Janob Komilov andozasidagi “muzlar erishi”
Odatda ichki siyosiy masalalar yuzasidan jamoatchilik fikridan o‘zini tiyadigan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov to‘satdan xorijda “pistirma”da turgan muxolifatchilardan yozg‘irdi. U 22 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiyaning NTV telekanali jurnalisti savoliga javob berarkan, dastlab tizimli muxolifat nima ekanini tushunmadi. Keyin esa O‘zbekistondagi hukmron rejimni tanqid qilayotgan o‘zbek muxolifatchilarini ayblay boshladi.
Keling, gap nima haqida borganini bir boshdan aniqlaylik va hammasini birma-bir xotirjam javonga teramiz.
Gapni “tizimsiz” muxolifatdan boshlaymiz. Aslida O‘zbekistonda shunday narsaning o‘zi yo‘q. Chunki tizimli muxolifat ham yo‘q. Parlamentda o‘tirishga ruxsat berilgan cho‘ntak partiyalar mutlaqo tizimli muxolifat emas. Chunki ular umuman muxolifat ham emas.
«Tizimli» va «tizimsiz» muxolifat atamalari, umuman, faqat avtoritar rejimlarga nisbatan qo‘llaniladi, lekin faqat u yerda hech bo‘lmaganda haqiqatan ham faol muxolifat mavjud bo‘lgan taqdirda. Masalan, Rossiya Federatsiyasida tizimli muxolifat haqiqiy siyosiy partiyalar, KPRF, LDPR va «Yabloko» partiyalaridir. Ularning saylovda qatnashishiga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, bosim, soxtalashtirish va ovoz berish natijalarini uydirish yo‘li bilan ularning kerakli miqdorda ovoz to‘plashlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Tizimli bo‘lmagani esa parlamentga umuman kiritilmagani. O‘zbekistonda haligacha bunaqasi yo‘q. Taxtda faqat xon va uning vassallari bor.
Janob Komilov rejimning barcha tanqidchilarini «muxolifat» degan atama ostiga birlashtirib, mutlaqo xato qildi. Axir jurnalistning savolida gap faqat muxolifat partiyalari haqida borayotgan edi. Xorijiy diasporamizda esa bu toifaga faqat «Erk» bilan «Birlik»ni kiritishimiz mumkin. Boz ustiga, «Birlik» allaqachon faoliyat ko‘rsatmay qo‘ygan, «Erk» esa hozircha juda zaif va faoliyati sust tuzulmadir.
Xorijiy diasporada siyosiy muxolifatdan tashqari huquq faollari va jurnalistlar ham bor. Lekin ularni hecham muxolifat deya atamaslik kerak. Ularning o‘z kun tartibi va ish uslublari bor. Hukmron tuzumning qora ishlarini tanqid qilishlari yoki fosh qilishlari siyosiy muxolifat degani emas.
Ammo Komilov ayblovining markaziy nishoni xorijdagi rejim tanqidchilariga qaratilgan bo‘lib, ular go‘yoki o‘zlarining shaxsiy g‘arazi yo‘lida yoki G‘arb donorlaridan mablag‘ olish umidida rejimga dushmanlik qilishmoqda. U buni qaerdan biladi?
Aslida esa quvg‘inda yurgan bu omma ichidagi sanoqli faollargina grant olishadi va buni ular O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishlarini hujjatlashtirishgani uchun olishadi.
Siyosiy qochqinlarning aksariyati esa umuman jim bo‘lishgan va allaqachon ovoz chiqarmay qo‘yishgan, masalan, andijonlik qochqinlar. Balki ular siyosat yoki inson huquqlariga aloqasi bo‘lmagan ishlar bilan tirikchilik qilayotgan bo‘lishlari ham mumkin.
Bunga tuzumni tez-tez tanqid qiladigan, biroq o‘zi qo‘riq xizmatida ishlab hayot kechirayotgan Alisher Taksanovni yorqin va tipik misol sifatida keltirish mumkin. Bilishimcha, uning boshqa biror daromadi ham yo‘q.
Va nihoyat, Komilov bunday bayonot beradi: agar vataningizga yordam bermoqchi bo‘lsangiz, shu yerga kelib ishlang, sizning xavfsizligingiz kafolatlanadi. Darhaqiqat, so‘nggi paytlarda bir qancha o‘zbek siyosiy qochqinlari vatanlariga qaytishdi. Bu chindan ham muzlarning erishi alomatimi? Men bunday xulosa qilishga shoshmagan bo‘lardim. Hozircha rejim uchun ancha xavfsiz bo‘lganlargina, uni ochiq tanqid qilishni bas qilishganlaridan so‘ng qaytib kelishdi.
Hozircha biz rejimni ayblovchilardan birortasi qaytib kelib, yana o‘z tanqidlarini davom ettirgan birorta holatni ko‘rmadik. Aksincha, mahalliy tanqidchilarga nisbatan hamon repressiv choralar qo‘llanilayotganini ko‘ryapmiz va bunga misollar keyingi paytlarda tez-tez uchramoqda.
Rejim tanqidchilariga nisbatan haqiqatan ham muzlarning erishi o‘rniga balki qandaydir o‘yin, allaqanday piar loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan maqsad mamlakatda kamchiliklarni konstruktiv tanqid qiluvchilar uchun maydon yaratish emas, balki, aksincha, avval rejimni tanqid qilib kelgan qochqinlarning bir qismini zararsizlantirish orqali bunday tanqidlar uchun maydonni toraytirishdir. Keyin esa, ehtimol, hatto surgunda qolgan, haligacha faol bo‘lganlarni obro‘sizlantirish mumkin.
Ishonchim komilki, janob Mirziyoevning o‘zi hammamizni chaqirayotgan joyda tanqidsiz olg‘a siljishning iloji yo‘q. Uning harakatini tanqid qiluvchilar bo‘lmasa, bu kabi «faqat olg‘a!» shiorini u qanday uddalaydi? Davlat idoralari faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar tanqid qilinmasa, ular qanday aniqlanadi?
Albatta, tanqid konstruktiv bo‘lishi kerak. Bunday konstruktiv tanqid esa surgundagi faollar og‘zidan yetarlicha yangramoqda. Korruptsiyaga, majburiy mehnatga chek qo‘yish, fermerlar huquqlarini ta'minlash yuzasidan real choralar ko‘rish chaqiriqlari allaqachon yangragan. Taklif etilayotgan konstruktiv chora-tadbirlar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.
Shu tariqa janob Komilov jurnalist savoliga javob berarkan, kamida o‘zining layoqatsizligini, noxolisligini, o‘zi o‘ylab topgan narsani rost deb bilishini ko‘rsatdi. Umid qilamanki, o‘zbek hukumati bunday yondashuvdan voz kechadi va muzlarni chindan eritishga kirishadi.
Alisher Ilhomov,
siyosiy tahlilchining feysbuk sahifasidan