Kundalik
30 oktyabr 2015

Shaqqildoq

Bugun Lo‘s Anjalusdagi qasrimning minglab xonalaridan birida adashib qolib eshikmikan deb ishkopni ochibman.

Qarasam shaqqildoq turibdi.

Oldindan aytay bugungacha erishgan butun sarvatimga mana shu shaqqildoq bois erishganman.

Alovuddin uchun sexrli lampa qanday aziz bo‘lsa menga mana shu shaqqildoq shundoq aziz.

Otam¸ amakilarim o‘g‘ri bo‘lishgan. (Ular xozir ham ayni kasbda javlon urishmoqda)

Madrasada o‘qigan katta buvamning orientatsiyasi og‘irlik qilib bachchalik ham qilgan deyishadi.

Ya'ni muborak oyoqlariga zang taqib qiz bola kiyimini kiyib¸ ulama soch qistirib¸ suzilib «jonon bo‘laman deb» eshon bovoyu mudarrislarning shahvatini qo‘zg‘atib raqsga tushgan ekanlar rahmatlik.

Otamni aytishicha¸ xushro‘ylik menga shu katta buvamdan o‘tgan ekan.

Sal qorachadan kelgan bo‘lsam ham ko‘zga yaqin chiroyli ekanimni maktabdan bilaman.

Qizlar menga qarab “bizda yo‘q chiroy senda bora” deb tizzasiga urib afsus qilishar edi.

Kichkinaligimdan otamni aferalarida qatnashdim.

Masalan otam Paxtakor stadionida lotoreya tashkil qilib xalqni pulini shilib olganida xizmatim singan.

Stadionni o‘rtasida yilt yangi 06 jigulini lotoreya bosh sovrini qilib qo‘ygan edi otaginam.

Jigulini yonida bahmal yopilgan stol ustida esa shisha akvarium turar¸ ichiga esa kichik koptokchalar to‘ldirilgan edi.

Koptokchalardan birini ichida esa baxtli nomer bor edi.

Otam o‘rtaga chiqib: “ Ey xaloyiq oralaringda gunoh qilmagan bir ma'sum go‘dak o‘tiribdi¸o‘sha go‘dak aniqlasin bahtli nomerni” deb baqirgan zamon¸ tog‘alarim meni shartta ko‘tarib akvarium oldiga olib kelishar edi.

Men esa o‘rgatilganidek¸ akvarimga qo‘limni tiqib muz kabi sovuq koptokni olib tog‘amga berar edim.

Koptokni ichini ochib baxtli raqam ko‘ringanida albatta bu amakilarimdan birisining lotoreyasidagi nomer bo‘lar edi.

Hamma sir shundaki¸ baxtli raqam solingan koptokcha “yutuq chiqarish” tadbiridan oldin bir sutka muzxonada saqlanar ekan…

Chalg‘ib ketdim¸ shaqildoq haqida gapirayotgan edim.

Bir kuni Paxtakor metrosidan chiqaverishda angishvona o‘ynatib elni aldab pulini olayotgan amakilarimga polundrada turgan edim.

Bitta qariroq oq sochli odam kelib menga tikilib qarab qoldi. Men xitlanmaslik uchun nari ketib amakilarimga hushtak chalib signal berdim.

U odam bo‘lsa orqamdan yetib kelib¸ “Uka¸ men televidenieda ishlaydigan rejisser Xaybatilla akaman¸ hamma taniydi meni. Bugun Sheralini kontsertini suratga olmoqchi edik. Studiya zakaz qilingan hamma narsa shay. Fonogramma yozilgan. Kostyumlar tiktirilgan. Ammo shaqqildoqchi bola kelmay turibdi. Shaqildoqchi seni razmeringda kostyum kiyar edi. Xushro‘ygina bola ekansan¸ videoga olganimizda shaqqildoqni ushlab turib ber. Sal pal silkitib tursang bo‘ldi.”

Men bu amakining “xit” emasligidan ko‘nglim tinchib taklifiga rozi bo‘ldim. Propusk zakaz qildirib¸ Haybatilla aka meni TV ichkarisiga kiritdi. Mashxur odamlar bilan to‘la joy ekan bu TV degani. Ergash Karimovni tirigini o‘shanda ko‘ruvdim. Xullas Sheralini ortida turib unga mos po‘rim kostyumni kiyib shaqqildoqni shaqqillatib turdim. Kontsertni biror o‘n marta qayta yozishdiyov. Keyin Sheralini doirachisi kelib menga o‘n so‘m pul berdi. Omin obloxu akbar. Artistlik olamida yondimu o‘chdim.

Shu bilan yana angishvona o‘ynayotgan amakilarim yonidagi postga qaytib polundrada bardavom bo‘ldim.

Ammo ertasiga qiyomat qo‘pdi.

O‘g‘ri tog‘alarim tramvayda kissavurlik qilganda mendan “kukla” sifatida foydalanishar edi.

Tramvay bekatida turib birdan butun olomonning menga tikilib qarayotganini sezib qoldim.

Bittasi yugurib oldimga kelib “Assalomu alaykum¸ Sheraka tuzukmilar” deb so‘rab qoldi. Qolganlar barmog‘i bilan meni ko‘rsatib¸ “Sherakani shaqqildoqchisi” deb biriga gap maqullatishar edi.

Xullas tog‘ayu amakilar ishiga yaramaydigan otni qashqasiga aylanib qolgan edim bir kunda.

Sheralini kontserti efirga berilgani sabab men bir kunda butun O‘zbekiston taniydigan aziz siymoga aylanib qolgan edim.

O‘sha paytda mashina o‘g‘rilari ko‘paygan payt edi. Kechqurun uyda endi sur go‘sht solib pishirilgan moshkichiri to‘la laganga qo‘l uzatgan ham edikki¸ birdan zvonok chalinib qoldi.

Ikki ko‘cha naridagi bug‘altir chol turibdi eshikni oldida. Ko‘zlarida halqa halqa yosh. Zo‘r karvon yo‘lida adashib qolgan yetim bo‘tadek zor zor yig‘laydi:

“Umrim bo‘yi pul yig‘ib jiguli oluvdim. Shuni kecha o‘g‘irlab ketishibi. Topishga yordam ber uka¸ kimsan Sheralining shaqqildoqchisisan. Gaping o‘tadi..”

Otam qo‘shni boboyni yupatib kuzatib yubordi.

Keyin otam menga qarab “Rahmim keldi shu bug‘altir cholga. Mashinani kurashchi bolalarning treneri Salim o‘margan. Yur bir iltimos qilib ko‘ramiz. Bizdan nima ketdi”¸ dedi.

Salim degani adidas sport ishtonni kiyib dirkillab turgan bir chapani ekan. Meni ko‘rishi bilan¸ huddi bobosi go‘rdan tirilib kelgan kabi sevinib quchoqlashib ko‘rishdi.

“Televizorda ko‘rdik¸ Zamon¸ zamon bizning zamon davron bizniki deyilganida zarb bilan shaqqildoq chalganingda havasim kelib maladets deb qo‘yuvdim. Mana o‘zing kelib turibsan” deya yana bir marta quchoqladi.

Bu orada Salim men bilan kelgan otamga bepisand savolomuz nazar tashladi.

“O‘g‘lim bu¸ o‘lsam orqamdan yig‘laydigan merosxo‘rim..”

Gapni qasqasi bug‘alter cholga jiguli qaytarildi. Chol ham mard ekan ertasiga kelib eshigimni oldiga qo‘chqor olib kelib so‘yib tashladi.

Lotoreya¸ angishvona¸ tom teshish¸ fortochkadan kirish kabi mayda chuyda o‘g‘irliklar o‘rniga “Razbor” bilan shug‘ullana boshlab kam bo‘lmadim. “Shaqqildoq razbor” deb nomim chiqdi.

Davr aylandi. Men ham endi qatorga qo‘shilib uylanib orqamdan yig‘laydigan merosxo‘rlarni urchitishim darkor ekanligi tushuntirildi.

Zamon ayvonida davron aylanib mamlakat o‘risdan mustaqil bo‘lgan va ilgari ko‘mfirqa sarkotibi bo‘lgan bir cho‘tir o‘zini podshoxi olam deya e'lon qilib turgan bir vaqt edi.

Ertaklarda aytilganidek podshoxning ikki badburush qizi ham bor edi. Qurbaqaning ishqi shahzodagi tushgani kabi¸ men ham nazarkarda bo‘lib sarvari olam podsho hazratlarining kenja qizlari hasmiga tushdim. (kattasi zanyat edi)

Ishim bir yurishdi¸ bir yurishdi. Karvonsaroylar ochib ismini saxiylar bobosi deb qo‘ydim. Kechqurun uxlashdan oldin bankdagi hisobimni qarab yotaman.

Ollohni qudrati bilan ertalab bu hisob ikki qatiga semirgan bo‘ladi. Hech narsa qilmadimku axir. Faqat uxladim. Sakkiz soat uxlab tursam ham pulimga pul qo‘shilibdi. Xudo beraman desa beraverar ekan.

O‘shandoq paytda shaqqildoqni qo‘limga olib “zamon zamon bizning zamon devron bizniki “ deb qo‘yaman.

Ammo har bir ertakda bo‘lgani kabi bizning ertakda ham yovuz kuchlar bor. Zavjai muxtaramaning katta opasi ham ashulachini o‘ynash tutib “zamon zamon bizning zamon devron bizniki “ deb kuylasa hasaddan jizg‘anak bo‘lib ketar edim.

Ammo qayin volidam kuf suf qildi¸ azayimxonga bordi¸ kinna kiritdi¸ kinna chiqardi¸ chilyosin o‘qitdi¸ parixonlarga non teptirib doirayu daflarga duo yozdirib “problemani bartaraf” qildi.

Dushman neytrallashdi.

Endi mabodo qayin padarimni azroil so‘rab kelib¸ jonlarini jabborga bersayu¸ ul taxti susambil menga nasibi ro‘zi qilarmikan deb o‘ylanib¸ o‘ylanib Lo‘s Anjalusdagi qasrimda adashib qolibman.

Yaxshiyam shaqqildoqni topib olibman. Shaqqilatuvdim shotirlar yugurib kelishdi.

Ularga qarab “Men kim Amir Temur farmonim budur” demoqchi bo‘ldimu ammo demadim. Nima qilaman podadan oldin chang chiqarib.

Xozircha shaqqildog‘im qo‘limda. Muhimi shu.

Lo‘s Anjalus qasri. 2015 yil avgust.
Barcha nashru saytlarda ko‘chirib bosishlikka rajoda bo‘lunur.

(So‘ramasdan bosaveringlar degan ma'noda)
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 fevral 2017
23 fevral kuni bir biriga tutash ko‘p qavatli binolarda yirik yong‘in yuz berdi. Yong‘in Chilonzor tumanidagi, «Mirzo Ulug‘bek» metro ...
3 may 2023
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2022-yil sentabr oyida buxorolik ayol bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, jinoiy rejani oldindan rejalashtirgan.   Ayol ...
28 oktyabr 2019
O‘zbekiston harbiylari ilk bor bor havo hujumidan mudofaaga mo‘ljallangan FD-2000 raketalarining amaliy sinovlarini o‘tkazmoqda.  Mazkur sinovlar Qashqadaryo viloyatida joylashgan ...
23 mart 2017
Dollarning qora bozordagi kursi talab va ehtiyojdan kelib chiqib o‘smoqda. Rekord darajada balandlagan dollar kursi, orada bir pastlab odamlarni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...