yuk solib.

Sen xuddi tog‘larday ketasan,

Uzoqlashgan sari yuksalib.

Fig‘onsiz, faryodsiz va tilsiz,

Cheksiz bir Vatanday ketasan. (1986)

«Tun tashbihlari» (1988)

Quyidagi she'rda ona vatan va yor sog‘inchi ayni maqomda ko‘riladi. Odam sevgilisi va ona vatanini «unutishi» xuddi inson o‘z vujudining a'zolarini «unutgani» kabidir:

UNUTAMAN

Unutaman sog‘inchni yolg‘ondan,

Kulaman hammaga qo‘shilib.

Unutaman seni,

Bolamizni,

Hatto sen bilan qolgan ul Vatanni.

Unutaman,

Odamlar o‘z qo‘lini,

O‘z kuzlarini,

Ba'zan hatto o‘z tanasini

Sezmagani kabi unutaman (1977)

«Shaffof uy»» (1980)

«Sevgi haqida she'rlaringiz nega kam», deb so‘rashadi ba'zi o‘quvchilarim.

Agar sevgi faqat ayolga bo‘lgan ishq nazarda tutilsa, yozganlarim o‘zbek shoirlari ijodi bilan muqoyasa etilganda, albatta, o‘quvchida qolgan bu taassurot to‘g‘ri chiqadi.

Haqiqatan ham, modern o‘zbek she'riyatida «ijodida ayolga sevgi tarannumi» eng oz odam kamina bo‘lishi mumkin. Ammo mana shu ayolga atalgan shu to‘rtlikdagi e'tirofga qarang:

«Men sendan xat emas, xavotir oldim,

Bu cheksiz dunyoning bir chekkasida.

Men seni juda oz quvontiroldim,

Men senga juda ko‘p bitdim qasida… (1976)

«Quduqdagi oy» (1980)

She'rda shunday mubolag‘alar bo‘ladi. Samimiy mubolag‘a. Shu qadar samimiyki, bu mubolag‘aga mubolag‘achining o‘zi ham ishonadi.

Rahmatli rafiqam Oydinxonimga: «Senga bag‘ishlangan matnlarni to‘plab, «Sevgi haqida» nomli bir kitob nashr etaman, ichiga sen bilan 1975 yilda Moskvada tushgan rasmimizni qo‘ymoqchiman», deganimda xonim doimiy tabassumi bilan: «1975 yildan so‘ngra sevgi haqida she'r yozilmadimi?» deya mutoyiba qilgandi.

Keyin bu mavzuda matnlarni to‘plaganimda haqiqatan kichik bir kitobchaga ham yetarli she'r topolmadim. Holbuki, o‘zimni hayotida ayolga nisbatan eng buyuk sevgi yashagan erkak hisoblardim.

Haqiqatan ham shunday edi.

Ammo bu hayotning mahramiyati uning she'rda aks etishiga ham ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin. Yoki kishiligimdagi (xarakterimdagi) chekinganlik, tuyg‘ularni tashqarida aks ettirmaslik mayli ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Bugun 45 yil o‘tib, bu qadim uyatchanlik menga g‘alati ko‘rinadi.

Masalan, quyidagi she'r ilk chop etilganida u so‘nggi nashrlarda ko‘ringani kabi «Oydinga» deb atalmagandi. She'r sirli «L.A.N» ga bag‘ishlangandi. Bu ruscha «Lan»(Ohu) ismining kodlangan ko‘rinishi edi. Kaminaning uy sharoitida xonimga murojaat qilarkan, qo‘llanadigan kalima edi «Lan».

Audiokitobnien yutub kanalidagi linki: https://youtu.be/o8fg643m9CI

Tag‘in o‘qing
9 may 2017
9 may kuni Shomahmudovlar haykali qayta ochildi. Toshkentlik taxlilchi Anvar Nazir fikriga ko‘ra, bu haykal sovet davrini qo‘msagan o‘zbekistonliklar ...
18 fevral 2017
«Qonun himoyachilarining o‘zi jinoyat sodir etsa, oddiy odam dardini kimga aytishi kerak?» – dedi Mirziyoev 9 yanvarda militsiya xodimlari ...
25 fevral 2016
Agar Navoiy tirik bo‘lganida bugungi o‘zbek kinolari haqida nima der edi. Har holda tasanno aytmagan bo‘lar edi. Masalan O‘zbekistonlik ...
30 iyul 2018
1 oktyabr kuni Muhammad Bekjon 63 yoshga to‘ldi. «Eltuz» nashri O‘zbekistonda eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalist va sobiq ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...